OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zinaida Bikova (1940)

Zinaida Bikova 1940 yilda tug‘ilgan. Ukrainaning Chernovtsi shahrida yashaydi. Kasbi o‘qituvchi. She’rlari “Arion”, “Znamya”, “Drujba narodov” jurnallarida bosilib turadi. “Tinch davlat”, “Ko‘rinmas qushlar” she’riy kitoblarning muallifidir.

* * *

Mayli yog‘aversin yana jala, qor,
Loylansin qishloqning jin ko‘chalari.
Shamolda qaltirab turgan yulduzlar,
Titrasin guldirak kuchaygan sari.
Mayliga yursak-da balchiqqa botib,
Rezina etikda rosa sovqatib,
Dir-dir qaltirasa oyoqlarimiz...
O‘sha loy ko‘chaga derazalardan
Tunda qamashtirib odam ko‘zini,
Yog‘ilib turuvchi chiroq nuridan
Hayot bizga kulib ochar yuzini.

* * *

Daraxtlar ostida raqsga tushgani
Shodon otlanamiz yurak hapriqib,
Qizchalar ko‘zida yayrar yaproqlar,
Musiqa eshilar dilga o‘t yoqib.
Qordayin oq ko‘ylak kiygan bolalar
Qorday yelkamizga qo‘yadilar bosh.
Yigitu qiz charx urib, gir aylanamiz
Tovlanib kapalak misoli yuvosh. –
Cheksiz quvonchlarga, ilhomga to‘lib,
Go‘yo abadiyat ichra mast bo‘lib.

* * *

Sevolsang,
Kimgadir ishonsang
Xuddi Haqqa ishonganingday.
Birdan yo‘ldan toysang
Bir jarlikdan qulagan kabi
Mo‘‘jizada omon qolsang-da garchi,
Sevgi juda nozik, bo‘lar chilparchin.

* * *

Yolg‘iz qolgim keladi goho,
O‘ylash uchun sen haqingda jim.
Qani edi uchirmasaydi
Xayolning ko‘rinmas qushlarin hech kim.

* * *

Quyosh yana yaltirab qoldi
Kuzgi ekin maysalarida,
Qush qanoti, simlar uzra ham –
Ko‘nglim ravshan tortdiki biram.

* * *

Qordan sizib oqqan jilg‘acha
Sofligi-la yoshlikka timsol.
Unga qarab quvonmoqdaman,
Eslab o‘tgan yillarni hushhol.

* * *

Qo‘rqayapman ishongim kelmay,
Muncha og‘ir firoq damlari.
Ayriliqda o‘ylayman seni
Hayot aldov va bekor degan
Muzdek fikr tergaydi meni.

* * *

Aprelning uniqqan yaproqlarida
Muz parchalar tashlanar ko‘zga.
Qoraygan shoxlarning tepalaridan
Moviy osmon ko‘z tashlar bizga.
Men quyosh yuziga tik boqolmayman,
Ko‘lmakdagi aksiga qarab
Ko‘raman – shams sariq chambarda
Turar har yon yog‘dular tarab.
Muhabbat ham shunday aslida,
Tirik ekan tik boqolmaysan.
O‘lgach esa –
Qalbda yashaydi mangu.

* * *

Chittaklar chug‘uri g‘amni aritar.
Qalbim yaralanib, qadrdon shahrim,
Yana qaytib keldim iliq bag‘ringga,
Yaxshiyam qushlarga so‘nmabdi mehrim...

* * *

Sen haqdagi xotiralarim
Ufqqacha cho‘zilib ketgan,
Javdarzorda tobiga yetgan,
Quyoshning tillarang ta’mini totib,
Bahor havosidan yayrab qulf urgan,
Sahar sabosidan shovullab turgan,
Bug‘doy boshog‘ini turar eslatib.

* * *

Hayajonga soladi meni
Onajonim sevgan qo‘shiqlar.
Bu qo‘shiqlar nurday beg‘ubor.
Ularda onamning nafas olishi,
Dard-hasrati, tabassumi bor.

* * *

Sambittol!
Sen hovlimizda,
Maktab yonida,
Keng dalalarda,
Yo‘llar chetida,
Daryo bo‘yida ham
O‘saverasan...
Qalbim xasta payt,
Par yozgan shoxingga
Tekkizmayman qo‘l.
Kurtagingga boqib
Quvonar ko‘zim –
Yurakka yangi kuch
Kiradi oqib.

* * *

Istardim: oq varaqlar uzra
Qora dog‘lar aslo bo‘lmasa,
Chappar urgan gullarning yuzi
Chivinlardan bevaqt so‘lmasa,
Muhabbatga esa xiyonat
Sira-sira aralashmasa...
Ammo siyqalanib ketdi bu dunyo
Tirsagi yeyilgan kamzul singari...
Va lekin baribir Ilohiy kuch-la
Yana yuz ochar u kelajak sari.

Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimalari

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.