OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Uilyam Vordsvort (1770-1850)

NARGIZ GULLAR

Tog‘-u tosh va vodiy oralab go‘yo,
Men bulut singari yolg‘iz kezardim.
Va nogoh uchratdim, rostmi yo ro‘yo:
Bir to‘da tillarang nargiz shodasin.
Daraxtlar ostida, ko‘l yonbag‘rida
Mayin epkin ohangida hilpirar, o‘ynar.

Ular porlar edi yulduz misoli,
Somon Yo‘lini-da gullab yoritar.
Bu gullar tizginsiz chiroyi ila,
Bezaydi sohilni, yog‘du timsoli.
Ko‘zlarim ulardin uzolmam netay?!
Nargizlar raqsiga shaydoman, netay!

To‘lqinlar sevinchdan jo‘sh urar tinmay,
Lek bo‘lmas alardek nafis, bejirim.
Shoirki shodonlik tuymog‘i tabiiy,
Shundayin go‘zallik qarshisida jim.
Bundan ortiq baxtni tuymoq mumkinmi,
Yolg‘iz o‘zim buni kuzatdim... ko‘rdim.

Goh qolsam tanholik qa’riga cho‘mib,
O‘ychanlik qalbimni tirnasa goho,
Ko‘zimni yumaman, olaman yumib,
Nargiz gul nigorin ko‘rmoqlik uchun.
Va yurak hapqirar hayajon ichra,
Nargiz gullar bilan raqsga shoshilib.

Ingliz tilidan Gulnoz Mamarasulova tarjimasi

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.