OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kulash Ahmetova (1946)

Qirg‘izistonning Kirovka qishlog‘ida tug‘ilgan. 1968 — 1973 yillarda Qozog‘iston Davlat universitetida o‘qigan. “Jalыn” nashriyotida she’riyat bo‘limi mudiri bo‘lib ishladi.
She’rlari qator qardosh xalqlar tillariga tarjima qilingan. Anna Axmatova, Aleksandr Mejirov, Salomeya Neris, Nazrul Islom, Eduardas Mejelaytis she’rlarini qozoq tiliga tarjima qilgan. “Mehnatda fidokorlik ko‘rsatgani uchun” nishoni bilan mukofotlangan.
Uning “Oq gulim mening” (1975), “Sen mening baxtimsan" (1977), “Yaproq — yozning yuragi” (1979), “Muhabbat yili“ (1980), "Mehr” (1981), “Buloqdagi yulduzlar” (1982), “Yashil yaylov” (1984), “Laylaklar qaytib kelganda” (1985) kabi to‘plamlari chop etilgan.

ROST SO‘YLAR DAMLAR

Davr kelib, jahon bizga qarar endi,
Yaltoqilar undan uzr so‘rar endi.
Qalbingdagi aytar gaping qo‘rqmayin ayt,
Yangi zamon sha’n-g‘ururing ko‘rar endi!

Vaqt degani umr uchun sinovdir eng,
Tiriklarga bag‘ri uning doimo keng.
O‘kinaman, shu kunlarga yetmadi deb
Otash qalbli Muqag‘ali va Jumeken.

G‘am ko‘p edi, yo‘qchilik qam oshqindi xo‘b.
Qattol zamon ne bir zotni ayladi cho‘p.
Ha, yozildi oddiy so‘zlar, ulug‘ o‘ylar,
Lek, har qalay, aytilmadi chin so‘zlar ko‘p.

She’r-la ular elga ziyo, nur sochdilar,
Erk, hurlikka yangi, yorqin ufq ochdilar.
Ular qalbin qandoq kuylay olish mumkin,
Eslamasang Ilyos, Saken taqdirin gar!

Ilg‘or edi ular doim — har qanday dam,
Yurtning erki deya ular chekdilar g‘am.
Hurlik davri kelgan mahal bizlar dadil,
Rost so‘z so‘ylay olarmizmi ular-chun ham?

Yurt ilhaqdir — qayda tuyg‘u o‘tliyu chin,
Ozod fikr cho‘qqilarga keng to‘sh ursin.
Yuksaklarga chorlab dilni doim, har vaqt,
Rost so‘z bugun tomirlarda, ha, jo‘sh ursin!

* * *

Yashnagan gulday — jamoli go‘zal kentimsan,
Ko‘klam tag‘in ko‘ksingga ziynat keltirsin.
Binolar bo‘y cho‘zib, qanotin ufqqa kergan,
Diyorim erkasisan sen, erkinsan.

Olmaotam mening, shodligim, tuyg‘ular nahrim,
Suluv tonglaringni ko‘rib ochilar bahrim.
Yozda — gullarga, qishda qorlarga chulg‘anib,
Shohi bulutlardan ro‘mol bog‘lagan, shahrim!

Favvoradan kumush uchqun so‘lu sog‘larda,
Yigit-qiz terar naqshin olmalar bog‘larda.
Navoli oqshomlar yaprokdar sir aytar tinmay,
Buloq saslari tinmas bu ajib chog‘larda.

Ko‘nglimni raftoring-la sarafroz etdigim,
Do‘stu qadrdonlarga ochiqdir eshiging.
Harir yellar seni chulg‘arlar har yoqqan,
Tabiat — onang, Olatov — sening beshiging.

Boshiga chiqqayman agar chaqirsa Ko‘ktepang,
Ko‘ktepa yoqdan ko‘ringaysan sen ko‘p to‘man*.
Zangor havolarda qalqqan chehrangga boqib,
Cho‘mgum xayollar, ajib o‘ylarga men teran.

Gullagum birga, guldayin bo‘lsang agar san,
Ko‘kargum birga, ko‘klamda sen ham ko‘karsang.
Sen bilan birga selga ham qarshi turgum men,
Sen bilan birga ko‘rgayman senki ne ko‘rsang!
_______________
* Pastlikda ma’nosida.

* * *

Yuragimni men hamisha keng aylab,
So‘z so‘zladim odamlarga avaylab.
Kerak emas aslo yengil-elpi baxt,
Yurmagayman uni qalbga men joylab.

Bo‘lmasa-da garchi men suyanarim,
Ko‘pchilikka manzur ijod-she’rlarim.
Yaxshi degan odamning ham yonida
Nimagadir qum bo‘p turar jigarim.

Neki ishga men astoydil kirishdim,
Kimlardandir ranjib, kim-la surishdim.
Bir maqsadning etagini tutgan dam
Baxtli bo‘lib ko‘rinmoqqa tirishdim.

Baxt nimadir — bormi bu yo bekor gap?
Tulki bo‘la olmadim men bilanglab.
Tulkilar ham kulki bo‘lar bir kezda,
Payqaydigan odam bo‘lsa — jim anglab.

Chin oqinga ilinj, ta’ma azal yot,
Asl odam qalbing tuyar shu zahot.
Ro‘yxatlarga tirkalganda kim — mamnun,
Shundaylarning qatorida men nahot?

Balki orzu yo‘lida men to‘zarman,
Lekin hali ko‘p o‘lanlar yozarman.
Asrlardek poydor bo‘lgan bu elni
Odamlarga anglatmoqlik — zo‘r armon.

* * *

O, mening satrlarim, jajji qushchalar!
Qaylarda uchdingiz — kuylamoq uchun?
Sizni qanday qismat kutmoqda bu kun?
Qiynar tushlarimda bir orzu yakkash —
Sizdan xayrixoh do‘st topgaymi xabar?
Afv eting, olislarga uchirdim sizni...
Endi men kuzata olmasman sira
Bu kun borib yetgan manzilingizni.
Biroq ishonaman, sizlar yurakka —
Qahr va qayg‘u yot, ishqdan munavvar
Yurakka behadik qurgaysiz oshyon,
O, she’r satrlari, masum qushchalar!
Mashaqqatli yo‘lning azoblariga
Chayir qanotingiz dosh beroldimi?
Yoxud tirishqoqlar, baxil va zo‘rlar
Safida beimkon, ojiz qoldimi?
Yo shubha-gumonning badkor shamoli
Qo‘ndirdimi sizni arosat joyga?
Muyassarsiz balki siz allaqachon
Zangor bog‘lar qo‘yni, tansiq chiroyga.
Va unda lojuvard osmon ostida
Yurak satrlarim o‘zgalar uchun
Tiriltirgandirsiz, ular qatida
Nihon edi so‘zlar —
Quvnoq va mahzun!
Qushlarim, cho‘chimang, hadiksiramang,
Kuychining qismati — o‘rtanib kuylash.
Parvozingiz yiroq ufqlarni quchsin!
Qo‘shiq yuksaklardan qulasa agar,
Inson yuragin naq ustiga tushsin!

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.