OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hofiz Sheroziy (1325-1388)

Shamsuddin Muhammad Hofiz Sheroziy Eronning Sheroz shahrida tug‘ilgan. Lekin butun umri davomida ona shahridan chetga chiqmagan bu «isonafaslik rindi Sheroz» (Navoiy) o‘zining yoniq she’rlari bilan yarim dunyoni egalladi va o‘zidan keyingi Sharqu G’arb adabiyotiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Buyuk nemis shoiri Hyote Hofizni «noyob uslub dahosi», «muqaddas Hofiz» deb ulug‘lab, uning ta’sirida «G’arbu Sharq devoni»ni yaratgan bo‘lsa, V. Jukovskiy, A. Pushkin, Yu. Lermontov, A. Fet, S. Yesenin kabi rus shoirlari Hofizdan ilhomlanib, «hofizona» ohanglarda she’rlar yozganlar, uning ijodini yuksak baholaganlar. Sharqda esa Sheroz bulbulidan ta’sirlanmagan shoirning o‘zi yo‘q hisobi.
Mashhur hind shoiri va mutafakkiri Muhammad Iqbol Hofizni buyuk sehrgar, deb luft etgan edi. Chindan ham dunyo adabiyotida so‘zni Hofizday ming bir maqomda o‘ynatgan, so‘zga ming bir ma’no yuklagan, so‘zni ming bir sehru sinoat pardasiga o‘ragan yana bir shoirni topish mumkin emas. Hofiz she’rlari tabiiyligi, samimiyligi, hassos bir muhabbat va yuksak badiiyatga yo‘g‘rilganligi, mazmuni teran va serqatlamligi, falsafasining quyuqligi, nozik ishoralarga boyligi, uslubining murakkabligi uchun ham unga «lison ul-g‘ayb» — «g‘oyibning tili» sifatini berganlar. Hofiz Sharqda shunchalik shuhrat tutganki, uni muqaddaslashtirib, ilohiylashtirib, devonini fol kitobiga aylantirganlar. Shoir devoni madrasalarda maxsus darslik sifatida o‘qitilgan. Sharqda hofizxonlik katta shuhrat qozongan.
Hofiz hammayoqni vayronaga aylantirgan mo‘g‘ullar hukmronligi inqirozga uchrab, mayda xonliklar o‘rtasidagi o‘zaro toju taxt talashlari avj olgan, bundan xalqning tinkasi qurib, ahvoli xarob bo‘lgan bir davrda yashab ijod etdi. Uning davrida Sheroz 5 marta ana shunday janglar girdobiga tortilib, o‘zi vayron, xalqi qatli om qilindi. 50 yil (1338—1388) mobaynida 6 marta podshoh almashganligi ham shoir yashagan davrning notinchligini ko‘rsatadi. Bu narsa uning ijodiga ta’sir etmasligi mumkin emas edi. Ma’shuqa ta’rif-tavsifi, visol lazzati-yu, hijron hasratini tarannum etish vositasi bo‘lgan g‘azalga Hofiz ijtimoiy mavzular, falsafiy fikr-mulohazalarni omuxta qildi. U ishq atalgan ulkan va bepoyon mavzu ichiga Olam va Odam dardini, o‘z davrining o‘tkir ijtimoiy muammolarini dadil olib kirdi va mahorat bilan she’rga soldi. Hofizni Hofiz qilgan narsa aslida shu. Shoir insonning orzu-intilishlari, quvonchu qayg‘usi, dardu tashvishlari, muhabbati, fikru o‘ylarini avj pardalarda kuylash bilan adabiyotning asosiy ob’ekti inson ekanligini amalda isbotladi. Shuning uchun ham, mana, VII asrdirki, uning shuhrati zarracha kamaygan emas, bil’aks, kundan-kunga ortib bordi va bundan keyin ham shoir ijodiga bo‘lgan qiziqish so‘nmasligi shubhasiz.
Hofizdan bor-yo‘g‘i bir devon meros qolgan. Shuni ham uning o‘zi tuzmagan. Bu ishni Hofiz vafotidan 30—40 yil keyin shoirning do‘sti va shogirdi Muhammad Gulandom amalga oshirgan. Lekin shu birgina devoni bilan ham u yarim dunyoni egalladi.
Firdavsiy masnaviyni, Umar Xayyom ruboiyni qanchalik takomilga yetkazgan bo‘lsalar, Hofiz Sheroziy ham g‘azalni shunchalik yuksak poyata ko‘tardi. Mana, necha asrlardan buyon ruboiyda biror shoir Umar Xayyomga yetolmagani kabi, g‘azalda ham hech kim Hofizning oldiga tusholgan emas.
Hofiz ijodidan namunalarni o‘zbek tiliga Xurshid, Muinzoda, Chustiy, Vasfiy, Sh. Shomuhamedov, J. Jabborov, E. Vohidov, M. Kenjabek, O. Bo‘riev kabi fors-tojik adabiyotining bilimdonlari tarjima qilganlar.


Hofiz Sheroziy



Muallif: Hofiz Sheroziy
Hajmi: 486 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
 Saqlab olish

G’AZALLAR

Agar ko‘nglimni shod etsa o‘shal Sheroz jononi,
Qaro xoliga baxsh etgum Samarqandu Buxoroni.

Sun, ey soqiy, maying oxirgacha — jannatda topmaysan
Bu Ruknobod qirg‘og‘idagi so‘lim Musalloni.

Shu aldoqchi, qiziqchi, fitnachi sho‘xlar qo‘lidan dod,
Ko‘nguldan eltdilar sabrim qilib turklarcha yag‘moni.

Mening nuqsonli ishqimga uning husni emas muxtoj,
Go‘zal yuz hech talab qilmas bo‘sq ham zebu oroni.

Gapir cholg‘uchidan, maydan — jahon sirrini kam izla,
Yecholmas hech kishi hikmat-la bu og‘ir muammoni.

Men ul Yusufdagi cheksiz go‘zallikdan aniq bildim:
Chiqormish ishq nomus pardasidan ul Zulayxoni.

Yomon, deding, quvondim man, Xudo haqqi, so‘zing to‘g‘ri,
Go‘zalroq ayladi achchiq so‘zing la’li shakarxoni.

Nasihat tinglagil, jono, tuturlar jonu dildan do‘st
Aqlli, baxtli yoshlar hurmat aylab keksa dononi.

G’azal etding-u dur sochding, yoqimli kuyla, ey Hofiz,
Falak nazmingga gavhardek nisor etsin Surayyoni.

* * *

Ayo soqiy, sunib joming, qil ehson yashnasin dillar,
Ko‘rindi avval ishq oson-u, so‘ngra tushdi mushkillar.

Sabo yechmoqchi bo‘lgan sochining xush bo‘yiga ontkim,
Muanbar halqa-halqa sochidan qon bo‘ldi bu dillar.

Botir sajjodani mayga agar piri mug‘on aytsa,
Yo‘lovchiga erur ma’lum yo‘l ahvoli va manzillar.

Menga yor uyida ishrat qurish imkoni yo‘q har dam,
Qilurkan qo‘ng‘iroq faryodki, bog‘lang yukni g‘ofillar.

Qorong‘idir kecha, qo‘rqinchli mavj, dahshatlidir girdob,
Na bilgay holimizni chetda turgan yuki yengillar.

Yomon ot birla fosh o‘ldi ishim oxir o‘jarlikdan,
Nechuk yoshrin qolur sir so‘zlasa majlisda oqillar.

Agar vasl istasang, undan yiroqqa ketma, ey Hofiz,
Tilakni izla, qo‘y dunyoni, ber orzuga tabdillar.

* * *

Cholg‘uchi, aylagil navo yangi va yangi, xilma-xil,
Izla sharobi dilkusho yangi va yangi, xilma-xil.

Ko‘ngling ochuvchi yor ila, xilvat o‘tir nigor ila,
Bo‘sa-la kom etib ravo, yangi va yangi, xilma-xil.

Senga tilak bo‘lurmu rom, ko‘tarmasang qadah mudom,
Yedi-la mayni ich raso yangi va yangi, xilma-xil.

Nima qilsang, go‘zal pari, qilgusi men uchun bari
Rang ila o‘smavu hino yangi va yangi, xilma-xil.

Tong yeli, essang har qachon gar o‘sha dilbarim tomon,
Hofizning arzin et ado yangi va yangi, xilma-xil.

Xurshid tarjimalari


* * *

Marhamat qil, do‘st salomin keltur, e bodi sabo,
Aylayin zavqim bilan do‘st nomiga jonim fido.

Xuddi bulbuldek qafas ichra bu ko‘nglim to‘tisi,
Do‘stni shakkar la’lu bodomiga bo‘lmish mubtalo.

Xoli — dona, jingalak sochi — tuzoq, men — qush kabi,
Donadan aylab umid, tushdim — ilindim dom aro.

Kimki do‘st jomidan ichsa men kabi bir jur’a-may,
To jahon boricha boshini ko‘tarmas mutlaqo!

Sevgiga bir noma yozdim ushbu holimdan — yetar,
Bo‘lg‘usi bosh og‘rig‘i ortiqcha so‘zdan dilrabo.

Men visolin izlasam, u ayriliqning qasdida,
Xohishim tark ayladim — maqsadga yetsin mahliqo.

Gar muyassar bo‘lsa yor yurgan yo‘lin tuprog‘idan,
Ming sharaf menga — qilay ikki ko‘zimga to‘tiyo.

Hofizo, dardu g‘amida kuy — davosin izlama,
Yor vaslidan bo‘lak bu dardingga yo‘qdir davo.

* * *

Yoru do‘stlar suhbati-yu, zavqli bo‘ston yaxshidur!
Yaxshi gul fasli, may ichmoq vaqti obdon yaxshidur!

Tong nasimidan ko‘ngillar ochilur har lahzada,
Toza dil, toza nafaslar, chunki har on yaxshidur!

Gul ochilmasdan turib ketmoqqa qasd etdi yana,
Yig‘la, bulbul, ko‘ngli majruhlarga afg‘on yaxshidur!

Mujda bo‘lsin tunda kakku qushga ishqing yo‘lida,
Yor uchun har kimki bo‘lsa tunda nolon yaxshidur!

Garchi shodlikning jahonda ismi bor-u, jismi yo‘q,
Xush tabiat sho‘xlik rasmi-la jonon yaxshidur!

Bog‘da savsanning tilidan bu sadoni tingladim,
Der edi: dunyodan o‘tmoq tezu chaqqon yaxshidur!

Hofizo, tarki jahondan so‘zlamoq ko‘ngil ochar,
O’ylamaysan: shohlarga davru davron yaxshidur!

* * *

Qaysi uyning sham’idir u, qaysi joyda xonasi?
O’rtadi jonni so‘rang, kimning erur jononasi?

Bu zamon dinu dilimni xonavayron ayladi,
Bilmadim kimning erur u munisu hamxonasi?

Lablarining bodasi hargiz labimdan ketmasun,
Kimga so‘z bermish vafodan — may to‘la paymonasi?

Ul saodat sham’ining bazmi erur kimga nasib,
Siz, Xudo haqqi, so‘rang, kimdur uning parvonasi?

Har kishi afsun bilan tortmoqchi, ammo bilmadik,
Tortadur nozik dilin kimning shirin afsonasi?

Yo Rab, ul oy yuzli, yulduz chehrali oliy nishon,
Qaysi konning gavhari, kimning erur durdonasi?

Qildi ichmasdan labining bodasi dilni xarob,
Kimga ulfat, kim erur hamkosa, hampaymonasi?

«Ohkim, Hofiz dili devonadur sansiz», — dedim.
Sho‘x tabassum birla: «Bu kimning, — dedi, - devonasi?»

Chustiy tarjimalari


* * *

Bir xush tushimda ko‘rdim: qo‘lda ekan piyola,
Ta’biri yaxshilikka albattadir havola!

Qirq yilcha dard chekdim, derlar davosi shuldir:
Ikki yillik may ichgil, qilmasdan istihola.

Erdi chigil murodim — yechmoq yo‘lini topdim:
Oni berkitgan ermish yor zulfi tola-tola.

Sevgi xumori barbod etgan edi vujudim,
Baxtimni ko‘rki, keldi may liq to‘la piyola!

Mayxonaga borurman har kun chekib fig‘onlar,
Hal etgay unda chunki mushkulni ohu nola.

Har damda qon yutarman, ammo shikoyatim yo‘q,
Zeroki, qismatimda shunday ekan navola.

Soldim nazar banogoh tong chog‘ida chamanga,
Gul ishqi birla bulbul dildan chekardi nola.

Har kimki mext qo‘ydi, maqsad gulini termay,
Yelning yo‘lida bo‘ldi poyloqchi ul nihola.

Gulshan nasimi yoqdi qushlar diliga otash,
Ul dog‘danki, oni saqlardi dilda lola.

Dilkash g‘azal yozibmish yor maqtoviga Hofiz,
Har baytiga berar tan yuzlab go‘zal risola.

* * *

Ko‘rding yana, ey dilki, g‘ami yor na qildi?
O’z yori vafodoriga dildor na qildi?

Jodu ko‘ziga boq: ko‘rasan ne-ne o‘yinlar,
Mast zulmi aro o‘ylari hushyor na qildi?

Yor hajrida ko‘zimdagi yosh bo‘ldi shafaqrang,
Shumtole ekanmanki, bu xunbor na qildi?

Ey soqiy, qadah tut, bo‘lak ishni qo‘ya qolgil
Bilmas kishikim, sohibi asror na qildi?

Ko‘rgilki, falakka beribon zeb ila ziynat,
Aylanasimon san’ati pargor na qildi?

Tong chog‘i yashin chaqnadi Layli haramidan,
Qays qalbini kuydirdi bayakbor, na qildi?

Yondirdi muhabbat o‘ti Hofiz dilin, ey voh,
Boq yori qadrdoniga — ul yor na qildi?

* * *

Zulfingiz qilsa mabodo bir xato, ne bo‘lg‘usi?
Atr urib, bordi-yu, ko‘rsatsa jafo, ne bo‘lg‘usi?

Ishq o‘tidan jandapo‘shning xirmoni kuysa, ne bok
Shoxdan zulmu sitam ko‘rsa gado, ne bo‘lg‘usi?

Hechqici yo‘q, g‘amzangiz gar dilni qurbon aylasa,
Qilsa janjal jonu jonon o‘zaro, ne bo‘lg‘usi?

Ranjimoq yo‘qdur muhabbat maslagida — mayni quy,
Har kudurat bo‘lsa qam, topgay safoh ne bo‘lg‘usi?

Ishqbozlikda kerakdir sabru toqat, ey ko‘ngil,
Gar malol kelsa ne bo‘lg‘ay, yo xato, ne bo‘lg‘usi?

Bedavo g‘iybatchilardan turli g‘avg‘o qo‘zg‘alur,
Suhbat ahli qilsa hamki mojaro, ne bo‘lg‘usi?

Xonaqohdan ketdi Hofiz, zohido, ayb etmagil,
Topgusi erkin kishi har qayda jo, ne bo‘lg‘usi?

Vasfiy tarjimalari


* * *

Mujda keldi: endi hech qayg‘u bilan g‘am qolmagay!
Avval-oxir neki mavjud bo‘lsa, ul ham qolmagay!

Xokisor o‘ldim agarchi yorning nazdida men,
Qoshida ag‘yor ham shodu mukarram qolmagay!

Bu zabarjadli ravoqqa yozilibdir zar ila:
Yaxshilik qolgay jahonda, o‘zga olam qolmagay!

Pardadorkim, barchani bir-bir kesar shamshir ila,
Hech bir inson dahraro manguyu mahram qolmagay!

Neku bad naqshin ko‘rib, shukru shikoyat ne kerak?
Xatti borliqda raqamlar ham mujassam qolmagay!

Majlisi Jamshid aro shunday qo‘shiqdir - mazmuni:
Boda tutgil, jom uzatgil, bir kuni Jam qolmagay!

Ey tavongar, sen bu darveshning dilini shod qil,
Bu xazina ichra zar, s ganju dirham qolmagay!

Sen g‘animat anglagil parvonaning vaslini, sham’,
Bil, quyosh chiqqach, bu nozik dilrabo ham qolmagay!

Yordan sen tama’yu ummidni uzma, Hofizo
Ham jabrdan bir nishon, naqshi sitam ham qolmagay!

* * *

Zamon anduhiga hech sohilu poyon ko‘rmasman,
Bu dardga arg‘uvon maydan bo‘lak darmon ko‘rmasman.

Dedim: mayxona pirin xizmatin tark etmagum aslo,
Bu ahddan o‘zga o‘zimga biror imkon ko‘rmasman.

Xumorman — tomchi mayni menga lozim ko‘rmagay hech kim,
Demak, ahli jahonda do‘st ila yoron ko‘rmasman.

Oshiq ahli Xudo bilan yaqin derlar, o‘zingni tiy —
Ki, shahrim shayxlarida ishqdan unvon ko‘rmasman.

Belingda kokiling — unga dilimni bog‘lamishman men,
Bo‘libman zulmati zulfing aro pinhon, ko‘rmasman.

Sening qadding mening ko‘z yoshlarimdan bahralar olgay,
Bu xil obi ravonu ham so‘lim bo‘ston ko‘rmasman.

Bu hayron ikki ko‘zimdan, ming afsuskim, ming afsuskim,
Ikki oynadirki, husni nurafshon ko‘rmasman.

Bu daryo mavjida Hofiz dili bir kemadek suzgay,
Quruq so‘zu suxandan foydayu ehson ko‘rmasman.

* * *

Senga izhori dil qilmoq havasdir,
Sening qalbingni ham bilmoq havasdir.

Raqiblardan, qarang, oshkor dardim
Nihon tutmoqqa intilmoq havasdir.

Qadr oqshomi-ku oliy, muqaddas,
Sening-la tun bo‘yi bo‘lmoq havasdir.

Nafis durdonalarni tori dilga
Mehr-la injudek ilmoq havasdir.

Madad bergil, sabo, tun ichra menga,
Saharda gul-gul ochilmoq havasdir.

Bu lutfing-chun ko‘changni kiprigim-la
Supurmoqlikka egilmoq havasdir.

Yozib rindona she’rlar xuddi Hofiz,
Da’vo ahliga bas kelmoq havasdir.

Jumaniyoz Jabborov tarjimalari

* * *

Tong-sahar vaqti, qarang, sabru sabotim berdilar,
Qop-qora tundan olib, obi hayotim berdilar.

Nogahono porlatib jismimni ezgu shu’lasi,
Sarbalandlik jomida yangi sifotim berdilar.

Ne muborak tun edi ul va ne xurram kech edi,
Ul qadr kechda mening qutlun barotim berdilar!

So‘ngida vasfi jamolim ko‘zguda ko‘z-ko‘z etib,
Mujda keldi-yu, shul on jilvai zotim berdilar.

Men agar shodmon yetibman maqsudimga, ne ajab,
Bu mening haqqim edi — haqqu zakotim berdilar!

Ul sharaf ayyomi baxtim mujdasin berdi yana,
Mehnatu qadrim balanddir — naqliyotim berdilar.

Gar tilimdan ketma-ket shahdu shakarlar yog‘ilur,
Bu sabr in’omidirkim, ul nabotim berdilar.

Kimyodir bir ajab piri mug‘onga bandalik,
Maykada tuprog‘idan ohang — bayotim berdilar.

Doimo Hofiz saharxez subhidam olgay nafas,
Necha zahmatdan xalos aylab, najotim berdilar.

* * *

To magar dunyoda bor mayxonadan nomu nishon,
Boshimiz mayxona pirin yo‘lida xoku to‘zon.

Ham quloqda dayr pirin halqasi bordir azal,
Halqa birlamiz hamisha, halqa bo‘lgaydir hamon.

Qabrimiz ustidan o‘tsang, himmat aylagil talab,
Qilgusidurlar ziyoratgoh oni rindi jahon.

Pok poying kafti tekkan bu zamin yillar mudom
Sajdagohi qiblai hushyordil bo‘lgay, ishon.

Ket, yo‘qol, zohidi xudbin ko‘zimizdan to abad,
Parda ortinda jahonning sirlari bizdan nihon.

Ishqi tushgan go‘zalim turk qizi bul kun yana mast,
Ishqida xuni dilim bo‘ldi yonoqlardan ravon.

Ta’na etma mastni, ey zohidki, hech maglum emas,
Kim nechuk ketgay bu olamdan va bilmasmiz qachon?

Shavqing ichra kirsa go‘rga ko‘zlarim bil, ey nigor,
To qiyomat bo‘lajak senga nigoron har bir on.

Hofizo, baxting agar shunday olar bo‘lsa madad,
Sevgiling zulfi ham o‘zga qo‘lda bo‘lgay begumon.

* * *

Ketmoqda dil qo‘limdan — dil ahlidir sababkor,
Dilda nihon sirim ham bo‘lgusi endi oshkor.

Bizning kema siniqdir, dengiz shamoli, qo‘zg‘al,
Balki yana ko‘rarmiz oshno yuzini bir bor.

Besh kunlik umr vafosi afsonayu xayoldir,
Insonga yaxshilik qil, fursat g‘animat, ey yor!

Gul shoxi uzra bulbul mastona qildi nola,
Tong otdi, ey xumori, keltir sharobni takror!

Ey sohibi karomat, shukrona qil — sihatsen,
Tarannumingni darvesh ahliga ayla bisyor.

Bu olamu u olam osoyish ikki ishdan:
Do‘stlarga chin muruvvat, yovlarga zarda darkor!

Bizni kiritmadilar aslida yaxshi yo‘lga,
Xush kelmasa dilingga, qilgin qazoni bekor.

Achchiq bu suvni so‘fiy der: Manbai falokat!
Qizlar labidan a’lo menga sharob — madadkor.

Yo‘qlik chog‘ida, ey do‘st, tark etma ishratingni,
May — kimyo, gadoni aylar Qoruncha moldor!

Sarkashlik etma sham’dek, kuydirmasin dilingni
Taftida xora toshni mum aylaguvchi dildor.

Iskandar oynasi ham may jomi-ku — nazar sol,
Doro diyori hrlin u senga qilgay izhor.

Forsiy zabonli turklar umrga yil qo‘sharlar.
Soqiy, rindona may tut, raqs aylasin azmkor.

Mayga tegibdi janda — kiymaydi oni Hofiz,
Bizni kechirgil endi, ey shayxi pokkirdor.

Shoislom Shomuhamedov tarjimalari


* * *

Yorim qo‘liga qadahki olgay,
Bozori sanam kasodga qolgay.

Har kimki, ko‘zini ko‘rsa deydi:
Bu — mast, qani muhtasib, tutolgay?

Ashk bahri aro baliq bo‘libman,
Qarmog‘ini yor chu suvga solgay.

Zor ila ayog‘iga yiqildim,
Ummid etamen: qo‘limdan olgay.

Hofiz kabi xurram ul kishikim,
Jomi azali(y)ni no‘sh etolgay.

* * *

Kecha doston bo‘ldi oshiq davrada gisularing,
To yarim tun bahsga bois bo‘ldi anbar mo‘laring.

Kipriging novaklaridan qonga aylandi ko‘ngil,
Vah, yana qo‘msar, ajabkim, ul kamon abro‘laring.

Avfilillohkim, sabo keltirmasa sendan xabar,
Hech nasib bo‘lmasdi ko‘rmak bizga ko‘cha-ko‘laring.

Bexabar erdi jahon avvalda ishq oshubidin,
Qoldi g‘avg‘oga u ko‘rgach g‘amzai jodularing.

Men ham avvallar edim dardi junundin bexabar,
Qo‘ydi domin yo‘llarimga kokili hindularing.

Tugmalarni yechgil-u, dil mushkulin ayla kushod
Kim, yechilmog‘imga bois dilkusho kulgularing.

Kel vafo aylab, qadam qo‘y Hofizingning xokiga
Kim, bu olamdan olib ketmish meni orzularing.

Erkin Vohidov tarjimalari


* * *

Bir umr mayxona burchi xonaqohimdur mening!
Piri mayxo‘rlar hamisha qiblagohimdur mening!

Tong chog‘i may bo‘lmasa — hech bir xatarli joyi yo‘q,
Tongdagi qilgan fig‘onim uzrxohimdur mening.

Shukr eturman — yo‘q erur shohu gado birla ishim,
Do‘st dargohin gadosi podshohimdur mening!

Masjidu mayxonadan maqsad faqat diydor ko‘rish,
O’zga yo‘q fikrim — Xudovandim guvohimdur mening!

Ostonaig boshga sstiq bo‘ldi-yu bir taxt kabi,
Oftobing toju taxti takyagohimdur mening!

Yetmaguncha to ajal tig‘i boshimga, shubhasiz,
Yuz o‘girmak eshigindan ishtibohimdur mening.

Nosavob ishlarga yo‘q, Hofiz, sening mayling vale
Xushodoblikdan deginkim: bu gunohimdur mening!

* * *

Lablaringning sharbatidan chiqmadi komim hanuz,
La’l joming orzusida bo‘sh turar jomim hanuz.

Kecha g‘orat bo‘ldi dinim ikki zulfing domida,
Ushbu savdoda ne tus olgay saranjomim hanuz.

Yanglishib tunda Xo‘tan mushki, dedim, zulfingni men,
Tig‘dayin botgay soching, qon sochgay andomim hanuz.

Yuzlaringni shulasin xilvatda ko‘rdi oftob,
Tig‘iga bo‘ldi nishona eshigu tomim hanuz.

Bir kuni nomimni tilga oldi jonon yanglishib,
Barcha oshiqqa misoli jon erur nomim hanuz!

Lablaringning soqi(y)si berdi azaldan qatra may,
Ketmagay mastlar tilidan nomu payg‘omim hanuz!

To bo‘lay oromi joning, o‘t, deding, jon baxtjdan,
G’amlaringga jonni berdim — yo‘qdir oromim hanuz.

Yozdi Hofiz mex ila la’li labingning qissasin,
Chashmadur obi hayotga she’ru ilhomim hanuz.

Jonibek Quvnoq tarjimalari


* * *

Mudomim mast tutg‘aydir nasimi ja’di gisuying,
Xarob etgay meni har dam firibi chashmi joduying.

Necha sabru toqatdan so‘ng tuni, yo Rab, ko‘rolg‘aymen
Ko‘zim sham’ini yoqmog‘ini bir mehrobi abro‘ying.

Savodi lavhi ko‘rmoqni aning-chun men aziz tutgum:
Jonimg‘a nusxae bo‘lg‘aymi naqshi xoli hinduying.

Agarda jovidon dunyoni yashnatmoqni istarsan,
Sabog‘a ayt, ko‘targaykim zamone burqa’i ro‘ying.

Va gar rasmi fano istarsan olamdan burib yuzni,
Ki silkib yer uza to‘ksin minglab jonni har mo‘ying.

Manu bodi sabo miskin — iki sarsoni behosil
Men afsun mast ko‘zingdin-u, u masti bo‘yi gisuying!

Yashab himmat-la Hofizingni dunyoyu oxiratdan,
Ko‘rinmas hech ko‘ziga juz ul xoki sari ko‘ying.

* * *

Dardimizga yo‘q darmon, alg‘iyos!
Hajrimizga yo‘q poyon, alg‘iyos!

Dinu dilni oldi-yu, jon olg‘usi,
Alg‘iyos, ey jabri jonon, alg‘iyos!

O’ptirib bir — evaziga jon so‘rar,
Bag‘ritosh ul sho‘xi xubon, alg‘iyos!

Bevafolar qonimizni ichdi-ku,
Ey musulmonlar, ne darmon, alg‘iyos!

Misli Hofiz kecha-kunduz tinmayin
Yig‘ladigu yig‘ladik qon, alg‘iyos!

Olimjon Bo‘riev tarjimalari


* * *

Yor zulfining yo‘lida xato ketsa — ketibdir!
Bizga qaro xolidan jafo ketsa — ketibdir!

Ul yor xirmanida ishq barqi kuysa — kuymish,
Shoh jabri biz gadoga ravo ketsa — ketibdir!

Dil xotiri tariqat yo‘lida yo‘q — ketir may,
Ko‘rgan kudurating ham safo ketsa — ketibdir!

Sevgi sabot so‘raydir, ko‘ngilginam, sabr et,
Malol kelsa — kelibdir, xato ketsa — ketibdir!

Dildor g‘amzasidin dil xor o‘lsa — o‘libdir,
Jononu jon aro mojaro ketsa — ketibdir!

So‘z ahlidin malomat ayon kelibdir, ammo,
Davradoshlar aro tek nizo ketsa — ketibdir!

Hofiz aybini, voiz, ayt, nega xonaqohda
Bog‘labsan erk oyog‘in, qo‘y-o, ketsa — ketibdir!

* * *

Saloh bizdin ne istarsenki, mastlarga salo debmiz,
Ajib mast nargising davri salomingga duo debmiz.

Menga mayxonaning ochg‘il eshikin — xonaqoh berkdir,
Ishong‘il, gar ishonmassen, shudir so‘z, biz ado debmiz.

Sening ko‘zingdan, ey soqiy, xarob bo‘ldim, xarob bo‘ldim,
Vale do‘stdan balo kelsa, yana ming marhabo debmiz!

Muruvvat etmasang bizga, pushaymonlig‘ bo‘lur oxir,
Unutma hech bu ma’noniki, xizmatdin sango debmiz.

Dedim: qadding erur shamshodu yondirdi xijolatlar,
Nechun aytib bu nisbatni, bu bo‘htonni raso debmiz!

Jigar nofam kabi qondir — qarodir, chin jazodir bu —
Qaro zulfingga so‘z aytibmiz-u, chindan xato debmiz.

O’zing otashsan-u, Hofiz valekin yor yonmaydir,
Demak, guldin shikoyatni saboga noravo debmiz.

* * *

Dedim: Labing qachon-o bir komron aylayur?
Dedi: Naki deyursan — ko‘zga, shu on aylayur!

Dedim: Misr xirojin aylayur talab labing.
Dediki: Bu talabda bir oz ziyon aylayur.

Dedim: Kim ul — dahoning nuktasiga topdi yo‘l?
Dediki: Bu qissani ul nuktadon aylayur!

Dedim: Samad-la o‘ltir, sanamparast bo‘lma!
Dediki: Ishq unga ham, bunga ravon aylayur!

Dedim: Mayxona zavqi g‘amni olur dildin.
Dedi: Yaxshidur ulkim, dil shodmon aylayur!

Dedim: Sharobu xirqa mazhabga odat ermas.
Dedi: Qabul mazhabi piri mug‘on aylayur!

Dedim: La’li labingdin men keksaga ne suddir?
Dediki: Bo‘sa boldur, ul navqiron aylayur!

Dedim: Qachon xoja hajla tomon borgay?
Dedi: Qachonki oy-u Zuhro qiron aylayur!

Dedim: Duoyi joning etmak Hofizga shondir!
Dedi: Yetti osmon duoyi jon aylayur!

Mirzo Kenjabek tarjimalari


* * *

Bir dilbari jononimiz oldi-ku dilu jonimiz,
Oldi-ku dilu jonimiz bir dilbari jononimiz.

Bersa o‘pich jononimiz qayta tirilgay jonimiz,
Qayta tirilgay jonimiz, bersa o‘pich jononimiz.

Chin ravzai rizvonimiz yor eshigin tuprog‘idir,
Yor eshigin tuprog‘idir chin ravzai rizvonimiz.

Bizning dili hayronimiz oshuftayu shaydosidir,
Oshuftayu shaydosidir bizning dili hayronimiz.

Ul Yusufi Kan’onimiz husn iqlimining shohidir,
Husn iqlimining shohidir ul Yusufi Kan’onimiz.

Sarvi bog‘u bo‘stonimiz zebo, kelishgan qomati,
Zebo, kelishgan qomati sarvi bog‘u bo‘stonimiz.

Shu Hofizi xushxonimiz fazlu kamol timsolidir,
Fazlu kamol timsolidir shu Hofizi xushxonimiz.

* * *

Qaytadi Kan’onga ul Yusufi sarson, g‘am yema!
Bir kuni g‘am kulbasi bo‘lgay guliston, g‘am yema!

Bo‘lma badbin —g‘amzada ko‘ngling ishi o‘nglangusi,
Toabad savdoli bosh qolmas parishon, g‘am yema!

Boshga tortarsan yana gul pardasin bo‘ston aro
Kelsa umring ko‘klami, bulbuli xushxon, g‘am yema!

Bu falak biz istagandek bir nafas aylanmadi,
Lek mudom bir xilda qolmas charxi gardon, g‘am yema!

Noumid bo‘lma, ilohiy sirga aqling yetmasa,
Ko‘p o‘yinlar, bilsang, ul pardada pinhon, g‘am yema!

Gar fano seli hayotingning asosini yiqar,
Nuh panohing bo‘lsa, kelsin, mayli, to‘fon, g‘am yema!

Ka’ba shavqida bisbonlarni qat’ esang agar,
Shox-tikan tilsa oyoqni, aylasa qon, g‘am yema!

Bizga yor hajri, raqib ozori, bas, qismat emish,
Holimizdan boxabar aslida Yazdon, g‘am yema!

Kimki sargardon bo‘lib, olamda g‘amxo‘r topmadi,
Oqibat bir mehribon topgay ul inson, g‘am yema!

Garchi manzil ko‘p xatarlik, garchi maqsad noayon,
Yo‘q biror yo‘lki, unga bo‘lmasa poyon, g‘am yema!

Bu faqirlik go‘shasi, tun xilvatida, Hofizo,
To ishing zikru duo, tahsili Qur’on, g‘am yema!

Ergash Ochilov tarjimalari
 
* * *

Mening bir mushkulim bor o‘z dilimdan,
Vale bir so‘z deyolmam mushkulimdan.

Mening mahzun bu jonim aytsa bo‘lgay,
Na qonlar istadim men o‘z dilimdan.

Qolibman ortda karvoningdan, ey yor,
Ketar, yor, mahmiling – dil mahmilimdan.

Kezib Majnundayin cho‘lu biyobon,
Nishon bir topmadim o‘z manzilimdan.

Menga bir yo‘l buyurmishlar azaldan,
Yiroqman kemaday o‘z sohilimdan.

Bu yo‘lda necha damlarni yo‘qotdim,
Shu baxtim dastidan – o‘z g‘ofilimdan.

Bu manzillarda tuproq bo‘ldi Hofiz,
Bu tuproqlar – mening obu gilimdan.

* * *

Bu zamon savdosiga bir haddu poyon ko‘rmadim,
Arg‘uvoniy boda keltir, o‘zga darmon ko‘rmadim.

Mardlarga ishqu oshiqlik nishondir, o‘zni top,
Bu shaharning shayxlarida lek bu unvon ko‘rmadim.

Bir qadah baxsh etmadi hech kim, xumor o‘ldim agar,
Olam ichra dilni ahlidan bir inson ko‘rmadim.

Bu qadah oftobining ayshin baland tutgil mudom,
Chunki vaqt toleini men shodu xandon ko‘rmadim.

Sochi birlan belining sharhini mendan so‘rmakim,
Men o‘zimni ushbu anjumanda bir on ko‘rmadim.

Bul mening ikki ko‘zimga yuz ming afsuslarki, men
Bul iki ko‘zgu bilan chehrang namoyon ko‘rmadim.

Navnihol qomatlaring ko‘zyoshlarimdan yashnadi,
Sarvqadlarni vale sohilda mehmon ko‘rmadim.

Ushbu daryo ichra, Hofiz, sen safinang birla qol,
Bundan o‘zga so‘z bisotini durafshon ko‘rmadim.

* * *

Yillarki rindlar mazhabin jismim aro jon qilmisham,
Aqlimni fatvosi bila nafsimni zindon qilmisham.

Anqoni istab manzilin men bir o‘zim yo‘l yurmadim,
Yo‘llarda yo‘ldoshimni men murg‘i Sulaymon qilmisham.

Abgor dilimga soya sol bir lahza, ey ganji murod,
Ko‘rkam bu uyni men sening ko‘yingda vayron qilmisham.

O‘pmam debon soqiy labin ko‘p tavbalar qilgan edim,
Nodonni dono deb atab, endi pushaymon qilmisham.

Mastlik bilan rostlik azal ustodining izmindadir,
Neki buyurmish tangri: qil, men ham o‘shal on qilmisham.

Olam yaralgandan buyon firdavsni qilgayman tama’,
Men garchi mayni ko‘p ichib, ishrat farovon qilmisham.

Qartayganimda gul Yusuf suhbatlari bo‘lmish nasib,
G‘am kulbasi – qalbimni sabrim birla shodon qilmisham.

Men bir g‘azal devoniga yillarki qulman, ne ajab,
Nevchun o‘zimni sohibi devon deb e’lon qilmisham?..

* * *

Gum bo‘lib ketgan Yusuf Kan’onga kelgay, g‘am yema,
G‘am uyi bir kun munavvar onga kelgay, g‘am yema.

Shod bo‘lg‘ay bu ko‘ngil bir kun, ko‘ngilni buzmagil,
Yuksalib boshing yana osmonga kelgay, g‘am yema.

Gar bu gardun ikki-uch kun biz uchun evrulmadi,
Bir kuni bu dardu g‘am yaksonga kelgay, g‘am yema.

Kelgay ul umring bahori, gul yopingaysan yana,
Bulbulo, bog‘u chaman tug‘yonga kelgay, g‘am yema.

Parda ichra bir nihon nayranglar asrar g‘aybkim,
Sengamu yo mengamu – qay jonga kelgay, g‘am yema.

Qasri bunyodingni, ey dil, gar fano seli yiqar,
Nuh2 panohing bo‘lsa gar – to‘fonga kelgay, g‘am yema.

Ka’ba shavqi birla gar kechsang biyobonlarni zor,
Qanchalar xoru tikan isyonga kelgay, g‘am yema.

Qismat o‘lmish bizga yor jabriyu ag‘yor minnati,
Bu xabarlar baribir Yazdon3ga kelgay, g‘am yema.

Kimki sarson bo‘ldiyu olamda bir do‘st topmadi,
Ul yetishgay do‘stgayu javlonga kelgay, g‘am yema.

Garchi maqsad noayonu yo‘l – xatar, manzil yiroq,
Barcha yo‘llar oxiri poyonga kelgay, g‘am yema.

Hofizo, bu faqru xilvat kechalarning qo‘ynida
To tiling aytar, diling Qur’onga kelgay, g‘am yema.

* * *

Qayda vasling mujdasi, tan ichra jondin qo‘zg‘olay,
Jon qushiman, ya’nikim ikki jahondin qo‘zg‘olay.

Ul hidoyat yomg‘iringdan menga ham yetkiz, Xudo,
Gard bo‘lib ketgum, bu jismi notavondin qo‘zg‘olay.

Gar meni bandam desang, ishqing bilan javlon urib,
Har gulu, har bir xasu, kavnu makondin qo‘zg‘olay.

Qabrim uzra mutribu may birla o‘ltirgilki, men
Islaringdan mast bo‘lib har ustuxondin qo‘zg‘olay.

Keksaman gar, ol meni tun ichra tor qo‘yningg‘akim,
Yosh yigitday tong sahar sen mehribondin qo‘zg‘olay.

Ko‘yinga ko‘rsatma menga ul qabohat kuni, yor,
To falak jabru jafosiyu zamondin qo‘zg‘olay.

Sarv qadding birla qilg‘il menga shirin ishvalar,
Hofizingday o‘ynabon jonu jahondin qo‘zg‘olay.

* * *

Yorga oshiqman, menga kufr ila iymoningni qo‘y,
Men sharobni tashnasiman, vaslu hijroningni qo‘y.

Dilbarimning lablaridan bir tiriklik topmadim,
Shul sabab, jonim, menga jon birla jononingni qo‘y.

Ishq arokim o‘lmisham – davron amirin naylayin?
Benavo, bechoradurman, begu sultoningni qo‘y.

Menga dildor qoshlaridan bitta mehrob bo‘lsa bas,
Dilga shul davlat yetar, ko‘p bahsu dostoningni qo‘y.

Ikki olam ichra menga yor asqotgay faqat,
Jannatu do‘zaxni qo‘ygil, huru g‘ilmoningni qo‘y.

Mardlarning suratin qo‘y, siyratin sen saylagil,
Mardi oshiq bo‘lsang ul suratli ayvoningni qo‘y.

Mastu oshiqsan agar takror aytgil, Hofizo:
Yorga oshiqman, menga kufr ila iymoningni qo‘y.

* * *

Boda bergil soqiyo, gulning zamoni keldi-ku,
Gul ichinda tavba sindurmak avoni keldi-ku.

Ayla tug‘yon har tikonga qasdma-qasd, bo‘stondakim
Bizga ham gul ichra bulbul oshyoni keldi-ku.

Bu chaman sahnida ichgil bodanikim, dil aro
Toza oyatlarni aytib gul zaboni keldi-ku.

Gul chamanga yetdi, lek bo‘lma firoqdin bexabar,
Yor ista, ista may deb gul fig‘oni keldi-ku.

Hofizo, bulbul kabi gul vaslini istar esang,
Yo‘liga bo‘lgil fido – gul bog‘boni keldi-ku.

* * *

Bir dilbari jonim mening oldi dilu jonim mening,
Oldi dilu jonim mening bir dilbari jonim mening.

Lab bersa jononim mening jonlangusi jonim mening,
Jonlangusi jonim mening lab bersa jononim mening.

Firdavsi rizvonim mening do‘st ko‘yining tuprog‘idir,
Do‘st ko‘yining tuprog‘idir firdavsi rizvonim mening.

Ko‘nglim bu – hayronim mening shaydoyu sayroning sening,
Shaydoyu sayroning sening ko‘nglim bu – hayronim mening.

Yusufi Kan’onim mening husn elining podshosi sen,
Husn elining podshosi sen Yusufi Kan’onim mening.

Sarvi gulistonim mening xush qaddu bo‘yingdir sening,
Xush qaddu bo‘yingdir sening sarvi gulistonim mening.

Hofiz g‘azalxonim mening so‘z ichra sultonim mening,
So‘z ichra sultonim mening Hofiz g‘azalxonim mening.


RUBOIYLAR

* * *

Men shavqi bor bir kishining bandasiman,
Ishq tavqi bor bir kishining bandasiman.
Bu bodani ishq zavqi borlar ichadir,
Men zavqi bor bir kishining bandasiman.

* * *

Sel oldi, qara, umrni vayronasini,
To‘ldiradir u umrni paymonasini.
Ey xoja, uyong‘ilki, zamon hammoli
Yig‘moqda, supurmoqda umr xonasini.

* * *

Bizdek agar aftodayi bu dom bo‘lasan,
May birla xarobu bandai jom bo‘lasan.
Olamni yoqar rindlig‘u oshiqlig‘imiz,
Biz birla o‘turmagilki badnom bo‘lasan.

* * *

Bu gul kelgay – menga ummidlari kelgay,
Dilimga shodligi ham iydlari kelgay.
Anga hamdam bo‘loyin deb yaqinlashsam,
Bu guldan ham birovning hidlari kelgay.

* * *

Jonon yechinsa buncha jonon bo‘lgay,
Bir yon o‘ziyu jahon bir yon bo‘lgay.
Sof siynasi ostidin dili ko‘rinadir,
Sof suvda degilki tosh namoyon bo‘lgay.

* * *

A’zoyi badanlarim isinsayu shay bo‘lsa,
Bir havoyu bir kabobu chang bo‘lsayu nay bo‘lsa.
Bir arpasi ham kerak emas Hotami Tayning,
Bir xilvatu bir dilbaru men bo‘lsamu may bo‘lsa.


QIT’ALAR

* * *

Falak har neki bermish – qaytarib olmish, zarar bo‘lmish,
O‘tibdir yoshlik ayyomi – bu ne yanglig‘ safar bo‘lmish?
Umrdin qolgan onlarni xush o‘tkazgil, ayo Hofiz,
Ko‘zingda ushbu damda ikki dunyo muxtasar bo‘lmish.

* * *

Eyki, davrondin tilarsan, aytmaram: zar istagil,
Molu dunyosi nadir – gar istama, gar istagil?
Shod bo‘lg‘il, shod yurgil, aysh qilu xurram yasha,
Barchasin tark ayla oson, bitta sog‘ar istagil.

* * *

Aytdi ul gulfom sharob o‘z vasfida bundoq kalom:
To‘rtta har xil joyda men to‘rt turli gavharman mudom.
Tok uchun zumrad erurman, shisha ichra men – aqiq,
Xum aro yulduzmanu jom ichra oftobman, tamom.
 
Forsiydan Sirojiddin Sayyid tarjimalari
 
* * *

Dilbari jononim-ey, oldi dilu jonim-ey,
Oldi dilu jonim-ey, dilbari jononim-ey.

Ul labi xandonim-ey, kirdi bo‘lib tanga jon,
Kirdi bo‘lib tanga jon, ul labi xandonim-ey.

Yer kabi osmonim-ey, yorim uchun xoki poy,
Yorim uchun xoki poy, yer kabi osmonim-ey.

Bu dili hayronim-ey, volayu shaydo senga,
Volayu shaydo senga, bu dili hayronim-ey.

Yusufi Kan’onim-ey, — senda shu taxlit husn,
Senda shu taxlit husn, Yusufi Kan’onim-ey.

Sarvi gulistonim-ey, ko‘zda yonar qomating,
Ko‘zda yonar qomating, sarvi gulistonim-ey.

Hofizi xushxonim-ey, senga muhabbat najot,
Senga muhabbat najot, Hofizi xushxonim-ey.


* * *

Qon talashgan lablari la’l nozanin yorim mening,
Bir uni ko‘rmoqni istab, jon berish korim mening.

O‘ldirar tig‘dek qaro ko‘zu uzun kipriklari,
Kimki, undan kutsa dilkashlik, shu g‘addorim mening.

Sarbon, karvonni bu darvozaga yo‘llatmagil,
Ushbu manzil sohibi — xoqoni dildorim mening.

Bunda har yon tarqalar ming turfa gullarning isi,
Qasridan chiqqan kabi bozorga attorim mening.

Bog‘bon, men bir shamol, mushkul eshikdan haydashing,
Yor kezgan bog‘ o‘zi aslida gulzorim mening.

Lablaridan totganim qandu gulobning sharbati
Bo‘ldi darmon, ey tabib, ketmoqda ozorim mening.

Men g‘azal bitmasmidim, kuylatdi Hofizni o‘shal —
Yorki, shirinsuxan, ul toza guftorim mening.


* * *

Gul kerakmi, ul guli ruxsorsiz,
Bodasiz fasli bahor — gulzorsiz.

Lola yuzli bo‘lmasa, ko‘rkam chaman,
Toza bo‘ston qolmagay ozorsiz.

O‘xshamas — atrof kulib, sarv etsa raqs, —
Bog‘ aro ming bir navo, ming torsiz.

Xush erurkim, sayri bog‘, suhbat murod,
Bormi hech suhbat va lekin, yorsiz.

Tutsa bu dunyo ishi aqlingni lol,
Anglagil, bitmas bino me’morsiz.

Ul shakarlab, ul gulandom yor ila —
Bo‘lmagaydir iltijoyu zorsiz.

Ne ajab, Hofiz unga qilsa nisor —
Bersa o‘z jonini naqd, bozorsiz.


* * *

Mening ko‘nglimni olgach yor, yuzin mendan nihon etdi,
Xudoyim, kimga u bunday g‘arib bir imtihon etdi?

Tunim tanho kechib, zulmat qilarkan qasdi jon menga,
Xayoli ko‘rgazib lutf, o‘zni menga mehribon etdi.

Nechun qon bo‘lmasin — bir lola bag‘ri singari bag‘rim?
Bahorga o‘xshagan holatda umrimni xazon etdi.

Sabo, gar chora topmoqlik ilojing bo‘lsa, top chora,
Buning ayni shu vaqti, ishtiyoq — dardin ayon etdi.

Hayotim anglatay ne deb azizlar, aqrabolarga —
Ki, yorim so‘zladi qanday, keyin qanday suron etdi.

Bu Hofiz holiga yor endi shafqatni unutganmi? —
Nigohin o‘q qilib otdi, tarang qoshin kamon etdi.


* * *

Ey yaxshilardan yaxshiroq, bu men gadoga bir qara,
Rahming kelib, kuygan tamom — mendek adoga bir qara.

Bir yon mening darvesh dilim, bir yon tamannoli nigoh,
Dardimga ko‘zlar g‘amzasi bergan davoga bir qara.

Oy lof urar teng deb o‘zin senga malohat bobida,
U — jo‘n uzukka ko‘z kabi, bunday xatoga bir qara.

Ey bu chamanda-bog‘da sen, kiygan qabo bir sarvinoz,
Egningda ming turfa libos, ming xil matoga bir qara.

Bu yerda jam gul hamda sham, bulbul bilan parvona ham,
Ey do‘st, faqat men yolg‘izu g‘amgin navoga bir qara.

Bag‘rini tutgan kaftida ahli sadoqat tobakay —
Ko‘rmay vafo, ko‘rgay jafo, yangroq sadoga bir qara.

Tutma quloq badbo‘y g‘anim men haqda nedir so‘zlasa,
O‘z Hofizing holin so‘ra, ahdu vafoga bir qara.


* * *

Qarorim, aqlimu hushimni butkul —
Olib qo‘ydi sanamki, bag‘ritosh ul.

Sanamki, bag‘ritosh, lekin go‘zal oy,
Parilar — oldida xizmatga mas’ul.

Qabo kiygan nigorim hasratidan
Tushib o‘t, ruhi yong‘inman, tani kul.

Agar quchsam qabo ichra qabodek,
Topardim baxt, bu dilbar nazdida qul.

Chirib, bo‘lganda ham so‘ngaklarim xok —
Uning ishqini kuylar xuddi bulbul.

Dilu dinim, dilu dinim sovurdi —
U kim, bir kun, kelib mamnun, solib g‘ul.

Sening, Hofiz, butun darding davosi —
Labi gulgun, labi gulgun, labi gul.


* * *

Ey sanam, ishqing g‘amiga ne yo‘sin tadbir qilay? —
Tobakay tunlar chekib nola, tunimni pir qilay.

Holatim — devona dil taskin topolmay, istagay
Toki, men zulfing o‘pib, bo‘ynimdagi zanjir qilay.

Oh, sening hajring dami tortdimki, shunday ko‘p azob,
Men buni qanday yozay, qanday uni tahrir qilay?

Sochlaring dunyosida holim parishondir, zabun,
Birma-bir, yetmas majol, barin yig‘ib tazkir qilay.

Rindmanu qaysar mudom, may do‘stimu bir ulfatim,
Bormi hech yo‘l, qismatimni bundanam og‘ir qilay?

Har qachon qarshimda ko‘rmoq istasam, dilbar, seni,
Suratingni ko‘zlarimning oldida tasvir qilay.

Anglasam vasling nasib — nogoh yorishgay tunlarim,
Dilu din senga nisor, dardim o‘tin – tandir qilay.

Qochgil, ey voiz, mening umrimga sen qurma bino,
Men emasman, uchraganning pandini ta’mir qilay.

Senga yo‘l yo‘q — bo‘lgani, Hofiz, bu dardingdan xalos,
Kim, azal yozmish shudir, men boshqa ne taqdir qilay?


* * *

Qaro ko‘zlar kirib ko‘nglimga, yondim, o‘zga kun bo‘lmas,
Bu — qismat, u buyurgandan bo‘lak menda junun bo‘lmas.

Raqib yetkargan ozorlar — mening jonimda saqlangay,
Nahotki, tonggi ohlar ko‘kka yetganda, yakun bo‘lmas?

Mening ro‘zi azaldan kunlarim rindlik yozilmishdir,
Qazo boru kadar bor, yer ishi undan fuzun bo‘lmas.

Xudo haqqi, dafu nay bahsini qo‘y, muxtasib, bizga,
Shariat sozi bu afsonadin hargiz zabun bo‘lmas.

Qalam-qog‘oz tutib, so‘z durlarin sochmoq nasibangdir,
Bu holdan boshqa holat — hech qachon Hofiz uchun bo‘lmas.


* * *

Davralar vosil zamonni yod et,
Yod et, yaxshi-yomonni yod et.

Endi el bilgay vafodorlikni kam,
Ul vafodor do‘st-yoronni yod et.

Qildi achchiq g‘am mayi komimni talx,
Sho‘x, maxmur xonumonni yod et.

Qayg‘udan forig‘ bo‘lolmay qoldi jon,
Men g‘aribga mehribonni yod et.

Garchi ortiq eslamas do‘stlar meni,
Har biri jonimga jonni yod et.

Ne balo domiga bo‘ldim mubtalo? —
Tun emas, kunduz tomonni yod et.

So‘ngida Hofiz degayki, vo-darig‘,
«Ko‘ngli — bir mulki jahon»ni yod et.


* * *

Dedim: «Ko‘ngulda darding». Dedi: «Bu bir havasdir».
Dedimki: «Ko‘kda oy bo‘l!» Dedi: «Bu gap abasdir».

Dedim: «Umr vafosiz, sen menga bo‘l vafodor!»
Dedi: «Go‘zallar ichra vafo rasm emasdir».

Dedimki: «Ber xayoling, madad topay yo‘limda».
Dediki: «Shoshma yo‘lga, qadamda xoru xasdir».

Dedimki: «Sochlaringga bog‘landimu yiqildim».
Dedi: «Ular, tushunsang, umringdagi qafasdir».

Dedim: «Sabo esarkan, sendan yetishdi mujda».
Dedi: «Mening nasimim begona bir nafasdir».

Dedimki: «Lablaringdan orzu sharobi qatlim».
Dedi: «Qatl na hojat, bo‘yin egilsa, basdir».

Dedim: «Hayotda menga nasib etarmi ishrat?»
Dedi: «Azobni qo‘rqmay ko‘rgan umidli kasdir».

Dedim: «Shikoyatim bor, jonimda g‘ussa qat-qat».
Dedi: «Gapirma, Hofiz, oshiq sukutda mastdir».

Forsiydan Omon Muxtor tarjimalari

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.