OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aleksandr Tvardovskiy (1910-1971)

 TVARDOVSKIY Aleksandr Trifonovich [1910.8(21).6, Smolensk viloyati Pochinkov tumani — 1971.18.12, Moskva viloyati] — rus shoiri va jamoat arbobi. Moskva tarix, falsafa va adabiyot intini tugatgan (1939). SSSR Yozuvchilar uyushmasi boshkaruvi kotibi (1950—54, 1959—71). «Novo‘y mir» jurnali bosh muharriri (1950—54; 1958— 70). Yevropa yozuvchilari jamiyatining vitseprezidenti (1963—68). «Muqaddima» (1933) dostoni va «Kolxoz raisi kundaligi» (1932) qissasida qishloq qayotidagi o‘zgarishlar aks etgan. «Muraviya mamlakati» dostoni (1936) g‘oyaviybadiiy jihatdan T. ijodida muhim o‘rin egallagan. 2jahon urushi yillarida T. front gazetalarida ishlagan. (1941—45). «Vasiliy Tyorkin» (1941—45), «Yo‘l chetidagi uy» (1946), «Yiroq-yiroqlarda» (1953—60), «Shu yillar lirikasidan» (1967) va b. rus she’riyatida katta voqea hisoblangan. T. rus adabiyotining, rus yozuvchilari ijodining muhim muammolariga bag‘ishlangan adabiytanqidiy asarlar ham yaratgan («Vasiliy Tyorkin» kanday yozildi?», 1951—56; «Adabiyot haqida maqolalar va mulohazalar», 1961; «Blok haqida», 1955; «Pushkin g‘aqida so‘z», 1962; «Bunin to‘g‘risida», 1965 va b.). Ayrim asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan («Front she’rlari», 1941, «Vasiliy Tyorkin», 1962 va b.). O’zbekiston hayotidan she’rlar, maqolalar yozgan. (“O’zME”dan)

 

SO`Z HAQIDA SO`Z

Yonsa qalbda zo`r bir ehtiros, 
Tug`yon qilsa shodlik yo alam, 
Taajjubkim, tuyg`ularga mos — 
So`z topolmay qoladi odam.

So`z ko`p — inson kurash, mexnatin 
Bayoniga yetar ifoda. 
So`z yo`qotgay ammo qimmatin 
Takror bo`lsa haddan ziyoda.

So`zlar borkim, yo`llarda charoq, 
Shular bilan yorug` hayoting. 
Bilki, ular qadrin tushirmoq 
Jinoyatga, xiyonatga teng.

Shu bois ham, ey ona diyor, 
O`tinaman, ma’zur tut meni, 
Garchi dilda so`zlarim bisyor, 
Maqtamadim bari-la seni.

Sen so`z emas, mehnat bilan shan, — 
Shu sababdan men ham doimo 
Balandparvoz so`zdan qo`rqaman, 
Nopoklikdan qo`rqqanday go`yo.

Quruq manman emas, har qalay 
Bir shoirman o`zimdan ogoh. 
Madhing bo`lsa har qancha qilay, 
Lekin faqat bo`lmayin maddoh.

Senga boqar mehr ila bashar, 
Shuhratingdan hayratda olam. 
Yaltiroq so`z uyatga qo`yar 
Tiriklaru o`liklarni ham.

Ular ko`z-koz qilib zohirin, 
Muzdek borib tegar yurakka. 
Ertak yanglig` hayot tasvirin 
Aylantirar yolg`on cho`pchakka.

So`z — bu mening oshi halolim, 
So`z men uchun nonday muqaddas. 
Shuning uchun bas, deyman doim, 
Kutlug` so`zni isrof qilmoq bas.

So`z-ku axir aqllarga toj, 
Yuraklarga otash — so`z, axir. 
Olam aro bo`lmasin toroj 
Javohirlar ichra javohir.

Sochmang yerga nuqrani qumdek, 
Sovurmanglar uni havoda. 
So`z ham xuddi haqiqiy so`mdek 
Yursin faqat oltin bahoda.


SHE’RIM

Barcha orzu muyassar bo`lib, 
Yetsam deyman bir niyatga ham. 
Men she’rimni uy-joylik qilib, 
Ro`yhatlardan o`tkazib qo`ysam.

Qidirganning bo`lsa ko`ngli to`q, 
Demasalar — chiqib daf’atan:
— Tanimaymiz, bunaqa zot yo`q, 
So`rab ko`ring boshqa ko`chadan.

Bo`lsa deyman u barchaga yor, 
Barcha javob bersa barobar:
— Bo`lmasam-chi, taniymiz, u bor, 
Ha, shu yerlik, bizga birodar.

Chollar desa, — ko`pdan bilganmiz, 
Yaqin do`stmiz, ko`hna qadrdon, 
Biz u bilan jangda bo`lganmiz, 
Berlingacha bordik yonma-yon.

Bolalar ham uni eshitib 
Yugurishib kelsalar edi.
— Ha, taniymiz, hatto yod etib 
Aytishamiz, — desalar edi.

E’zoz bilan demasman, biroq 
Mehr bilan ochsalar bag`ir:
— Ha, shu yerda. Bo`lganda qandoq,
Usiz yashab bo`lurmi, axir!

Shunda qolmas edi armonim, 
To`q bo`lardi ko`nglim, albatta. 
Ishonch bilan shunda o`zim ham 
Borman derdim elda ro`yxatda.


SEN VA MEN

Sen kech turding, lanjsan, senga 
Olam zimiston.
Men tong bilan turdim, menga 
Borlik nurafshon.

Sen uyquga to`ymagansan, 
Tajang, g`azabnok.
Men shodonman, ko`nglim ravshan, 
Jismu dilim pok.

Kuch bo`lsin deb tongni qildim 
Men ko`ksimga jo. 
Mana kemam — ish stolim, 
Men darra guyo.

Senga olam go`zalligi 
Tamom begona. 
Senga oshno tushkunligu 
G`ashlik yagona.

Sening uchun yomon hamma, 
Hatto o`zing ham. 
Deysan, xoh yoz, xohi yozma, 
O`tar bu olam.

Qayon boqsang faqat tanglik 
Ko`radi ko`zing.
Sen kimdursan? Ming attangki, 
Sen — mening o`zim.

Sening barcha fe’l-atvoring 
Menda bo`lmish jam. 
Hayriyatki, butun borim — 
Senmas hali ham,

Men — sen bilan men emasman,
Ichaman qasam.
Men — menman, to seni o`zdan
Olib tashlasam.


TIRIKLIK HAQIDA

Qiziqmasman shuhratga ortiq, 
Davlatga ham qilmasman xavas. 
Faqat tonggi alvon shafaqdan 
Bir bo`lagi menga bo`lsa, bas.

Bolalikning ilk xotirasi, 
Bug`doy ungan zamin nafasi, 
May yomg`iri yuvgan qayinzor — 
Bir bo`lagi men uchun darkor.

Ufqqacha mavjlanib yotgan — 
Ko`k dengizning sokin bo`ylari. 
O`tli davron, o`tli yoshlikning 
O`tli qo`shiq, o`tli kuylari.

Toledan ham, falokatdan ham 
Bir bo`lagi men uchun bo`lsin. 
Toki nima his qilsa odam 
Yuragimga kelib qo`yilsin.

Olamda ne dard bor, quvonch bor
Barchasini ko`rsin o`z ko`zim. 
To so`nggi dam aytayin, halol 
Aravamni tortganman o`zim.

Erkin Vohidov tarjimasi

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.