OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ernest Xeminguey. Yomg‘irda qolgan mushuk (hikoya)

Mehmonxona oldiga kelib tushgan amerikaliklar atiga ikkitagina kishi edi: er-xotin muhojirlar. Ular o‘z xonalari tomon yo‘l olishar ekan, yo‘llarida, zinalarda uchratgan odamlaridan hech qaysisini tanimadilar. Muhojirlarning ko‘m-ko‘k dengiz tomon yuz tutgan xonasi ikkinchi qavatda joylashgandi. Yana katta bog‘ bilan bitta urush yodgorligi ham xonaga ro‘baro‘ yerda edi. Bu ulkan bog‘ ichida o‘sib yotgan bahaybat palma daraxtlari hamda yo‘lkalar chetiga o‘rnatilgan o‘rindiqlar bog‘ ko‘rkiga yana-da ko‘rk bag‘ishlab turardi. Havo soz bo‘lgan chog‘lar bu yerda kichkinagina ko‘rgazma stendini ko‘tarib olgan qandaydir rassom paydo bo‘lib qolardi. Osmonga behadik bo‘y cho‘zib ketgan salobatli palma viqori hamda bepoyon bog‘ bilan dengizga yuzlanib turgan mehmonxona binosining yarqiroq ranglari bu rassomga juda manzur bo‘lardi. Boyagi urush yodgorligini tomosha qilish uchun ham bu yerga uzoq-yaqindan ko‘plab italiyaliklar kelib turishardi. Haykal bronzadan ishlangan bo‘lib, yomg‘ir ostida u yana-da yarqirab ko‘rinardi. Ayni chog‘da havo tund, sharros yomg‘ir quyardi. Palma yaproqlari uchidan ham yomg‘ir tomchilari bir-bir tomchilab tushardi. Bog‘dagi shag‘al yo‘lak uzra yomg‘ir suvlari katta-kichik halqoblar hosil qilgandi. Bir tomondan cheksiz dengiz betaskin to‘lg‘onib yotar, jala ostida qolgan asov to‘lqinlar dam o‘rindiqlargacha urilib kelar, dam o‘tmay shashtlaridan qaytib, tag‘in ortga chekinib ketishardi. Urush yodgorligi yonidagi maydon ichida turgan turli sayyohlarning yengil mashinalari ham bir zumda bu yerni tark etib jo‘nab ketishdi. Maydon chetidagi qandaydir kafe ostonasida paydo bo‘lib qolgan bitta ofitsiant kimsasiz qolgan maydon sathi uzra termulgancha turib qoldi.
 Shu payt boyagi amerikalik muhojir ayol ham derazadan tashqarini kuzatib turardi. Tashqarida, shundoqqina deraza tagida esa qayoqdandir kelib qolgan kichkinagina bir mushuk o‘sha yerda turgan bitta yashil stol ostida shumshaygancha cho‘kkalab o‘tirardi. Jonivor shalabbo bo‘lmaslik uchun zo‘r berib g‘ujanak bo‘lib olishga urinardi.
 “Men pastga tushib, anavi mushukchani olib chiqaman”, - deb qoldi ayol birdan.
 “Men olib chiqa qolay”, - deya taklif qildi karavotida yotgan eri.
 “Yo‘q-yo‘q, o‘zim. Bechora mushukcha yomg‘irdan qochib, stol tagiga o‘tirvolibdi-da, sho‘rlik o‘zini quruq saqlashga chunonam harakat qilyaptiki!”
 Eri indamay karavotning oyoq tomonidagi bir juft yostiq ustiga yastanib olgancha yana kitob o‘qishda davom etdi.
 “O‘zing bilasan, faqat ivib ketmagin”, - deb qoldi u xotinining orqasidan.
 Ayol pastga tushishi bilan mehmonxona xo‘jayini u yonidan o‘tib ketayotgan vaqtda xonimga bosh egib ta’zim qildi. Xo‘jayinning ish stoli mehmonxonaning eng uzoq burchagida joylashgandi. U novcha bo‘yli, yoshi o‘tinqirab qolgan bir erkak edi.
 “Hozir bu ishni qanday uddalaganimni ko‘rasizlar”, - deb hovliqdi ayol xo‘jayinga qarab qo‘yib, negaki mehmonxona sohibi xonimga bir ko‘rishdayoq ma’qul bo‘lgandi.
 “Si, si, signora, brutto tempo*(1) Bunaqa ob-havoda tashqariga chiqib bo‘lmaydi axir”.
 Xo‘jayin dim xonaning bir burchagidagi stoli ortida javragancha qolib ketaverdi. Xonim uning gapiga quloq osmasdan yugurgancha tashqariga chiqib ketdi. Shunday bo‘lsa-da unga xo‘jayin yoqib qolgandi. Ayolga mehmonxona egasining har qanday shikoyatu noroziliklarni-da o‘ta jiddiy ravishda qabul qilishi yoqib tushgandi. U tag‘in erkakdagi salobatni yoqtirgandi. Undagi xonimga bo‘lgan mulozamatni yoqtirgandi. Hattoki ayol xo‘jayindagi mehmonxona sohibi bo‘lishlik g‘ururini ham yoqtirib qolgandi. Yana erkakning qari, semiz yuzi bilan bahaybat qo‘llarigacha ayolning ko‘ngliga o‘tirib qolgandi.
 Mehmonxona egasidan mamnun bo‘lgan holda ayol eshikni zarb bilan ochdi-yu, tashqariga qarab qoldi. Yomg‘ir yanayam avj olgan edi. Charm yomg‘irpo‘shiga mahkam o‘ranib olgan bir erkak kafe tomonga qarab bo‘m-bo‘sh maydonni shoshilgancha kesib o‘tdi. Haligi mushuk shu atrofda, taxminan o‘ng tarafda bo‘lishi kerak. Ehtimol bechoragina bironta o‘simlik ostida g‘uj bo‘lib o‘tirgandir. Xonim hamon ostonada qadalib turar ekan, boshi ustida soyabon ochilganini payqadi. Orqasida ularning xonasiga xizmat ko‘rsatuvchi oqsoch ayol soyabon ko‘tarib turardi.
 “Siz ivib ketmasligingiz kerak”, - deb jilmaydi u italyancha so‘zlab. Shubhasiz, oqsochni mehmonxona egasi yuborgan edi. Xonim boshi uzra soyabonni tutib turgan shu oqsoch bilan to o‘zining derazasi ostiga yetib kelgunicha shag‘al yo‘lakcha bo‘ylab birga ketishdi. O‘sha yashil stol hamon shu yerda turar, u yomg‘irda yuvilib, yana-da yashil tusda jilolanardi, ammo uning tagidagi mushuk shu tobda qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi.
 Xonim birdan ma’yus tortdi. Oqsoch ayolga xavotirlanib qarab qo‘ydi:
 “Ha perduto qualque cosa, Signora?”* (2) – deya asta so‘radi u.
 “Anavi yerda mushuk bor edi”, - dedi bazo‘r amerikalik xonim.
 “Mushuk”.
 “Si, il gatto”* (3)
 “Voy, mushuk deysizmi?” – oqsoch qah-qah otib kulib yubordi. “Yomg‘irda qolgan mushuk?”
 “Ha”, - dedi xonim g‘amgin, “anavi stol tagida o‘tirgandi”. Keyin u to‘satdan ingrab yubordi. “O, men uni shunchalar xohlagan edimki! O‘sha mushukchani shunaqayam istovdimki - ” Ayol qattiq afsuslangancha inglizchalab gapirar, oqsoch esa uning niyatini tushuna olmay hadeb yuzini tirishtirardi.
 “Yura qoling, senora”, - dedi u. “Ichkariga kirishimiz kerak. Axir ivib ketasiz”.
 “Ha, boshqa ilojimiz ham yo‘q”, - dedi amerikalik ayol nochor.
 Ular yana shag‘al yo‘lakcha uzra ortlariga qaytib, eshikdan kirib ketdilar. Oqsoch soyabonni yig‘ib olish uchun bir daqiqa tashqarida qoldi. Ingliz xonim yonidan o‘tib ketayotgan onda mehmonxona sohibi unga avvalgiday ta’zim qilib qo‘ydi. Lekin bu safar ayolga uning qilig‘i erish tuyulib ketdi. Shu bilan birga xo‘jayinning bu odati yosh xonimga boyagina qilmoqchi bo‘lgan ishining nechog‘lik arzimas va ayni paytda g‘oyatda muhim burch ekanligini anglatib yubordi. Ayol eng katta ahamiyatga ega bo‘lgan kichkinagina yaxshilikni ham eplab amalga oshira olmagani uchun bir lahza ko‘ngli cho‘kib turib qoldi.
 
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi
    
Izohlar:
* 1 – “Lekin senora, havoning avzoyi buzuq”. (italyan.)
* 2 - “Biror narsangizni yo‘qotib qo‘ydingizmi, xonim?”
* 3 - “Ha, ha, mushuk bor edi”.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.