OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sodiq Hidoyat. Obji xonim (hikoya)

Obji xonim Mohruxning opasi edi. Ammo, bir ko‘rishda tanimagan-bilmagan odam bunga asti ishonmasdi. Ular umuman bir-biriga o‘xshamasdi. Obji xonim ozg‘in, uzun bo‘yli, bug‘doyrang, qorasoch qiz bo‘lsa-da, ko‘rimsizligi bois unchalik e’tiborni tortmasdi. Mohrux past bo‘yli, oq yuzli, qo‘ng‘irsoch, kulganida lablari yonida kulgichlar o‘ynar, istarasi issiq qiz edi. Ularning fe’li atvori ham farqli edi. Masalan Obji xonim odamovi, urushqoq, arazchi bo‘lib, ba’zida hatto onasi bilan ham g‘ijillashib qolar, haftalab gaplashmay yurardi. Mohruh esa, o‘ta xushmuomala, odamoxun, kirishimli edi. Qo‘shni xotin — Hasanning buvisi ham uni bejiz “shirin qiz” deb atamasdi-da!
Ota-onasi ham Mohruxni opasidan ortiqroq ko‘rishar, suyib erkalashar, Obji xonim esa, o‘zining ters fe’li, badxulqligi tufayli nuqul dakki eshitaverib diydasi qotib ketgandi. Onasi garchi Obji xonimni sirtdan yomon ko‘rgandek tuyulsa-da, aslida uning kelajak tolei onaizorni tez-tez tashvishga solar, yaqinlari, haq-hamsoyalari oldida dard-hasrat ham qilib qolardi:
— Shu qizimning ham baxti ochilib ketarmikin? Otasining mol-davlati bo‘lmaganiga yarasha, o‘ziyam ochiqchehra, aqlli-hushli, chiroyli bo‘lsa mayli edi. Erga tegmasdan qop ketmasmikin deb qo‘rqaman!
Bunday gap-guzaron ko‘pincha Obji xonimning yonida aytilgani uchun u bolaligidan turmush qurish haqida o‘ylamay qolgan, erga tegishdan umidini uzgandi. Balog‘at yoshiga yetgach, butun vaqtini namoz-niyoz bilan o‘tkazadigan bo‘ldi. 
Chindan ham qiz allaqachon bo‘yiga yetib qolgan esa-da, birov ularning eshigini qoqib kelmadi. Bir gal uni qo‘shnilari, duradgor kal Husaynga bermoqchi bo‘lishgandi. Ammo Husayn “boshim kalu, ko‘nglim nozik” deydiganlardan edi — Obji xonimga uylanishni istamadi. 
Obji xonim esa qaerga bormasin shu haqda gap ochilgudek bo‘lsa: 
 — O‘zi orqamdan yalinib, sovchi qo‘ygandi, tegmadim, kelib kelib o‘sha kalga tegamanmi? Xudo ko‘tarsin er zotini! Hozirgi erlarning turgan bitgani g‘alva! Aroqxo‘r, janjalkash... Ming marta ersiz o‘tganim afzal, — deb jar soladigan bo‘ldi. 
Ammo dilida boshqa gap: Husaynni bolaligidan yoqtirar, agar olaman desa, jon-jon deb tekkan bo‘lardi. Ammo u o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan er zotining diqqatini torta olmasligiga ich-ichidan amin bo‘lgani uchun dunyo lazzatlaridan o‘zini benasib bilar, faqatgiga oxirat ne’matlaridan bebahra qolmaslik uchun ibodatga ruju qo‘ygandi. Bu dunyo o‘tkinchi, uning hoyu havaslari ham behuda. Umrni o‘yin-kulgi, orzu havas bilan o‘tkazganlar yanglishadilar. Hali shunday vaqt keladiki, barcha chiroyli odamlar, jumladan, singlisi Mohrux ham unga chin dildan havas qilib qoladi. 
Muharram va safar oylari kelsa, Obji xonim o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolardi. Bu oylarda qo‘ni-qo‘shnilar, qavm-qarindoshlar turli diniy marosimlar, qissaxonlik kechalari o‘tkazishar, unda albatta Obji xonim faol ishtirok etar, go‘yandalik, yig‘i-sig‘i bobida ham unga teng keladigani topilmasdi. Ayrim qissalarni roviylardan ham yaxshiroq bilar, mabodo ular adashib qolishsa, o‘zi tuzatish kiritardi. Diniy masalalarda tanish-bilishlar har doim Obji xonimning yoniga kelib, undan maslahat so‘rashardi. 
Uyda ham subhi sodiqda hammadan avval uyg‘onar, tahorat olib, singlisini turtib uyg‘otar, u bechora ham azbaroi opasidan qo‘rqqanidan mudroq ko‘zlarini ishqalagancha tahoratxonaga yugurardi. Obji xonim hamisha iymon halovatini his etar, Yaratganning marhamatiga noil bo‘lishiga zarracha shubha qilmas, shu taqvodorligi va xudojo‘yligi bois, albatta, jannatga kirajagiga ishonardi. 
Keyin uy ishlarini bitirib, yana ibodatga sho‘ng‘ir, qo‘lidan eski, uzun qora tasbih tushmas, tinimsiz tili duo va salavotdan bo‘shamas, uning birdan-bir istagi Karbalo (Iroqdagi dasht nomi – tarj) ziyoratiga borish, Hazrati Imomi Husaynning shahid qoni to‘kilgan joylarni tavof qilish edi. 
Singlisi Mohrux biroz o‘yinqaroq edi. Bular haqida u qadar ko‘p o‘ylab ham o‘tirmas, qachon qarasa, xandon-xushxon allaqanday qo‘shiqlarni xirgoyi qilib yurar, o‘z navbatida uy yumushlarini sidqidildan ado etardi. Yoshi 15 ga yetganida, shaharga o‘ziga to‘q bir xonadonga xizmatchi bo‘lib yollandi. Opasi Obji xonim 23 ga qadam qo‘ygan bo‘lsa-da, uydan tashqari chiqmas, singlisi ketganiga bir yarim yil bo‘lgan esa-da, biror marta uning ortidan yo‘qlab bormagan edi. 
Mohruxning o‘zi har oyda bir marta ota-onasi, yaqinlarini ko‘rish uchun uyga kelar, bunday paytda Obji xonim negadir singlisi bilan ko‘rishishni istamas, ibodat bahona soatlab o‘z xonasiga biqinib olar, bordiyu bir davrada o‘tirib qolishsa, har xil kinoyali gaplar bilan singlisini nishonga olar, har xil gaplar bilan uni qo‘rqitishga tushardi:
— Har xil ochiq-sochiq ayollar tufayli xayr-baraka ham yo‘qolib boryapti. Yuzini ochib yurgan ayollarni u dunyoda do‘zaxda kuydirishadi, sochlaridan osib qo‘yishadi. Jahannamda gunohkorlar uchun tog‘dek-tog‘dek keladigan olovlar yonib turadi. Shunaqa ilonlar borki, har biri ajdahoga o‘xshaydi. Shuning uchun dunyoviy havaslardan kechish kerak!..
Mohrux opasining unga nisbatan g‘ayirligini sezsa-da, hech narsa demas, damini ichiga yutib yuraverardi. 
Kunlarning birida Mohrux kechki paytga uyga keldi, onasi bilan ancha gaplashib o‘tirdi-da, yana shaharga qaytib ketdi. Obji xonim eshik ortidan turib ularning suhbatiga quloq tutdi. Ammo ular shu qadar past ovozda gapirishardiki, hech narsani eshitishning iloji bo‘lmadi. 
Ertasi kuni ertalab, ularning uyiga bir ayol keldi. Ma’lum bo‘lishicha, Mohrux oqsochlik qiladigan xonadonning Abbos ismli yana bir xizmatchisi bor ekan. Qiz bilan yigit bir-biriga ko‘ngil qo‘yishibdi. Haligi ayol – Abbosning buvisi sovchi bo‘lib kelgan ekan. O‘zi bilan bir yo‘la 20 tuman sut puli, o‘ttiz tuman mahr puli, qand-qurs, latta-putta, sovg‘a-salom ham ko‘tarib kelibdi. 
Qizning onasi ham, ota ham uzoq o‘ylab o‘tirmasdan, sovchiga oq o‘rab jo‘natishdi. Tengi chiqibdimi, tekin berish kerak. Taqdiri qo‘shilgan bo‘lsa bas, qo‘sha qarishsin! Otaning ham onaning ham niyati shu! Xullas, keyingi haftada to‘y kuni belgilandi. 
Hamma xursand edi. Faqat Obji xonimning rangi bo‘zarib, dami ichiga tushib ketdi. Namozini bahona qilib yana o‘zining chorxari, besh eshikli xonasiga qamalib oldi. Kichkina oynasini olib, o‘z aksiga boqdi. Nazarida bugun har kungidan-da qartayib qolgandek ko‘rindi. Rost, chindan ham ancha o‘zini oldirib qo‘yibdi. Yuzlaridagi ajinlar ham ko‘payibdi. Hatto, zulflari orasida bir tola oq soch topdi. Ikki barmog‘i bilan chirt uzib, oppoq tolani xira chiroq yorug‘ida tomosha qildi. Yulingan tola o‘rni simillab achishayotganini ham sezmadi. 
Shu tariqa kunlar o‘tib borardi. Bu orada bu xonadon ahli to‘y uchun zarur narsalar, zeb-ziynatlar, uy anjomlari, yangi kiyim-kechaklaru upa-elik xarid qilish uchun necha bor bozorga qatnadi. Onasi uyida qo‘lga ilingulik nima bo‘lsa, hammasini Mohruxning sepiga soldi. Hatto, bir paytlar katta qiziga berishga ko‘zi qiymagan shohi joynamozni ham Mohruxning sepiga atadi. 
Obji xonimning ichiga chiroq yoqsa yorimas, tamomila uzlatga chekingan, chorxari xonasidan tashqari chiqmay o‘tirar, uyda nimalar ro‘y berayotgani bilan tamomila ishi yo‘qdek ko‘rinar, ammo, har bir ishni zimdan kuzatib borardi. Ikki kundan beri esa, bosh og‘rig‘i bahona o‘rin-ko‘rpa qilib yotib oldi. Onasi bu muddat ichida necha marta Obji xonimning yoniga kirib, ginayu guzar qilib chiqdi:
— Bu nima yotish? Uyda to‘y bo‘lyapti-yu, bu kishining yotishlarini? Bilaman, singlingga hasad qilyapsan! Lekin, unutma, baxilning bog‘i ko‘karmaydi. Hammasi peshonadan. Xudo kimni chiroyli kimni xunuk qilib yaratadi, birovga baxtni ravo ko‘radi, birovga yo‘q. Endi shunga motam tutib o‘tirish kerakmi? Uy to‘la ish. Loaqal suv tashib kelsang bo‘lardi g‘irvayib yotmasdan! Kasalmand holimda men nimaga ham ulgurardim? 
Obji xonim bir necha kundan beri ichida to‘planib kelayotgan zaqqumni onasiga to‘kib sochdi:
— Meni tinch qo‘ying, oyi! Ana, to‘y bo‘ladigan qizingiz, ishni ham o‘sha qilsin! Kuyovni ham o‘zi ko‘chadan topgan. Hammaning og‘zida duv-duv gap. Kuyovingiz Mohruxni buzib qo‘yganmish. Qizingizning qornida ikki oylik bolasi bor. Qorni do‘ppayibgina qolganini ko‘rmadingizmi? Mening bunaqa sharmanda singlim yo‘q!
Onasi Obji xonimning yuziga bir tarsaki tushirdi:
— Og‘zingni yum, behayo! Birov eshitsa nima deydi? Uyalmaysanmi, tug‘ishgan singlingga tuhmat qilishga? O‘zing aytarding-ku birovga tuhmat qilish og‘ir gunoh, qiyomatda javobi qattiq bo‘ladi deb? Hali iching shunchalik qorami? Yaxshiyam chiroyllikkina emassan, bo‘lmasa bilmadim, va’z-nasihat, ma’raka marosim bahona, o‘zing ham nima noma’qulchiliklar qilib yurgan bo‘laring. Tiling boshqayu, diling boshqa sen g‘alchaning!
Shu-shu ona-bola orasidan yana gap qochdi. Bechora Mohrux buning boisini bilolmay hayron. 
Nihoyat to‘y kuni ham yetib keldi. Hovli uzoq-yaqin qarindoshlarga, qo‘ni-qo‘shniyu tanish bilishlarga to‘lib ketdi. Hamma yasan-tusan qilib, bo‘yanib bezanib olgan. Qo‘shni ayol, Hasanning buvisi esa, eski childirmasini ham ko‘tarib chiqib, o‘rtada muqom qilayotibdi. 
Bizar keldik, yana keldik, kuyovning uyidan keldik,
Hama oyu, hama kundek shahu sulton bo‘lib keldik.
Muborak, to‘y muborak, ikki yoshga baxt yor o‘lg‘ay.
Bizar keldik, yana keldik kelinning uyidan keldik. 
Hama ko‘ru, hama shaldek, yaqovayron bo‘lib keldik.
Muborak, to‘y muborak, har ikovi baxtiyor o‘lg‘ay...
Bolalar ham oyoq ostida o‘ralashgani o‘ralashgan. Oshpaz-u kayvonilar pishir-kuydir bilan ovora. Qassob hovli o‘rtasida bo‘g‘izlangan qo‘yning terisini shilishga kirishgan. Kimdir o‘tin yorgan, kimdir samovar qaynatgan, kimdir o‘choqqa o‘t qalagan... Mohrux xonim dugonalari davrasida kuyovning yo‘liga intizor bo‘lib o‘tiribdi. Otasi bo‘lsa, bir chekkada to‘y xarajatlarini hisoblab xunobi chiqadi. Yosh-yalanglar yugurib-elib to‘y dasturxonini bezashga tushgan. Kelinning onasi shang‘illagancha, u yoqdan-bu yoqqa halpillab yuguradi. Faqat, bu shovqin-suron ichida Obji xonimning ovozi eshitilmaydi. Ertalabdan beri ko‘rinmaydi, qaerda ekanligini hech kim bilmaydi ham. Ba’zilar yana va’zxonlikka ketgandir, degan taxminda. 
Kech tushib nikoh o‘qilgach, hamma uy-uyiga tarqaldi. Hovlida qo‘shni Hasanning buvisi, yana bir-ikki xotin-xalaj qoldi. Obji xonimning besh eshikli hujrasi buguncha yangi kelin-kuyov uchun go‘shanga vazifasini o‘tamoqda edi. Obji xonim sassiz qadamlar bilan dahlizga kirib, deraza pardasi osha ichkariga razm soldi. Singlisi kelinlik libosida yal-yal yonar, bir husniga o‘n husn qo‘shilgan edi. Uning yonida esa yigirma yashar kuyovbola qip-qizarib o‘tirar, bir qo‘li bilan kelinning bo‘ynidan quchib olgandi. Shu choq Mohrux o‘girilib, deraza ortida turgan turgan opasini ko‘rdi. Xuddi atayin qilgandek, erining qulog‘iga nimadir deb pichirladi. Ikkovining jarangdor kulgisi Obji xonimning qulog‘iga qo‘rg‘oshindek quyildi. Mana, ular bir-biriga bo‘salar taqdim etayotir. 
Hovli tarafdan esa, Hasanning buvisi hadeb bitta qo‘shiqni kuylayapti:
“Muborak to‘y, muborak...”
Obji xonim ichidan nimadir uzilganini his qildi. Allanimalarni g‘o‘ldirab tashqari chiqdi. Xonasining devoriga ilingan gilamda naqsh etilgan rang-barang gullarni sanayotgandek ularga hissiz termilib qoldi. O‘tgan qaytgan o‘z ishi bilan bo‘lib unga e’tibor ham qilmadi. Bir payt Obji xonim onasining ta’nali ovozini eshitdi.
— Ovqat-povqat yedingmi? Buguni bilan ko‘rinmading? Qanaqa opasan? Odam singlisining to‘yida ham shunaqa yuradimi? O‘ralib olgan chodrangni yechsangchi? Aqalli borib singlingni peshonasidan o‘pib tabriklamading! Ertaga ertalab ketadi, keyin oyda yilda bir ko‘rishasizlarmi, yo‘qmi xudo biladi. Xayr-xo‘shlashib qol! Hamma so‘rayapti, kelinning opasi qani deb! Kel, senam biror og‘iz bir nima desang-chi? 
— Oyi, men ovqatlanib oldim, — Obji xonimning aytgan gapi shu bo‘ldi. 
Yarim tun, hamma shirin uyquda. Shu payt nimadir taraqlab ketdi, suvga nimaningdir shaloplab tushgani eshitildi. Uydagilar sarosima ichida uyg‘onishdi. Bola-baqra kechasi shamollagani chiqqani hovliga tushgan bo‘lsa, hovuzga tushib ketdimikin, degan o‘yda, apil-tapil chiroqni yoqishdi. Biror g‘ayrioddiy narsani ko‘rishmadi. Hamma yana uxlagani ketayotganida, Hasanning buvisi daricha yonida Obji xonimning bir poy kovushini ko‘rib qoldi. Yana chiroqni yoqib, hovuzga qarashdi. Suv yuzida qalqib turgan Obji xonimning jasadini ko‘rib hamma dahshatdan dong qotdi. Qizning qop-qora sochlari xuddi sanoqsiz ilonlar singari suv yuzida to‘lg‘anib yotar, yashil kuylagi egniga chippa yopishib qolgan, yuzlarida esa, shu choqqa qadar ko‘rilmagan nuroniy bir tabassum porlab turardi. 
U xunuklik va go‘zallik, to‘y va aza, yig‘i va kulgu, g‘am va quvonch to‘la bu olamni tark etgandi... Kim bilsin, balki o‘zi orzu qilgan jannatga ketgandir?...

Fors tilidan Rustam Jabborov tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.