OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hotam Fayziyev. «Toshkent – non shahri»

Tahririyatdan: Yaqinda “O‘zbekfilm” kinostudiyasiga Rossiyaning Staromaytskiy rayonidagi Novikovskaya nomli maktabning beshinchi sinf o‘quvchilaridan hayajonli xat keldi. Bolalar o‘zlarining yurtdoshi bo‘lgan yozuvchi A. Neverovning “Toshkent – non shahri” qissasi asosida yaratilgan shu nomdagi badiiy film, uning dunyoga kelishi tarixi, keyingi taqdiri va qahramonlarining qismati bilan juda qiziqishayotganliklarini yozishibdi.
Ha, haqiqatan ham ilhom va halol mehnat bilan yaratilgan asarning umri boqiy bo‘ladi. Ijodkor uchun bundan ortiqroq mukofot bo‘lmasa kerak.
Biz mashhur “Toshkent – non shahri” filmining sahnalashtiruvchi operatori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Hotam Fayzievga murojaat qilib, mazkur kartinaning suratga olish jarayoniga tegishli xotiralari bilan o‘rtoqlashishni iltimos qildik.
O‘z esdaliklarini qunt bilan qog‘ozga tushirib kelgan Hotam akaga minnatdorchilik bildiramiz.

* * *

1966 yilning oktyabr oyida “Toshkent – non shahri” filmi ustida ish boshlandi. Stsenariy yozuvchi Aleksandr Neverovning shu nomli qissasi asosida kinodramaturg Andrey Mixalkov-Konchalovskiy tomonidan yozilgandi.
Bu kartinada biz uchun eng muhimi – muallif qissasida tasvirlagan voqealar kechgan joylarni topish edi. A. Neverov o‘z qissasida 20-yillarda Volgabo‘yida kechgan og‘ir ocharchilik asoratlarini, ulkan mintaqa aholisining azob-uqubatlarini aks ettirgan edi.
Rassom E. Kalontarov ikkalamiz esa suratga olinadigan joylarni ko‘zdan kechirish uchun Rossiyaning Orenburg, Kuybishev, Gorkiy, Saratov oblastlarida bo‘ldik. Qishloqlarda bo‘lganimizda mahalliy aholi bilan suhbatlashdik, o‘sha voqealarga shohid bo‘lganlarning hikoyalarini eshitdik. Qaerga bormaylik, qaysi uyga kirmaylik, mehmondo‘st ruslar bizni hech bo‘lmasa qaynoq karam sho‘rvasiz qo‘yib yuborishmasdi.
Odamlar bilan dildan suhbatlar asnosida biz xalq boshiga tushgan kulfatlar, tirik qolish uchun odamlarga hamma narsani yeyishga majbur etgan mash’um ocharchilik yillari haqida ko‘proq va biri ikkinchisidan dahshatli ma’lumotlar ola boshladik. Biz bu yerda uylari derazalariga taxta qoqib tashlangan, kimsasiz qishloqlarni ko‘rdik; o‘z umrinining yakunini sabr bilan kutayotgan yolg‘iz qariyalarga duch keldik. Ular hech kimga kerak emas edilar go‘yo. Ularga hech qanday yordam berolmasligimizni tushunib, qayg‘uga botardik.
Biz ko‘p joylarni ko‘rdik, suratga oldik va asta-sekinlik bilan o‘zimiz ish boshlagan mavzu ichiga kira boshladik.
Shu bilan suratga olinadigan joylarni ko‘rishning birinchi bosqichi tugadi va biz Toshkentga qaytdik. Bu yerda rejissyorlik stsenariysi ustida ish boshladik.
Tasvirga tushirish joylari geografiyasi juda keng edi. Film voqealari Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlarida bo‘lib o‘tardi. Rejissyorlik stsenariysi tayyor bo‘lganidan keyin suratga olishning tabiiy joylarini topish uchun ikkinchi bor ijodiy safarga chiqdik.
Bu safarda biz qahramonimiz Misha Dodonov o‘tgan yo‘llardan yurishga qaror qildik. Qish kelib qolganligi sababli safarimiz ancha murakkablashdi. Studiyadan biz kigiz etik – piyma va po‘stinlar oldik. Safarimiz chog‘ida ular bizga juda asqotdi.
Filmda ko‘p voqealar temir yo‘l bilan bog‘liq edi. Shu sababli biz oldindan mamlakatning barcha temir yo‘llarida yurish huquqini beradigan maxsus ruxsatnoma hujjatlarini oldik. Bu hujjatga asosan biz teplovozlar kabinalarida ham, yuk va yo‘lovchilar poezdlarida ham yurishimiz mumkin edi.
Dastlab Aktyubinskda to‘xtadik. Bu yerda mehmonxonaga moslashtirilgan ko‘hna frantsuz vagonida yashashimizga to‘g‘ri keldi. Aktyubinskda biz eski ikki o‘qli vagonlar va bo‘sh temir yo‘l tarmoqlarini izladik. Omadimiz kelgan taqdirda shu yerning o‘zida qolgan ob’ektlarni tanlashimiz kerak edi. Afsuski, Aktyubinskda izlaganlarimizni topolmadik.
Bizning keyingi to‘xtash joyimiz Buzuluk stantsiyasi bo‘ldi, bu yerdan qahramonimiz Misha Dodonov non shahri Toshkentga qarab yo‘l olardi. Bu yerda filmimiz uchun mos keladigan ob’ektlarni topishimizga juda ishonib turgandik. Axir Aleksandr Neverov o‘z qissasida aynan Buzulukni, uning odamlarini, qashshoq qishloqlarini qalamga olgandi.
Temir yo‘lni, vokzalni va yaqin-atrofdagi qishloqlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirib chiqdik. O‘sha mash’um ochlik yillarini boshlaridan o‘tkazgan keksalar bilan gaplashdik, ularning yog‘och uylariga kirib ko‘rdik.
Bizga alohida ob’ektlar ma’qul keldi, biroq barcha ko‘rsatkichlari bilan bizni qanoatlantiradigan ob’ektlar majmuasini topolmadik. Guruhimiz tasvirga olish ishlarini xotirjam olib borishi mumkin bo‘lgan bo‘sh temir yo‘l tarmog‘i masalasida ham muammolar paydo bo‘ldi.
Bizga Aleksandrov Gayga borishni maslahat berishdi. U yerga poezdlar kam qatnarkan, shu sababli bemalol suratga olish ishlarini olib borish mumkin ekan.
Aleksandrov Gayga yuk sostavi ketayotganini bilib qolgach, shosha-pisha endi yura boshlagan poezdning vagoniga osilib chiqib oldik. Ammo tez orada bu ishimizdan afsuslandik. Vagon ichi iflos va juda sovuq edi. Muzday yelvizak ohak qoldiqlarini chang qilib ko‘tarardi. Tez orada usti-boshimiz oppoq tus oldi, o‘zimiz Qorboboga o‘xshab qoldik. Bir-birimizga qarab kulardik: yuzlarimiz xuddi tegirmonchiniki dek edi.
Bir necha soatdan keyin sostav qandaydir bekatda to‘xtadi. Vaqtni yo‘qotmasdan, teplovoz tomon chopdik. Mashinistlarga ruxsatnomalarimizni ko‘rsatib, teplovozga chiqib oldik.
Avvaliga mashinistlar bizning tashqi ko‘rinishimizga ajablanib, hayron bo‘lib qarashdi. Nihoyat buning sababini bilishgach, darhol bizni kabinaga o‘tqazishdi va qaynoq choy bilan siylashdi. Tez orada badanlarimizga issiq yugurdi, o‘zimizni tetik his qila boshladik.
Teplovozdan hamma tomon yaxshi ko‘rinib turardi. Yo‘l bo‘yi biz o‘zimizga ma’qul joy qidirib har tomonga alanglab keldik.
Kechga yaqin Aleksandrov Gayga yetib keldik. Mahalliy rahbariyat bilan muloqotda bo‘lgach, bizning talablarimiz bu yerda ado etilmasligini tushundik.
Tunni vokzalda o‘tkazib, ertalab orqaga qaytdik. Bizni temiryo‘lchilar uchun jihozlangan vagonga joylashtirishdi. Vagon yuk sostaviga tirkalgan edi.
Vagonda yotish mumkin bo‘lgan polkalar bor edi. Qattiq sovuq tufayli vagonning butun oynalarini qirov va muz qoplagandi.
Qidiruvlar bizni Penza bekatiga olib keldi. Chor-atrof oppoq qor bilan qoplangan edi. Buyurtma taksida o‘zimizga mos qishloqni izlab Penza oblasti rayonlarini aylana boshladik. Qalin yoqqan qor, o‘tib bo‘lmas yo‘llar va qahraton sovuq ishimizni qiyinlashtirardi.
Shunday kunlarning birida Emanuel Kalontarov o‘zini yomon his qildi. U burni va quloqlarini sovuqqa oldirib qo‘ygandi. Kalontarovni shifoxonaga yotqizishga majbur bo‘ldik, o‘zimiz esa ob’ektlarni qidirishni davom ettirdik.
Penza bekatida bizga temir yo‘l tarmog‘i bo‘ylab Nijnee-Lomovo shaharchasiga borishni taklif etishdi.
Rassomimizni shifoxonada yolg‘iz qoldirib ketishga ko‘nglimiz chopmay turdi. Shifokorlar Kalontarov yana bir necha kun muolaja olishi lozim deb aytishdi. Men Emanuelning yaqinda birdan o‘ziga ma’qul kelgan qandaydir manzarani ko‘rib qolib, quvonchdan qiyqirib yuborgancha qiyalikdan chopib kelayotgan mahali qor uyumi ichidagi chuqurlikka tushib ketganini esladim. O‘shanda uni arang qalin qor qatlami tagidan sug‘urib olgandik. Tarashaday qotib qolgan, faqat tishlari takillayotgan sho‘rlik Kalontarov oyog‘ida tik turolmasdi. Uni qizdiradigan narsaning o‘zi yo‘q edi. Guruhimizdagi kelishuvga ko‘ra o‘zimiz bir gramm ham ichmasdik, yonimizda ham spirtli ichimlik olib yurmasdik.
Penzadan biz Nijnee-Lomovoga yo‘l oldik. Shaharcha mo‘‘jazgina edi. Shaharcha rahbariyati bilan uchrashib, o‘z maqsadimizni bayon qildik. Ular rus yozuvchisining tilga tushgan asari bo‘yicha film olayotganimizdan juda mamnun ekanliklarini bildirishdi.
Bizni bir kolxoz raisi bilan tanishtirishdi. Uning ismini eslab qolmaganimdan afsusdaman. Rais juda ajoyib odam ekan. Bizga bunday havoda u yoqlarga mashinalarda borib bo‘lmasligini tushuntirishdi va otlarga tirkalgan katta-katta chanalarda yo‘lga tushishni taklif etishdi.
Qalin po‘stinlarga o‘ralib olgan ko‘yi qishloqlardan biriga yo‘l oldik. Aniq yo‘lning o‘zi yo‘q edi, qalin qorda uzoq yurdik. Qahraton sovuq. Ko‘zlarimizga qadar bekitib, o‘ranib-chirmanib olganmiz. Atrofda faqat oppoq rang. Qor tagidan telefon simyog‘ochlarining uchlari arang ko‘rinib turadi.
Nihoyat omad biz tomonga yuz burdi. Birinchi duch kelgan qishloqning o‘ziyoq bizning tasavurimizdagi qishloqqa mos kelardi. Biz uzoq izlagan, ammo sira topolmagan shamol tegirmoni ham bu yerda bor edi. Eng hayratlanarlisi, qishloqda yog‘ochdan bunyod qilingan cherkov ham saqlab qolingandi.
Biz yengil nafas oldik. Axir uzoq vaqt, azoblanib izlaganlarimiz oldimizdan chiqib turgandi-da. Qishloqni ham, tegirmonni ham, cherkovni ham va hattoki bo‘sh temir yo‘l tarmog‘ini ham topgandik.
Shaharchadagi kichkina mehmonxonada suratga olish guruhini joylashtirsa bo‘lardi. Shaharcha bozorida esa o‘sha paytlari ham o‘zbeklar turli-tuman mevalarni sotib o‘tirishardi.
Biz turli kulbalarga kirdik, ularning egalari bilan suhbatlashdik, turmush tarzi bilan tanishdik, suratga olish uchun ko‘chalarni tanladik.
Qishloqlarda asosan keksa chol-kampirlar istiqomat qilishardi. Yoshlarning hammasi shaharga ketib qolgan. Ko‘plab kulbalarda hatto oddiygina elektr toki ham yo‘q edi.
Elektr tokining yo‘qligi tasvirga olish guruhimiz ishiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi. Axir texnikamiz bevosita tok bilan ishlardi-da. Demak biz bu yerga tok ishlab chiqaradigan uskuna bilan kelishimiz kerak bo‘ladi.
Kolxoz raisi bilan yozda uchrashishga kelishib oldik va Penzaga qaytdik. Bu yerda bizni ko‘zlarida yosh bilan rassomimiz Emanuel Kalontarov quchoq ochib kutib oldi.
Rossiyada naturani tanlab bo‘lganimizdan keyin biz Qozog‘istonga yo‘l oldik.

* * *

Turkiston shahriga yaqinlasharkanmiz, vagon oynasidan qadimiy shahar xarobalarini ko‘rdik va mashinada shu yerga borishga qaror qildik.
Shaharda bo‘lganimizda ajoyib joylarni ko‘rdik va kattagina ob’ektni shu yerda tasvirga olishni, Qozog‘istonda yuz beradigan sahnalarning qolgan qismini esa Toshkentdan 30-40 chaqirim uzoqlikdagi “Darvoza” bekatida suratga tushirishni rejalashtirdik. U yerda ham bo‘sh temir yo‘l tarmog‘i bor edi.
Toshkentdagi sahnalar uchun poytaxtimiz biqinida joylashgan kolxoz uzumzori tanlangandi.
Shu bilan tabiiy joylarni tanlash bo‘yicha davom etgan uzoq va mashaqqatli mehnatimiz tugadi.
Ma’lumki, suratga olish guruhining ishi, tashvishi, yelib-yugurishi – hamma-hammasi aktyor uchun. Tomoshabin ekranda aktyorni, uning ijrosini ko‘radi. Shu sababli kinofilm yaratishda aktyorlarni tanlash juda muhim bosqich hisoblanadi. Aktyorlarni izlash bilan ikkinchi rejissyorlar va ularning aktyorlar bo‘yicha assistentlari shug‘ullanishadi.
“Toshkent – non shahri” kartinasida rus millatiga mansub personajlar ko‘plab uchrashi bois ikkinchi rejissyorlikka “Mosfilm”dan rus aktyorlarini yaxshi biladigan Konstantin Starostin taklif etildi. O‘zbek aktyorlari bilan esa bizning ikkinchi rejissyorimiz Eson Karimov shug‘ullandi.
Aktyorlik sinovlari uchun “Mosfilm” pavilonlaridan birida yog‘och uyning bir qismi qurilib, unda rus aktyorlari sinab ko‘rildi.
Dodonovning onasi roliga kinoda dastlabki qadamlarini qo‘yayotgan aktrisa Valentina Talizina sinab ko‘rildi.
Erkaklar rollariga Moskva va Leningrad teatrlari hamda “Kinoaktyor” studiyasi aktyorlari sinab ko‘rildi.
Aktyorlik sinovlari yaxshi natijalar berdi va film¬ga A. Susnin, Ye. Gurov, V. Kolpakov, R. Kurkina, N. Arinbosarova, N. Timofeev, S. Chekan, L. Kalyujnaya va boshqa qator iste’dodli aktyorlar jalb etildi.
Bolalar rollari ijrochilarini topish esa ancha qiyin kechdi. “Mosfilm”ga ham juda ko‘plab bolalarni olib kelishdi. Lekin ular orasida bizga kerak bo‘ladigan darajada salohiyatli, bosh rolni ijro etadigan bola chiqmadi. Biz vahimaga tushib qoldik.
Shunda kimdir yaqinda bolalar uchun mo‘ljallangan filmda suratga tushgan bolakay Volodya Vorobeyni eslab qoldi. U Permda yashardi. Volodyani darhol Moskvaga chaqirishga qaror qildik.
Tez orada bolakay buvisi hamrohligida “Mosfilm”da paydo bo‘ldi. Sh. Abbosovga ham, guruhimizga ham u darrov ma’qul keldi. Bolakayning yurishidan, gapirishidan qishloqda o‘sganligi ko‘rinib turardi. Yoshi ham bizga to‘g‘ri kelardi.
Volodya ishtirokidagi kinosinovlar juda muvaffaqiyatli o‘tdi. Biz yengil nafas oldik.
Seryoja roli ijrochisini topish esa yanada qiyinroq kechdi. Rossiya oblastlarida qidiruvni davom ettirishga qaror qildik. Kuybishev (hozirgi Samara)ni tanladik. U yerda pavilonli kinostudiya bor edi.
Bizning ikkinchi rejissyorlarimiz va assistentlarimiz oblastning maktablarida, internetlarida, bolalar havaskorlik to‘garaklarida Seryoja roliga mos bolakayni izlashga tushishdi. Bu orada Shuhrat Abbosov ikkalamiz suratga olinadigan tabiiy joylar – natura qidirib oblastni aylanib chiqa boshladik.
Yigirmanchi yillar ocharchiligi Volgabo‘yi rayonlarida boshlangan va Kuybishev shahri hamda uning yon-atrofidagi qishloqlarga qattiq ta’sir ko‘rsatgan. Och odamlar olomoni O‘rta Osiyoga non izlab yo‘lga chiqdi. Ularning ko‘pchiligi Qozog‘istonning so‘ngsiz cho‘llarida o‘lib ketdi. Ammo manzilga yetib kelganlarga ham oson bo‘lmadi. Xuddi o‘sha paytlari Toshkentda mayda o‘g‘rilik paydo bo‘ldi. Agar avvallari kichik do‘konlarning egalari o‘z do‘konlarini bemalol ochib qoldirib ketadigan bo‘lishsa, endi eshiklarga mustahkam qulf o‘rnatishga o‘tishdi. O‘zbeklar o‘z bolalarini “samarska (samaralik) kelayapti” deb qo‘rqitadigan bo‘lishdi.
Ammo har qancha og‘irlik va mashaqqatlarga qaramasdan, Toshkent xalqi Rossiyaning ocharchilik hukm surayotgan mintaqalaridan kelgan bechora odamlarga joy berdi, ularning qornini to‘ydirdi.
Kuybishev shahrida bo‘lganimizda Shuhrat Abbosov bilan o‘lkashunoslik muzeyiga kirdik. Kelishimizdan asosiy maqsadimizni bilganidan keyin muzey direktori bizga Volgabo‘yidagi ocharchilikning dahshatli manzaralari aks etgan noyob suratlarni ko‘rsata boshladi. Bu fotosuratlar meni larzaga soldi...
Muzey direktorining ruxsati bilan men bu fotosuratlarni rasmga tushirib oldim. Bu suratlar filmimiz uchun dekoratsiya, libos va eskizlar yaratayotgan rassomlarimizga juda qo‘l keldi. Afsuski, vaqt o‘tishi bilan bu suratlar yo‘qolib ketdi.
To biz suratga olinadigan joylarni tanlab, muzey materiallarini o‘rganib chiqqunimizga qadar rejissyorlik guruhi kinosinov uchun bolalarni tanlab bo‘lgandi.
Yaxshi, iste’dodli bolalar saralab olinganligi ko‘rinib turardi. Kinosinovlarni kinostudiya pavilonida o‘tkazdik. Sinov natijalariga ko‘ra bolalar ichida Volodya Kudenkov ismlisi eng yaxshi deb topildi. Filmda u Misha Dodonov bilan birga Toshkentga otlangan do‘sti Seryoja rolini ijro etdi.

Biz mahalliy aktyorlar bilan kinosinovlarni davom ettirish uchun Toshkentga qaytib keldik.
O‘zbek aktyorlari bizga yaxshi tanish bo‘lishsa-da, ular ichidan eng yaxshilarini qunt bilan sinov o‘tkazibgina tanlab oldik.
Taniqli aktyorlardan Hikmat Latipov, Javlon Hamroevlarni oldik. O‘zbek bolakayi Rahim rolini ijro etadigan aktyorni uzoq izladik. Rejissyorlik guruhi sa’y-harakatlari bilan nihoyatda qobiliyatli bola bo‘lgan Baxtiyor Nabiev topildi.

Aprel oyining boshlarida suratga olishni boshladik. Tasvirga tushirishning birinchi ob’ekti sifatida biz Toshkent yaqinidagi kolxoz uzumzorini tanladik.
Bu ob’ektda Hikmat Latipov, Nurxon aka Eshmuhamedov, Javlon Hamroev va Volodya Vorobey suratga tushishlari kerak edi.
Aktyorlarga mos liboslar tanladik. Dodonov uchun ust-bosh topish ancha qiyin kechdi. Qahramonimizning tashqi ko‘rinishi unchalik o‘xshamayotgan edi. Bolakayning xo‘b olis yo‘llardan, ko‘p mashaqqatlar va azoblar tortib kelganini ta’kidlab ko‘rsatib turuvchi g‘ijim, kir-chir, yirtiq-yamoq kamzul kerak edi. Bizni kartinamizning ikkinchi rejissyori Eson Karimov qutqardi – u qaydandir aynan shunday kamzul topib keldi.
Birinchi kadrlarimizni tasvirga tushirish uchun butun guruhimiz bilan kolxoz uzumzoriga keldik. Biroq suratga olish maydonchasida Volodya Vorobey ham, uning buvisi ham yo‘q edi. Ular tezlikda yetib kelishini aytib, bizni tinchlantirishdi.
Suratga olish texnikasini joy-joyiga qo‘yib chiqdik, mizansahnani aniqladik va kadrni o‘rnatdik. Odatda aktyorlarni charchatib qo‘ymaslik uchun ularning o‘rniga dublyorlardan foydalanilardi. Dublyorlar bilan kadr va mizansahnalar aniqlanadi, chiroq o‘rnatiladi, suratga olish kamerasining harakat maromi solishtiriladi va hokazo.
Mana, suratga olish uchun hammasi tayyor bo‘ldi. Hatto ob-havo ham bizga ko‘mak berayotganday edi – quyosh charaqlab turardi. Bor-yo‘g‘i bolakayni kadrga olib kirish va “Motor!” deya buyruq berish qolgandi, xolos.
Biroq... Volodya Vorobeydan darak yo‘q edi. Uni hech kim olib kelolmadi. O‘sha paytlari telefon aloqasi hali taraqqiy etmagan. Shu sababli zudlikda Toshkent bilan gaplashishning ham hech qanday iloji yo‘q edi.
Guruhimiz a’zolari asabiylasha boshlashdi. Boshqa lavhani ham suratga ololmasdik. Chunki barcha kadrlarda Volodya Vorobey bo‘lishi kerak edi-da.
Kun bo‘yi besamara kutib o‘tirganimizdan keyin noiloj orqaga, Toshkentga qaytdik. O‘zimiz bo‘lsa bolakayning sog‘lig‘idan xavotirda edik.
Shaharga kelgan zahoti Volodya ham, buvisi ham sog‘-salomat ekanligidan xabar topdik. Bolakayning suratga olish maydonchasiga bormaganligiga sabab esa – mehnatiga to‘lanadigan haq masalasi edi. Buvi bilan nabira smetadagiga qaraganda ancha ko‘p gonorar talab qilishdi.
O‘shanda menga ularning bu qilig‘i yulg‘ichlik va g‘ayriaxloqiy harakat bo‘lib ko‘rindi. Juda jahlim chiqib ketdi va Volodya Vorobey o‘rniga Kudenkovni bosh rolda suratga olishni taklif etdim. Yana bir necha kishi mening bu fikrimni ma’qulladi.
Lekin Shuhrat Abbosov bu haqda hattoki eshitishni ham istamadi. U bosh rolda faqat Vorobeyni ko‘rardi. Boshqa bola uni mutlaqo qoniqtirmasdi.
U paytlari bozor munosabatlari haqida mamlakatimizda gap ham bo‘lishi mumkin emas edi. Biz aniq belgilangan maoshga qanoat qilib ishlardik va savdolashishni, o‘zimizga ko‘proq pul talab qilishni tasavvur ham etolmasdik. Ehtimol o‘sha paytlari bolakay bilan uning buvisi kino san’atida hozirgi bozor munosabatlarining urug‘larini ekishgandir. Albatta, bu hazil.
Ammo o‘shanda ular yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib, o‘zlarining moddiy ahvollarini yaxshilashga harakat qilgandilar.
Savdolashish davom etarkan, guruhimiz bir necha kun mobaynida suratga olishga chiqolmadi.
Vorobeylar oilasi va “O‘zbekfilm” o‘rtasidagi savdolashish oila foydasiga hal bo‘ldi. Kayfiyati ko‘tarilib ketgan bolakay suratga tushishga roziligini bildirdi.
Guruh butun tarkibi bilan suratga olish maydoniga yetib keldi. Ammo o‘sha kuni havo aynib qoldi. Ko‘kda yengil bulutlar paydo bo‘ldi...
Kunning ikkinchi yarmida osmon bulutlardan xalos bo‘ladi, quyosh chiqadi degan umidda suratga olish kunini bekor qilmagan holda kameralarni o‘rnatib, aktyorlar bilan sahnalarni mashq qilishni boshlab yubordik.
Biz vaqti-vaqti bilan osmonga ilinj bilan termulib, bulutlarning tarqalib ketishini kutardik. Lekin umidlarimiz sira ro‘yobga chiqay demasdi. Bulutlar tarqalmay turardi. Kun dim. “Qilt” etgan shabada yo‘q. Osmonning biz “sut” deb ataydigan ko‘rinishi esa guruhimizni qoniqtirmasdi.
O‘sha kuni havo yaxshi tomonga o‘zgarmadi. Kechgacha kutib o‘tirgach, noiloj studiyaga qaytdik.
Bu hol bir haftadan ko‘proq davom etdi. Guruhimiz ochiq kunni kutgan holda har kuni ishonch bilan suratga olish maydoniga chiqardi. Ammo...
Nihoyat bir haftadan so‘ng osmon artilgan shishaday tiniqlashdi, jilmayib quyosh chiqib keldi va biz ishlashni boshladik.
Kadrni tasvirga tushirarkanmiz, rejissyorimiz Shuhrat Abbosov kartina qahramonini tanlashda yanglishmaganiga ishonch hosil qila bordik. Volodya Vorobey o‘z rolini o‘ta ishonchli tarzda talqin etardi. Biz yosh aktyorning har bir so‘ziga, har bir xatti-harakatiga ishonardik. Buni ko‘rib, kayfiyatimiz ko‘tarilib ketdi. Film yaxshi chiqishiga ishonch paydo bo‘ldi.

* * *

Penza oblastining Nijnee-Lomovo shaharchasida kartinamizning ko‘plab ob’ektlari jamlangan edi. Biz qish payti kelganimizda natura uchun tanlab olgan joylarimizga bordik.
Volgabo‘yi temir yo‘li rahbariyati tomonidan Nijnee-Lomovoga eski ko‘rinishdagi vagonlarni yuborishga buyruq berildi.
Mehmonxonaga joylashganimizdan keyin Abbosov, Kalontarov, kartina direktori va men tasvirga tushirish uchun tanlab olingan qishloqqa yo‘l oldik.
Oldingi kartinalarimizda ham bolalar ishtirok etganligi sababli, ular bilan ishlash borasida anchagina tajriba orttirib ulgurgandik.
Lekin “Dodonovlar hovlisi” ob’ektini suratga olarkanmiz, kutilmaganda yosh bolalarning favqulodda o‘jarligi va injiqligiga duch keldik.
Guruhimiz a’zolaridan kimdir ularga toki o‘yinchoqlar berishmaguncha rejissyor amakining aytganlarini qilmanglar deb shivirlab qo‘ygan ekan. Fedka bilan Yashka rolini ijro etayotgan bolakaylardan goh biri yig‘laydi, injiqlik qiladi, “kinoga tushmayman” deydi, goh ikkinchisi. Rejissyorning har qancha yalinib-yolvorishlari ham ularga kor qilmadi.
Bizning hovlilardan farqli ravishda, bu qishloqda hovlilar har kuni supurib-sidirilmaydi. Quyosh ko‘kka ko‘tarilganidan so‘ng barg va o‘t-o‘lanlar bilan qoplangan hovlidan qo‘lansa is tarala boshladi. Ma’lum bo‘lishicha, yupqa o‘t-o‘lanlar qatlami tagiga cho‘chqa axlati tashlangan ekan. Odamning ko‘nglini aynitib yuboradigan darajada badbo‘y hid shundan kelayotgan edi. Lekin har qanday sharoitda ham biz ishlashimiz kerak edi. Ma’murlarimiz shaharga, bolalarga o‘yinchoq olib kelishga ketishdi. Bolalar esa hamon yig‘lar va bizlarning iltimoslarimizga parvo ham qilishmasdi.
Tez orada o‘yinchoqlar keldi. Buni ko‘rgan bolakaylar birdan quvonib ketishdi va rejissyorning aytganlarini bajara boshlashdi. Lavha katta qiyinchiliklar bilan suratga olinib bo‘lindi.
O‘sha yoz ob-havo tinmay o‘zgarib turdi. Guruhimiz tez-tez birdan yog‘ib qoladigan yomg‘ir tagida qolardi, shundan so‘ng loyga aylangan yo‘llardan arang o‘tib, suratga olish joyiga ming mashaqqatlar bilan yetib kelardik. Biz soatlab osmonga termulib, uning ochilib ketishini kutardik. Bu esa filmni suratga olish muddatini cho‘zardi.
Men har qanday ob-havoda suratga ololmasdim, bu kartina uslubini buzgan bo‘lardi. Mening birinchi navbatdagi vazifam tabiiy fakturalarni, kayfiyatni, yoritishning o‘ziga xosliklarini ekranda ifoda etib berish edi.
Keyinchalik esa ne-ne mashaqqatlar, ne-ne azob-uqubatlar bilan olingan kadrlarning hammasi ham filmimizga kiritilmadi.

* * *

Temir yo‘l bilan bog‘liq epizodlarni suratga olish juda katta mushkulliklar tug‘dirardi. Zero unda 20-yillar kiyim-boshini kiyib olgan katta miqdordagi ommaviy sahna ishitrokchilari hamda ko‘hna vagon, parovoz ishtirok etardi.
Kunlarning birida temir yo‘l bekatiga eski vagonlar tirkalgan sostavni olib kirishdi.
Ko‘p sonli ommaviy sahna ishtirokchilari to‘planishdi. Ular kiyintirilgach, vagonlar tomiga joylashtirildi. Vagonlar derazlari va zinalarida ham odamlar o‘tirishardi. Ularga turli-tuman qoplar, xaltalar, chamadonlar va boshqa rekvizitlarni tarqatishdi.
Stsenariy bo‘yicha sostav rus dalasi ichidan ketishi kerak edi. Shu sababli sostav bekatdan bir necha kilometr nariga olib chiqildi. Haqiqiy rus dalasi boshlandi.
Vagonlar tomlarida o‘tirgan odamlarni hamda yo‘lovchilar bilan liq to‘la holda ketayotgan poezdning umumiy ko‘rinishini suratga oldik. Tasvirga tushirish ishlari anchayin silliq kechardi, sostav doimiy harakatda bo‘lgani uchun yo‘lovchilar ham hech qayoqqa ketib qolishmasdi. Quyosh yorqin nur sochib turardi. Qilayotgan ishimizdan o‘zimiz ham mamnun edik. Oxirgi kadr – parovoz quvurini suratga olish qolgandi, xolos.
Men bilan assistentim parovozga chiqdik, kamerani o‘rnatdik va qora tutun burqsib turgan quvurni tasvirga ola boshladik. Men mashinistdan qora tutunni ko‘paytirishni iltimos qildim. Kadrni suratga olarkanman, mashinistlarning birdan vahimaga tushib baqir-chaqir qila boshlashganini eshitdim. Men apparatdan nigohimni uzdim va ularga qaradim. Quyuq qora tutun ularni bizdan to‘sib turardi. Mashinistlar jon-jahdlari bilan qo‘llarini silkitganlaricha oldinga ishora qilishardi. Men shu tomonga qaradim va birdan dahshatga tushdim. Temir izlarga ko‘ndalang tortilgan elektr simi shiddat bilan yaqinlashib kelardi. Birdan o‘tirib qoldim va xuddi shu soniyada elektr simi xuddi o‘tkir pichoqday kinoaapparat o‘rnatilgan shtativning yuqori qismini kesib o‘tdi va ularni dalaga uloqtirib yubordi.
Agar bir lahzaga ushlanib qolganimda edi, shubhasiz, mening boshim ham dalaga otilib tushgan kinoapparat va shtativning yuqori qismi yonida bo‘lardi.
O‘zimni yomon his qildim. Butun vujudim dir-dir tit¬rardi.
Bir necha yuz metr yurgandan keyingina poezd to‘xtadi. Tasvirga olish apparatini ko‘tarib kelishdi.
Tushlik payti bo‘ldi. Sostav bekatga qaytib keldi. Hammani guruh ma’muriyati tashkil etgan taomlar bilan mehmon qila boshlashdi.
Mening esa hech narsa yegim kelmasdi. Suratga olish payti bostirib kelgan ajal vahimasi hali butunlay o‘tib ketmagan edi.
Ommaviy sahna ishtirokchilari ishtaha bilan ovqatlanishardi. Guruh a’zolarining tashvishlari yetarli edi, shuning uchun men bilan deyarli hech kimning ishi yo‘q edi.
Men ovqatlanayotgan odamlarga qarardim va agar men bilan fojia ro‘y berganda ham bular hech narsa bo‘lmaganday xotirjam o‘tirib, bemalol ovqatni tanovul qilaverisharmidi, degan o‘ylarga bordim.
Shu kuni men boshqa suratga ololmadim.
Ertasi kuni esa tasvirga tushirish ishlari yana davom etdi.

* * *

Bir kuni kechqurun men temir yo‘l bekatiga borib, u kechasi qanday yoritilishini ko‘rmoqchi bo‘ldim.
Mehmonxonadan stantsiyagacha bir necha kilometr kelardi. Kechqurunlari salqin edi, shu sababli ustimga to‘n kiyib oldim.
Bekatga torgina asfalt yo‘l olib chiqardi. Yo‘l o‘rtasida ketib borardim. Atrof jim-jit. Yo‘lda mashinalar ham, aravalar ham uchramadi. Biror tirik jon yo‘qday edi. Borliq o‘lik sukunat og‘ushida. Stantsiyaga qadar hali uzoq edi. Shoshilmasdan ketib borardim. Vaqtim bemalol edi.
Kutilmaganda shovqin-suron va jangovar hayqiriqlar bilan yo‘lga uzun tayoq-to‘qmoqlar bilan qurollangan ikki guruh yigitlar otilib chiqishdi. Men qo‘rqib ketdim. Yashirinishning ham iloji yo‘q edi. Yigitlar “Ur ablahlarni!” deya baqir-chaqir qilganlaricha devorday jipslashib bir-birlariga tashlanishdi. Men ularning orasida qoldim. Endi tamom bo‘ldim, degan o‘yga bordim. Boshimga tushadigan zarbani kuta boshladim. Jang esa avjiga chiqqan edi. Yigitlar bir-birlarini ayamay savalashar, atrofni oh-voy, so‘kishlar, ingroqlar tutib ketgandi. Men qochib qolib, qo‘rqoq degan nom orttirishdan or qilgancha hamon kaltaklashayotganlar orasidan o‘tib borardim. Nimagadir u tomon ham, bu tomon ham menga teginmadi. Hatto mening ruslar uchun xos bo‘lmagan choponim ham ularning e’tiborini tortmadi. Men urishayotganlarni xavfsirab aylanib o‘tgancha oldinga yurishda davom etdim. Nogahon yengila boshlagan guruhdagi yigitlar qochishga tushishdi. G‘olib tomon esa ularni butunlay mag‘lub etish uchun qochayotganlarning ortidan chopdi.
Men bilan hech kimning ishi bo‘lmadi. Aftidan, har kimning o‘z dushmani bor edi.
Temir yo‘l bekatiga eson-omon yetib olgach, tungi yoritish qanday tashkil etilganligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Suratga olish uchun qulay nuqtalarni izlab ko‘rgach, ortga tinchgina, hech bir sarguzashtsiz qaytdim.

“Bekat” ob’ekti juda katta edi va suratga olish ishlari kun-tun davom etishi kerak edi. Bu ob’ektda ko‘plab aktyorlar, ommaviy sahnalar ishtirokchilari bilan bir qatorda bir nechta poezd sostavlari ham tasvirga tushirilardi. Ko‘plab kadrlar harakatda olinardi. Bularning barisi bizdan aniq o‘ylangan, puxta rejalangan ishni talab etardi.
Bu kadrlar aktyorlarning, ommaviy sahna ishtirokchilarining, poezdga xizmat ko‘rsatayotgan temiryo‘lchilarning, suratga olish kamerasi harakatining, yorug‘lik va pirotexnikaning o‘zaro mutanosiblikda ishlashini taqozo etardi. Suratga olish ishlari kuchli zo‘riqishda kechdi – bolalar ham, katta yoshli aktyorlar ham o‘z rollarini jon dillari bilan berilib ijro etishdi. Eng qiyin vazifa Kudenkov zimmasiga tushdi. Uning ketayotgan poezd orqasidan quvib yetishini bir necha dublda oldik.
Suratga olish tugagandan keyin guruhimizni tanib bo‘lmay qoldi – parovoz trubasidan chiqqan qurumdan ularning hammasi qop-qorayib ketgandi.
Ko‘p ob’ektlarni suratga oldik, lekin hali suratga olinmagani ko‘proq edi.

* * *

Og‘ir, asabiylashish va zo‘riqishlarga boy ish rejissyorimiz Shuhrat Abbosovning sog‘lig‘iga ta’sir etdi va u kasal bo‘lib qoldi. Kinoekspeditsiyani zudlikda orqaga qaytarish va epizodlarning qolgan qismlarini Toshkentga ko‘chirish masalasi ko‘ndalang turib qoldi. Shuning uchun Toshkentda tasvirga tushirish imkoniyati bo‘lmagan kadrlarni bu yerda oshig‘ich tarzda suratga olib bo‘lishimiz kerak edi.
Toshkent bizni chidab bo‘lmas darajada issiq bilan qarshi oldi.
Kartinaning yarmidan ko‘prog‘ini tasvirga tushirishimiz kerak edi. Biron joyga chiqib yoki pavilonda suratga tushirishni boshlagunimizga qadar Toshkentdagi natura ob’ektlarida ishlab turishni rejalashtirdik.
Eski shahar sahnalari ob’ektlari Eski Jo‘va bozoridan unchalik uzoq bo‘lmagan joydan topildi. Bu yerda tosh to‘shalgan ko‘cha, eski o‘zbek uylari hamda yarim vayrona holidagi machit saqlanib qolgan edi.
Ochlik va charchoqdan tinka-madori qurigan Mishka beixtiyor sotuvchi ayolning nonini olib qo‘yib, shosha-pisha yeya boshlashi sahnasini suratga oldik. Jahli chiqib ketgan ayol yordam so‘rab baqiradi va bolani kaltaklaydi. Bolalar qochib qolishadi. Ularning ortidan olomon chopadi. Bolalarni militsioner tutib oladi.
Eski Toshkentni Misha Dodonovning nigohida ko‘rsatishga qaror qildik. Tutun burqsib turgan kaboblar, savatlardagi qaynoq nonlar, paranji yopingan ayollar, uyum-uyum qovun-tarvuzlar, mo‘l-ko‘l meva va sabzavotlardan uning boshi aylanib ketishi kerak edi. Mishani favqulodda tor va qiyshiq ko‘chalar, uzun chopon va do‘ppi kiygan erkaklar, paranjili ayollar hayratga solishi aniq edi. Bu epizodni suratga olayotganimizda kadrning o‘tkir kompozitsion tuzilishiga, dinamikali harakatlarga va kontrast yoritilishga rioya etdik. G‘azabga mingan olomondan qochib ketayotgan bolalarni tasvirga olish uchun qo‘l kamerasini yelkamga qo‘ygancha bolalar ortidan chopishga majbur bo‘ldim.

* * *

Biz Toshkentda suratga olish ishlarini davom ettirayotgan paytimizda ma’muriy guruh bizga temir yo‘l bilan bog‘liq katta ob’ektni tayyorlab qo‘ygandi.
Temir yo‘l bilan bog‘liq epizodlarni suratga olish katta tayyorgarlikni hamda bu jarayonga bog‘liq barcha tarmoqlarning o‘zaro mutanosib ishlashini taqozo etadi.
Qozog‘iston temir yo‘lining “Darvoza” bekatida bizga temir yo‘lning poezdlar juda kam o‘tadigan uchastkasini ajratib berishdi. Bu tarmoq qandaydir zavod bilan bog‘langan bo‘lib, kuniga ikki-uch marta yuk poezdi o‘tib qolardi, xolos.
Guruhimiz bilan “Darvoza” bekatiga yetib keldik va bizga ajratilgan eski poezd vagonlariga joylashdik. “Darvoza”da boshqa biron mehmonxona, hattoki risoladagiday oshxona ham yo‘q edi.
Birinchi kecha juda yomon o‘tdi. Tez-tez yonimizdan o‘tib turgan poezdlar shovqinidan uxlayotganlar dahshat ichida sakrab o‘rinlaridan turib ketishardi. Go‘yo qarshi tarafdan kelayotgan poezd relslardan chiqib ketib, bizning vagonlarga uriladigandek edi. Buning ustiga nimagadir bekatga yaqinlashib kelayotgan poezdlar albatta quloqni batang qilar darajada chinqirib gudok berardi.
Oradan bir necha kun o‘tgandan keyin ham baribir bu sharoitga ko‘nikolmadik va norozilik bildirib, o‘zimizga boshqa joy talab qildik. Guruh ma’muriyati vokzal binosidan bir nechta xona topdi. U yerga grimchilarni va Saule rolini ijro etayotgan yosh aktrisa Natalya Arinbosarovani joyladik.
Bizga esa bekat hovlisida palatka taklif etildi. Bu besh-olti o‘rinlik palatkalarda kishi o‘zini xotirjamroq sezardi. Lekin bu uzoqqa cho‘zilmadi. Oqshomlarning birida qattiq shamol ko‘tarildi va palatkalarimizni qulatib-yirtib tashladi. Bu hol bir necha marotaba tak-rorlandi.
Bunday maishiy muammolarga qaramasdan, suratga olish ishlari o‘z maromida davom etardi.
Yoz o‘rtasi edi. Kunlar benihoya isib ketgan. Biz suratga olayotgan joyda quyoshning qaynoq nuridan yashirinish uchun loaqal bittagina daraxt ham yo‘q edi.
“Poezd” ob’ektini suratga olardik.
Epizod kattagina edi. Uni suratga olish murakkab va xavfli edi.
Quyosh otashidan vagonlarning tunuka tomlari shu qadar qizib ketgandiki, istak tug‘ilgan taqdirda u yerda bemalol tuxum qovurib olsa bo‘lardi.
Guruhimiz og‘ir kinoapparatlari bilan vagon tomiga joylashdi. Harakatdagi poezdda suratga olish kerak edi. Hech qanday muhofaza vositalari yo‘q. Ayniqsa bolalarni suratga olayotganda biz o‘zimizni ham, ularni ham xatarga qo‘yayotgandik. Bolalar vagonning qaynab turgan tomida yalang oyoqda chopishlari, tiz bukib turishlari, qo‘llarini tomga tekkizishlari lozim bo‘lardi. Bolalar og‘riqdan yig‘lashardi, ammo ularning bunday holati bizga kerak edi. Bu ularga o‘z rollarini haqqoniy va ishonch¬li o‘ynashlariga yordam berardi. Biz to‘xtamasdan suratga olaverdik.
Epizod ta’sirchanligini kuchaytirish maqsadida biz tez-tez suratga olish nuqtalari va rakurslarini o‘zgartirib turardik.
Harakatdagi poezdning bir vagonidan boshqa vagoniga sakrab o‘tayotgan aktyorlarni suratga olish texnik jihatdan juda qiyin edi. Quyi nuqtadan tasvirga tushirish uchun men poezd vagonlari orasiga bog‘langan osma kajavaga joylashib oldim. Ozgina noaniqlik ro‘y bergan taqdirda men kinokameram bilan birgalikda pastga, shiddat bilan o‘tib borayotgan relslar ustiga qulab tushishim mumkin edi.
Ammo biz tavakkalsiz ta’sirchan kadrlarni suratga ololmasligimizni yaxshi bilardik, shu sababli bunday ishlarga ongli ravishda o‘z ixtiyorimiz bilan qo‘l urardik.

* * *

Shunday kunlarning birida bizning oldimizga studiya direktori Abdulahad Abdullaev keldi.
“Qozoq cho‘li” epizodidan kadrni suratga olayotgandik. Bu lavhada Misha Dodonov ketib borayotgan poezdning oxirgi vagoniga bir amallab osilib olishi kerak edi. Poezd ortidan yugurarkan, u yirtiq chiptakavushlaridan ayrilar va eng so‘nggi lahzada vagon zinasining quyi pallasidan ushlab qolardi. Shunda Mishaning yalang‘och oyoqlari yerda sudralib, o‘tkir toshlarga urilardi.
Bu kadrni bir necha nuqtadan suratga oldik. Bolakayning oyog‘i o‘tkir toshlarga urilib qonab ketayotganini ko‘rgan direktor bir necha marotaba suratga olishni to‘xtatmoqchi bo‘ldi, lekin ulgurolmadi. Kadr tasvirga tushirildi va hammasi yaxshi tugadi.
Biz tez-tez chiroyli kadrni suratga olish uchun tavakkal qilib turardik. Shunday voqealar ham bo‘ldiki, qiyshiq relslar sababli parovoz izdan chiqib ketdi. Bir safar esa shunday parovoz bizning – tasvirga olib turganlarning ustimizga qulab ketishiga sal qoldi.
Toshkentdan “Darvoza”ga jo‘nab ketishimiz oldidan juda chiroyli saksovul omborini topgandik. Unga dekoratsiya ishlatib, ajoyib manzara paydo etsa bo‘lardi.
Rassom omborni yog‘och to‘siq va kuzatuv minorasi bilan o‘rab, katta ish qildi. Saksovul taxlanib, katta-katta uyumlar hosil etilgandi. Yerga qora ko‘mir changi sepilgandi.
Bu sahnada Dunaev Misha bilan Rahimni yog‘och omborga olib kelishi kerak edi. Bu yerda esa bir necha ayol va juldurvoqi bolalar istar-istamasdan o‘tinlarni bir joydan boshqa joyga tashirdilar. Vaziyatni baholagach, Rahim askar bilan mashg‘ul bo‘ldi. Uning qarshisida raqs tushgancha Rahim aldab-suldab askarning kartoshkasini olib qo‘ydi. Mishka esa halol mehnatkash sifatida o‘tin tashishga kirishdi.
Otashin quyosh va ko‘mir changi aktyorlarga ham, guruhga ham ishlashga xalaqit berardi. Bolalar juda charchashdi. Nastenka rolini ijro etgan aktrisa jon dili bilan, juda ishonchli o‘ynadi. Unga qarashning o‘zi ham qo‘rqinchli edi. Suratga olib bo‘lganimizdan keyin uning o‘ziga kelishiga, butun tanasini qoplab olgan qora ko‘mir qurumidan tozalanib olishiga ancha vaqt ketdi. Keyinchalik bu kadr naturalistik kadr sifatida filmdan olib tashlandi.
Tez va ko‘p suratga olardik. Afsuski, suratga olingan kadrlarning bir qismi filmning yakunlovchi variantiga kirmay qoldi.

* * *

Biz stsenariy hajmi katta ekanligini, suratga olingan material bizga ruxsat etilgan tasma metr¬laridan ko‘proq bo‘lishini bilardik. Lekin o‘zimizni to‘xtatib qololmasdik. O‘zimiz ishlayotgan materialga jon-jahdimiz bilan berilib ketgandik, uni yaxshi ko‘rib qolgandik. U o‘z jozibasi bilan bizni charchoq bilmay ishlashga majbur etardi.
Turkistonda suratga olishni rejalashtirgan kattagina ob’ektimiz qolgandi. Tasvirga tushirish ob’ekti sifatida Turkiston shahridan uncha uzoqda bo‘lmagan qadimiy qal’a xarobalarini tanlagandik. U yerda juda baland tuproq devorlar saqlanib qolgandi. Mahalliy hudud va qal’aning landshafti o‘zining ibtidoiyligi bilan katta taassurot qoldirardi.
Bizning qahramonlarimiz bu muhitga tabiiy ravishda singishib ketib, yaxlitlikni tashkil qilardilar.
Bu sahnada bir guruh odamlarning poezdni kutib o‘tirmasdan, Toshkentga qarab piyoda yo‘lga tushishga qaror qilganliklari ko‘rsatiladi. Ularga Misha Dodonov va Rahim ham qo‘shilishadi. Ular quyosh ayovsiz kuydirib tashlagan qozoq yerlaridan o‘tishadi. Keksa bobo Dodonovga bug‘doyni qanday ekish va mo‘l hosil olish yo‘llarini o‘rgatadi. Ular Toshkent va Toshkent zamini haqida orzu qilishadi.
Qal’aning quyosh nurlari ostida ko‘zni qamashtirguday chaqnab turgan qaynoq oq tomlari va ko‘hna tuproq devorlar bag‘rida bu so‘zlar hech qachon amalga oshmaydigan orzuday yangrardi. Butun atrof-muhit bor-yo‘q istaklari non shahri Toshkentga yetib olish bo‘lgan bir siqim odamlarni g‘animlarcha ezib turardi.
Turkistonda oxirgi kadrlarni suratga olgandik, shu bilan tasvirga tushirish davri yakuniga yetdi. Guruhimiz Toshkentga qaytdi.
Keyingi bosqich boshlandi – kartinani montaj qilish va ovoz berish. Bu ishlar bir necha oy vaqtimizni oldi.
O‘sha yillari rus tiliga e’tibor kuchliroq edi, shu sababli bizning filmimizga ham rus tilida ovoz berildi.

* * *

Kinostudiya badiiy kengashi va kinostudiyada ishlaydigan ko‘p sonli qiziquvchilar uchun film katta zalda namoyish qilindi. Rejalashtirilgan bir yarim soat o‘rniga film ikki soatu yigirma daqiqa davom etdi.
Film tugagandan keyin birdan zalga sukunat cho‘kdi. Ilk tomoshabinlarimiz esankirab qolishgan edi.
“O‘zbekfilm” badiiy kengashi faoliyatida ilgari uchramagan voqea ro‘y berdi. Badiiy kengash raisi film muhokamasini keyingi kunga qoldirishni taklif etdi. Zero filmda ko‘p bahsli o‘rinlar bo‘lib, ularni yuqorida turuvchi rahbarlar bilan maslahatlashib olish kerak edi.
Keyinroq rejissyor Shuhrat Abbosovga bosim o‘tkazish boshlandi. Moskvada filmni bir seriyaga qadar qisqartirishni talab qilishdi. Qarshilik ko‘rsatish yordam bermadi. Bizni qo‘llab-quvvatlovchilar ham bo‘lmadi. Kartinaning besh qismini qisqartirib tashlab, o‘n qismini qoldirishdi. Asablari qaqshab ketgan Sh. Abbosov kasal bo‘lib qoldi va yurak xuruji bilan shifoxonaga tushdi.
Kartinaning to‘liq variantli nusxasini zudlikda yo‘q qilishdi... Ammo hozircha negativ saqlanib turardi.
Men studiya direktori Abdulahad Abdullaev huzuriga kirib, kartinaning to‘liq ko‘rinishidan yana bir nusxa tayyorlab berishlarini iltimos qildim. Men uni kelajak uchun, tomoshabinlarning yangi avlodi uchun asrab qo‘ymoqchi edim.
Abdullaev juda aqlli va jur’atli rahbar edi. U darhol o‘rinbosari Qayum Abdurahmonovni chaqirib, unga kartinaning to‘liq ko‘rinishdagi nusxasini tayyorlab berish vazifasini topshirdi. Men buning uchun Abdulahad Abdullaevdan bir umr minnatdorman, u kishining yorqin xotirasi hamisha qalbimda.
“Toshkent – non shahri” filmi kinotetrlarga chiqarilib, katta muvaffaqiyat qozonganidan keyin Shuhrat Abbosov bilan meni Davlat mukofotiga tavsiya etishdi. Ammo mukofotni boshqalar olishdi.
Kartina o‘z hayoti bilan yashab kelmoqda. Odamlar haligacha bu filmni eslashadi.

Hotam FAYZIYEV,
“Toshkent – non shahri” filmining sahnalashtiruvchi operatori,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi
“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 2 (231)-son.

%MCEPASTEBIN%

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.