OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fridesh Karinti. Sirk (hikoya)

Men tsirk va skripkani butun vujudim bilan yaxshi ko‘rar edim. Qiziqishlarim evaziga menga skripka olib berishdi. Ammo tsirkka yaqin yo‘latishmadi. Shu sababli bo‘lsa kerak tushlarimga faqat tsirk kira boshladi. Bir safar uni tepalik ortida ko‘rdim. Kimdir meni u yoqqa yetaklab ketayotgandek tuyuldi. Boshqa safar shaharning markaziy maydonidagi tsirk yoniga, uning ikki tarafi vestibyulli kirish eshigi oldiga kelib qoldim. Menda bilet ham bor edi. Biroq hamma narsa avvalgi tushlarimdagi kabi chalkashib ketdi va men ichkariga kira olmadim.
Kunlarning birida tushimni oxirigacha ko‘rdim. Men kirish eshigi yonida turardim. Yonimda soqolli, oqsoq bir odam kuymalanib yurardi. Aftidan u direktor edi. U bir qo‘li bilan pardani ushlab olgan holda “Sirkka keb qoling, hozir boshlaymiz, marhamat, marhamat, kiring!..” deb takrorlar edi. Askarlar, xizmatkorlar, shlyapa kiyib olgan xonimlar, po‘rim janoblar, xullas, turli xildagi odamlar o‘zaro kulib, gaplashgan va bir-birlarini turtgan holda ichkariga oqib kirmoqda edilar. O’ylaganimdek, direktor qo‘limdan ushlab oldi va norozi ohangda “Marhamat, marhamat... qani chipta bormi? Bor bo‘lsa marhamat, yo‘q bo‘lsa, qani marsh!” dedi. Qo‘rqinchdan yuragim shuvullab, gaplarim chalkashib ketdi. “Men tomoshaga kirmoqchi emasman, men xohlaymanki... mana, mening skripkam”. O’zimni butunlay yo‘qotib qo‘ygan holda, qo‘ltig‘imga qistirib olgan skripkamni ko‘rsatdim. Direktor egilib og‘zimga termilgancha chiptam yo‘qligi haqidagi g‘udranishlarim qachon tugashini kutib turdi. Men ichkariga kirib, o‘zim yaratgan kuyni mana shu skripkamda tomoshabinlar oldida chalib berishni xohlayotganimni amallab tushuntirdim. Buni eshitgan direktor og‘zini karnaydek ochib, tomog‘ining to‘rini ko‘rsatib xoxolab kuldi: “Ey esi yo‘q bola! Sen bilan pachakilashib o‘tirishga vaqtim bor deb o‘ylaysanmi?!”. Men ushbu kichkinagina musiqamni favqulodda ajoyib musiqa deb hisoblab, zavqlanib gapirishim direktorning ko‘ngliga o‘tirganini darrov sezdim. U bir oz yumshab dedi: “Mayli, sen bolakay, bir oz kutib tur, balki biror narsa o‘ylab toparmiz... Ketib qolma, hali gaplashib olamiz”.
Bir ozdan so‘ng u meni qoldirib ketgan qorong‘i yo‘lakka keldi. Titrog‘im hali bosilmagan edi. U quvnoqlik va ochiqko‘ngillik bilan: “Skripkada kuy chalish bu silliqqina bir ish”, dedi. Gaplaridan skripkada biror yaxshi natijaga erishishimga unda ishonch yo‘qligini angladim. Men esa xudoni o‘rtaga qo‘yib qasam icha boshladim. Shundan so‘nggina u jilmayishdan to‘xtadi. “Unda sinab ko‘rish mumkin, biroq avval harbiy qo‘mondonlikka xabar berish kerak, ular imperatorlik yoki qirollik kagali a’zoligi to‘g‘risida nishon berishadi”, dedi. Bu ishlar bitguncha tsirk nimaligi va tomoshabinlarga nima kerakligi haqida fikrga ega bo‘lishim uchun tsirkning hamma joyini – aktyorlarni, yirtqichlarni ko‘rsatadigan bo‘ldi. 
Sirkka kirish imkoniyati paydo bo‘lganidan va ayni paytda qo‘rqayotganimdan yuragim qinidan chiqayozdi. Men skripkamni qo‘ltig‘imga qisgan holda besaranjom bo‘lib bor kuchim bilan o‘zim to‘qigan musqani unutib qo‘ymaslikka harakat qila boshladim. U meni turli-tuman rasmlar chizib tashlangan son-sanoqsiz pardalar orasidan olib o‘tdi. Men artistlarni yoki chavandozlarni ko‘raman deb o‘ylagan edim. Biroq tepada ishlab yurgan qizil kiyimli kishilardan boshqa hech kimni ko‘rmadim. Biz to‘satdan juda ham uzun zinapoya oldidan chiqib qoldik. Direktor zinadan yelib keta boshladi. Men unga zo‘rg‘a yetishib yurardim. Keyin biz hamma joyiga baxmal qoplangan xonadan o‘tdik. Men tasodifan bir eshikni turtib yubordim. Ichkaridan kuchli shovqin chiqardi, chayqalib turgan juda ko‘p boshlar ko‘rindi. Direktor menga qo‘pollik bilan baqirdi: “Hoziroq yop, tomoshabinlarning ko‘zlari bu yoqqa tushmasligi kerak!” 
Keyin u uncha katta bo‘lmagan temir eshikni ochdi: pastda yarim doira shaklidagi katta zal ko‘zga tashlandi. Bu ajoyib zalning o‘rtasida qaddu qomati kelishgan bir erkak tishlarini g‘ijirlatib, ko‘zlarini olaytirib bir ayolni bo‘g‘moqda edi. Ayol esa og‘ir xirillab fig‘on qilmoqda, xullas, qo‘rqinchli tomoshaga ortiq toqat qila olmadim. Men bor kuchim bilan baqirib, hammani la’natlagan ko‘yi ayolni hoziroq ozod qilishlarini talab qilishga tushdim. Biroq direktor qo‘limdan mahkam ushlab olib pishqirdi: “Ahmoq, bu mening aktyorlarim-ku, bularning hammasi bir o‘yin, buning ustiga ular haqiqiy emas, mumdan yasalgan qo‘g‘irchoqday gap”. Men yaxshilab qarab, ayolning yuzi g‘ayritabiiyligi va ko‘zlari shishadan ekanligini payqadim.
Xijolatga ko‘milganimdan gapni boshqa tomonga burishga harakat qilsam ham yuragimning bezovta urishi bosilmadi. Direktor meni xuddi maktabdagi kabi partalarga o‘tirib olgan, olachipor kiyimdagi, yuzlari bo‘yalgan o‘g‘il va qiz bolalarga to‘la besaranjom bir xonaga olib kirib, ular qatoriga o‘tqizib qo‘ydi. So‘ng hammani navbatma-navbat minbarga chiqara boshladi. Bolalardan biri qo‘li bilan yurib ko‘rsatdi. U harakati davomida bir necha marta boshini yerga urib olgani bois direktor uni mashqni qayta bajarishga majbur qildi. Keyin bir katta yoshli kishini chaqirishdi. U pichoq bilan o‘z ko‘kragini yorib tashladi. Yaradan qon otildi. Ko‘krak qafasida o‘pka ochilib qoldi. U qattiq ingranib yerga yiqildi. Direktor boshini mamnun silkidi.
– Ma’qul, – dedi u, – bu hammaga yoqadi.
U kishi o‘rnidan turib joyiga o‘tirdi. Partadan igna va ip olib og‘riqdan yuzlarini burishtirib, jarohatni tika boshladi. Men uning ko‘kragi shunday tikilgan chandiqlarga to‘lib ketganini ko‘rdim. 
Sahnaga boshqalar ham chiqishib o‘z tomoshalarini ko‘rsatishdi. Ular orasida lablarini qimirlatmagan holda odamlar va hayvonlar tovushlarini chiqaruvchilar ham bo‘ldi. Ularning tovushlari shunchalik ishonarli ediki, men hatto quloqlarimga ishonolmay qoldim. Ulardan biri og‘zini ochmasdan, lablarini qimirlatmasdan jon berayotgan chaqaloq ovozini shunday ishonarli va ta’sirchan chiqardiki, bu tovushni eshitib ko‘zlarim yoshlandi. Yana biri la’natlar yog‘dirib bo‘zlayotgan ayol tovushini, boshqalari ayollarning turli xil tovushlarini chiqarib berishdi. 
Direktor oldida turgan kitobga bir qarab olib mening ismimni aytdi. Men o‘rnimdan turdim. U menga qarab tezda so‘radi:
– Sening qo‘lingdan nima keladi?
Men skripkamni oldinga uzatgan holda tilim tutilib yana o‘zim to‘qigan kuy haqida g‘udrana boshladim. Xonada kulgi tovushi eshitildi. Direktor norozi holda stolni mushtladi: 
– Yana skripkangni o‘rtaga tiqayapsanmi! – jahl bilan baqirdi u. – Buning bir pulga qimmat! 
Men kuyim o‘ziga xos ekanligini, chalib berishga ruxsat berishlarini iltimos qilmoqchi bo‘ldim. Biroq direktor qandaydir bir bolani chaqirib, u bilan borishimni, menga har xil asboblar ko‘rsatishini aytdi.
Meni boshqa xonaga olib o‘tishdi. Bu yer turli xil mashina va mexanizmlar bilan to‘la ekan. Hammasi musiqa asboblari edi. Bu yerda bosqon yordamida puflanadigan, puflanganda momaqaldiroqdek tovush chiqaradigan, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan darajada ulkan karnaylar bor edi. 
Bundan tashqari kattaligi xonadek keladigan uchburchak moslama mavjud bo‘lib, uning bug‘da ishlaydigan bolg‘asi ham bor edi. Qulochga sig‘maydigan baraban ustida qo‘lda yasalgan fillar harakatlanib oyoqlari bilan uni dupurlatar, boshqa bir elektr toki bilan ishlaydigan g‘ayritabiiy moslama bir vaqtning o‘zida o‘ttizta klavish va mingta karnayni ishga tushirar edi. Karnaylardan eng kattasi zavodning trubasicha kelar edi.
Dirijyor baland minbarga chiqib olib, qo‘lini silkishi bilan orkestr bor ovozda gumburladi. Kitobdan ko‘zlarini uzmay turgan ko‘zoynakli musiqachilar oldidagi klavishlar harf teradigan mashina kabi tez ishlay boshladi. Zalda girdob paydo bo‘lgandek tuyuldi. Bunday musiqa asboblari-yu, bunday g‘aroyibotlarni ko‘rib meni bu yerdan uloqtirib tashlashlariga gumonim qolmadi. 
Direktor o‘tirgan xonaga qayta boshlaganimizda boshim aylanib qulog‘im shang‘illab qolgan edi. Men bu asboblarni avval ko‘rmaganim va ularni chalishni bilmasligimni aytdim. U esa yelkasini qisib afsusdaligini va mening ishlarim pachava ekanligini aytdi. Bu paytda men arenaga olib chiquvchi parda bilan to‘silgan ikki eshik yonida turgan edim. Turlicha grimmdagi artistlar shu eshiklar orqali shoshilib kirib ketishar, har safar parda surilganda ichkaridagi turli rangdagi lampalar yog‘dulari ko‘zimni qamashtirar edi. Men ham ular ortidan bormoqchi bo‘ldim, biroq direktor hech narsa qo‘lingdan kelmasa boshlanishiga o‘likxonani ko‘rganing ma’qul dedi.
Biz boshqa eshikka kirdik. Eshik ortidagi qorong‘i yo‘lak yerto‘laga olib tushar ekan. Yo‘lakning ikki tarafida har-har joyda eshiklar bo‘lib, ulardan ko‘kimtir yorug‘lik tushib turar, bu yorug‘likda u yoqdan bu yoqqa o‘tib turgan, oq xalat kiyib olgan, biroq yuzlari kir xizmatchilar ko‘zga tashlanar edi. Qo‘rquvning zo‘ridan ichkariga kirishga o‘zimda kuch topa olmadim. Yo‘lakning oxiriga yetganimizda direktor to‘xtab kim bilandir gaplasha boshladi. Men yashirincha u yoqqa qarab, devor bo‘ylab terib qo‘yilgan temir bilan qoplangan uzun stollarni, ularga yotqizib qo‘yilgan har xil odamlar – bolalar, qariyalarning tanalarini, ba’zi joylarda esa tana qismlarini ko‘rdim. Nafasni bo‘g‘uvchi formalin hidiga to‘lib ketgan bu joydan pastga qarab yana ham qorong‘i boshqa bir yo‘lak boshlangan edi. 
Direktor men haqimda gapirmoqda – meni shu yerda qoldirishni masla­hat­lashmoqda edi.
Doktor qorong‘i yo‘lak tomon ishora qildi. 
Shunda men bu yerda qolmaslik chorasini ko‘rishga kirishdim, arenaga chiqish uchun zarur bo‘lgan har qanday narsani o‘rganishga tayyor ekanimni aytdim. Ular boshlarini silkitishdi. Doktor tomoshabinlar akrobatikaga intiqligi va bu yaxshi mashg‘ulot ekanligini uqtirdi. 
Meni tomi baland bir xonaga olib kirishdi. Kichik bir teshikka ko‘zim tushib, undan shaharni ko‘rdim. U ancha pastda edi. Xonada arqon, espander va to‘rlar sochilib yotar, devorlariga suyab qo‘yilgan ingichka va uzun narvonlarda qizil triko ki­yib olgan bolalar mashq qilishmoqda edi. Narvonlardan birini ro‘paramga qo‘yishdi. Men unga chiqishim kerak edi, asta tepasiga ko‘tarilar ekanman, ilkis pastki uchini ko‘chaning narigi tarafiga uloqtirishdi. Men bor kuchim bilan unga yopishib pastga qaradim. Pastda butun shahar, ko‘chalarda yurgan chumolidek mayda odamlar ko‘rindi. Men sekin ingranib hushimdan ketdim.
Biroq men shu zahotiyoq yana tsirkda paydo bo‘lib qoldim va uzoq vaqt haftalar, oylar davomida narvonga chiqishu tushishni mashq qildim va bu mashg‘ulotga ancha o‘rganib qoldim. Asta-sekin narvon tepasida muvozanatimni ushlab turishni, keyinchalik esa narvonga ikki va uch stulni qo‘yib uning ustiga chiqishni o‘rgandim. Uzundan-uzoq kunlar shu tarzda o‘tdi. 
Nihoyat kutilgan vaqt keldi. Men arenaga chiqdim. Faqat bu paytda tsirkning barcha burchaklari yaxshi tanish bo‘lib qolgandi, yuzim men birinchi marta ko‘rgan bolalarnikidek, bo‘yalganidan tashqari, ajin bosib qiyshayib ketgan, yoshim ulg‘ayib qolgan edi. Endi men qizg‘ish triko kiyib olgan holda xira tortgan dekoratsiyalar oldida beparvo yuraman. Oldimdan gilam ko‘tarib o‘tib qoladigan maxsus kiyim kiygan tsirk xodimlari va boshqalarga ham e’tibor bermayman. Agar nimadir zerikarli va bo‘g‘iq ovoz chiqarib qolsa u bilan qiziqishga ham o‘zimda kuch topa olmayman. To‘satdan ro‘paramdagi baxmal parda ochilib chidab bo‘lmaydigan darajada tiniq yorug‘lik taraldi. Parda ortida ko‘plab boshlar ko‘rindi. Bir muddat qarsak chalindi va keyin pashsha uchsa eshitiladigan sukunat cho‘kdi.
Men arenada: gilam ustida, yorqin nurda suzmoqchidek oldinga harakatlanaman, nur menga ergashadi, ilondek har ikki tarafga – lojega ta’zim qilaman. Keyin narvonni ushlab, yengillik bilan o‘z og‘irligimni ham sezmagan holda tepaga – besh qavatli bino darajasidagi balandlikka ko‘tarilaman. Narvonning oxirgi zinasiga chiqib, bir soniya muvozanatimni ushlab turaman. Menga uzun tayoqda temir oyoqli stul uzatishadi. Men stulni olib uning ikki oyog‘ini narvonning oxirgi yog‘ochiga qo‘ydim. Bu oson kechmadi. Keyin bir sakrab stulning ustiga chiqdim. Muvozanatimni saqlagan holda tik turdim. Shunday tarzda ikkinchi stulni, keyin oyog‘ini osmonga qilib uchinchi stulni o‘rnatdim. Uning bir oyog‘iga katta kubni joylashtirdim. Tagimdagi butun “inshoot” tirik jonzot kabi qaltirar, tomir urishim bu inshootning yerdagi uchigacha yetib borayotgandek tuyular edi. Keyin menga langarcho‘p uzatishdi. Men uni kubning yuqori burchagiga o‘rnatgunimcha bir necha daqiqa vaqt o‘tdi. Men sekin uning ustiga chiqa boshladim. Va nihoyat langarcho‘pning ustiga chiqib qaddimni rostladim. Tanamdagi har bir muskulim zo‘riqib tortilgan kamon ipidek qaltirar, yuzimdan shovullab ter oqmoqda edi. Men ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan ushbu qurilma qachon qaltirashdan to‘xtashini kutib turib qaddimni rostladim va trikomga qistirib qo‘yilgan skripkamni oldim...
Qaltirayotgan qo‘llarim bilan skripka tayog‘ini oldim va ohista langarcho‘pdan qo‘limni bo‘shatdim. Shu ko‘yi oldinga intildim. Bir necha daqiqa chayqalib turgandan so‘ng... ommaviy qo‘rquvdan va cho‘kkan jimlikdan foydalanib, bir paytlar jaranglagan, qalbimni larzaga solgan o‘sha qadrdon kuyimni ehtiros bilan chala boshladim...

Rus tilidan Manzura SHAMS tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnalining 2011-yil, 6-sonidan olindi.
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.