OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Nesin. Idol Branski (hikoya)

Mashinada Yevropadan Turkiyaga qaytayotib, Yugoslaviya orqali o'tadigan bo'ldik. Belgradga yaqinlashib qolgan edik, yo'l chetida joylashgan bir xo'jalikka ko'zimiz tushdi. Surishtirib bilsak, bu yerda zotli itlar yetishtirisharkan. Uning egasi bir yugoslav bo'lib, o'zi shu sohada mutaxassis ekan. Xo'jalikni aylanib chiqdik. Har xil toifali yuzlarcha itlarni ko'rdik. Bitta kuchukcha bizga ma'qul tushib, buni sotib olmoqchi bo'ldik. Egasi uni tug'ilganiga endi yigirma kun bo'lganini, o'zi esa Londonda bo'lib o'tgan ko'rikda birinchi o'rinni olgan Idol Branski laqabli itning zurriyoti ekanini aytdi. Xullas, ikkinchi Idol Branskini sotib oldik. Bizga kuchukcha bilan birga uning nasl-nasabi yozilgan guvohnomani ham berishdi.
Kuchukchani uyga olib keldik. Oyim uni uy ichida saqlashga ko'nmadi. Noiloj hovlidagi katalakka qamab qo'ydik. Idol Branski yonidan jilishimiz bi¬lan shunaqayam uvvos ko'tardiki, asti qo'yaverasiz. Tuni bilan goh chiyillab, goh uvillab chiqdi. Na o'zi orom oldi, na bizga va na qo'shnilarga tinchlik berdi. Ertasi kuni toza boshimiz qotdi. Kun bo'yi uning yonidan jilmadik. Kechasi yana halovat bo'lmasligi aniq edi.
Yaqin tanishlarimizdan biri maslahat berdi:
— Qo'ng'iroqli soat bor-ku, shuni to'rvaga solib, yoniga qo'yinglar-chi, g'ingshimasa kerak.
Aytganini qildik. Idol Branskining akillashi tindi. Tuni bilan churq etgani yo'q. Erta bilan uyg'ongach, o'lib-netib qolmadimikin, degan xavotirda katagiga borib asta mo'raladik. Soat solingan to'rvaga boshini qo'yib, tinchgina uxlayotgan ekan.
Shundan keyin har kuni kechqurun buni takrorlab turdik. Kechalari tortqilab o'ynardi. Bora-bora Idol Branski ulg'ayib, soatsiz uxlaydigan bo'ldi.
Bir kuni bizga maslahat bergan o'sha tanishimizdan buning sababini so'radik. U o'zi bu ishni qilib ko'rmaganini, lekin bir kitobda shu haqda o'qiganini aytdi. Kitobda yozilishiga ko'ra kuchuk bolasi soatning tiqirlashini onasining yurak urishiga o'xshatar ekan. Ma'lumki, kuchuk bolachalari odatda onasining qorniga boshini qo'yib yotadi. Demak, Idol Branski soat solingan to'rvaga boshini qo'yib uxlashining sababi ham shunda.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.