background
logotype

Hokimiyat va muhabbat

Yevropa Ittifoqi komissari axloqsizlikda ayblanyapti
 
Jahon bankining sobiq prezidenti Jon Vulfovits bilan bog‘liq shov-shuvli hodisa hali tinchimasdan turib Yevropa Ittifoqining yuqori rutbadagi  amaldori bilan bog‘liq yana bir mojaro boshlandi. Bu safar matbuotning “ayblov kursisi”da kimsan Yevropa komissiyasi raisining o‘rinbosari Gyunter Ferxoygen o‘tiribdi. 

Germaniyada nashr etiladigan Bunte jurnali o‘z sahifalarida shov-shuvli suratlarni chop etdi. Ularning birida Yevropa komissiyasi raisining o‘rinbosari o‘z qo‘l ostida ishlaydigan Petra Erlerning uyi­ga kirib ketayotgani aks etgan. Ikkinchi fotosuratda esa germaniyalik yuqori martabali arbob tongda Erler xonimning uyidan chiqayotgani tasvirlangan. Ushbu fotosuratlar e'lon qilinishi bilan Gyunter Ferxoygen jurnal tahririyatini uning shaxsiy hayotiga aralashishda ayblab sudga berdi. Biroq endi mahkama jarayonida kim g‘alaba qozonishining ahamiyati yo‘q. Omadi chopib Ferxoygen sudda g‘olib chiqsa ham, baribir jamoatchilik o‘rtasida unga nisbatan paydo bo‘lgan ishonch­sizlikni yo‘qota olmaydi. Qolaversa, unga qarshi bu ikki suratdan boshqa dalillar ham bor...

Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari lavozimidan foydalanib, ma'shuqasini yuqori mansabga tayinlashda ayblanyapti (germaniyalik arbob bilan ishqiy munosabatda ayblanayotgan 48 yoshli Erler xonim Yevrokomissiyada ma'muriyat rahbari vazifasida ishlaydi). Garchi ayblovlar tabiiy ravishda rad etilayotgan bo‘lsa-da, nemis matbuoti bu holatni Jahon banki prezidenti qilmishi bilan qiyoslayapti. Xabaringiz bor, xuddi shunday ayblov tufayli Jon Vulfovits yaqindagina iste'foga chiqishga majbur bo‘ldi.

Tahlilchilar bu hodisani Germaniya davlati uchun yaxshigina zarba bo‘ldi deya baholashyapti. Nega deganda, Germaniya iyul oyi boshiga qadar Yevropa Ittifoqiga raislik qilyapti. Katta ittifoqqa rahbar bo‘lgan davlat vakili tomonidan axloqsizlikka yo‘l qo‘yilishi esa noxush manzara, albatta. Boz ustiga, Yevrokommisiya raisining o‘rinbosarligi bilan birga savdo va tadbirkorlik ishlari bo‘yicha komissar vazifasini ham bajarayotgan Gyunter Ferxoygen  Germaniyaning eng yuqori lavozimli vakili sanaladi.

Agar gap birgina Bunte jurnalida chop etilgan suratlarda bo‘lganida-ku, Gunter Ferxoygen o‘zini turli vositalar bilan oqlab ham olishi mumkin edi. Biroq bundan oldinroq 62 yoshli komissar va Erler xonim sohil bo‘yida - plyajda... oftobda toblanib yotgan surati ham matbuot yuzini ko‘rgandi. Plyajda yalang‘och holda dam olib yotgan erkak hamda ayolni shunchaki hamkasblar deb atash esa ko‘pam ishonarli chiqmaydi...

Yevropa Ittifoqining ayrim yuqori martabali arboblari Gyunter Ferxoygenga qo‘yilayotgan ayblovlarni qo‘llashyapti. Eng qizig‘i, ular orasida germaniyaliklar ham bor. Yevroparlamentdagi xristian sotsial ittifoqi raisi Markus Ferber janob Ferxoygen qilgan axloqsizligi uchun iste'foga chiqishi zarurligini ta'kidlagan. Yevroparlamentdagi yana bir nemis deputati Gerbert Royl esa Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari noma'qul qilmishi bilan o‘z obro‘sini to‘kib qolmay, Yevropa Ittifoqining ulkan loyihalarini amalga oshirishga ham xalaqit beryapti deb aytgan. Tekin tomoshaga o‘ch jamoatchilik esa Jon Vulfovits taqdiri Gyunter Ferxoygen misolida yana takrorlanishini intizorlik bilan kutyapti.

www.hurriyat.uz

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.