background
logotype

Chong Yong Cheol. Yomg‘ir (hikoya)

Ayolim yomg’irli havoni yoqtiradi. 
Tashqarida yomg’ir yog’a boshlasa darrov derazani ochib qo’yadi. Yomg’ir tomchilarining osmondan yerga intilishlarini tomosha qilish maroqli, ammo u yomg’ir tomchilarining toshlarga va tuproqqa urilib chiqaradigan tovushlariga maxliyo. Qizlik paytlarida uyining hovli tomonga qaragan eshigini ochib qo’yib uxlaganligiyu, ertalab yomg’ir tomchilariga jodulanib maktabga borishni unutganliklarini ko’p gapirib beradi. 
To’yimizdan keyin idoramizga qarashli furgonda uyga kelgan paytimni eslayman. O’shanda ham osmon ko’z yoshlarini to’kayotgandi. Ayolimni bir xursand qilay, degan xayolda birga uyimizga yaqin joydagi tepalikka olib bordim. Men chaqqonlik bilan mashinaning o’rindiqlarini chiqarib yerga qo’ydim va ikkalamiz chalqqancha yotgancha yomg’ir tomchilari yuzimizni silashiga qo’yib berdik… 
Qaysidir kafega tushlik qilgani kirganimizda osmon musaffo va tiniq bo’lsa ham yomg’ir yog’ayotgandek tuyulaverdi. Yaxshilab razm solib qarasam, tomdan oqayotgan yomg’irni bir o’zanga solib qo’ygan temir moslama o’rnatilgan ekan. Tomdan sirg’alib tushayotgan yomg’ir tomchilari chilp-chilp etib yerga sakramoqda. Buni ko’rib ayolim to’lqinlanib ketdi:
- Uy qurganimizda xuddi shunaqasidan yasab berishingizni istardim, azizim!
- Albatta. Yigirma to’rt soat yomg’ir tovushi keladigan uy quramiz! - dedim uning yuzidagi quvonchni davomli qilish uchun.
U she’r yozishni yoqtirar, o’rta maktabda o’qib yurgan chog’larida adabiyot muallimasi: ”Qalaming o’tkir!” - deb maqtashi ortidan bir qancha daftarlarni to’ldirganligini tabassum bilan eslaydi. 
Yillar o’tdi. 
Hozir esa… Biz ko’pqavatli uyning 11-qavatida istiqomat qilamiz. Yomg’ir shovullab yog’masa, uning yog’ayotganligini sezish mushkul. Balkonimizga tunukadan yomg’ir tomchilarini yig’ib, jildiratib turadigan bir narsa o’rnatish niyatim yo’q emas. Lekin hozircha bu xayoldan nariga o’tilmayapti. Yom’gir tomchilari bilan birga ayolimning ilhom parilari ham yo’qolib ketgandek, she’r ham yzomay qo’ydi. Men uchun ilgarilari farishtadek ko’ringan ayolim endi oddiy bir ayolga aylanib qolgandek go’yo: ona bo’lib, ovqat tayyorlaydi, idish-tovoq yuvadi, kir yuvadi, uy tozalaydi, bolalarga qaraydi… 
Avvallari e’tibor bermasdim. Hozir esa yomg’ir yoqqan paytlarda ayolimdagi romantik hissiyotlar qayoqqa g’oyib bo’lganligini bilgim keladi va “Nega bunaqa bo’lib qoldi?” - deb xavotir ham olaman. 
Kecha ovqat tayyorlayotgan ayolimni bir zum kuzatdim. Qarasam, ovqat tayyorlash ham oson ish emasga o’xshaydi. Sabzavotlarning sarasini tanlab, suvga solib, yuvib… Eh, hisoblashga vaqtim yetmasa kerak. Bir kunda qancha harakat, qancha energiyasini sarf etarkin-a. She’rxonligu yomg’irga maftunlik nima uchun yo’qolganligini tushungandek bo’lyapman. Shoir Xvang Dong Gyuning she’r to’plamidagi “Sevgi qo’shig’i”da shunday satrlar bor:

Guldek toza sevgisin menga bag’ishlab,
Qip-qizil olma kabi beg’ubor yorim.
Javoban idish-tovoq yuvishga tashlab,
Sevgingni oyoqosti qilgan men – zolim.


Endi har xil sovg’alar olib berishlaru muhabbatga to’la issiq nigohlar o’rnini oddiy oilaviy hayot egalladi. She’r yozishlar va yomg’ir tomchilarini avaylab tutadigan nozik qo’llari endi kir buyumlaru idish tovoq yog’laridan sal xiralashib qolgandek go’yo. Nazarimda, sal husnini yo’qotgandek. Lekin baribir u men uchun haqiqiy farishtaning o’zi – bolalarimning onasi. 
Yoshlikdagi romantikani ortga qaytarish uchun deraza yonida o’tirib yomg’ir tomosha qilish uchun bir yaxshi kreslo sotib olsammikin-a?!

Koreys tilidan Otabek Yo’ldoshev tarjimasi

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.