OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixail Zoshchenko. Yomon pullar (hajviya)

Zavodda chilangar bo‘lib ishlovchi Ivan Petrovich Martinov eshikni ohista ochdi va ehtiyotkorlik bilan qadam tashlamoqchi edi-yu, lekin o‘zini tutib qola olmadi va xonaga emaklaganday ag‘darildi. Xotini qo‘llarini bir-biriga urdi va kastryulkani jahl bilan itarib yubordi.
— Yana to‘yib olibsan-da! Zolim, yana ichibsan-da, sho‘rim qursin.
— Zinhor, — dedi chilangar, tik turishga urinarkan. — Hushyorman, mutlaqo hushyorman... Qara, Masha... Agar xohlasang, o‘choqqacha yetib bora olaman, xohlasang — karavotgacha... Qara.
Ivan Petrovich yon tomonga qadam qo‘ydi, biroq o‘zini tutib qololmadi va karavotga quladi.
— Zinhor, — dedi u, yostiqqa boshini qo‘yarkan. — Hushyorman, mutlaqo hushyorman... Qara, Masha, hammasi joyida... Mana u, burnim, butun... Mana u, kostyum, butun... Telpakni o‘ylayotgan bo‘lsang — mana u, telpak, cho‘ntagimda... Qara, Masha... Zinhor... Mutlaqo hushyorman... Agar maoshni o‘ylayotgan bo‘lsang — mana u. Qara, Masha...
Chilangar qo‘lini cho‘ntagiga tiqdi va bir nechta mayda tangalarni chiqardi.
— Mana u, maosh. Qara, Masha.
Xotini karavotga o‘tirib oldi va big‘illab yig‘lay boshladi. Chilangar hayron bo‘lib boshini yostiqdan uzdi va birdan hushyor tortib karavotga o‘tirib oldi.
— Masha, — dedi u, — Mash... deyman. Sen yig‘lama, albatta, Mash... Menda nima ayb? Men ozginagina. Ozginagina, Masha. Mutlaqo hushyorman... Bir stakan olgan bo‘lsam olgandirman, balki. Men va Vasil Ivanich... Menda nima ayb?..
— Mushuk aybdor, — dedi xotini istehzo bilan, lablarini ranjigannamo burarkan.
— Mushuk emas, — dedi chilangar. — Mushukni men ayblamayman. Zinhor. Men senga, Masha, bir boshidan gapirib beraman. Ertalab, albatta, ishga kelsam, zavodda yigitlar sandiraqlab yurishibdi. Aytishlaricha, kassir Ivan Markich pulga ketgan ekan. Demak, maosh... Kassaga yaqinlashdim, kassir Ivan Markich esa zerikib o‘tiribdi va pullarga termuladi...
— Gapni aylantirma, — dedi xotini. — Mastmisan, yostiqqa burkanib uxla.
— Men mast emasman, — dedi chilangar. — Men, Masha, mutlaqo hushyorman. Men senga bir boshidan gapirib beraman. Menda nima ayb?.. Kassaga yaqinlashdim, kassir Ivan Markich esa do‘rillagan ovozda dedi: “Yigitlar, uch kishidan navbatga turinglar. Bugun yomon pullar tegdi — hammasi yirik kupyuralar”. Men esa: “Nimalar deyapsiz, Ivan Markich, ustimizdan kulyapsizmi? Aqlga sig‘maydi. Buni qaerda almashtiramiz?”, dedim. Shu payt Vasil Ivanich kelib qolsa bo‘ladimi. “Sen, — deydi, — kassir bilan gap talashma. Hozir uchinchi kishini olamiz-u, ko‘chaga yuguramiz va pullarni eng yaxshi ko‘rinishda almashtirib olamiz...”. Menda nima ayb, Masha?.. Nachora, imzo chekdik, oldik, chiqdik. Ko‘chada esa hech kim alishtirmaydi. “Xalq farovonligi”ga bordik — yo‘q. Xususiy savdogarlarga bordik — yo‘q.
“Ha, — deydi, — sotib olish bo‘lsa — mendan emas, sotib olish bo‘lmasa — mendan ekan-da. Jo‘nab qol-chi bu yerdan...” Ketdik ham. Menda nima ayb? Shunday qilib, ketdik. “Vena”ning yonidan chiqib qolibmiz. Kirdik. Tamaddi qildik, to‘ladik, ichdik. Qaytimini esa yirik pulda berishdi — o‘ndan besh. Almashtirish uchun ketdik, albatta. Tamaddi qildik, to‘ladik, ichdik. Qaytimini esa, yaramaslar, uchtalik qilib berishdi. Uncha yirik pul emas, lekin almashtirish kerak. Menda nima ayb, Masha?... Uchtalikni almashtirishga ketdik. Tamaddi qildik, to‘ladik, ichdik... Menda nima ayb?.. Keyin esa, o‘z-o‘zidan ma’lum, yana allaqanday nusxa yonimizga keldi. “Yirik pullarni mayda pullarga almashtirishimiz mumkin, — dedi.— Evaziga deyarli hech nima so‘ramaymiz”. Biz esa: “Kechga qolding. Yo‘lingdan qolma”, deb javob berdik. Menda nima ayb, Masha?.. Mutlaqo hushyorman...
Chilangar Ivan Petrovich yana yostiqqa boshini burkadi va shu zahotiyoq xurrak ota boshladi.

Rus tilidan Vohid Umirov tarjimasi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 21-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.