background
logotype

Jak Shirak 12 yillik prezidentlikdan so‘ng iste'foga chiqyapti...

Frantsiyada prezidentlik saylovi yaqinlashayotgan bir payt­da siyosatga befarq bo‘lmagan kishilarni: «Jak Shirak nav­batdagi prezidentlik muddati uchun ham kurasharmikin?» degan savol qiziqtirayotgan edi. Yaqinda mamlakat televideniesi orqali chiqish qilgan keksa arbob muxoliflar xotirjam bo‘lishi mumkinligi, u 2007 yil 22 aprelda o‘tadigan saylovda qatnashmasligini bildirdi. Ketma-ket ikki muddat prezidentlik qilgan Jak Shirakning navbatdagi ovoz berish jarayonida ishtirok etmaslik to‘g‘risidagi qarori katta siyosatchilar tomonidan olqish bilan kutib olindi. Ularning xulosasi shunday bo‘ldi: har kim ko‘rpasiga qarab oyoq uzatgani yaxshi...

To`g`risi, Jak Shirakning mamlakat televideniesi orqali chiqishi siyosiy vasiyatnoma kabi yangra­di. Frantsuz rahbari nutqida o‘z millatiga murojaat qilarkan, ularni ekstremizm, irqchilikka qarshi kurashish, «Yevropa uyi» kengayishini qo‘llab-quvvatlash, ekologik fojialar oldini olish, Frantsiya hududidagi turli-tuman madaniyatlarga hurmat ko‘rsatishga chaqirdi.

Jak Shirak o‘z chiqishida 12 yillik prezidentlik faoliyatiga nazar tashlarkan, erishilgan muvaffaqiyatlarga alohida to‘xtaldi. Albatta, katta arboblarning o‘z faoliyatiga tanqidiy baho berishi biroz qiyin kechadi. Shu ma'noda Frantsiya prezidentining o‘z murojaatida faqat ijobiy jihatlarni tilga olganini to‘g‘ri tushunish mumkindir...

Aslida Jak Shirakning 12 yillik rahbarlik  davrini tahlil qilganda, prezident o‘zi iftixor bilan tilga olgani kabi hamma ish ham sip-silliq ketmaganiga amin bo‘lish mumkin. Parij shahri hokimligidan mamlakat prezidentligiga ko‘tarilgan ushbu arbobning rahbarlik davri ham ijobiy, ham salbiy hodisalar bilan yodda  qoldi. Afsuski, ana shu muvaffaqiyat va kamchiliklar tarozining ikki pallasiga qo‘yilsa, dunyoning ko‘zga ko‘ringan kuzatuvchilari ham ta'kidlayotganidek, baribir salbiy jihatlar bosib ketishi muqarrar.

Madaniyat yuzasidan eng avval muvaffaqiyatlarga to‘xtalsak.

Frantsiya Jak Shirak endigina prezident sifatida ish boshlagan davrda - 1995 yili yadro tad­qiqotlarini yana qayta boshladi. Bu kimgadir salbiy voqea bo‘lib tuyulishi ham mumkin. Lekin  nafaqat Yevropa, butun dunyoda yetakchi bo‘lishga intilib kelayotgan davlat uchun yadro izlanishlari strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalish sanaladi.

Ayni shu yili Frantsiya salkam yarim asrlik tanaffusdan keyin yana qayta NATOga a'zo bo‘lib kirdi (Zamonaviy frantsuz davlatining asoschisi bo‘lgan Sharl de Goll xohishi bilan 1966 yili mamlakat Shimoliy ittifoqdan chiqib ketgandi). 

Jak Shirak davrida amalga oshirilgan muhim siyosiy islohotlardan biri prezidentlik muddatining 7 yildan 5 yilga tushirilgani bo‘ldi. Davlat boshqaruvi borasida jiddiy islohot sifatida baholangan bu harakat hattoki prezidentga muxolif bo‘lgan kuchlar tomonidan ham ijobiy qabul qilindi.

Iroq urushi Jak Shirakning xalqaro miqyosda ham obro‘ topishiga sabab bo‘ldi deyish mumkin. Chunki aynan Frantsiya rahbarining qarori bilan mamlakat Iroq urushi girbodiga tushishdan qutulib qoldi. AQShning arab davlatida olib borgan harbiy amaliyot­larini Jak Shirak qat'iyat bilan qoraladi, shu tariqa bitta ham frantsuz askari Iroq «jazogoh»i­ga yuborilmadi.

Jak Shirak prezidentligidagi muvaffaqiyatsizliklar xususida so‘z borganda, eng birinchi nav­batda ichki siyosatdagi no‘noqliklarni tilga olish lozim. Mamlakatning so‘nggi 12 yillik hayotida sezilarli iqtisodiy rivojlanish kuzatilmadi.

Frantsiya davlati tepasiga kelgan ilk payt­larda Jak Shirak mamlakatda boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi keskin bo‘linishni bartaraf etish maqsadida katta islohot boshladi. Lekin oddiy xalq juda katta umidlar bilan qarshilagan islohotlar kutilgan natija bermadi. Mamlakat iqtisodida yuksalish emas, quyiga sho‘ng‘ish kuzatildi. Masalan, 1997 yili Frantsiyada ishsizlik 1,5 million atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2007 ga kelib bu raqam 2 millionni quvib yetdi.

Bir paytlar butun qit'aning moliyaviy markazlaridan biri bo‘lgan mamlakatning tashqi qarzi ham keskin oshib ketdi. Agar 1995 yilda Frantsuz davlatining tash­qi qarzi 657 milliard yevroni tashkil etgan bo‘lsa, 2006 yilga kelib 1 trillion 200 milliard yevroga chiqdi. Tashqi qarzning bu tariqa keskin oshgani tabiatan boshqalarga yordam berib, insonparvarlik missiyasiga o‘rganib qolgan frantsuz xalqining kayfiyatiga kuchli ta'sir ko‘rsatdi. 

Boz ustiga, aholining ijtimoiy ta'minotini yaxshilash maqsadida boshlangan islohotlar ham samarasiz bo‘lib chiqdi. Frantsiya so‘nggi chorak asr tarixida ko‘rilmagan iqtisodiy tushkun kayfiyatga tushib qoldi. Buni Le Point jurnalining quyidagi ma'lumotlari ham tasdiqlaydi: oxirgi yillarda frantsuzlar yashash darajasi bo‘yicha amerikaliklardan 38 foiz, irlandlardan 20 foiz, inglizlardan esa 12 foizga ortda qoldi...

Korruptsiya bilan bog‘liq bir qator mojarolar frantsuz xalqining o‘z rahbariga nisbatan ishonchi susayishiga yaxshigina ta'sir ko‘rsatdi. 2000 yili Frantsiyaning yetakchi milliy gazetasi Le Monde Respublikachilar ittifoqi (RPR) rahbari tomonidan Jak Shirakning maxfiy moliyaviy o‘yinlarga aloqadorligi xususida aytilgan yozuvlarni oshkor qildi. Bu mojaro hali bosdi-bosdi bo‘lib ulgurmasdan Jak Shirak Parij meri bilan birgalikda shahar atrofidagi uylarni qurishga ruxsat berish evaziga kompaniyalardan pora olgani to‘g‘risidagi ovozalar tarqaldi. O‘sha mojarolar paytida sudya Erik Alpen hattoki prezidentni so‘roqqa ham chaqirdi. 

Shu tariqa gazak olib borgan «jarohat» 2005 yili Frantsiya poytaxtini alg‘ov-dalg‘ov qilib tashlagan norozilik namoyishlari paytida yorildi...

2006 yili Yevropa Ittifoqining yagona Konstitutsiyasini qabul qilish masalasida o‘tkazilgan referendum mamlakat xaloskori Sharl de Gollning «Buyuk Frantsiya» g‘oyasini davom ettirishga va'da bergan Jak Shirak uchun kuchli siyosiy mag‘lubiyat bilan xotima topdi. Ijtimoiy muammolardan yurak oldirib qo‘ygan frantsuz xalqi Yevropa uyi kengayishi bilan mamlakatga Ittifoqqa yangi a'zo bo‘lgan davlatlardan millionlab ishchilar oqimi kelishidan xavotirga tushib qolgandi. Noni yarimta bo‘lishidan hadiksiragan xalqning fikrini o‘zgartirish esa Jak Shirak hukumati qo‘lidan kelmadi. Holbuki, Frantsiya o‘tgan asr­ning o‘rtalaridan boshlab Yevropa uyini tashkil etish tashabbuskorlaridan biri bo‘lgandi.

Balki ana shulardan kelib chiqqandir, Jak Shirakning azaliy muxoliflaridan biri - «Milliy front» rahbari Jan-Mari Le Pen uni mamlakat tarixidagi eng yomon rahbar deb atagan. Frantsiyadagi kommunistik liga (LCR) yetakchisi Olive Bezanseno esa Shirakning prezidentlik yillarini «yolg‘on va aldov davri» deb baholagan.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, o‘n yildan oshiq prezidentlik davrida dunyoning tilga tushgan arboblaridan biriga aylangan Jak Shirak iste'foga chiqyapti. Har doim o‘zining tantanavor ma'ruzalari bilan odamlarni sehrlab olgan prezidentning oxirgi chiqishi juda ehtiyotkor va mulohazakor bo‘lib qolgan frantsuzlarga oldingidek ta'sir eta olmadi. Xulosa shuki, Frantsiya bundan buyon yolg‘on va aldovlarga ishonmaydi!..

Sobirjon Yoqubov

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.