OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ivan Turgenev. Ablah (hikoya)

Bor ekan-da, yo‘q ekan, bir ablah bo‘lgan ekan.

U uzoq vaqt xush-xandon, yegani oldida, yemagani ketida yashabdi, biroq, bora-bora uning qulog‘iga miyasi aynib qolib, muttahamlik qilayotgani haqida gap-so‘zlar kela boshlabdi.
Ablah bundan g‘azabga kelibdi va noxush gap-so‘zlarning qanday qilib oldini olish haqida chuqur o‘yga tolgandan tolibdi. Nihoyat, to‘satdan miyasiga “lip” etib kelib qolgan fikr uning mash’um niyatlarini amalga oshirish uchun yo‘l ochib beradigandek tuyulibdi. U bir zum ham kechiktirib o‘tirmay g‘arazli niyatini ro‘yobga chiqarishga oshiqibdi. Yo‘lda ketayotsa, unga bir tanishi uchrab qolibdi va taniqli rassomni maqtay ketibdi.
— Meni ma’zur tutasiz! — deya shang‘illabdi ablah. — O‘sha rassomingiz allaqachon arxivga surib tashlangan... Siz buni haliyam bilmaysizmi?! Men sizdan buni hech ham kutmagan edim... Siz — qoloq odam ekansiz.
Tanishi qo‘rqib ketibdi va darhol ablahning so‘zlariga qo‘shilibdi.
Men bugun shunday ajoyib bir kitob o‘qidimki, — dedi unga boshqa tanishi uchrab.
— Ma’zur tutasiz! — shang‘illabdi ablah. — Nahotki shunday deyishdan uyalmasangiz. O‘sha siz o‘qigan kitob bir pulga qimmat-ku, axir! Allaqachon hamma undan qo‘lini yuvib, qo‘ltiqqa urgan! Siz shuniyam bilmaysizmi? Siz — qoloq odam ekansiz.
Qarabsizki, uning bu tanishi ham qo‘rqib ketib, ablahning so‘zlariga qo‘shilibdi.
— Mening N. N. degan do‘stim ajoyib inson-da! — dedi uchinchi tanishi ablahga. — Haqiqiy odamoxun inson!
— Ma’zur tutasiz! — deya ming‘irlabdi ablah. — N. N. deganingiz uchiga chiqqan muttaham! Barcha qarindosh-urug‘larini talab, adoi tamom qildi. Buni kim bilmaydi, deysiz? Siz — qoloq odam ekansiz.
Ablahning uchinchi tanishi ham qo‘rqib ketganidan uning so‘zlariga ishonibdi va o‘sha do‘stidan uzoqlashibdi.
Ablahning huzurida kim bo‘lmasin, maqtalsa bas, unda hammasiga bitta ta’na toshi taxt turarkan.
Ba’zan e’tirozli ohangda qo‘shib qo‘yarkan:
— Siz haliyam obro‘-e’tibor degan narsaga ishonasizmi?
Tanishlari ablah haqida:
— Badjahl! Naq chayonning o‘zi! — deya so‘z boshlasharkan, qo‘shib qo‘yishardi: — Ammo miyasi zo‘r ishlaydi!
— Tilini aytmaysizmi? — deya so‘z qistirib qo‘yisharkan boshqalari. — Ha, u chinakam iste’dod!
Bu voqea shu bilan tugabdiki, bir gazeta noshiri ablahga tanqidiy bo‘limni boshqarishni taklif etibdi.
Shundan keyin desangiz, ablah deganingiz na o‘z xatti-harakatlarini, na tovush ohanglarini tariqcha bo‘lsin o‘zgartirmagan holda barcha-barchaga ta’na toshlarini yog‘dira boshlabdi.
Qachonlardir “obro‘-e’tibor”ga qarshi qichqirgan ablah — o‘zi endi obro‘-e’tiborga aylanibdi-qolibdi. Yoshlar esa uni ko‘klarga ko‘taradigan va undan qo‘rqadigan bo‘lishibdi.
Ha, bechora yoshlar nimayam qilishsin, endi? Umuman, aytganda, ko‘klarga ko‘tarish shart bo‘lmasa-da... qani, ko‘klarga ko‘tarmay ko‘r-chi.
— Qoloqlar safiga qo‘shilib qolishing hech gapmas!
Ha: qo‘rqoqlar orasida ablahlar huzur topar ekanlar!
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.