OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gabriele Keller (1937)

Folklorshunos olima, mohir suratkash, etnograf, hikoyanavis va shoira Gabriele Keller xonim 1937 yil 10 aprelda Germaniyaning Frayburg shahrida tavallud topgan. Uning “Yetti tosh”(1987), “Bir bor ekan...”(1996), “Samarqand ertaklari”(2001), “O‘zbekistonda ayollar madaniyati”(2002), “Maktabda ertakni o‘rganish”(2002), “Ertaklar vatani — O‘zbekiston”(1999) singari asarlari bosilib chiqqan. Olmoniyalik bu ijodkor ayolning vatanimizga cheksiz muhabbati uning faoliyatida bo‘y ko‘rsatib turibdi. “Men ozod va hur O‘zbekistonni, uning mehnatkash, bag‘ri keng, mehmondo‘st xalqini uzoqlarda turib sog‘inaman. Bu xalqning ertaklar olamiga maftunman. Shu ertaklar bois ko‘nglimda she’r yozishga rag‘bat uyg‘ondi”, deydi Gabriele xonim.

 IBTIDO VA INTIHO

Quyoshu oy, yulduzli osmon,
Milliard yillab chayqalgan ummon.
Go‘dak qalbi – shabnamdek toza
Hayot nomli sirli darvoza.
Kulib kutib, yig‘lab kuzatib,
Goh gul tutib, goh toshlar otib,
Shunday yashar...
Ibtidodan intiho qadar...

 * * *

Qordek oq qush kelib – bir oqqush kelib
Meni olib uchdi boqiy dunyoga.
Atlas qanotlari shovullab ketdi,
Tog‘larning ustidan uchdik balandroq,
Qanotlarning ipak shivirlaridan
Banogoh o‘z ismim chiqdi yodimdan.

Pastlikda limillab oqardi daryo, 
Ajab daryo to‘la xushbo‘y qovunlar...
To‘lqinlar kaftiga qo‘yib boshini,
Go‘yo polizlarning oltin toshlari,
Oqib chiqar edi daryo tubindan.

Shunda mening qordan oq oppoq qushim,
Atlas qanotligim, ipak tovushim,
Pastlikka sho‘ng‘idi, sindirib tunni,
To‘lqinlar bag‘riga o‘zimni otib,
Undan tutib oldim bitta qovunni.

Bir ilohiy suvlar, go‘zal tomchilar
Yomg‘irdek quyildi ustimga shu on.
Patlari shalabbo bir oqqushsimon,
Hayratdan lol qotdim. Sokin o‘ltirib
Jannat bo‘ylarini jonimda tuyib,
Men miriqib yedim, sirli qovunni...
Yonimda his qilib sovuq o‘limni...

So‘ng ko‘zimni ochib oq tongni ko‘rdim,
U atlas qanotli oqqushim edi...
Bir nafas ko‘z yumsam, qo‘rqinchli tovush:
— baribir men bir kun qaytaman, dedi...

Ajabo, bu yorug‘, keng peshonamga
Nelarni bitibdi taqdiri azal.
Urinib-surinib yashaymiz mudom
Inson bolasi deb bo‘lsin mukammal.
Paymona to‘lganda oydek to‘lamiz,
Ne yozug‘ borligin shunda ko‘ramiz...

 * * *

Men – navqiron, dunyo navqiron,
Kuz faslining kelmayin gali.
Bog‘imga bir qushcha kelardi
Olmalar g‘arq pishgan mahali.
 
U qandayin qush edi, yo rab,
Chaqmoq edi zar qanotlari.
Bog‘lar baxtdan entikar edi,
Go‘zal ranglar – qush bayotlari.

Bizning jajji, fayzli go‘shada
Uzoq-uzoq qolib ketardi.
Mevalardan to‘yib yerdi u,
O‘zi bilan olib ketardi.

O‘g‘lonlarim qush orzusida
Ne tunlarda bo‘lsa-da soqchi.
Sochlarini silab, og‘ushlab
Uyqu edi go‘zal poyloqchi.

Ammo bir tun kenjatoy o‘g‘lim
Qushni otdi o‘z kamonidan.
Bog‘lar uvvos tortib yubordi,
Tomchiladi qon armonidan.

Qora qonga bo‘yalgan edi
Sirli qushning nozik patlari.
Unda chil-chil sinib yotardi
Chaqmoq yongan zo‘r qanotlari.

Yorug‘ olam javohiri ul!
O‘g‘lonlarim qiyqirdi shodon.
So‘ng qush izlab, yo‘lga chiqdilar,
Topisholmay, izlashar hamon...


OQQUSH MALIKA

Meni sevmoq uchun, qul qilmoq uchun,
O‘zimga bo‘lsin deb go‘zal asira.
Oqqush qanotlarim kesib tashlading,
Samo saodatin unutgin deya.

Ro‘zg‘orning tubi yo‘q chohiga otding,
Ravo ko‘rding menga odam qismatin.
Dunyo tashvishlari, nafs talvasasi,
Adoqsiz uqubat, hayot g‘alvasi,
Qanotlar shitirin tingladim beun.

Sen qayga yashirding pat libosimni,
Men uni izladim bir umr mahzun.
To‘rt fasl – yozu qish beiloj va xun
Nurdan bino bo‘lgan, tongdayin masum,

Oh, uni topsaydim, topsaydim qani,
Uchardim samoga qalbimni ochib,
Sening dilxun, ishqsiz bog‘ingdan qochib, 
Oqqushlar to‘dasin aylab Vatanim...


* * *

Sehrli libosing o‘tga otganim,
Maxluq terisini yopganim uchun,
Ketib qolding sen.

Endi seni izlab, daydib, tentirab,
Dunyo ko‘chalarin kezmog‘im darkor.
Goho to‘q, goh burda qotgan nonga zor.

Balki so‘nggi burda nonimni yegach,
Zilol buloqlar ham bir kalom degach,
Seni toparman.

Qo‘limda tutganim temir hassam ham,
Ignaday yarqirab yerga tushganda,
Temir kavushlarim yo‘l azobidan
To‘zib, qiyofamni ajin bosganda,
Seni toparman...
Biroq, men tanishingga qilaman gumon... 
Maxluq libosingni yongani armon.
Ammo seni sevgan va yo sen sevgan tovush
O‘sha... o‘sha hamon...
Sen uni taniysan begumon...


* * *

Oy va yulduz nurlaridan
Ko‘ylakchalar tikdim sizga.
Shudring ila yuvdim uni
Nurlar sepdim izingizga.

Bu ko‘ylaklar qaychi tig‘in,
Nina zahrin sezmaganlar.
Unda o‘sgan mehrim gulin
Johil qo‘llar ezmaganlar.

Bu ko‘ylaklar choklariga
Tomgan mehrimning totlari.
Bu ko‘ylaklar muhabbatning
Go‘zal oltin qanotlari.

 
* * *

Ohangrabo – tilsim tosh
Otashga jim qo‘ygan bosh,
Ruhim ila o‘ynaysan.

Ko‘krak – yurak qafasi, 
Yerning iliq nafasi...
Tuyasan yo tuymaysan.

Ko‘zdan tomgan jolani-
Yurakdagi nolani
Yoki ko‘zga ilmaysan..

Sen yulduzdek parpirab,
Quyosh kabi yarqirab,
Ko‘z olasan – sinmaysan.

Allohdan kelur nido:
“Yo‘qdan bor bo‘lgan dunyo”
Ruh shodlanar jilmaysam.

Ohangrabo – tilsim tosh,
Mening olov farishtam,
Sen qalbimni bilmaysan...

Sharifa Salimova tarjimalari

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.