OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nodar Dumbadze. Taliko (hikoya)

— Hoy, eshityapsanmi, trusigingni hiyol pastga tushirgin! — deb iltimos qildim.
— Bu yana nimasi bo‘ldi? — deya hayratlandi Taliko.
— Trusik — ishton degani. Shaharchasiga, — deb tushuntirdi Siala mendan battar ajablanib.
— Nega endi pastga tushirarkanman, jinnivoy? — deya kuldi Taliko.
— Xolingni ko‘rmoqchiydim! — deb iltimos qildim.
— Yana qanaqa xol?
— Kindigingning tagida, o‘ngroqda-chi. — Taliko no‘xotdek, qop-qora, chiroyli xolini ochib ko‘rsatdi.
— Agar aqli bo‘lganda bu yerda emas, manavi joyimda bo‘lishi kerak edi! — Taliko shunday dedi-da, bosh barmog‘ini yonog‘iga niqtadi, keyin o‘g‘il bolalarga o‘xshab boshini hiyol egib, suvga sho‘ng‘idi.

* * *

Shu voqealarga ham qirq yil bo‘libdi.
O‘sha vaqtda men, Taliko, Siala hamda boshqa sinfdoshlarimiz yetti-sakkiz yoshda edik, darsdan keyin Churchkala arig‘imizda onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsak, shundayligimizcha suvsepar o‘ynab, cho‘milardik. Negadir o‘sha kuni Taliko bilan Siala yechinishni xohlashmagandi. Shuningdek, men ham. O‘shanda nega bunday bo‘lganini tushunib yetmagandim. Endi bilsam: bu ilk marotaba qandaydir tushuniksiz andisha hamda uyat hissi qalblarimizga tutashgan kun bo‘lib, Talikoga qilgan iltimosim ham bolalik bilan oxirgi vidolashuv oni ekan...
...O‘shanda bir yildan so‘ng onamning urug‘lari meni vaqtincha Suxumiga olib ketishdi. Keyinchalik ham qishloqqa kelib turdim, lekin qancha so‘rab-surishtirishimga qaramay, Taliko bilan uchrashish nasib etmadi. Aytishlaricha, Taliko judayam go‘zal bo‘lib ketganmish. Guriyada undan suluv qiz topilmasmish. Manaman degan yigitlar sovchi qo‘yishsa ham hech qaysisiga turmushga chiqishga unamabdi. Kuyovlikka lechxumilik Avdido Karseladzeni tanlab, uyiga yetaklab kelibdi. Karseladze haqida uzunquloq gaplar yurardi, emishki, u avvallari shubhali ishlar bilan shug‘ullanganmish. Hech narsadan tap tortmasmish. Boshqalar esa, aksincha, uning mardligiyu olijanobligini maqtashardi.
Hozir — mashhuri jahon yozuvchi — tobut tepasida boshimni qayg‘u-la egib, meni boqib katta qilgan buvimga motamda edim. Qadrdon Chiagouridagi hovlimizga tumonat odam yig‘ilgandi.
— Qayg‘ungizga hamdardman, hurmatli Nodar! Dadil bo‘ling, bu ish hammamizning boshimizda bor... Meni eslaysizmi? Men — Guram Totibadzeman, — u anchagacha qo‘limni qo‘yib yubormay mahkam qisib turdi. Minnatdorchilik bildirib boshimni silkidim, shundan keyingina u mamnun uzoqlashdi.
— Bardam bo‘l, Nodar, hamma qarindosh-urug‘laring hamdardmiz! Meni taniyapsanmi? Voy, nodon-ey! Axir men Dgapayaman, buvingning singlisining nabirasiman! — Biz quchoqlashdik.
 — Voy-bu, o‘zingmisan? Qanchalik o‘zgarib ketibsan-a, yigitcha. Marhuma yashab ulgurmagan kunlarning hammasini senga ato qilsin!.. Tanidingmi? Ha, ha, Tuxiya Gabuniyaman, birga o‘qigandik-ku!
Negadir odamlar bu yerga buvim bilan vidolashishdan ham ko‘ra ko‘proq men bilan ko‘rishish maqsadida kelishmayaptimikin, deb hayron bo‘la boshladim. Marhumani amma-xolayu, tog‘avachcha hamda amakivachchalarimu yana boshqa son-sanoqsiz qarindosh-urug‘larim nazoratida qoldirib, toza havo olish uchun hovliga chiqdim.

* * *

Xushbo‘y mushmula daraxti tagidagi uzun xodada Rajden Sebiskveradze o‘tirardi. Uning atrofini ancha-muncha odam o‘rab olganidan, chol qandaydir qiziq narsalarni gapirib berayotganga o‘xshardi...

* * *

Kechqurun, qarindosh-urug‘laru qo‘ni-qo‘shnilar dasturxonga o‘tirishlaridan oldin oshxonaga kirdim.
Erkaklar baliqlarni kesib, tarelkalarga solishayotgandi. Ayollarning ba’zilari yog‘och tog‘oralarda bodring bilan pomidor to‘g‘rab gazakbosti tayyorlashardi, boshqalari esa kattakon qozonda biqillayotgan qahrabodek gomi1 , uchinchilari loviya pishirish bilan band edilar. Kamin oldida sopol trubkasini buruqsitib qishloq oqsoqoli Galako Sixarulidze o‘tirardi.
— Salomalaykum, batano2 Galako! — deb qariya bilan salomlashib, yoniga o‘tirdim.
— Salomat bo‘l, qarog‘im! Negadir seni tanimayapman? — Galako bobo meni tanimadi.
— Bu Nodar, Angelinaning nabirasi, — deb tanishtirdi sinfdoshim Giya Tutberidze, — yodingizda bo‘lsa kerak, bolaligi shu qishlog‘imizda o‘tgandi.
— E-ha, gazetasida nuqul biz guriyaliklarning obro‘sini to‘kayotgan anovi bolami? Nega bunday qilasan-a, o‘g‘lim? — Galako trubkasini toshdek qotib ketgan kaftiga qoqib tushirdi.
— Necha yoshga kirdingiz, batano Galako? — deya gapni chalg‘itdim.
— Bir yuz o‘n yettiga.
— Voy-bo‘! — dedim beixtiyor.
— Rost. Buving Angelina tug‘ilgan kunni juda yaxshi eslayman. Eh, bolalarning g‘ami adoyi tamom qildi bechorani, bo‘lmasa ayni o‘ynab-kuladigan vaqti edi — axir u endigina to‘qson birga kirgandi-da! — Galako afsuslangancha boshini sarak-sarak qildi.
— O‘ziyam-chi, esi naq o‘n olti yoshli o‘smirnikidek, — deb shivirladi Giya, — ko‘rish, eshitish, fikrlash qobiliyatiga taraf yo‘q. Bilasanmi, unda qandaydir teskari skleroz rivojlangan — ikkinchi yildan boshlab har bir kunni juda yaxshi eslaydi.
— To‘qqiz yuz ikkinchi yildan-a! — deb hayratlandim.
— To‘qqiz yuz ikkinchi yildan emas, ikki yoshga to‘lganimdan keyingi voqealarni, — deb mening gapimni tuzatdi Galako va yana trubkasini buruqsita boshladi. — Anovi tovoqdagi qizil narsa nima? — deb murojaat qildi u Giyaga.
— Qizil ikra! — qiqirlab kuldi Giya.
— Mazasini tatib ko‘ray-chi! — degancha Galako bobo kaftini cho‘zdi. Giyaning qo‘lini qaytargunimcha bo‘lmay, u loviyaga aralashtirish uchun tayyorlangan garmdoridan yog‘och qoshiqda to‘latib olib Galakoning kaftiga qo‘ydi. Qariya achchiq garmdorini og‘ziga soldi-da, ko‘zini yumgancha, lazzatlanib shima boshladi. Galako boboning o‘rniga mening nafasim qaytib, ichaklarim achchiqdan yonib ketgandek bo‘ldi.
— Esingni yeb qo‘ydingmi? —deb Giyani koyidim, lekin u parvosiga ham keltirmay, jilmaygancha meni tinchlantirdi.
— Bekorga tashvishlanyapsan!
— Mana shuni ikra deyapsizlarmi? — norozi bo‘lgandek peshonasini tirishtirdi Galako bobo garmdorini tinchitgach. — Bizning vaqtimizda esimda, ikra bo‘lardi! Uni Batumida yesang, naq Kigauragacha mazasi og‘zingda turardi, naq bir haftagacha-ya!
— Ana, senga nima devdim?! — deb jilmaydi Giya.

* * *

— Yaxshimisiz, batano Nodar! — degan ovoz eshitildi orqamdan.
Orqamga o‘girildim. Ro‘paramda qaddi-qomati kelishgan, sochiga bitta-yarimta oq oralagan ayol turardi. Uning chiroyli qo‘y ko‘zlarida mehr hamda mayin tabassum porlardi.
— Salomatmisiz, kalbatano3!.. — deb salomlashdim xijolatomuz. Xotiramga qanchalik zo‘r bermay, baribir bu ayolning kimligini eslay olmadim, lekin negadir uni juda yaxshi bilishimga imonim komil edi.
— Qanaqasiga kalbatano bo‘larkan, axir bu o‘zimizning Taliko-ku! — dedi Giya qo‘lini yelkamga qo‘ygancha.
Voy, tavba-ey! Rostdanam Taliko-ku! Ko‘z-qoshlar, baqbaqa, bejirim burun, do‘ng peshona, chiroyli og‘iz, sadafdek oppoq tishlar — bari uniki... Ichimda nimadir uzilib, a’zoyi badanimga huzurbaxsh iliqlik taralgandek bo‘ldi.
— Salom, Taliko! — hech kimdan uyalmay, undan ruxsat ham so‘rab o‘tirmay quchog‘imni ochib Talikoni ko‘ksimga bosdim, — eng yaqin jigarim, jondosh-qondosh qarindoshim. Qarshimda namoyon bo‘lgan malak — oyoqyalang, yarim-yalang‘och, och-nahor, lekin benihoya baxtli bolaligimning yorqin timsoli!
— Taliko, mening Talikoim! — deb takrorlardim tomog‘imga tiqilib qolgan ko‘z yoshlarni zo‘rg‘a qaytararkanman. — Qalaysan, nima qilyapsan, qaerdasan? — deb so‘radim undan ko‘zimni uzmay. U bo‘lsa bexos quchoqlab olganimgami yoki issiqdanmi yonog‘i loladek qip-qizargancha, boshini egib, qo‘lini qayoqqa qo‘yishni bilmay gangib turardi.
— Shunday, bir navi, rahmat, batano Nodar... O‘zingizning ahvollaringiz qalay? — deb so‘ray oldi nihoyat Taliko, keyin loviya pishirilayotgan qozon oldiga o‘tirib, uni kattakon yog‘och qoshiq bilan aralashtira boshladi. Men uning yonidagi pastak uch oyoqli stulchaga o‘tirdim.
— Seni qirq yil ko‘rmadim-a, Taliko, — dedim cho‘zilib ketgan jimlikni buzish maqsadida.
— To‘ppa-to‘g‘ri, qirq yil bo‘ldi, — deb javob qildi ayol boshini yerdan ko‘tarmay.
— Loviyang suyuqroq bo‘lib qopti, shekilli, — deya suhbatga boshqa gap topolmay oshpazlikdagi bilimdonligimni namoyish qildim o‘zimcha.
— Bu haqda tashvishlanmay qo‘ya qoling, batano Nodar, ozgina kartoshka unidan qo‘shsam, quyuqlashadi, ana unda pichoq bilan ham kesolmaysiz, — deb jilmaydi Taliko mening o‘rinsiz tanbehimga.
— Meni «batano» deb chaqirma, bo‘lmasa butunlay begona odam bilan gaplashayotganga o‘xshayman, — deb iltimos qildim.
— Bunga ko‘nikish kerak. Harakat qilib ko‘raman... — deb va’da berdi Taliko.
— Turmushga chiqibsan, deb eshitdim.
— Ancha bo‘lgan.
— Nechta bolang bor?
— Yettita.
— Qancha?!
— Yettita. Nega ajablanyapsan? Hatto nabiram ham bor. Bata, to‘rt yosh bo‘ldi! — dedi Taliko g‘urur bilan.
— Ishongim kelmayapti! Juda yosh ko‘rinasan!
— Ikkovimiz tengdoshmiz-ku, lekin men juda erta turmush qurganman.
— Shunday qilib, yetti bolam bor degin?
— Ha, Datiko, Givi, Tamaz, Giuli, Eteri va Vano.
— Oltita bo‘ldi-ku.
— Qaysi birini yoddan chiqaribman, esim qursin! A-ha, Jabo! Jajjigina Jaboyim! U yettinchisi!
— Aftidan, ering yaxshi odamga o‘xshaydi...
— Ajoyib. U lechxumilik.
— Guriyaliklar qanday qilib seni lechxumilikka berishdi?
— Juda oson, u boshqalardan ustunroq ekan-da! — deb maqtangan bo‘ldi Taliko.
Negadir u bilan hazillashgim kelib qoldi.
— Unday bo‘lsa, men bugunoq oilangni barbod qilaman! — deb po‘pisa qildim g‘ururi tahqirlangan guriyalik qiyofasiga kirib.
— Qanday qilib? — deb so‘radi u ajablangancha.
— Mana bunday: unga kindigingning ostida, o‘ngroqdagi chiroyli xoling haqida aytaman, shunda... holingga maymunlar yig‘laydi!
— Nodar, meni sharmanda qilma! Xolim senga qayoqdan ma’lum? — dedi hayratli ajablanish bilan Taliko.
— Churchkala yodingdan ko‘tarildimi?
— Qirq yildan beri o‘sha xolni eslab yuribsanmi?
— Esimda, Taliko! Axir yozuvchi bo‘lishning o‘zi bo‘ladimi? Hech narsani esdan chiqarmaslik kerak, tushundingmi?
Taliko uzoq sukut saqladi, keyin afsus bilanmi yoki alam bilanmi:
— Avdido bo‘lsa biron martayam o‘sha xolni ko‘rmagan... — dedi. Men quloqlarimga ishonmadim. Tomog‘im quruqshab qoldi.
— Nima deding?
— Tentakvoy, erim xolimni ko‘rmagan! — takrorladi Taliko jilmaygancha.
Yo, tavba! Bu nima o‘zi?! Yoxud inson tabiatining sof va go‘zalligi, ma’naviy barkamolligi zuhur etayotgandir... Shuncha yil ro‘zg‘or tutib, bir yostiqqa bosh qo‘ygan bu ikki odamning shaffof va g‘oyat sirli, e’zozli tuyg‘ularimi? Men uni tushunishga ojizlik qilmoqdaman!..

* * *
Keyin... Mendek shakkok yozuvchining xayol hofizasida mana bunday voqea jonlandi:
Taliko yog‘och karavotda qo‘lini boshiga qo‘yib, shiftga tikilgancha xayol surib yotardi. Yarim kechaga yaqin xonaga charchab-horigan basavlat, qaddi-qomati kelishgan, ko‘rkam Avdido kirib keldi. U sovib qolgan kamin oldiga o‘tirib, cho‘g‘dan sigaretasini tutatib olib, shoshmasdan chekdi, so‘ng qoldig‘ini kaminga tashladi-da, unsiz yechinib, ohista xotinining yoniga cho‘zildi.
Taliko qimir etmadi. Avdido xotini uyg‘oqligini sezdi-da:
— Uxlamayapsanmi? — deb so‘radi. Taliko indamay boshini tebratdi.
— Nariroq suril.
Taliko xiyol surildi. Sukut saqlashdi. Keyin Avdido xotiniga o‘girilib, uning qulog‘iga qaynoq lablarini yaqinlashtirib, shivirladi:
— Taliko, chiroyli xolingni ko‘rsat... Kindigingning pastida, o‘ngroqda ekan-ku.
Talikoning yuragi qinidan chiqib ketay deb, tili tanglayiga yopishib qoldi, peshonasini sovuq ter qopladi... U o‘zini bosib olib, eriga qaradi.
— Avdido, tentakkinam, xolim senga qayoqdan ma’lum bo‘la qoldi?
— Bata aytdi, nabiramiz. Kecha sho‘xlik qilib hamma yoqning to‘s-to‘polonini chiqarib yubordi. Bir ta’zirini bermoqchi bo‘lib, ishtonchasini pastga tushirdimu, lekin kindigi ostidagi xolni ko‘rib qolib, hovrimdan tushib, tirmizakning naq xolidan o‘pdim. U bo‘lsa: «Buvajon, bilasanmi, buvimda ham shunaqa xol bor. Chiroyli. Kecha Churchkalada cho‘milayotganimizda ko‘rib qoldim...» desa bo‘ladimi!
Taliko nafasini rostlab, hushi o‘ziga keldi. Keyin a’zoyi badani bo‘shashib ketdi. Keyin xaxolab kuldi. Nihoyat mehri tovlanib, shoshib qolgan erini mahkam quchoqlagancha yig‘lab yubordi.
— Oh, Avdido, jonginam Avdido, azizam...
— Senga nima bo‘ldi! Bas qil! Tinchlan... — deya xotinini ovutishga urinardi qo‘rqib ketgan Avdido.
— Agar bilsang edi... Agar bilsang edi, tentak, seni qanchalik sevishimni! Agar bilsang, jonim...
— Shuning uchun yig‘layapsanmi? — deb so‘radi ham ajablangan, ham baxtiyor Avdido.
— Shuning uchun... Shuning uchun... ham yig‘layapman-da... Chunki... — deb shivirlardi Taliko. Bu daqiqada hayajon og‘ushidagi ayolni tinchlantirishga qodir kuch yo‘q edi.

Rus tilidan Hikoyat Mahmudova tarjimasi.
_________________
1. Gomi — jo‘xori unidan tayyorlanadigan quyuq ovqat.
2. Batano — gruzinlarda erkaklarga ehtirom bilan murojaat qilinadigan so‘z.
3. Kalbatano — ayollarga nisbatan hurmat yuzasidan qo‘llaniladigan so‘z.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.