OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yuriy Kazakov. Yozuvchining matonati haqida

Men turli-tuman dengizchilar va sayyohlar kelaverib, oyoq osti qilib yuborgan ivirsiq hamda ajoyib Arxangelsk mehmonxonasining yuqori qavatida, latta-putta, bo‘m-bo‘sh xaltalar; bu etigu sigaret qutilari, olmoslaru miltiqlar, patronlar va qo‘yingchi har balo palpis sochilib yotgan xonada adabiyot haqidagi asabiy, behuda munozaralardan so‘ng horib-charchab, oyna yonida g‘amgin o‘tirardim. Allamahal bo‘lib qolgan; sokin, oppoq-oydin tun vujudimga achchiq bir og‘u singari singib-singib borar, negadir beixtiyor meni yiroqlarga chorlar… Ko‘nglim g‘ash edi va boyagina mahalliy bir bilimdon bilan adabiyot haqida qilgan bahsimizni eslab yozuvchining jasorati haqida o‘y surardim.
Yozuvchi dovyurak bo‘lmog‘i kerak, deya fikr yuritardim men, chunki hayotining turgan-bitgani mashaqqat. U qo‘liga qalam tutib yolg‘iz qolgan kezlarida dunyodagi hamma narsa unga xalal bera boshlaydi. Shu choqqacha yozilgan million-million kitoblardan tortib, qo‘yingchi, bularning bari eski, siyqasi chiqqan gap, bular haqida allaqachon aytilgan, yana bosh qotirishning kimga keragi bor-a, degan xayol ham koni zarar; ba’zan tuyqis junbushga keluvchi bosh og‘rig‘i va umidsizlik, shu lahzalarda uning holidan xabar olgani kelgan yoki kelayotgan, qo‘ng‘iroq qilayotgan tanish-bilishlar; shu tobda qilinishi shart ishlardan ham muhimroq tuyulayotgan tirikchilik tashvishlari, ikir-chikir yumushlar ham dushman. Illo, tashqariga – musaffo, so‘lim tabiat qo‘yniga chorlayotgan allanimani his qilish, noma’lum bir baxt namosini bir martagina totib ko‘rishga da’vat etayotgan nurafshon oftob ham dardisar. Qo‘yingchi, yuragi o‘rtanib og‘rigan va ishlagisi kelmagan bulutli oqshomlari unga yomg‘ir ham halal beradi.
Atrofida hayot barq urib yashaydi, entikadi va nafas oladi, olam qayoqqadir talpinadi, yo‘rgaklangan onlaridanoq ana shu olamning asiri bo‘lgan yozuvchi esa el qatori yashashga haqli ekaniga qaramasdan bunday daqiqalarda bir o‘zi yolg‘iz qolishga mahkum, yolg‘iz qolishga majbur. Shuning uchun yonida na mahbubasi, na onasi, na bolalari – hech kimsa bo‘lmasligi, u hayotini, umrini baxsh etgan his-hayajon, qahramonlari, uni maftun etgan muqaddas So‘z bilan qolishi shart.
Yozuvchi top-toza qog‘oz bilan yolg‘iz qoldimi, bas, uning yozishiga o‘sha zahoti shunchalar ko‘p, shunchalar ko‘p narsa halaqit bera boshlaydiki, tasavvur qilolmaysan. U daxlsiz, faqat o‘ziga tegishli tasavvurlar olamida yashamog‘i lozim va allanechuk noma’lum, hech kim hech qachon ko‘rmagan, o‘zi uchungina tirik, jonli odamlar haqida go‘yo o‘z xeshu-aqrobalaridek o‘ylashga majbur; buyoqda – tashqarida esa har bir giyoh, har bir narsa o‘zining mavjudligini ko‘z-ko‘z qiladi, uni chalg‘itadi, o‘z bag‘riga chorlaydi. Yozuvchi derazadan allaqayoqlarga ko‘z tashlab o‘tiradi-yu, biroq bari bir hech nimani ko‘rmaydi, ko‘rolmaydi; uning ko‘ziga yolg‘iz shu kungacha yozgan sahifalari, o‘tgan va o‘tayotgan kunlar hamda ertangi hayot, omadsizlik va umidsizlik ko‘rinadi.
Bunday paytlarda u judayam qiynaladi, o‘zini behol nochor va ojiz sezadi. Holbuki, u o‘ziga hech kim yordam berolmasligini biladi. Chunki bu olamda u tanho qolishga mahkum.
Hamma balo shundaki, hech kim, hech qachon unga yordam berolmaydi, qalami yoki yozuv mashinkasini olib og‘irini yengil qilolmaydi, qanday yozish kerakligini o‘rgatolmaydi. Binobarin, yolg‘iz o‘zi buni eplashi zarur. Mabodo, o‘zi eplolmadimi, tamom, u hech qachon yozuvchi bo‘lolmaydi. Seni sog‘-kasalliging, yozishni eplaysanmi-yo‘qmi, bardoshing yetadimi – hech kimga qizig‘i yo‘q. Mana shuni bila turib, yozish, ishonsang, haqiqiy jasoratdir. Agarda yomon yozgan bo‘lsang, unutma, na unvon, na mukofot, na o‘tmishdagi shon-shuhrating joningga ora kiradi. To‘g‘ri, ba’zan bo‘sh asaringni e’lon qilinishi uchun amaling asqotib qoladi, do‘stlaring og‘zini ko‘pirtirib maqtashga oshiqadilar hamda sen qalam haqini ham olasan, ammo shuni unutmaki, sen endi bari bir yozuvchi hisoblanmaysan…
Hammasini ibtidodan boshlamoq uchun esa matonatli, mard bo‘lishi kerak. Uzoq vaqt yozolmay qiynalib, o‘z yog‘ingga o‘zing qovurilib yurganing yoki umuman yozishdan bezib ketganingda kutmoq va chidamoq uchun ham katta jasorat kerak. Agar irodang kuchli bo‘lsa, toqat-shijoating yetsa, bas, bir kun kelib yana iste’dod bilan yoza olasan.
Haqiqiy yozuvchi bir sutkada kam deganda 10 soat ishlaydi. Ko‘pincha u yozolmay qoladi, shunda kunlar, haftalar o‘tib ketadi, yozayotgan asarini davom ettirolmay hamda bularning barchasidan voz kechib ketolmay, qiynalib yurganida oltindan qimmat vaqti tez va samarasiz o‘tib borayotganini telbalarcha, yig‘lagudek his qiladi.
Va nihoyat asar tugaydi. Ajabo… o‘sha lahzalardan so‘ng ko‘ngli shunchalar huvillab qoladiki, nazarida endi bir misra ham yozolmaydigandek tuyuladi. – Xo‘sh, nima bo‘pti, men axir o‘z vazifamni ado etdim, deb o‘ylashi mumkin u. Bunday asarni shu paytgacha hech kim yozmagan. Mendan avval Tolstoy va Chexovlar ijod qilsa qilgandir, ammo buni men yozdim. Bu o‘ziga xos asar. Mening yozganim ularnikidan yomondir. Ammo meniki ham bari bir anchayin ma’qul asar-ku. Har qalay, hali yaxshi-yomonligi ham ma’lum emas, qani, birorta yozuvchi menchalik yozib ko‘rsinchi!
Xayolini muttasil band etgan asarini tugatgach, yozuvchi xuddi shunday deb o‘ylashga tamom haqlidir. U axir so‘nggi nuqtani qo‘ydi, bu o‘zidan o‘zi g‘olib chiqdi, degani emasmi?! Oh, shodlikning umri bunchalar qisqa!.. U horigan, ayni choqda zudlik bilan yangi asarini yozishga o‘tiradi; hozir esa ko‘ngli quvonch tusayapti. Xushbaxtlik qanchalar muxtasar…
Darvoqe, bahor o‘tib ketganini, aytaylik, o‘sha aprelning ilk kunlari – tunda, osmonning g‘arb tomonida yig‘ilgan qora bulutlar qa’ridan betinim, muntazam va kuchli ilmiliq shamol esib qorlar eriy boshlagan paytdan beri ancha vaqt o‘tganini birdan payqab qoladi. Oradan shuncha vaqt o‘tibdi. Muzlar ko‘chib, irmoqlar jildirab oqa boshlabdi; ilk maysalar ko‘z uqalab, qushlar uchib kelibdi, boshoqlar to‘lib, sarg‘ayib pishibdi hamki u sezmabdi; bularning birontasidan ogoh bo‘lmabdi. Holbuki, u kunu tun yozishdan bosh ko‘tarmay, xayolan o‘z qahramonlari olamida yashagan kezlar yer yuzida nimalar sodir bo‘lmadi, xalqlar, mamlakatlar hayotida qanday voqea va hodisalar yuz bermadi deysiz. Uning uchun bu kunlar endi sira qaytib kelmaydi. Umrning bu faslini hech kim hech qachon unga qaytarib berolmaydi.
Keyin u asarini jurnalga eltib beradi.
Ishi o‘ngidan kelib, masalan, uning asarini katta quvonch bilan qabul qilishdi, deylik. Yozuvchiga zudlik bilan sim qoqadilar yoki telegramma jo‘natadilar: uni tabriklaydilar. Bu asar boshqa jurnalda emas, o‘zlarida e’lon qilinayotganida faxrlanadilar ham. Yozuvchi redaktsiyaga tashrif buyurganida o‘zini erkin va xurram tutadi. Hamma odamlar uni ko‘rganliklaridan, u esa odamlarning bunchalar yoqimtoy ekanligidan quvonadi. “Azizam, albatta e’lon qilamiz, albatta – deyishadi, — uni 12-soniga kiritdik”. Bu dekabrda chiqadi degani. Dekabr – qish. Hozir esa ayni yoz…
Hamma yozuvchiga jilmayib, ochiq yuz bilan qaraydi. Uning qo‘lini qisib, yelkasiga do‘stona qoqib qo‘yadilar. Ularning hammasi go‘yo yozuvchi yana 50 yil umr ko‘radigandek muomala qiladilar. Go‘yo olti oy, unga olti kundek gap.
Yozuvchi uchun esa, g‘alati, mashaqqatli davr boshlanadi. U kunlarining tezroq o‘tishini istaydi. Yoz tezroq o‘ta qolsaydi. Keyin kuz keladi. Uni ham jin ursin. Unga dekabr kerak! Mana nima! Qishni kutaverib uning toqati-toq bo‘ladi.
Holbuki, u yana boshi bilan ishga sho‘ng‘iydi. Yozganlari yana o‘ziga goh yoqib, goh yoqmaydi. Yil o‘tadi, yana aprel – bahor sabil qoladi. Nihoyat, navbat tanqidchilarga yetadi va eski narsa uchun uning ta’zirini bera boshlaydilar.
Yozuvchilar o‘z asarlari xususidagi mulohazalarni o‘qishadi. Ba’zilar asarlari xususida aytilayotgan gaplarga go‘yo qiziqishmasmish. Bu noto‘g‘ri. Turli mish-mishlar, adolatsiz tanqidlarga ortiqcha kuyinmaslik, g‘azablanmaslik uchun, qattiqroq so‘kayotgan bo‘lsalar yozishdan sovib ketmaslik, maqtanayotganlarida erib ketmaslik uchun ayniqsa, mana shu damlarda jasorat suv bilan havodek zarur. Maqtov yozuvchi uchun bamisli zahar. Buning oqibatida u o‘ziga ortiqcha baho bera boshlaydi. Pirovardida yozuvchining o‘zi o‘rganish, izlanish o‘rniga boshqalarga nasihat qila boshlaydi. Axir, bu asarini har qancha yaxshi yozgan bo‘lmasin, undan a’loroq yozishi mumkin emasmi?! Buning uchun mard bo‘lishi va o‘qib o‘rganishdan qochmasligi kerak xolos.
Ammo, maqtov yoki mish-mishlar holva. Eng yomoni seni tilga olmaydilar. Mana bu dahshat. Yozuvchi yaxshi asarlar yozganiga qaramay, hech kim ahamiyat bermayotgan paytda, ayniqsa, matonatli bo‘lishi kerak.
Adabiy haqiqat, hamisha hayot haqiqatlaridan tug‘iladi, modomiki, shunday ekan sovet yozuvchilari ijodkorlik jasoratiga o‘zlari qalamga olayotgan odamlar – zamin qiyofasini peshona teri bilan o‘zgartirayotgan ishchilar, uchuvchilar, dengizchilar shijoatini ham singdira olishi lozim. Har bir yozuvchi imkoni boricha turli-tuman odamlar, bir-biriga mutlaqo o‘xshamagan taqdirlar haqida yozadi, modomiki shunday ekan, u o‘sha odamlarning hayot tarzini bilishi va his qilishi uchun ular bilan yashashi, jilla qursa ularning turmushini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib o‘rganishi kerak. Zarur bo‘lsa o‘shalar kabi geolog, o‘rmonchi, dehqon, ovchi, hatto traktorchi bo‘lib ishlashi kerak.
Sovet yozuvchisi hali dunyoda zulm barham topmaganini, qaerdadir oddiy insoniy huquqlaridan mahrum erksiz odamlar yashayotganligini, zo‘ravonlik va ochlik, jaholat, urush hamda fashizm hukm surayotganini unutmasligi kerak. U imkoni boricha bu illatlarga qarshi isyon ko‘tarmog‘i, odamlarni kurashga da’vat etmog‘i lozim. Bo‘hton, riyo hamda jinoyatlarga qarshi bong urmog‘i kerak. Bunday da’vat alohida tahsinga loyiq jasoratdir.
Nihoyat, zaruriyat tug‘ilsa, soldat bo‘lishi, soldatdek jangga kirmog‘i, omon qolsa yana haqiqatni yozishga o‘zida kuch, bardosh topmog‘i kerak.
Zero yozuvchining ijodiy jasorati har mahal turg‘un va sobit bo‘lmog‘i lozimdir. Chunki yozuvchining hayoti va faoliyati har kun, har daqiqa jasorat talab qiladi.
Buni u hech qachon unutmasligi lozim. Negaki, u bir, ikki kun emas, umrbod ijod qiladi. Har safar yangitdan boshlash zarurligini, endigi gal qiyinroq bo‘lajagini u yaxshi biladi.
Agar yozuvchi shijoatli bo‘lmas ekan – tamom. U har qancha iste’dodli bo‘lsa ham foydasi yo‘q, iqtidori uni saqlab qololmaydi. U hasadgo‘yga aylanadi, o‘z birodarlari – qalamkash do‘stlariga xiyonat qila boshlaydi. Mudom o‘z nomini allaqaysi bir maqola yoki ma’ruzada tilga olmaganliklari va mukofot berilmayotganligi haqida o‘ylab g‘azabdan ko‘karib yuradi. Pirovard natijada yozuvchilik baxti nimadan iborat ekanligini bir umr bilmay o‘tib ketadi… Vaholanki, ijodning quvonchlari bor.
Zero, bunday daqiqalar yozuvchining hayotida albatta sodir bo‘ladi. Har nechuk uning peshonasiga ham yaxshi kunlar yozilgan. Bu ayniqsa, kecha yoki avvalgi kunlar ko‘ngliga umidsizlik solgan asarini bugun yaxshi va maroq bilan yozayotgan yozuv mashinkasi to‘xtovsiz chiqillayotgan va bitgan sahifalar birin-sirin ko‘payib borayotgan mahalda ko‘proq bilinadi. Bu, ayniqsa, yozuvchi o‘zini halol, har narsaga qodir ekanini his etganda seziladi.
Asarning eng kuchli bobini yozayotgan chog‘ida u hammasi bir so‘zdan boshlangani yoki paydo bo‘lgani va bu so‘z – ilohiy ekanini birdan eslaganda bilinadi. Bunday ajoyib soniyalar buyuklarga ham nasib etmasligi mumkin. Ammo shijoatli yozuvchilarga ularning barcha qiyinchiliklari – mashaqqatli mehnati, umidsizlik va qoniqmasliklari evaziga mukofot tariqasida ilohiy lahzalar ato etilgan bo‘ladi. Yozuvchi yozib tugatgach, mana shu sahifalar asarning boshqa boblari va qismlaridan kuchliroq ekanligini, bundan tashqari aynan mana shu sahifalar adabiyot olamida qolajagini his qiladi.
U faqat haqiqatni yozishi kerakligini, uning uchun najot yolg‘iz mana shunda ekanligini tushunib qolganda o‘zini baxtiyor sezadi. Faqat sen kashf qilgan haqiqatni o‘sha zahoti so‘zsiz qabul qiladilar, deb o‘ylash yaramaydi. Sen o‘sha son-sanoqsiz notanish odamlar uchun yozaverishing, hech qachon ikkilanmasliging, yuragingdagi haqiqatlarni o‘sha odamlar uchun to‘kib solaverishing kerak. Axir, sen redaktor va tanqidchi uchun emas, yoki el qatori sening ham bir ehtiyojlaring bo‘lishiga qaramay, jin ursin, pul uchun yozmaysan. Darvoqe, pul topish uchun yozuvchilik qilish shart emas. Pul topishning bundan ham osonroq yo‘llari bor. Sen esa avvalambor so‘z va haqiqatning muqaddasligiga imon keltirib, so‘ngra qalam tebratasan. Demak, yozish jarayonida adabiyot insoniyatning o‘zligini anglash vositasi yoki o‘zini makon va zamonda ustuvor, qoyim ifodalashi haqida fikr yuritasan. Buni esa hech qachon unutmaslik kerak hamda zimmangga yaratishdek sharafli burch tushganidan faxrlanib yurish lozim.
Goho birdan soatga ko‘zing tushib qoladi-yu, vaqt allamahal bo‘lib qolganini, yer yuziga tun cho‘kkani, poyonsiz kengliklarga cho‘zilib ketgan kurrai-zaminda tirik jon orom olayotgani yoki bir-birini sevishdan bo‘lak hech narsa bilan qiziqmayotganliklari, xunrezlikka iqtido qilayotganlari va allaqaerlarda bombalar ortilgan samolyotlar izg‘ib yurgani, boz ustiga qaerdadir kimlardir raqsga tushayotganlari ko‘z oldingga keladi. Har xil radiostantsiyalarning diktorlari qandaydir yolg‘on-yashiklar, behuda yupanch, tashvish, shodu-xurramlik, umidsizlik va ishonch haqidagi va’zlari uchun elektr quvvatini isrof qilayotganliklari haqida o‘ylaysan va ushbu soatda sen shunchalar darmonsiz, tanho bedor o‘tirib, butun olam haqida qayg‘urasan, jamiki odam bolalari oqibat – oxir baxtiyor va ozod bo‘lishini, yer yuzida mehnat, ijod qilish suv bilan havodek bir zaruriyatga aylanajagini, tengsizlik, urush, irqchilik va qashshoqlik batamom barham topishini istaysan.
Zero, eng katta bu zim-ziyo tun qo‘ynida bedor o‘tirgan faqat o‘zing emasligini his qilishda. Senga o‘xshab hamqadam birodarlaring – boshqa yozuvchilar ham bedor o‘tiribdilar. Zotan, barchangizning maqsadingiz bitta – u ham bo‘lsa olam charog‘on, odam yanayam insoniy bo‘lishidir.
Dunyoni yangitdan qurish yoki o‘zgartirish huquqing yo‘q. Ammo bu hayotda seni o‘z haqiqating va o‘z kaloming bor. Va sen o‘z baxtsizliging, muvaffaqiyatsizliging hamda omadsizligingga qaramay odamlarga quvonch ulashish va hayot bundan ko‘ra go‘zalroq bo‘lishi kerak, deb muttasil ravishda bong urmog‘ing uchun yana ming chandon jasurroq bo‘lmog‘ing zarur!

Olim Otaxonov tarjimasi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.