background
logotype

Olimpiada raqamlar to‘rida

2004 yilning 13 avgust kuni qadimiy Afina shahrida XXVIII Yozgi Olimpiada o‘yinlariga start beriladi. Quyida sayyoramiz miqyosidagi yirik sport tadbiri haqidagi ayrim qiziqarli raqam va ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.

• Dastlabki Olimpiada o‘yinlari Gretsiya tuprog‘ida miloddan avvalgi 776 yilda o‘tkazilgan.

• Afina shahri zamonaviy tarixda ikkinchi bor Olimpiada bahslariga mezbonlik qilmoqda. Gretsiya poytaxtida birinchi bo‘lib 1896 yilda ulkan sport bayrami tantana qilingan.

• Afina Olimpiada o‘yinlariga mezbonlik huquqini 1997 yilning 5 sentyabrida qo‘lga kiritgan. Dunyoning eng qadimiy madaniyat o‘choqlaridan biri bo‘lgan shahar tanlov jarayonida Buenos-Ayres, Keyptaun, Stokgolm kabi shaharlarni «o‘yin»dan chiqarib yuborgan. So‘nggi ovoz berishda esa Rim shahri 66:41 hisobida g‘alabani boy bergan va «uloq» Afinaga nasib etgan.

• Olimpiada o‘yinlari 16 kun (13-29 avgust) davom etadi. Unda 10500 sportchi va 202 mamlakatdan tashrif buyurgan 3000 dan ziyod rasmiy vakil ishtirok etadi.

• 38 ta sport maydonlarida 28 sport turi bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tadi.

• O‘yinlarni 21500 jurnalist yoritib boradi.

• Olimpiada bahsi tinch-osoyishta o‘tishi uchun 45 ming tartib posboni tunu kun xizmatda bo‘ladi. Mehmonlar va ishtirokchilarga dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan 60 mingdan oshiq ko‘ngilli yordam ko‘rsatadi.

• Homiylar va musobaqalarni translyatsiya qiladigan ommaviy axborot vositalari tomonidan Afinaga 1 mlrd. dollar mablag‘ to‘lanadi. Bu Olimpiala umumiy byudjetining 60 foizi demakdir. Byudjetning qolgan qismi chipta va litsenziya savdosidan qoplanadi.

• Afg‘oniston ko‘p yillik tanaffusdan keyin Olimpiada oilasiga qaytmoqda. Mamlakatda toliblar hukmron bo‘lgan davrda sportga umuman e’tibor berilmagan va ayrim o‘yinlar taqiqlab qo‘yilgandi.

• Olimpiada madhiyasi Londonda istiqomat qilayotgan, aslida gretsiyalik Jorj Maykl (Georgios Kiriakos) tomonidan yozilgan.

• Feb va Afina talismani 28-Olimpiada o‘yinlarining ramzidir. Talisman qadimgi yunon afsonalari ta’sirida yaratilgan (Dastlabki talisman 1968 yilgi Qishki Olimpiada bahslarida joriy etilgan edi).

• Tashqi ko‘rinishi zaytun yaprog‘ini eslatuvchi Olimpiada mash’alasi hajmi 68 sm, og‘irligi 700 gr.ni tashkil etadi.

• Afina Olimpiadasi emblemasida zaytun chambaragi aks etgan. Zaytun daraxti greklar e’tiqodicha, muqaddas daraxt hisoblanadi. Qadimda Olimpiada chempionlari ham zaytun daraxti shoxidan yasalgan gulchambar bilan taqdirlanganlar.

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.