OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ernest Seton-Tompson. Yovvoyi yo’rg’a (romandan parchalar)

II

Bu voqea 1893-yilning dekabrida bo‘ldi. Fermaga kelib tushdim-u, yo‘lovchi soyabon aravada Kanada daryosi bo‘yidagi Pinyavetitosga jo‘nadim. 
Foster men bilan xayrlashayotib, shunday dedi: 
— Menga qarang, bordi-yu, la’nati yo‘rg‘aga duch kelib qolsangiz, ayamay otib tashlang.
Yovvoyi yo‘rg‘a haqida ilk bor eshitgan gapim shu bo‘ldi, yo‘lda esa yo‘lboshlovchim Bernsdan yo‘rg‘aning kechmishini bilib oldim. Dong‘i ketgan yo‘rg‘ani juda-juda ko‘rgim keldi, ertasiga Jayron bulog‘iga borib, hafsalam pir bo‘ldi, sababi u yerda yo‘rg‘aning ham, galaning ham daragi yo‘q ekan.
Ammo ertasi kuni Alamozo daryosi orqali yana tepalikdor yalanglikka kelganimizda, oldinda borayotgan Jek Berns birdan otining bo‘yniga engashib oldi, menga o‘girilib, shivirladi:
— Qurolingizni oling! Ana ayg‘ir!
Men qurolimni qo‘limga olib, oldinga intildim. Pastdagi soylikda otlar galasi o‘tlab yuribdi, ulkan qora yo‘rg‘a gala yonida turibdi.
Qora yo‘rg‘a bizning havomizni oldi, shekilli, sergak tortdi. Avval boshini, keyin dumini ko‘tardi, burun kataklari kengaydi.
Ko‘zimga yo‘rg‘a otlarning oti, dashtlarda chopib yurgan jamiki otlarning sarasi bo‘lib ko‘rindi, shunday noyob jonivorni nobud qilib, bir to‘da masliqqa aylantirishga ko‘nglim bormadi.
Jek hadeb vaqtni boy bermasdan tezroq otishimni tayinladi, men atayin imillab turaverdim.
Serjahl hamrohim imillayotganim uchun meni koyidi. Zardali to‘ng‘illab: «Buyoqqa bering qurolni!» deya uni tortib olmoqchi bo‘ldi, men miltiqning og‘zini osmonga qaratdim, u go‘yo tasodif oqibatidek o‘q yeb ketdi.
Gala bir seskanib tushdi. Qora yo‘rg‘a kishnadi, pishqirib, galani bir aylanib chopdi. Baytallar to‘dalashib, chang-to‘zonlar ichra ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. 
Ayg‘ir galaning goh u, goh bu yonidan chopib, baytallar keyinida qolib ketmasligini nazorat qildi.
Yo‘rg‘a g‘oyib bo‘lguncha undan ko‘z uzmadim, uning yo‘rg‘a oyoqlari biron martayam chalkashmadi.
Turgan gap, Jek mening, qolaversa, miltig‘imning, yo‘rg‘aning nomiga ko‘p nordon gaplar aytdi, men uning gaplaridan zavq oldim, zo‘r quvonch bilan qora yo‘rg‘aning chiroy va qudrati haqida xayol surib qoldim.
Yo‘q, qandaydir bir baytalni deb shunday yo‘rg‘aning yaltilloq terisiga dog‘ tushirgim kelmadi!

III

Yovvoyi otlarni ushlashning bir nechta xillari bor. Shulardan biri ot ustidan o‘q bo‘shatib, uni bir nafas gangitib qo‘yish, vaziyatdan foydalanib bo‘yniga sirtmoq solishdir. Buni «otni bo‘yin egdirib olish», deydilar.
— Gapir-a! O‘q yegan yuzlab otlarni ko‘rdim, bari qir oshib qochib ketdi, birontayam «bo‘yin eggan» mustangni ko‘rmadim, — e’tiroz bildirdi yovvoyi Jo.
Gohida, sharoit taqozo etganda galani qoraga haydasa ham bo‘ladi, agar otlar yaxshi bo‘lsa galani quvib yetsa ham bo‘ladi, ammo, bir qaraganda iloji yo‘qday tuyuladigan yana bir yo‘li bo‘lib, bu mustang «tinchidi» yo‘li, ya’ni, uni holdan toyguncha quvib borish yo‘lidir.
Yo‘rg‘alaganda oyog‘i umuman adashmaydigan ayg‘irning dong‘i kun sayin oshdi. Uning epchilligi, yo‘rg‘asi, chayir tabiati xususida ko‘z ko‘rmagan sarguzashtlar gurungi bo‘ldi.
Uchburchak fermasidan bo‘lmish Montgomer chol Kleytondagi Uels qahvaxonasida ko‘pchilik oldida, agar shu gaplar chin bo‘lsa, unda, shu ayg‘irni kim aravaga bosib olib kelsa, ming dollar beraman, dedi. Buni eshitgan necha o‘nlab yosh kavboylar o‘z xo‘jayinlari bilan tuzgan shartnoma muddati tugab, qo‘l bo‘shadi deguncha, o‘z baxtlarini sinab ko‘rishga ahd qildilar.
Yovvoyi Jo barchani dog‘da qoldirmoqchi bo‘ldi. Vaqtni boy bermay, xizmat muddati tugamagan bo‘lsa-da tuni bilan ovga shaylandi.
Bir o‘rtog‘idan qarz olib, yigirma bosh yaxshi otni, oshxonali aravani kerakli aslaha-anjomlar bilan ta’minladi, o‘zi o‘rtog‘i Charli hamda oshpazi uchun ikki haftalik oziq-ovqat jamladi.
Ular bu g‘aroyib, yengiloyoq yo‘rg‘ani «tinchitish»ni qat’iy ahd qilib, Kleytondan jo‘nab ketdi. Safarlarining uchinchi kuni Jayron bulog‘iga yetib keldi, tushga yaqin galasi bilan suvlagani kelgan qora yo‘rg‘ani ko‘rib, ajablanmadilar ham.
Jo bekinib, gala suvlab bo‘lguncha qorasini ko‘rsatmadi, sababi, suvsagan ot yaxshi chopishini, suvlab, og‘irlashib qolgani yomon chopishini yaxshi bilardi.
Shundan keyingina Jo pistirmadan chiqib, oldinga yurdi. Buloqqa yarim milcha qolganda mustang sergak tortdi, galasini janubiy sharqdagi butazor tog‘ yonbag‘irlariga boshlab ketdi. Jo gala ketidan yalang oyoq bo‘lib chopib, ularni yana bir bor ko‘rdi, qaytib kelib, aravakashlik qiluvchi oshpaziga janubga, Alamozo darayosiga jo‘nashni buyurdi. O‘zi yana janubi-sharqqa otlanib, gala izini oldi.
Ikki milcha yurib, yana galani ko‘rdi. Oyoq uchida otlarga yaqin bordi. Biroq ular yana hadik olib, qochib qoldi. Kun shunday o‘tdi.
Gala halqa bo‘lib, janubga yurish qildi, kun ufqqa oqqanda xuddi Jo kutganidek, Alamozo daryosi yaqiniga kelib qoldi. Jo ularni yana bir marta hurkitib, aravasiga qaytib keldi, dam olayotgan o‘rtog‘i otda galani quvishda davom etdi.
Arava kechki ta’tildan keyin Alamozoning oldindan kelishilgan yuqori kechuvi bo‘ylab yurdi, Jo shu yerda tunash uchun joylashib oldi.
Charli bo‘lsa galani quvishda davom etdi. Yovvoyi otlar oldingidek uzilish qochmadi, chunki quvib kelayotganlarning hujum qilmasligiga fahmi yetdi, oqibat , bora-bora o‘z ta’qibchilariga ko‘nikib qoldi.
Qosh qorayganda galani poylash yanada qulay bo‘ldi, boisi, ular orasida bir oq baytal bo‘lib, u qorong‘ida oppoq bo‘y berib turardi.
Osmonda oy balqidi. Charli qaysi yo‘ldan yurishni oti ixtiyoriga qo‘yib berdi, o‘zi galani e’tibor bilan kuzatib bordi.
Oppoq baytal bo‘y berib yurdi.
Oxir-oqibat, zim-ziyo tunda hech nima ko‘rinmay qoldi. Shundan keyingina Charli otidan tushib, ustidan egarni oldi, otni o‘tlagani qo‘ydi, o‘zi adyolga o‘ranib ko‘p o‘tmay uyquga ketdi. 
Tong oqarishi bilan Charli yo‘lga ravona bo‘ldi, yarim milcha yo‘l bosib, g‘ira-shiradan oq baytalga keyin galaga ko‘zi tushdi. Yo‘rg‘a Charlini ko‘rib shiddatli kishnadi, gala yana yelib ketdi.
Yo‘rg‘a birinchi duch kelgan dovonda oyoq ildi, tinimsiz ta’qib etayotgan kim ekanini bilish uchun ketiga burilib qaradi. Nima gapligini bildi, yana tolmas, ravon, yo‘rg‘a qadamlar otib olg‘a talpindi, galani yo‘lchi yulduz misol olg‘a chorladi.
Otlar g‘arbga yo‘l oldi, yana ko‘p qochish-quvishlar, yuzma-yuz kelishlar, yana qochishlardan keyin hindular poyloqchilik qiladigan tik do‘nglikka kelib qoldi. Bu yerda ularni Jo poylayotgan edi.
Charli do‘ngdan ko‘kka o‘rlagan uzun, ingichka tutundan dam ol, degan ishorani tushundi, u ham cho‘ntak oynasini tutib, javob xabarini berdi. Jo dam olgan otlarda ta’qibni davom ettirdi. Charli tamaddi qilib, dam oldi, so‘ng Alamozo oqimi bo‘ylab yuqoriladi.
Ertasi kuni Jo uzun kun galani ta’qib etdi. Ularni arava borayotgan ulkan yoymada ushlashga urindi. Kunbotarda bir kechuvga yetib keldi, bu yerda Charli uni tetik otlar, tamaddilar tayyorlab kutib turgan ekan.
Jo kechi bilan hatto kechasiyam bamaylixotir ta’qib etdi. Aftidan, gala beozor ta’qibchilariga yanada o‘rganib qoldi shekilli, ularni poylash juda oson bo‘lib qoldi. Bundan tashqari horg‘inlik ham ta’sir qildi. Maza o‘tli yaylovlar qayerlardadir qolib ketdi. Ular ta’qibchi otlar kabi somon yemadilar. Ustiga-ustak muntazam davom etayotgan asab tarangligi ham o‘zini ko‘rsatdi. Asabiy taranglik yovvoyi otlarning ishtahasini bo‘g‘ib qo‘ydi, ammo tez-tez suvsay boshladilar.
Ta’qibchilar otlarga tez-tez, to‘yib-to‘yib suvlash erkini berdi. Boisi suv ichgan ot chopishda qiynaladi, oyoqlari yog‘ochday qotib qolib, nafas olishi qiyinlashadi. Buni yaxshi bilgan Jo otini sug‘ormadi. Shu sababliyam holdan toygan gala yaqinida tunagani oyoq ilganlarida o‘ziyam, otiyam hali ancha tetik edi.
Tong yorishganda Jo galani osongina qidirib topdi. Ular avval-avval qochdi, so‘ng, odimlab yurdi. Ta’qibchilar deyarli g‘olib keldi, chunki bunday olishuvda gala hali horimagan dastlabki ikki-uch kun ularni ko‘zdan kechirmaslik kerak edi, poyloqchilar esa buning uddasidan chiqdi.
Jo ertalab galani ko‘zdan qochirmay, doimo ularning yaqinida bo‘ldi. Soat to‘qqizlarda Xoze tog‘ida Charli bilan o‘rin almashdi. Shu kuni gala bor-yo‘g‘i to‘rt milcha ilgarilab ketdi, qadamlarida oldingi g‘ayratdan asar ham qolmadi.
Kechqurun Charli dam olib yotgan otga minib quvishda davom etdi.
Ertasi kuni galaning boshi egilib qoldi, qora yo‘rg‘a, har qancha olg‘a chorlamasin, ta’qib etib kelayotganlar bilan oralaridagi masofa ba’zan yuz qadamgacha qisqarib qoldi.
To‘rtinchi-beshinchi kunlar ham shunday o‘tdi. Gala yana Jayron bulog‘iga yaqin keldi. Hammasi kutilganday bo‘ldi: gala keng doira yasaydi, ayg‘ir esa uning ichida yuradi.
Yovvoyi otlar buloqqa juda chanqab keladi, ovchilar bo‘lsa tetik otlarda, ko‘tarinki kayfiyat bilan keladi.
Shu kunlarda kechgacha galani suvga yo‘latmadi, so‘ng, Jayron bulog‘iga haydab, to‘yib suvlatdi. Ana endi ko‘pni ko‘rgan kavboylar tetik va to‘q otlarda yurib, sirtmoqni ishga soladi, chunki suv ichgan otlarni ushlab tushov solish oson bo‘ladi.
Ishlar haddan ziyod yaxshi ko‘chdi, faqat bir nima ularni tashvishga solib qo‘ydi: qora yo‘rg‘a hamon temirday mustahkam edi. Uning ravon yo‘rg‘asi aynimagan, dastlabki ta’qib kunlari qanday bo‘lsa, hozir ham shunday edi. U hamishadagidek galasini matonat bilan boshqarar, kishnar, chopishda namuna ko‘rsatib, ularni olg‘a chorlardi . Ammo otlarning darmoni qurigan edi. Qari oq baytal, kechasi oppoq bo‘y berib yuradigan o‘sha baytal o‘lguday charchab, galadan soatlab keyinda qolib ketaverdi. Baytallar chavandozlardan hadiksiramay qo‘ydi. Ular hademay Joning qo‘liga tushishga shak-shubha qolmadi.
 Barcha tashvishlar sababchisi bo‘lmish ayg‘ir esa hamon yetib bo‘lmas dovonligicha qolaverdi.
Joning jizzakiligini yaxshi bilgan o‘rtoqlari u achchiq ustida asov ayg‘irni otib qo‘yishi mumkin degan o‘yga bordi. Ammo Joning ko‘nglida bunday niyat yo‘q edi.
U ayg‘irni haftalab quvib, uning biron martayam yo‘rg‘asidan adashib, oddiy qadamlar bosib yurganini ko‘rmadi. Barcha yaxshi chavandozlar kabi Jo ham bu go‘zal otga boqib, undan zavq-shavq oldi. Zavqi yanada zo‘rayib, shunday noyob hayvonni otgandan ko‘ra, o‘zimning manavi otimni otgan ma’qul degan xulosaga keldi. 
Ayg‘irga qo‘yilgan mukofotni olish kerakmikan? Jo ikkilanib qoldi. Qo‘yilgan pul chakana emas. Lekin ayg‘irning turgan turmushi xazina, u asl zotli zurriyot yaratishi mumkin.
Avvalo, uni qo‘lga olish lozim. Ovni tamomlash vaqti ham keldi.
Jo o‘zining eng yaxshi otini egarladi. Bu ot tomirida janub qoni bor, ammo o‘zi cho‘llarda katta bo‘lgan baytal edi. Albatta, bir nimasi bo‘lmasa Jo bunday ajoyib otni sotib olmas edi. 
Bu yurtlarda loko degan zaharli o‘t o‘sadi. Odatda otlar bu o‘tni yemaydi, bordi-yu, bir tatib ko‘rsa, uni yana izlab qoladi. Uning mazasi taryokning kayfiga o‘xshaydi, unga o‘ch qo‘ygan ot ko‘p vaqt o‘zini yaxshi tutib yuradi, oxir-oqibat aqldan ozib o‘ladi. Bundaylarni mahalliy xalq «lokoga mubtalo bo‘lgan mol», deydi.
Joning eng sara otlari ko‘zi ham ajabtovur yovvoyilarcha yiltiradi. Sinchilarning aytishicha bu hol kasallik nishonasi emish. Shu sababliyam Jo baytalni mindi. Baytal baquvvat ham tezkor ovning oxiribop.
Jo galaga ot qo‘ydi. Arqonni yerga tashladi, yoyish uchun ataylab sudradi, so‘ng yana chap qo‘liga yaxshilab yig‘ib oldi, ov davomida birinchi marta otini ayg‘irga niqtab haydadi.
Aqlsiz chopa-chop boshlandi. Qo‘rqib qolgan baytallar yo‘lni bo‘shatib, chor tarafga qarab qochdi. 
Joning dadil baytali dasht bo‘ylab oddiy odimlar otib quvdi, ayg‘ir o‘zining dong‘i ketgan yo‘rg‘asidan adashmay, yo‘rg‘alab qochdi.
Aql bovar qilmaydigan manzara namoyon bo‘ldi. Jo ovozi hamda uzangilari bilan baytalini olg‘a chorladi. Baytali qushday uchdi, lekin ayg‘ir bilan oralaridagi masofa bir dyum ham kamaymadi.
Qora ayg‘ir shu chopishida shiddat bilan tekislikdan o‘tdi, tog‘ bag‘ridagi butazorlardan o‘tdi, ko‘zni aldaydigan serqum soyga tushib, bir o‘tloqqa chiqib oldi. U yerda uni bir sug‘ur qarshi oldi. Jo uning izidan ot qo‘yib boraveradi. U ko‘zlariga ishonmadi… nazarida, ayg‘ir bilan oralaridagi masofa kamayib emas, balki uzayib ketgandek bo‘ldi. U o‘zicha so‘kindi, otini niqtadi, chu-chulab haydadi, oxir-oqibat, bechorani asabiy holga olib keldi. Otning ko‘zlari olma-kesak terdi, boshi uyoqdan-buyoqqa tebrandi, yerga qaray olmay qoldi, yo‘l tanlamay qo‘ydi. Oyog‘i favqulodda bo‘rsiqning iniga kirib qoldi. Ot ag‘anab ketdi, ustidagi chavandozi yerga uchib tushdi. Jo lat yedi, bir amallab oyoqqa turib, dovdirab qolgan otini ko‘tarib turg‘izmoqchi bo‘ldi. Ammo bo‘lar ish bo‘lgan otning old oyog‘i singan edi.
Jo revolverning bitta o‘qi bilan otning azoblariga barham berdi. Egarni olib, lagerga ko‘tarib ketdi. 
Yo‘rg‘a hamon yelib, oxiri ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Buni mag‘lubiyat deb bo‘lmaydi, chunki ular baytallarni qo‘lga oldi. Jo bilan Charli ularni qoraga haydab borib, egarlaridan arzigulik in’omlar talab qildi.
Jo uchun bu kifoya emas. U ayg‘irni qo‘lga olishni orzu qildi. Jo ayg‘irning bor fazilatlarini bilib oldi, endi u yangi-yangi rejalar o‘ylay boshladi. 

V

Yovvoyi Jo ustomon odam edi. U qanday qilib bo‘lmasin yo‘rg‘ani qo‘lga tushirish payida bo‘ldi, bunga boshqalar ham qo‘l urganini eshitib, tezda yangi rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Jo ayg‘irni ushlashda chiyabo‘rilar epchil quyonni, hindular jayronni ushlashda qo‘llaydigan usulni qo‘llab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Bu qadimgi usul «galma-gal ovlash» deb ataladi.
Yovvoyi yo‘rg‘a yurgan muzofot oltmish kvadrat milcha keladigan uchburchak shaklida bo‘lib, janubi hamda shimolidan daryolar, g‘arbidan tog‘lar bilan o‘raladi. Ular, yo‘rg‘a shu muzofotdan boshqa yoqqa ketmaydi, Jayron bulog‘i uning doimiy xonaki joyi bo‘lib qoladi, deb o‘yladi.
Jo bu yerlarni yaxshi biladi. Uning barcha buloqlari, g‘orlarigacha bilib oldi. Agar hozir uning ellikta oti bo‘lganida edi, ularni jamiki muhim joylarga qo‘ygan bo‘lardi. Ixtiyorida esa bor-yo‘g‘i yigirmata oti bilan beshta yaxshi chavandozi bor xolos.
 U ov boshlangunga qadar otlarni ikki hafta somon berib boqdi. Shundan keyingina ularni ovga qo‘ydi, chavandozlarga nima qilish kerakligini tushuntirdi. Ular ov boshlanishiga bir kun qoldi deganda o‘z joylarini egalladi.
 Tayin etilgan kun Jo aravada Jayron bulog‘iga yo‘l oldi, chetroqdagi torgina soylikda to‘xtab, kuta boshladi.
Nihoyat, janubdagi adir tarafdan ko‘mirday qop-qora ayg‘ir ko‘rindi, u odatdagidek buloqqa yolg‘iz o‘zi ena boshladi.
U avval g‘animlarim bekinib poylamayotganmikin degan hadikda buloqni aylanib, is oldi. So‘ng so‘qmoqsiz yerlardan buloqqa qarab yurdi.
 Jo ayg‘irni poylab o‘tirib, iloji bo‘lsa uning ko‘proq, bochkalab suv ichishini istadi. Yo‘rg‘a tumshug‘ini o‘tga endi cho‘zgan ham edi, Jo otini niqtab haydab qoldi. Yo‘rg‘a tuyoq tovushini eshitdi, chavandozni ko‘rdi-da, yana ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Tekis yerga chiqib, janubga burildi, qum tepaliklar oralab bor kuchi bilan chopdi, ta’qibchisidan borgan sayin olisladi. Joning oti horib, qumda har qadamda yiqilib turaverdi, oqibat, borgan sayin keyinda qolaveradi.
Yana tekis yerga chiqqanlarida Joning oti oradagi masofani ancha ozaytirishi mumkin edi, lekin enish boshlanib qolib, yana shashtidan qaytdi, oqibat, yanada keyinda qola boshladi.
Ammo Jo yo‘rg‘ani quvishda davom etdi, xivichniyam, uzanginiyam ayamadi. Bir mil, ikki, uch… Arribi qirlari ko‘zga chalinib qoldi.
Arribida yangi otlar bor, Jo buni biladi, shu sababli kuchiga kuch qo‘shilib ot qo‘yadi. Yo‘rg‘aning tunday qop-qora yollari esa shamollarda yoyilib-yoyilib olislab boradi. 
Ana, nihoyat, Arribi darasiga dohil bo‘ldi. g‘orda qoravullik qilib turgan kovboy o‘zini panaga oldi, yo‘rg‘a uning yonidan o‘tib ketdi. Yo‘rg‘a shamolday pastga yeldi, so‘ng, nishab bo‘ylab yuqoriladi.
Jo yangi otga minib, avval pastga, keyin yuqoriga ot soldi. Otini niqtab haydab chopaverdi, chopaverdi, lekin oradagi masofani kamaytirolmadi. 
Dupur-dupur-dupur… tuyoq tovushlari. Bir soat, ikki, uch soat o‘tdi, oldinda Alamozo ko‘rindi, xuddi o‘sha yerda yangi chavandoz kutyapti. Jo baqirib, otini yanada tezladi. qora ayg‘ir mo‘ljaldagi yerga qarab chopdi, ammo ikki milcha qolganda nimadandir hadik olganday chapga burildi. Jo yo‘rg‘a qutulib ketishini payqab, holdan toygan otiga yana qamchi bosdi, yo‘rg‘ani qanday qilib bo‘lmasin, ko‘zlangan tarafga burish yo‘lini izladi. 
Olishuv haddan ziyod qiyin bo‘ldi. Joning nafasi qaytib qoldi. Ot har sapchiganda egar terisi g‘ijirlayverdi.
Jo ko‘ndalang yelib chiqib quvdi, yo‘rg‘ani hurkitish uchun revolverdan ustma-ust o‘q uzdi, nihoyat, uni chapdagi kechuvga borishga muvaffaq bo‘ldi.
Ular daryo bo‘yiga keldi. Yo‘rg‘a yo‘lidan qolmay yeldi. Jo otdan tushdi. Oti o‘ttiz mil chopib darmoni quridi, Joyam holdan toydi. Ko‘zlari changdan qizardi, garchi hech nimani ko‘rmayotgan bo‘lsa-da, Tomga qo‘lini silkib: «Yo‘rg‘ani Alamozo orqali kechuvga haydab bor», deya qichqiradi.
Yangi chavandoz tetik, chayir otda o‘nqir-cho‘nqir yoyilma bo‘ylab qora ayg‘ir ketidan chopdi. Ayg‘ir oppoq terga botdi, biqini ko‘tarilib-ko‘tarilib og‘ir nafas oldi, holi tang bo‘ldi. Baribir chopishda davom etdi…
Tom oldiniga ayg‘irga yaqinroq borganday bo‘ldi, so‘ng yana keyinida qoldi. Alamozoda o‘rnini yangi otliq egalladi.
Ayg‘ir g‘arbga burildi, sug‘urlar makonini yonlab chopdi, kiyim yirtar kaktuslar, tikanli changalzorlar oralab chopdi. Ayg‘ir ter bilan changdan ola-bula bo‘lib ketdi, ammo yo‘rg‘asidan adashmadi. Yo‘lida duch kelgan jardan sakrab o‘tib ketdi. Izidan quvib kelayotgan yosh Kerington ham otini sakratmoqchi bo‘ldi. Ammo oti bilan qo‘shilib pastga yumalab ketdi… yosh chavandoz bir amallab omon qoldi, ammo oti xarob bo‘ldi.
Qora ayg‘ir zafarli yo‘rg‘asida davom etdi… 
Jo Gallego cholning fermasi yonida nafasini rostlab poylab turdi. Yarim soat o‘tmay, u yana yo‘rg‘ani quvib ketdi.
G‘arbda Karlos tog‘lari ko‘zga tashlandi. U yerda ham Joni odamlar yangi otlar bilan poylab turibdi. Buni bilgan tolmas chavandoz ayg‘irni g‘arbga burmoqchi bo‘ldi. Ammo yo‘rg‘a qandaydir bir hayolga berildimi yo ko‘ngli bir nimani sezdimi, har qalay, birdan shimolga qayrildi.
Jo bor san’atini ishlatdi, qichqirdi, o‘q uzdi, bari bekor bo‘ldi. Qora chaqmoq adir bo‘ylab pastladi, Jo uning izidan borishga majbur bo‘ldi.
Xuddi shu yerda olishuvning eng qiyin ham azob-uqubatli davri boshlandi. Jo yo‘rg‘aga berahm bo‘ldi, o‘zi bilan otiga esa undan beshbatar beshafqat bo‘ldi. Kun ayovsiz kuydirdi, qizigan yoyilma uzra oftob tafti jimirladi. Joning ko‘zlari yondi, lablari sho‘r, betamiz changdan chirsilladi. 
Olishuv davom etdi. Muvaffaqiyatga erishishning birdan-bir yo‘li yo‘rg‘ani Alamozodan o‘tadigan kechuvga qaytarish qoldi.
Olishuv boshlangandan buyon Jo birinchi marta qora yo‘rg‘ada tolg‘inlik alomatlarini ko‘rdi. Dumi bilan yollari avvalgidek yoyilmay qo‘ydi, oralaridagi yarim millik masofa yarimlab qoldi.
Yo‘rg‘a baribir olg‘a talpindi, yana, yana yo‘rg‘alab, olg‘a talpindi…
Soatlar ketidan soatlar o‘tdi, yo‘rg‘a hamon olg‘a yeldi. Ammo to‘g‘ri yo‘ldan burildi. Yigirma milcha yo‘l bosib, kechroq Alamozodan o‘tadigan kechuvga yetib keldi.
Jo yo‘lda tayyor turgan otni minib, ayg‘irni yana o‘zi quvib ketdi.
Jo qoldirib ketgan ot entikib, o‘zini suvga urdi, suv ichib-ichib, yumalab o‘lib qoldi.
Jo, qora ayg‘ir suv ichadi, degan umidda bir oz sekinladi. Ammo uning aytgani bo‘lmadi! Ayg‘ir bor-yo‘g‘i bir ho‘pladi, tevarakka suv sachratib, narigi sohilga o‘tib ketdi. Jo uning ketidan qadam-baqadam bordi. Kechuvda ularni kuzatib qolgan kovboy Jo ayg‘irga xiyla yaqin kelib qolganini, hatto yetay-etay deb qolganini ko‘rdi…
Ertalab Jo lagerga piyoda keldi. Uning sarguzashti lo‘nda bo‘ldi: sakkiz ot nobud bo‘ldi, besh odam butunlay holdan toydi, g‘aroyib yovvoyi yo‘rg‘a esa hamon o‘z erkida yuribdi…
— Endi bir nima qilish qiyin! Unga yetib bo‘lmaydi. Joyi kelgan vaqtlari la’natining terisini teshib tashlamaganimga achinaman! – dedi Jo, so‘ngra, yo‘rg‘ani quvishdan voz kechdi. 

 VI

So‘nggi safarda ham Kurka Iz oshpaz bo‘ldi. U ham olishuvni boshqalar qatori qiziqish bilan kuzatib bordi, Joning omadi kelmaganda o‘zicha kulimsirab qo‘ydi, qozoniga qarab qo‘yib, dimog‘ida ming‘illadi:
— Shu yo‘rg‘ani ushlab olmasam, odam emasman! 
Yo‘rg‘a tinimsiz ta’qiblar oqibatida yanada yovvoyilashib ketdi. Baribir Jayron bulog‘iga kelib ketaverdi. Buloq yalanglikdagi yakkayu yagona suvloq bo‘lib, bir mil tevarak-atrofda g‘animdan bekinadigan pana joy yo‘q edi. Shu sababliyam yo‘rg‘a yaqin-atrofda tushlarda paydo bo‘lib, biron xavf-xatar yo‘qligiga ishonch hosil qilgachgina buloqqa suv ichgani kelardi.
U galasidan ayrilib, butun qishni yolg‘iz o‘zi qishladi. Qari Kurka buni yaxshi bilib olib, rejalarini shunga mosladi. Bir o‘rtog‘ining to‘riq baytali bor edi. Qari shu baytalga egar urdi, zanjir, belkurak, yana bir arqon hamda yo‘g‘on qoziq olib, buloqqa ravona bo‘ldi.
Bir to‘da jayron ulardan hayiqib, pana-panalarga g‘oyib bo‘ldi. Mollar o‘t uzra yoyilib yotadi, to‘rg‘aylar qo‘shig‘i jaranglaydi. Yerdan beg‘ubor, qorsiz qish nafasi ko‘tarilgan, ko‘klam yaqin qolgan…
Tom ushoqqina to‘riq baytalni arqonlab, o‘tga qo‘ydi, baytal tumshug‘ini ko‘kka tinimsiz cho‘zib, olis-olis kishnadi.
Qari Kurka shamol qayoqdan esayotganini aniqladi, tevarak-atrofga nazar soldi. O‘sha o‘zi qazishib yuborgan o‘ra haliyam bor ekan. O‘ra ochiq, ichi to‘la sassiq suv, sug‘ur, sichqon o‘liklari suzib yuribdi. Suvlagani kelgan hayvonlar o‘ra chetidan yangi so‘qmoq ochibdi.
Kurka ko‘m-ko‘k maysazor yonidagi quyuq qamishzorni ma’qul topib, shu yerga qoziq qoqdi, so‘ng, pana bo‘ladigan katta o‘ra qazib, ichiga adyol to‘shadi. Baytal olislab o‘tlab ketmasin deb, arqonni yerga uzatib tashlab, bir uchini ustunga bog‘lab qo‘ydi, arqonni tuproq va o‘tlar bilan bekitdi. Keyin o‘zining xilvatgoh o‘rasiga bekinib o‘tirdi.
Tush vaqti-tush vaqti to‘riq baytal yo‘qlab kishnadi. Shunda…shunda, kunbotardagi adirdan javob kishnash keldi… Mashhur yovvoyi yo‘rg‘a osmon fonida qop-qorayib bo‘y berdi!
Yo‘rg‘a ravon, alp-alp yo‘rg‘aladi, oyoq ilib, tevarakka hadiksirab alangladi, pishqirib yo‘rg‘aladi. Baytalning yo‘qlab kishnashi yo‘rg‘aning ko‘nglida aks sado berdi. Yo‘rg‘a yaqinroq kelib, yana kishnadi, birdan sergaklandi, aylanib katta doir yasadi, burni bilan shubhali hid ovladi.
Shunda, to‘riq baytal yana kishnadi. Yo‘rg‘a yana bir bor doira yasab, u ham kishnadi. Baytalning javob kishnashi yo‘rg‘aning ko‘nglidagi bor hadiklarni yo‘q qilib yubordi. Yo‘rg‘aning yuragi yonib ketdi!
Yo‘rg‘a gijingladi, to‘riq baytal – Sollining oldiga keldi, burniga burnini tekkizdi. Xuddi shu payt orqa oyog‘i sirtmoqni bosib oldi. Tom arqonni birdan tortdi, mustang sirtmoqqa ilindi. U vajohat bilan ko‘kka sapchidi. Tom bundan foydalanib ayg‘irning oyog‘idan arqonni ilondek ikki aylantirib oldi.
Mash’um ko‘rgilik ayg‘irning kuchiga kuch qo‘shdi. U yana sapchidi, ammo sirtmoqdan oyog‘ini tortib ololmadi, yerga g‘aribona, mag‘lubona ag‘anab tushdi.
Chuqurdan qari Tomning munkaygan xunuk jussasi ko‘rindi. U tabiatning noyob molini tezroq qo‘lga kiritish uchun shoshildi. Otning qudrati ushoqday zaif bir cholning aql va hunari oldida ojiz bo‘lib qoldi. Yo‘rg‘a pishqirdi, ozodlik uchun jon-jahdi bilan olishdi, ammo besamar bo‘ldi, sirtmoq oyoqlariga chayirday yopishib oldi.
Tom ayg‘irning old oyoqlariga ham sirtmoq soldi. So‘ng, arqon bilan ayg‘irning to‘rtta oyog‘ini bitta qilib qo‘shib tortdi. Darg‘azab yo‘rg‘a, axtalangan cho‘chqaday ojizona sulayib, yotib qoldi. Bechora so‘nggi darmoni qolgunicha tipirchiladi, o‘pkasi to‘lib keldi, o‘ksik zarbidan a’zoyi badani zir-zir qaltiradi, yuzlaridan marjon-marjon yoshlar oqdi…
Tom ayg‘irning holini ko‘rib, ko‘nglida g‘alati bir nima paydo bo‘ldi. Ilk bor sirtmoq bilan ho‘kiz ushlaganida bo‘lganidek, bosh-oyog‘i zir titradi. Bir necha daqiqa joyidan qimirlay olmay, o‘zining noyob bandasiga termulib qoldi.
Ko‘p o‘tmay cholning hayajoni so‘ndi. O‘ta mash’um ishni bajargan baytalga egar urdi, yangi arqon olib, yo‘rg‘aning bo‘yniga soldi. Baytalni ayg‘irning oldiga qo‘ydi. Tom yo‘rg‘a endi ketolmasligini bilib, arqonni bo‘sh qo‘ymoqchi bo‘ldi, shunda, xayoliga favqulodda bir fikr keldi. o‘ylab qarasa, g‘oyat zarur bir ish esidan chiqayozibdi. Garchi sharoit bo‘lmasa-da, shu ishni bajarishga kirishdi.
G‘arb odati bo‘yicha yovvoyi yo‘rg‘aning badaniga kim birinchi bo‘lib o‘z tamg‘asini bossa, yo‘rg‘a o‘shaniki bo‘ladi. Yaqin yigirma milda hayvonlarni tamg‘alaydigan asbob topilmaydi, nima qilsa bo‘ladi.
Qari Tom tadbirkor edi. U baytalning taqalarini birin-ketin qarab ko‘rdi. Taqalarning birovi xiyla bo‘shab qolgan edi. Tom shu taqani belkurak bilan qo‘porib oldi.
Yoymani aylanib o‘tin terib keldi. Ko‘p o‘tmay olov lovilladi. Tom taqani bir uchidan qo‘lro‘mol bilan o‘rab ushlab, olovga toblab qizartdi. Keyin taqa qirrasini ayg‘ir bechoraning chap yag‘riniga uch marta bosib oldi, yag‘rinda kurak iz misol dag‘al tamg‘a qoldi.
Yo‘rg‘a qizigan temir badaniga tekkanda seskanib ketdi. Ish ko‘z ochib yumguncha bo‘lib o‘tdi. Shunday qilib, yovvoyi yo‘rg‘a insonga qaram bo‘lib qoldi.
Endi yo‘rg‘ani uyga olib ketish qoldi. Tom sirtmoqni bo‘shatdi. Yo‘rg‘a oyog‘i bo‘shaganini sezib, butunlay erkin bo‘ldim deb o‘yladi, joyidan sapchib turdi, talpindi, ammo yana ag‘anab tushdi. Yo‘rg‘aning old oyoqlari qo‘shib bog‘lab qo‘yilgan, u faqat sapchib-sapchib yurishi mumkin edi.
U qochishga ko‘p intildi, ammo har safar qo‘shaloq bog‘loqlik oyoqlari xalaqit berib, yumalab tushaverdi. Tom baytalni minib, yo‘rg‘ani uyga olib jo‘nadi. U yo‘rg‘ani yetakladi-yu chu-chulab haydadi, turli yo‘llar qilib ko‘rdi, ammo qaysar, badjahl ayg‘ir, oppoq ter ko‘piklarga botgan ayg‘ir bo‘yin egmadi. Ayg‘ir yovvoyilarcha kishnadi, qahr bilan pishqirdi, ozodlik yo‘lida telbalarcha to‘lg‘andi.
Olishuv shafqatsiz, olis davom etdi. Yovvoyi yo‘rg‘aning yarqiroq sag‘irlari qon aralash terdan qorayib ketdi. Behisob yiqilib-turishlar, besamar olishuvlar yo‘rg‘aning shunday tinka-madorini quritdi, u uzun kun davom etgan quvg‘inda ham bunchalik horib tolmagan edi.
Ayg‘ir goh u yoniga, goh bu yoniga tinimsiz talpindi, shiddatli sapchishlari borgan sayin zaiflashib bordi, burnidan otilayotgan ko‘piklar qonga belandi.
Berahm, zo‘ravon g‘olib chol esa sokin bir kayfiyatda ayg‘irni chu-chulab haydadi, yurishga majbur qiladi.
Ayg‘ir bilan chol har bir qadam uchun olishdi, nishab yerdan daraga endi, yana ham pastdagi daralarga eltadigan so‘qmoqlar boshiga yetdi. Bir vaqtlar yo‘rg‘aga qaram bo‘lmish yaylovning shimoliy chegarasi xuddi shu yerdan o‘tadi. Olislardan to‘siqlar hamda fermalar ko‘zga tashlanadi. Qari Tom tantana qiladi.
Yovvoyi yo‘rg‘a qolgan bor kuchini yig‘ib ozodlik yo‘lida jon-jahdi bilan yonbag‘ir bo‘ylab yuqoriga talpindi. Yana, yana yuqoriladi, badaniga botayotgan arqonga ham, uni to‘xtatib, iziga qaytarish uchun uzilgan o‘q ovoziga ham parvo qilmadi, u ozodlikka talpindi…
Yovvoyi yo‘rg‘a yana, yana yuqoriladi, ana, tik qoyaga ko‘tarildi. qoyadan pastga — havoga sakradi, ikki yuz futcha uchib yurdi, yana, yana pastlab… toshga borib tushdi. U jonsiz sulayib qoldi, ammo... ozod bo‘lib qoldi!.

Tog’ay Murod tarjimasi.
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.