OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xvan Mun Kvon

SHUNCHAKI, AVVALGIDEK 

Shamol olislarga olib ketgan 
kuzak yomg‘iri
ko‘ksingga chak-chak tomib
poklay boshlar qalbingni.

O‘zing ham bilmaysan 
qaydan kelding, qayga ketarsan 
to‘xtama, yo‘lingda davom et
shunchaki, avvalgidek. 

G‘ir-g‘ir esayotgan shabadalikda
ko‘rinsa, ko‘rinmasa
ustingdan kulgani begonalarning
yuksakdan yog‘aver yomg‘irga o‘xshab
shunchaki, avvalgidek.

ERINCHOQ QUSH HAQIDA

Ilgari, ancha ilgari
Qor qoplagan tog‘larda yashar edi bir erinchoq qush.
Xan-go, xan-go deya sayrardi kun bo‘yi tinmay, 
Uzun tunlar sovug‘ida qolgan onlarda 
O‘ylar ediki: “ertaga tong otsin. O‘zimga
bejirimgina in quraman” deb.
Kun qizigach unutardi qarorini.
Yana avvalgiday jaranglardi 
 daralar aro “xan-go”si. 
Kunlar yeldek o‘tib ketishdi 
qattiq taqilladi taqdir soati 
dafatan tevarakni quchdi izg‘irin.
Qush esa afsuslanib deyardi nuqul:
Ertaga tong otsin. “In quraman” deb.
Bunga erishaolmadi biroq.
Tong otdi. Qush uyg‘onolmadi.


IMKON BERING


SHUNDAY YASHASHGA
Faqat 
Esayotgan shamol tilida tomchiday tomayotgan 
naqlni eslab yashashga imkon bering 
 
 Faqat 
Daraxt shoxchalarida jilmayganda ko‘klam 
anvoyi gullarning qo‘shig‘in tinglab 
ifori dimoqni yorguday oq gullarni quchib 
bahor ila raqs tushib yashashga imkon bering

 Faqat 
Yoz yomg‘iri qamchisiga chidab sabot-la 
xuddi o‘rmon og‘ushiga kirib borayotgan kabi
xilma-xil saslarni tinglab, beton yo‘l bo‘ylab
dengizga borishga imkon bering
 
 Faqat
Kuzning tubsiz osmoni ostida 
kashtan novdalari rasmini 
qalbga chizib yashashga imkon bering

 Faqat
Qishda, do‘stlar ila qorbobo yasab 
gurunglashib oltin tilli gulxan atrofida 
afsonalarni eslab yashashga imkon bering

Mayli hayot uzoq davom etgan tush
Achchiq ko‘z yoshlari bordir.
Lekin qo‘shchiday qora ter to‘kib 
yashashga imkon bering.

Berdi Rahmat tarjimalari

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.