OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Leapold Sedar Sengor (1906-2001)

http://www.ziyouz.com/images/stories/jahon_adab/sengor.jpgLeopold Sedar Sengor - shoir, siyosiy arbob, Parijdagi Sarbonna universitetining filologiya fakultetini tugatib, afrikaliklar orasida birinchi bo‘lib, fransuz litseylarida dars berish huquqini oladi. 1939–1940 yillarda fransuz armiyasida xizmat qiladi.  Qarshilik ko‘rsatish harakatida qatnashadi, ikki yil fashistlar konslageri asirligida bo‘ladi. 1945 yildan 1960 yilga  qadar Fransuz hukumatida qator ministrlik lavozimlarini egallaydi. Uzoq yillar davomida Senegal respublikasiga prezidentlik qiladi. Parij, Strastburg va boshqa universitetlarning faxriy fan doktorligiga saylanadi. Fransuz akademiyasining a’zosi.
Fransuz tilida ijod qilib, dunyoviy e’tibor qozongan L.S.Sengor  mayin lirik shoir bo‘lib, ehtirosli ishq-muhabbatga, Vatanga kuchli sadoqat ruhiga yo‘g‘rilgan ko‘plab she’riy to‘plamlar muallifidir.

FRANSIYA UCHUN HALOK BO‘LGAN SENEGAL O‘QCHILARIGA

Mana, quyosh.
Shu’lalari ostida uning
latofatga to‘lar qizlarning ko‘ksi,
yashil o‘rindiqlarda
jilmayishib o‘tirar chollar
va ona zaminda
tirilmoqqa shaydir qurbonlar.

Eshitaman otishmalar gulduragini...
Irun to‘plaridir, ehtimol, bu ham?
Qabrlarga gul eltadi odamlar,
yoqadilar mangu olovni —
isinsin deb Noma’lum soldat...

Mening qora tanli birodarlarim,
Sizni ham kimlardir xotirladimi?
Yarim million nafar o‘g‘lonni
yollanishga mahkum etdilar
urushning shon-sharafi uchun,
bo‘lajak qurbonlar sha’niga
yog‘dirdilar oldindan maqtov.

Bu qip-qizil sharmandalik-ku!
Tinglang meni, Senegal o‘qchilari,
qaro yer va o‘lim xilvatgohida,
sizning so‘qir va kar xilvatgohda,
tanimdan qora u xilvatgohda;
Bir payt qishloq yig‘inlarida
siz bilan baqamti o‘tirganidek,
yotganlari kabi siz bilan bir payt
handaqlarda shundoq yonma-yon —
hozir ham yonma-yon yotishgan
o‘rtoqlaringizning harorati ham
ilitmagan zulmat — shu xilvatgohda.—
Tinglang meni, qora tanli o‘qchilar,
garchi ko‘zingiz yo‘q, qulog‘ingiz yo‘q
va lekin bor erur uch qavat zulmat.

Girlandalar bo‘lmas bu yerda,
hattoki bevangiz ko‘zyoshlari ham.
Tullar faqat eslab yurishar
jahlingiz qo‘zigan paytlarni,
bevalarga doim xush yoqar
faqat tiriklarning erkalashlari.
Girlandalar ohi o‘ta musaffo.
Juda tez quridi, yonoqlarida,
xotinlaringizning oqqan yoshlari —
shunday tez quriydp jaziramada
Fut-Jallondan chopgan jilg‘alar.

Achchiq ko‘zyoshlar ham hatto shaffofdir,
yutilib ketdilar ular bevafo
dudoqlar chetida juda shoshilinch.
Biz olib boramiz sizlarga...
Tinglang, bizni,— o‘lganingizda
nomingizni bpr necha oylar
qayta-qayta hijjalaganmiz...

Biz olib boramiz sizlarga,
shu kunlarda bemisl hadik,
biz eltamiz sizlarga do‘stlik...
Biz — sizlarning tengdoshlaringiz...

O, men kuylay olsaydim agar
cho‘g‘ kabi qizigan ovozim bilan
oshqozondek qaynoq, paydek mustahkam,
chandir, singir, metin Do‘stlikni!

Tinglang bizni, qurbonlar, tinglang,
Shimol bilan Sharqning behudud
Vodiylari aro shu botqoqlikda.
Qabul eting, oqtan hamkasblaringiz
qonini shimigan, qasosdek yongan
bir hovuch qip-qizil tuproqni.

Respublika uchun jon bergan
Senegal o‘qchilari,
qabul eting, qora tanli
do‘stlaringiz salomin!

NYU-YORK

1

Nyu-York! Dastlab dovdiratdi
meni chiroying,
uzunoyoq, tillabadan qizlaring, Nyu-York!
Sovuqdan sovuq kulging
va zangori temir qorachiqlaring
oldida vahmaga tushdim men dastlab.
Vahma bosdi osmono‘par binolaring tagida,
dara-ko‘chalaring qa’rida esa,
quyosh tutilgan damdagi boyo‘g‘li kabi
ko‘zlarini pirpiratdi xira xavotir,
xuddi oltingugurt kabi rangingni bo‘g‘ib,
osmonning bo‘g‘zida birlashgan edi
shu’lalarning jonsiz-oqish uzun barmoqlari.
Beton mushaklari va tosh terilarin
ko‘ko‘par binolar o‘ynatib mamnun,
solar edi to‘fonlarga dahshatli tahdid.
Ikki hafta Manxettenning taqir asfaltlarida —
uchinchi haftaning boshida sizga
sakrab qoplon kabi tashlanar azob.
Ikki hafta suvsiz, giyohsiz,
allaqanday balanddan qushlar
kulrang tepalarga yiqilar o‘lik.
Na bola kulgisi, na bola qo‘lchasi bor
mening muzday kaftimda.
Na ona ko‘kragi bor, faqat bor mayin
oyoqlarning hukmronligi,
qavargan oyoqlar, ko‘kslar bor faqat.
Na bir og‘iz shirin so‘z bor, faqat ko‘krakda
duk-duk tepib turar mexanizmlar —
tanga jarangiga sotilgan soxta yuraklar.
Na biror hikmatli kitob bor bunda.
Marjonlarning sovuq billuri kabi
ochiladi rassomlarning bo‘yoq taxtasi.
Bedor tunlar... Qotgan soatlarning bo‘m-bo‘shlig‘ida
chiyabo‘ri ulishlari va botqoq mash’allarining
javrashiga to‘lgan Manxetten tunlari!
Yo‘lkalarning loyka suvi oqizib borar
ozoda sevgilarning odatdagi yukini,—
xuddi shunday olib ketar ul toshqin daryo
bolalar jasadini.

2

Kuning bitdi, o, Nyu-York,— yetdi so‘nggi hisob-
kitoblar vaqti.
Kuning bitdi! Ammo qutqazmog‘ing mumkin
hali o‘zingni,
faqat ochgin quloqlaringni trombon xudosiga,
yangi ohang bilan tepsin yuraging faqat —
qaynoq qon, o‘z qoning ohangi bilan!
Hidlar olovi bo‘lib faryod solayotgan,
tantanali bo‘yoqlarning kuvisi bo‘lib
guvlayotgan Garlemni ko‘rdim,—
Amerika dorixonalarida choyxo‘rlik payti edi,—
ko‘rdim: Garlem shaylanardi tun bayramiga
va chekindi shaffof kunduz.
Tun oldida chekindi Kunduz,
chunki Tun Kunduzdan haqqoniyroqdir.
Men ko‘rdim Garlemni toshyo‘llarning qobig‘in yorib,
ilk hayotni unmoqqa
majbur etib turganda tangri —
Garlem, Garlem, nelar ko‘rdim men!
Garlem, Garlem, men ko‘rdim:
habashlarning raqs tushguvchi oyoqlari birla haydalgan
asfalt uzra chayqalar edi
bug‘doyzorning moviy mavjlari.
Sonlar mavji, ipaklar mavji,
ko‘kraklar — nayzaning uchlari kabi,
ranglar raqsi,
afsonaviy niqoblar raqsi.
Politsiya otlarining tuyog‘i ostida —
muhabbatning dum-dumaloq anbahi.
Men ko‘rdim: yo‘lkada jildirab oqdi
oppoq rom irmog‘i,
sigaraning ko‘m-ko‘k tumanida
jilg‘a bo‘lib oqdi qop-qora sut!
Men ko‘rdim, paxta qori yog‘di ko‘kdan kechqurun,
sehrgarlar sochlarida ko‘rdim malaklar
qanotlari hamda patlarni.
Tingla, Nyu-York! Garlemning ovozin eshit,
surnayning shu aks-sadoli tomog‘ida
faryod chekayotgan sening o‘z ovozing,
ko‘z yosh bo‘lib dotgan xavotiring sening
to‘kilmovda laxta-laxta qon bo‘lib.
Tingla, Nyu-York! Olislarda tepayotgan tungi qalbing bu:
tepayotir qonli tamtam, tamtam va qon, tamtam va qon
ohangida u.

3

Tingla meni, Nyu-York! Garlemning qora qoni
tomiringga quyilsin,
U hayotni yuvsin yog‘ bo‘lib,
sening po‘lat bo‘g‘inlaringni
u zangdan aritsin,
qaytarsin u ko‘hna ko‘priklaringga
yosh sonlarning baquvvatligi,
chirmovuqlar abjirligini.
Ko‘ryapman, burungi zamonlar qaytar,
qaytar Birodarlik,
qaytar Arslon, Daraxt va Ho‘kiz murosasi.
Vaqt keladi — so‘z ish bilan, qalb aql bilan,
ma’no bilan qo‘shilib ketar.
Kerak emas o‘ylab topmoq yangi sirenlar.
Faqat ko‘zingni och — savr kemalarin ko‘rasan aniq,
Faqat qulog‘ing och — eshitasan saksofon
qahqahasi ostida,
olti kunda yeru osmonni
yaratgan xudoning sasini shu on.
Yetinchi kuni u — kerishdi, esnadi va horg‘in habash
kabi qotib uxlab qoldi u.

* * *

Tong qo‘li beozor siladi
mening tungi qaboqlarimni,
tabassuming chiqdi tuman ustiga,
so‘ng Kongo ustida suzdi ohista.
Kalb aks-sado berdi — tongda uyg‘ongan
qushchalarning nozik ado qo‘shiqlariga.
Qonim aks-sado berdi hech payt bilmagan
qo‘lim novdalarin sharbatidagi
oppoq qo‘shiqlarga qaynoq kuy bo‘lib.
Ko‘ryapsanmi, gul butalarn, sochimdagi yulduzchalaru
cho‘ponlarning peshonabandin?...
Men cho‘pon nayini olaman, chunki
qo‘riqlar u suruv osoyishtaligin.
Va kunbo‘yi, quyosh botguncha,
sening uzun kipriklaring soyasida men
buloq bo‘yida,
vafodoring bo‘lib boqaman
mayin yungli suruvlaringni.
Chunki bugun ertalab, tong qo‘li beozor siladi
mening tungi qaboqlarimni,
Chunki kunbo‘yi, quyosh botguncha, aks-sado berdi
qalbim qushchalarning nozik ado qo‘shiqlariga.

Sulaymon Rahmon tarjimalari

MARHUMLAR YoDI

Yakshanba.
Men marmar yuzli yaqinlarim besaranjom to‘dalaridan 
 cho‘chiyman.
Xasta hamda tashvishmand keksalarga to‘la 
 minor ichidan
Termilaman tumanga chulg‘angan tepaliklar
 va tomlarga,
Yalang‘och mo‘rilar – sukut ichra tek.
Marhumlar uxlarlar uylar va adirlar etagida,
Uxlarlar mening orzularim, yonib kul bo‘lgan,
Mening orzularim – behuda to‘kilgan 
 va ko‘chalarga oqib chiqqan qon yanglig‘ 
Qassoblar do‘konidan sizgan qonga qo‘shilib uxlarlar.
Va men oynavand minoradan Gambiya* yoki Salum** yoki
Sena qirg‘oqlarida qabilam sardorlari kabi
 qishloq chekkasida turgandek, ilg‘ayman tepaliklar ostiga 
 uzangan orzularimni.
Xalal bermang marhumlar haqidagi o‘ylarimga mening! 
Kecha nishonlandi Quyosh bayrami – jamiki mo‘‘tabar, 
 ezgu ruhlarni eslash ayyomi,
Biroq yodga olmadi hech kim hech bir qabristonda
 o‘limni inkor qilgan zotlarni.
Marhumlar! Siz o‘limga bas kelib, hamma yerda – 
Sina*** dan Senaga qadar va mening tomirlarimni
 to‘ldirgan o‘jar qonda ham
Himoya qilasiz mening orzularimni, himoya qilganingiz kabi 
 sahroyi zuryodlaringizni.
O, mening marhumlarim! Yakshanba tumaniga chulg‘angan
 Parij tomlarini ofatlardan to‘sing,
Mening marhumlarimni qo‘riqlovchi tomlarni.
Va men tushaman bu sokin ma’vo –
 yuksak minoradan ko‘cha sahniga,
Moviy ko‘z birodarlarim qoshiga
 va mahkam siqaman ularning qo‘lin.
____________
* G a m b i ya – G‘arbiy Afrikadagi daryo, uch davlat chegarasi. Gvineya, Senegal va Gambiyadan oqib o‘tadi.
** S a l u m – Senegaldagi daryo, uning qirg‘og‘ida XIX asr oxiriga qadar Salum kichik feodal davlati hukm surgan.
*** S i n a – Senegaldagi daryo, uning qirg‘og‘ida kichik mustaqil Sin davlati bo‘lib, 1925 yilda u Senegal ixtiyoriga o‘tgan.



SINA SOHILLARIDA TUN

O, ayol, iforli qo‘llaringni bos manglayimga mening, 
 qo‘llaring momiqdan ham mayindir.
Hov, yuksaklikda palmalar tebranar
 va dengiz shabadasi ila tun ichra
Taraladi totli ohang, mayin qo‘shiqlar.
Mayli, allalasin dilni sukunat kuylari. 
Tungi harir tuman og‘ushida Afrika yuragi urar 
 yog‘och uyli qishloqlar ko‘ksida.
Bosh qo‘yar to‘lin oy sokin dengiz mehrobiga.
Olis kulgu sadosi singar ufqqa, ertakchi chollar esa
 tebranarlar bir tarzda 
Bamisli onasin kiftidagi go‘dak singari,
Raqqoslar vujudi og‘irlashar, baxshilar tomog‘iga 
 zalvor quyular.
Yulduzlar izdihomi boshlanar, tun xotirjam yonboshlar
 par yostiq bulutlarga, bo‘ksasiga Somon yo‘lini 
 qilib yopinchiq.
Kulbalarning tomlari zarhallanar oy shu’lasida. 
O, nimalarni so‘ylamas ular 
 uyg‘oq yulduzlarga!
O‘choqlarda so‘nar cho‘g‘lar, ajib bir halovat shukuhiga to‘lar 
 kulbalar bu chog‘.
Ayol, shamni yoqib qo‘ygin sokin xonangga, mayli, 
 to‘shakka uzangan, lekin hali bedor go‘daklardek 
 shivirlashsin ruhlar tegrangda.
Ajdodlaring imdodini tingla. Ular-da totganlar 
 biz singari quvg‘inlik zahrini,
Biroq o‘lmoqni istamaganlar, qovjirab qolmasligi uchun
 zuryodlar qumda.
Men esa ezgu qalblar kalomini 
 tinglayman tutunga yo‘g‘rilgan kulba ichida.
Sening olovli ko‘ksing ustida boshim qizir.
Mayli, tushsin mening zimmamga –
Ajdodlar shukuhidan ko‘ksimni to‘ldirmoq, 
Ularning tirik ovozini jamlamoq 
 va bo‘g‘zimga joylamoq.
Mayli, o‘rganay men so‘nggi dam qadar –
 zavolatning yuksak chohiga sho‘ng‘ir onim qadar
Yashamoqni, matonat-la yashamoqni.


ZANJI AYOL

O, yalang‘och ayol, o, zanji ayol!
Sening ranging – hayot rangi, o, vujuding naqadar go‘zal!
Men sening soyangda ulg‘aydim, qaboqlarimni siladi 
 sening nozik barmoqlaring.
Janub harorati bor qalbimda – yuksak ma’volarda turib 
Seni kashf etaman, orzularim zamini,
Va sening go‘zalliging olov chaqin yanglig‘ yaralaydi 
 mening naq ko‘ksimni.
O, yalang‘och ayol, qo‘l yetmas vujud!
Hayot boliga to‘lgan sarxil, qora sharobga 
 lim-lim dudoqlaring
kuydirgay mening dudoqlarimni
Sahro bag‘ridagi savanna, Mashriq shamollari mavjlarida
 titragan sambit nihol;
G‘olib-jangchi barmoqlaridan yangragan 
 nog‘ora timsoli,
Jarangos surur;
Sening yuksak va teran ovozing – jo‘shqin ehtirosning 
 xurram qo‘shig‘i.

O, yalang‘och, ayol, qo‘l yetmas vujud!
Ajib tovlangan qomat, ajin nimaligini
 bilmagan chehra,
Bahodirlar, jangchilar va qadim Mali shahzodasin
 yuragin rom qilgan joziba;
Shabnam quchgan o‘tloqlarning erka ohusi, 
Vujudingning tim qorong‘i osmonlarida jimirlaydi
 yulduzlar nuqra;
Sen tuyg‘ular zamzamasi, aql ermagi;
Qora shohi vujudingda oltin jilvasi,
Sening zulflaring soyasida
 ko‘zlaring quyoshini kutaroq
Ajib titroqlar ila nurlanadi
 dilda sog‘inchim.
O, yalang‘och ayol, o, zanji ayol!
Kuylayman men – sening go‘zalligingni
 muhrlamoq uchun mangulikka,
Toki g‘ayur taqdir zamin kurtaklarini 
 oziqlantirmoq uchun uni 
 aylantirmas ekan xoki turobga.


JOAL

Joal.*
Hammasi esimda.

Esimda – moviy oynavand ayvondagi
 malikalar,
Ko‘zlari ularning nurlanardi, dengiz
 sohilini yoritgan oydek.

Esimda – Shafaqning alvon lavhasi.
Undan Kumba N’Dofen** qirollik libosiga rang olgan edi.
Esimda – maraka dasturxonlari va
 quyuq taomlarning xushta’m bo‘ylari.

Baxshilarning qo‘shiqlari, tortishuvlar
 shovqin-suroni – esimda.
Esimda – nasroniy duolari majusiylarning,
 jamoalar davrasi yo palmalar va 
 zafar koshonalari.
Esimda – bo‘y yetgan qizlarning nozli raqslari,
O, o‘ktam, mag‘rur yigitlarning
 davra o‘rtasida aylanishlari, ularning 
 jangovor qo‘shiqlari!
Ular vujudidagi shiddat esimda,
Esimda: “Kor-Siga!”*** degan ayol tovushi – 
 sof muhabbat ovozi.
Hammasi esimda, hammasi esimda...
Ohangga taqlidan tebranar boshim –
Yevropaning zerikarli kunlarida 
 kezaman sohil bo‘ylab,
Chalinar qulog‘imga yetim nola va 
U bo‘zlar, bo‘zlar, bo‘zlar.
_____________
* J o a l  – shoirning vatani, Senegaldagi kichik shahar va port.
** K u m b a N’D o f ye n – Sin davlatining hukmdorlaridan biri.
3 K o r-S i g a – (Siga – shoirning singillaridan birining ismi) Sigi tanlagan yigit, uning xushtori.



LAGER. 1940

Muhabbatning ajib gulshanin to‘fon mahv etdi,
Nastarinlar shoxi sindi, marvaridgul ifori so‘ndi,
Shamollarga va janub daryolariga 
 ko‘ksin ochgan Orollarga 
 yashirindilar kelin-kuyovlar.
Mashriqdan mag‘ribga – shabnamlar nurlangan uzumzorlar, 
 qo‘shiqlar taralgan kengliklar uzra 
 o‘tdi bir faryod,
Chaqmoq xanjari sanchilgan yanglig‘ yurakka.
Mana, tuproq, shox-shabbadan tiklangan qishloq – 
 zahmli ariqlar bilan
 chirmalgan.
Ochlik va nafrat yoz bag‘rini shishirib
 yuborar ortiqcha.
Bu ulkan qishloq sirtmoqqa solingan
 tikonli simdan.
Va bu qishloq to‘rtta hushyor pulemyotlar 
 nishonidadir.
Mard kelbat askarlar tilanarlar tamaki qoldiqlarini,
 itlar-la talasharlar sarqitlarni,
Tushlarida tortisharlar kuchuklar va mushuklar borasida.
Biroq, harqalay, dildan kulmoq va ko‘ngil erki
 saqlanib qolgan ulardagina.
Va bu qizil yuz go‘daklar 
Uyqulari bitlar va burgalardan behalovat
Keksa rangpar, so‘lg‘in bolalarni qo‘riqlarlar.
Ularni bedor tun ertaklari allalar 
 va g‘amgin tovushlar
 singib ketar 
 jim-jit so‘qmoqlarga.
Ularni allalar allalar, nog‘ora sadolarisiz allalar, 
Qora kaftlarning hamohang chapaklarisiz allalar.
“Ertangi kunda bu choshgohdan keyin
Jasorat oni va yuksak quyoshning oppoq sahro
 uzra suzishi”.
Yellar navo tarar gitaralar yanglig‘,
Yangrar tikonli sim arfa toridek.
Quloq tutar ushbu saslarga tomlar,
Yulduzlar engashib, jilmayarlar 
 bedor ko‘zlari ila,–
Yuksakda, falakda, arshi a’loda 
Nurlanar ularning tund chehralari!..
Loyli va shox-shabbadan tiklangan
 qishloqda havolar yumshar,
Tuproqlar jonlanar soqchilar yanglig‘ 
Va yo‘llar ularni chorlaydi erkka.
Ular tek qotarlar! Tashlab ketmaslar 
Zaqqum mehnatni, burchlarini o‘tarlar.
Kim bajarar, axir, bu bad yumushni,
Mard kelbat-la tug‘ilganlar
 o‘tamasa gar?
Kim tushadi raqsga yakshanba kunlar askar tovoqlarin 
 kuylari ostida?
Taqdirlarin erki ila erkinmas nahot ular?

Muhabbatning ajib gulshanin to‘fon mahv etdi,
Nastarinlar shoxi sindi, marvaridgul ifori so‘ndi,
Shamollarga va janubning daryolariga 
 ko‘ksin ochgan orollarga 
 yashirindilar kelin-kuyovlar.


* * *
(To‘rt torli gitara uchun)

Men oqshom payti o‘ltirardim zerikarli o‘rindiqda.
Kutish onlari qarshimda uzun yo‘l chetidagi 
 ustunlar singari cho‘zilgan edilar cheksizlikka
Va birdan tegdi yonog‘imga oltin rangli
 qizg‘ish nurlari chehrangning,
O, qachon uchratgandim qaynoq, mag‘rur bu rangni men? 
Qadimgi Sina hukmdorlari saltanatida, shaksiz.
Otamning otasi hovuzlarning qalayli sahifalarida
 yorning chehrasini o‘qigan chog‘da.

Birdan ufqlardan esdi harorat...
Yana yurakning ko‘chalariga yoz kelgan edi.
Daraxtlar tovlanmoqda zarrin, 
Daraxtlarda lovullar hovuch-hovuch nur;
Nima bu? Bahordan darakmi?
Ayollar – havoda muallaq qadam bosarlar 
 quyoshli sohilda,
Oyoqlarning uzun muskullari – xuddi qora teri ostidagi 
 arfa torlari,
Cho‘ri qizlar – malikalar yanglig‘ sarvqomat,
Kelisharlar ko‘za bilan buloq bo‘yiga.
Yusak shamdek tik xurmolar shoxlari uzra
Kuylar yellar o‘zlarining ko‘ngil shikvasin,
Ko‘chalar-chi, xuddi olis bolaligimning kunduziga 
 yastangandek osoyishta, oq.
O, Afrika bo‘stonining yakto g‘unchasi! 
Cho‘zgin mening kutish onlarim.
Qashshoqlik qiynasa kimniki, behad o‘tkir bo‘lar 
 uning yurak tuyg‘usi.
Mayin jilmayarlar. 
Bu jilmayish moviy moziyda raqsga tushayotgan 
 ajdodlarimning jilmayishidir.


* * *
(Uch nayda ijro uchun)

Uchib o‘tar qushlar moziy ufqlari sari.
Nurli va silliq, qora daraxt nayi, 
Chulg‘ar mening xotiramni oq tumanlarga.
O, nolavash nay! Mudrab yotgan
 xayolimning sarhadlariga
 oq, beg‘ubor tonglaringning haririn to‘sha.
Subhi sodiq jamolini, kuylagin, o, zar ufqni kuyla,
Mujda berar u muzaffar quyosh shahdidan,
Fil suyagin jaranglashi,
Xiralashgan xotiramning uyg‘onishidan,
Mujda berar ko‘krakdagi bir juft cho‘qqi va
 raqsga tashna tolma beldan,
 gulgun yonoqdan.
O‘ltiraman cho‘ng yaproqning soyalarida
Podalar va yovvoyi bol bo‘yidan sarmast.
Tabassumim quyoshi, o! 
Qiyoq tusli lablar uzra yaltirar shabnam.
Tilla qanot, nuqra qushlar yumshoq patlari to‘qinarlar
Uning to‘ti takallumiga.
Ko‘ktirg‘oqlar uning moviy nigohlariga shavq-la 
 sho‘ng‘ir, ko‘k chaqmoq yanglig‘.
Namchil sholi poyasidek quyuq kipriklar
Tebranarlar ohang yanglig‘
 sof havolarda.
O, farog‘at! Tuyaman men vaqtning
 yorqin tovlangan ko‘kda asta-sekin qanot kerib, 
 parvoz qilishin.
Mudray boshlar tek qotgancha horg‘in poda ham, 
Tinib qolar qumrilarning mungli saslari
Ayni choshgoh paytidagi quyuq soyada.
Biroq, men-chi, ehtirosim so‘qmoqlarida
 yana olg‘a yurmoq uchun qo‘zg‘alaman dast.


* * *
(Ikki nay jo‘rligida)

Men senga ajib qo‘shiq to‘qidim choshgoh payti
Qumrining kukulashi kabi mayin,
Va jo‘r bo‘ldi to‘rt torli gitara qo‘shig‘imga.
Men qo‘shiq to‘qidim senga, lekin
Eshitmading sen bu qo‘shiqni.
Men senga tuhfa qildim dala gullarin –
Sehrgar ko‘zlaridek ifori sirli,
Sangomir shafag‘idan ko‘ra rangin, anvoyi.
Dala gullarin tuhfa qildim senga,
Nahotki yo‘l qo‘ysang sen ular so‘lmog‘iga?
Axir, tomosha qilasan-ku sen
Soatlab rangdor kapalakni!


* * *

Men seni kuzatdim to tun chegarasi,
 qishloqqa qadar,
Bari bir oltin tabassuming tilsimin
 yecha olmadim.
Qisqa shom shafag‘i ilohiy nurlardek
 sening yuzlaringga tushardi.
Tepalik ustiga omonat qo‘ngan shu’lalarning 
Qomatingda alvon shohi kabi tovlanishin
 kuzatardim men,
Sochlaring shaloladek oqadi tun quchgan
 dalalar bag‘riga.
Va tuyqus tashlangan sirtlon kabi 
Eski vahmlar chulg‘adi ko‘nglimni mening.
Uloqtirmoqlikka qudrat topmadim
 bu qo‘rquvni ufqning ortiga
Demak, bu yog‘i tun? Demak, tunmi bu yog‘i? 
“Tonggacha xayr!” degan so‘z yo‘qmi?
Zulmatga cho‘milib, ona zamin ko‘ksiga yuzimni bosib
 yig‘layman,
 uxlayman ko‘z yoshlarim sukunatida.
Toki osmonlarda tovlanmas ekan
 sening lablaringning seryog‘du tongi.


NIQOBLAR

Niqoblar, o niqoblar!
Qora, qizil, chipor niqoblar –
Yuzning to‘rt nuqtasidan esar menga 
 ruhning epkini,
Niqoblar, alqayman men sizni jimgina,
Seni ham, arslon qiyofasidagi
 mening ajdodim.
Sizlar qurg‘aysiz bu muqaddas joyni
 ayollarning siniq kulgularidan,
 tez o‘chib qoluvchi tabassumlardan.
Mangulikning bu sof havolarida
 tuyaman Otalar tiniq nafasin.
Ajinlar naqshlangan tunj tus niqoblar,
 oq qog‘oz mehrobi uzra egilgan.
Bugun, qadim Afrikaning saltanatlari 
 zavolatga mangu yuz tutar ekan,
Joni jonga tutash sarkash Ovro‘pa,
 nurab borar ekan eski qal’adek,
Sizdan madad so‘rgum, tashlang bir nazar
Beshafqat farmonlar qahriga mahkum
Pajmurda go‘daklar – zuryodingizga,
Gadodek luqmaga jonin berguvchi 
 o‘z naslingizga.
“Biz shu yerdamiz!” deb ovoz beramiz 
 dunyo uyg‘onib chaqirsa bizni.
Mayli, biz xamirturush bo‘laylik 
 eng ezgu tug‘yonlarga.
Yo‘qsa, kim jonlantirgay dunyoning 
 bu o‘lik moshinlari, uskunalarin,
Kim sado taratgay yetimlarni,
O‘lganlarni Yangi tong uchun uyg‘otib,
Kim hayot safosin qaytargay, umidiga
 nayza sanchilganlarga?
Bizni paxta, yog‘-moy, qahva kishilari 
 deb ataydilar,
Ataydilar – jim o‘limga bo‘ysunganlar deb.
Lekin bizlar raqssevar insonlar emasmizmi,
Yerga oyoq urib, undan cheksiz
 kuch oladigan?!

Rus tilidan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.