OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umarali Normatov. Zahmatkash olimning sharafli yo‘li

1972 yilning sentyabri. Milliy universitet o‘zbek filologiyasi fakulteti birinchi kursida hozirgi adabiy jarayon fanidan mashg‘ulotlar boshlaganman. O‘n yildan beri kamina olib boradigan bu kursning bosh vazifasi – filolog talabalarni joriy adabiy jarayon olamiga olib kirish, ularda so‘z san’ati va adabiyotshunoslik, tanqidchilik yangiliklarini muntazam kuzatib borish, binobarin, adabiyot olami ichida yashash malakasini shakllantirishdan iborat. Odatga ko‘ra, ilk mashg‘ulotni talabalarning bu boradagi saviya-darajasini aniqlashdan boshladim. Milliy, qolaversa, keyingi yillarda jahon adabiyotida yaratilib, el og‘ziga tushgan, shov-shuvlarga asos bo‘lgan asarlar bo‘yicha savollar chog‘i hammasi ravshan bo‘ladi-qoladi. Bu gal ham ayni shunday hol yuz berdi. Qo‘yilgan savollarning deyarli barchasiga javob uchun qo‘l ko‘targan uch-to‘rttagina talaba orasida kichik jussali, ko‘zlari chaqnab turgan yigitcha e’tiborimni jalb etdi. A.Soljenitsinning “Ivan Denisovichning bir kuni”, Ch.Aytmatovning “Oq kema”si, A.Muxtor, Shuhrat, O.Yoqubov, P.Qodirov romanlari, S.Ahmad, O‘.Umarbekov, O‘.Hoshimov, Sh.Xolmirzaev hikoya, qissalari, E.Vohidov, A.Oripov, R.Parfi, M.Ali she’riy to‘plamlari, O.Sharafiddinov, M.Qo‘shjonovlarning adabiy-tanqidiy maqola, kitoblari, “Literaturnaya gazeta”, “Sharq yulduzi”, “O‘zbekiston madaniyati”, “Guliston” sahifalarida e’lon etilayotgan asarlar, bahs-munozaralar – barcha-barchasidan xabardor bu talabaga ilk tanishuvdayoq mehrim tushib qoldi. Men auditoriyada o‘tirganlarga uni ibrat qilib ko‘rsatdim, filologiya bo‘yicha oliy ta’lim dargohiga qadam qo‘ygan talaba shunday bo‘lishi lozimligini, filologiya bu – so‘zga, so‘z san’atiga shaydolik – oshiqlik degani, adabiy asarlarni majburiyat yuzasidan emas, chin dildan sevib, qidirib topib o‘qiydigan, bu sohani qismat deb biladigan, unga hatto jonini, jahonini baxsh etishga tayyor odamdangina haqiqiy filolog – adabiyotshunos, yetuk murabbiy chiqishini bu gal ham bo‘lg‘usi filologlarga uqtirdim. Surishtirib bildim: Hamidulla ismli bu yigit Andijon shahrida 1954 yil 20 avgustda ma’rifatli oilada dunyoga kelgan, maktabda o‘qib yurgan kezlaridayoq kitob shaydosi bo‘lgan, filolog bo‘lishni ko‘ngliga tukkan. Maktabni bitiriboq ToshDUning filologiya fakultetiga ariza topshirgan, ammo yetarli ball to‘plolmagan, bir yil mebel fabrikasida ishlab, ayni paytda, astoydil tayyorgarlik ko‘rib ikkinchi yili universitet talabasi bo‘lishga erishgan ekan...

Afsus, har galgidek bu kursga qabul qilingan 60-80 chog‘li filolog talabalar orasidan bitta, nari borsa, ikki-uchta ana shunday fidoyi chin filologlar chiqadi, xolos... Har xil yo‘llar bilan bu dargohga kirib qolgan, hatto keyinchalik bu soha bo‘yicha ilmiy daraja, unvonlarga erishgan “uddaburon”larning esa qismati nima bilan tugaganini ko‘rdik, ko‘ryapmiz... Ilohiy adolatni qarangki, fanning boshqa barcha sohalarida bo‘lgani kabi filologiya jabhasida ham uning asl qiyofasini, kelajagini, daraja-miqyosini, avvalo, Olloh bergan chin iste’dod, o‘z sohasiga cheksiz mehr qo‘ygan fidoyi shaxslargina belgilaydi. Milliy universitetda kechgan oltmish yillik faoliyatim davomida topgan barmoq bilan sanarli ana shunday noyob xislat sohiblaridan biri – o‘sha ilk mashg‘ulot chog‘i e’tiborimin tortgan kichik jussali, ko‘zlari chaqnagan shogird yigitcha – bugungi kunda 60 yoshni qoralab turgan taniqli adabiyotshunos olim, murabbiy Hamidulla Boltaboev ekani bilan faxrlanaman.

Aslini olganda, Hamidullaga men o‘zimni ustoz deyishdan biroz iymanaman. To‘g‘ri, talabalik yillari uning diplom ishiga, so‘ng sirtqi aspirantlik kezlari nomzodlik dissertatsiyasiga rasman ilmiy rahbar bo‘lganman; diplom ishi uchun mavzu sifatida o‘z davrida qizg‘in bahslarga asos bo‘lgan “So‘nggi bekat” romani (Sh.Xolmirzaev asari), so‘ng nomzodlik dissertatsiyasi uchun esa “Hozirgi o‘zbek nasrida uslubiy izlanishlar (70-yillar)” muammolarini tavsiya etganman. Diplom ishi, nomzodlik dissertatsiyasi ustidagi ish jarayonida, ochig‘i, rahbar sifatida bu shogirdga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga zarurat bo‘lgani yo‘q; tadqiqot mavzusiga oid adabiy manbalar, ilmiy adabiyotlardan tortib, ish rejasiyu unda ko‘tariladigan muammolargacha – barchasini o‘zi mustaqil hal etgan, ayrim masalalar bo‘yicha oramizda bahslar bo‘lib o‘tgan, xolos. Talabalik davri yakunida “So‘nggi bekat” romani ustidagi ilk ilmiy qadami, aspirantlik yillari mahsuli – 70-yillar o‘zbek nasridagi uslubiy izlanishlarga oid tadqiqoti mavzuga oid qator nozik kuzatish, o‘ziga xos tahlil, talqinlari bilan adabiy-ilmiy jamoatchilik e’tiborini qozondi. Qarangki, 1982 yili himoya qilingan nomzodlik dissertatsiyasi oradan o‘n yil o‘tib, 1992 yili “Nasr va uslub” nomi ostida kitob holida chiqdi. Mazkur tadqiqotda o‘tgan asrning 70-yillari nasrimizda yuz bergan uslubiy tendentsiyalar, uch yo‘nalishdagi (“izchil realistik”, “liro-romantik” va “ramziy-majoziy”) izlanishlar haqidagi kuzatishlar o‘zimizdagina emas, xorijlik adabiyotshunoslar orasida ham qiziqish uyg‘otgani e’tiborga sazovordir.

Nomzodlik dissertatsiyasi ustida ishlagan chog‘lari Hamidulla sobiq ittifoq, qolaversa, jahon adabiy jarayoni bilan yaqindan tanishdi. O.Yoqubovdan tortib, Erkin A’zamgacha bo‘lgan iste’dodli yozuvchilar ijodiy yo‘lini sinchiklab kuzatdi, bugina emas, ayniqsa, o‘ziga zamondosh-tengdosh adabiy avlod – X.Sultonov, X.Davron, M.Yusuf, X.Do‘stmuhammad, Sh.Rahmon, M.Muhammad Do‘st, T.Murodlar bilan yaqindan do‘st tutindi, ana shular muhiti ichida nafas oldi. Men bundan buyon ham bu ukamiz o‘zim kabi ayni shu ijodiy jarayon ustida yangidan-yangi tadqiqotlarni davom ettirsa kerak, degan umidda yurardim. Ehtimol, kamina singari nomzodlikni yoqlab, Milliy universitetdagi ustozim O.Sharafiddinov asos solgan o‘zbek adabiy tanqidchiligi maktabi muhitida ish boshlaganligim, 26 yil hozirgi o‘zbek adabiyoti kafedrasiga mudirlik qilganligim, faqat bir maskanda qo‘nim ish olib borganim tufayli bir yo‘ldan borgandirman...

Taqdir, non-nasiba ekan, Hamidullaning ilm-fan, mehnat yo‘lidagi kechmishi o‘zgacha, xiyla murakkab tarzda kechdi. Ukamiz 1977 yili universitetni imtiyozli diplom bilan tugatib, o‘z sohasi emas, Xalq xo‘jaligi institutining tayyorlov bo‘limida ish boshladi, oradan ko‘p o‘tmay, Xalq xo‘jaligi institutining Qo‘qon filialiga, so‘ng Andijon filialiga ishga o‘tdi. O‘z sohasi – hozirgi o‘zbek adabiyotshunosligi qolib, talabalarga o‘zbek va rus tillaridan dars berdi; so‘ng ularning yoniga partiya tarixi va falsafa qo‘shildi, boz ustiga, rus guruhlarida rus tilida dars berishga majbur bo‘ldi. Nihoyat, olti yildan so‘ng sirtqi aspiranturani tugatib, nomzodlik ilmiy darajasiga erishgach, Cho‘lpon nomidagi Andijon Tillar istitutida qo‘nim topdi, bu yerda ham zamonaviy o‘zbek adabiyotidan fan nomzodi darajasini olgan olim rus va xorijiy xalqlar adabiyoti kafedrasi mudiri sifatida rus folkloridan tortib, rus va jahon adabiyoti tarixi, nazariya bo‘yicha rus tilida dars olib borishga majbur bo‘ldi. Mana shu 17 yillik murakkab muhitda ham quvonchli, ham chigal savdolar boshiga tushdi. Ayrim g‘alamislarning fitna, tahdid, ta’qiblariga qaramay, 1996 yil 7 dekabrda “XX asr boshlari o‘zbek adabiyotshunosligi va Fitratning ilmiy merosi” mavzusi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan himoya qilishga erishdi.

70-80-yillari zamonaviy o‘zbek nasri muammolari ustida astoydil tadqiqot olib borgan, ayni shu qaynoq adabiy muhit ichida yurgan yosh olim nega birdan XX asr boshlari, boz ustiga, eng murakkab, qaltis siymo Fitrat ijodiy merosi tadqiqi sohasiga o‘tdi, degan haqli savol tug‘iladi. Mustabid tuzum qurbonlari bo‘lmish buyuk adabiy siymolardan Qodiriyning omadi yurishib, 50-yillar oxiri, 60-yillardayoq ijodiy merosi xalqqa qaytarila boshlaydi; ammo uning ikki safdoshi – Cho‘lpon bilan Fitrat rasman oqlangan bo‘lsa-da, ijodiy merosini ro‘yobga chiqarish, ular haqidagi bor haqiqatni aytish o‘ta mushkul kechdi, faqat 80-yillar oxiriga kelib bu sohaga yo‘l ochila boshladi. Mana shu xayrli tashabbusni boshlovchilaridan biri – Hamidulla ukamiz bo‘lib chiqdi.

Bu “pismiq” iniginam hatto mendan ham bir haqiqatni sir saqlab yurarkan. Talabalik davrining birinchi yilida unga yotoqxona tegmay, ijara uyi izlab yurganida, baxtli tasodifni qarangki, buyuk alloma Fitratning singlisi Mahbuba aya ixtiyoridagi xonadondan vaqtincha panoh topadi, bir-ikki hafta yashashga rozilik bergan opamizga ukamiz yoqib qolib, u bir yil shu dargohda turish sharafiga muyassar bo‘ladi. O‘sha kezlari nafaqada bo‘lgan opamizga tirishqoq, ilmga chanqoq, arab yozuvidagi manbalarni bemalol o‘qiy oladigan dastyor odam kerak edi. Bu kezlarda onaxon jon-jahdi bilan akasi merosini yig‘ish, yuzaga chiqarish xayoli bilan band edi. Hamidulla opamizning o‘ng qo‘liga aylanadi, uning yonida o‘tirib muntazam noyob manbalar mutolaasi bilan shug‘ullanadi; bir yillik ijara hayotidan keyin ham xonadon sohibasi bilan bu boradagi ilmiy-ijodiy hamkorligini davom ettiradi; shu tariqa Hamidullaning “pinhona” fitratshunosligi shakllanadi.

Nihoyat, 80-yillar oxiriga kelib, oshkoralik deb atalgan bir vaziyatda Hamidulla Fitrat olamiga dadil qadam qo‘ya boshlaydi, 1987 yil oktyabr-dekabr oylari ­­M.V Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetida malaka oshirish chog‘i markazdagi ulkan adabiyotshunoslar G.Pospelov, Ye.Xalizev, L.Klimovichlar bilan hamkorlik o‘rnatish asnosida poytaxtdagi kutubxona, arxivlardagi Fitrat ijodiy merosiga oid manbalar bilan yaqindan tanishish, ulardan nusxa olish sharafiga muyassar bo‘ldi. Shu tariqa Fitrat olamiga sho‘ng‘ib ketadi. Birin-ketin “Abdurauf Fitrat” (1992), “Qatag‘on qilingan ilm” (1996), “Abdurauf Fitrat – adabiyotshunos” (1996), “Fitratning ilmiy merosi” (1996) kitoblari nashr etila boshlandi. Nihoyat, 1996 yil 7 dekabrda “XX asr boshlarida o‘zbek adabiyotshunosligi va Fitratning ilmiy merosi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga muvaffaq bo‘ladi. Qodiriy, Cho‘lpon haqidagi haqiqatni yuzaga chiqarish bobida I.Sultonov, M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, N.Karimovlar qanchalar jonbozlik ko‘rsatgan bo‘lsalar, Hamidulla ham safdoshlari qatori fitratshunoslikda katta jonbozlik ko‘rsatdi; bu xayrli tashabbus, shijoat doktorlik dissertatsiyasi himoyasi bilan cheklanib qolgani yo‘q, olimning bu boradagi ko‘lamli faoliyati hamon izchil davom etayotir. “Fitrat va jadidchilik” (2007) maqolalar to‘plami Fitrat merosiga yangi asr adabiyotshunosligi nuqtai nazaridan yondashishning chiroyli namunasidir. Bevosita H.Boltaboev muharrirligi, tarjimasi ostida adibning “Muxtasar islom tarixi” (1992), “Adabiyot qoidalari” (1995), “Aruz haqida” (1997), “Munozara” (1998) singari asarlari alohida kitob holida chop etildi; shuningdek, 2000-2010 yillar oralig‘ida “Ma’naviyat” nashriyotida allomaning besh jildlik Tanlangan asarlari Hamidullaning tabdil, tarjima, so‘z boshi va izohlari bilan nashr qilindi. Eng so‘nggi muhim tashabbus – Fitratning 1927 yili chop etilgan noyob kitobi “Eng eski turk adabiyoti namunalari” (2008), 1928 yili chiqqan “O‘zbek adabiyoti namunalari” (2013), yana o‘sha ukamiz Hamidullaning so‘z boshilari bilan “Mumtoz so‘z” nashriyotida qayta chiqishi savob ish bo‘ldi.

Milliy universitet rahbariyati, o‘zbek filologiyasi fakulteti ilmiy jamoasi taklifi bilan Hamidullaning 1998 yilda bu mo‘‘tabar o‘quv dargohiga professor lavozimiga ishga kelishi olim hayotida, ilmiy-ijodiy faoliyatida yangi bosqichni tashkil etdi. Oradan bir yil o‘tib, u o‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasi mudiri etib tayinlandi. Iste’dodli, serg‘ayrat olim bu mas’ul lavozimda g‘ayrat-shijoat bilan ishga kirishib, atoqli ustoz G‘ulom Karimov an’analarini yangi bosqichda shijoat bilan davom ettirdi. Bu yillari “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qabul qilingan, unga ko‘ra yangi tizim – bakalavriat va magistratura bosqichining Davlat standartlarini tayyorlash, o‘quv rejalari va dasturlarini tuzish harakati ketayotgan, mumtoz adabiyot bo‘yicha tubdan yangilangan o‘quv dasturi yaratish, magistratura bosqichi uchun yangi mutaxassislik fanlarini tavsiya etishdek dolzarb vazifalarni hal etish lozim edi. Hamidullaning sa’yi harakati bilan “Adabiyotshunoslik metodologiyasi”, “Adabiyotshunoslik va struktual metodlar”, “Tasavvuf va mumtoz poetika asoslari”, “Mumtoz tarixiy poetika”, “Nazariy poetika”, “Adabiyotshunoslik tarixi” o‘quv kurslarining reja va dasturlari ishlab chiqildi; ayni paytda, ana shu o‘quv kurslar bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalari yaratishga kirishildi. Qisqa fursat ichida “Islom tasavvufi manbalari (Tasavvuf nazariyasi va tarixi)” (2005), “Sharq mumtoz poetikasi” (2006, 2008) nomi bilan atalgan salmoqdor o‘quv kitoblari chop etildi. Professor H.Boltaboev tomonidan tayyorlangan, akademik N.Ibrohimov, A.Rustamov, shuningdek, N.Komilov, I.Haqqulov, B.Nazarov, S.Olimov, M.Komilovdek yetuk mutaxassislarning nigohi, sinchkov tahriridan o‘tib nashr etilgan har ikkala kitob ham talabalar, qolaversa, xos kitobxonlar uchun munosib tortiq, tashna qalblar uchun ayni ma’naviy obi hayot bo‘ldi. “Islom tasavvufi manbalari” va “Sharq mumtoz poetikasi” kitoblarining 2007 yili Respublika oliy ta’lim mutaxassislari orasida yilning “Eng yaxshi darsligi va o‘quv adabiyoti muallifi” tanlovida 1-o‘rinni egallab, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining maxsus mukofoti bilan taqdirlangani tasodifiy emas.

Ma’lumki, Sharq mumtoz poetikasi keng qamrovli tushuncha, u arab, fors va turk tillaridagi manbalar bilan cheklanmay, hind, xitoy, yapon, koreys kabi o‘nlab xalqlar adabiy-nazariy tafakkuri tajribalarini ham o‘z ichiga oladi. Mazkur qo‘llanmalarning birinchi kitobida islom tasavvufi, aniqrog‘i, islom tafakkuri ta’sirida shakllanib rivoj topgan, arab va fors tillaridagi manbalarning o‘zbekcha tarjimalari berilgan. Ikkinchi kitobda esa hind, xitoy, yapon, koreys tilidagi manbalarning e’lon etilishi rejalashtirilgan. Keyingi ming yillik davomida o‘zbek mumtoz adabiyoti rivoji birinchi galda ayni shu arab, fors va turk adabiyoti, badiiy, falsafiy tafakkuri bilan uzviy aloqada, hamkorlikda kechganligi kunday ravshan. Demak, mazkur o‘quv qo‘llanmaning ayni shu tarzda tashkil topishi teran mantiqiy-ilmiy asosga ega.

Farobiydan tortib, to Fitratga qadar ming yillikda yaratilgan g‘oyat boy ilmiy-adabiy manbalarni berishda maqbul yo‘l tanlangan – ham mumtoz poetika tabiatini, ham zamonaviy poetika nazariyasi tajribalarini nazarda tutgan holda ular “Badiiy so‘z tabiati, shoirlik ta’rifi”, “Surat (shakl) va ma’no birligi”, “Adabiy turlar, she’r navlari”, “She’r tuzilishi va aruz ilmi”, “Badiiy san’atlar”, “Qofiya ilmi”, “Til odobi, badiiy nutq va uslub” kabi tizimlarga solingan. Mazkur manba va talqinlar kitobi kamtarona tarzda “o‘quv qo‘llanmasi”, “majmua” deb atalsa-da, ayni paytda, jiddiy ilmiy tadqiqotlar mahsuli, hosilasidir. Undagi muqaddima, boblar oldida berilgan mualliflar haqidagi muxtasar ma’lumot, mavzuga oid keng talqin va sharhlar, kitob oxiridagi batafsil izohlar, shuningdek, ismlar, istilohlar ko‘rsatkichi yuksak ilmiy saviyada ado etilgan. Ushbu kitobdagi manba va talqinlar ham mumtoz poetika masalalarini, ham zamonaviy adabiyot nazariyasi muammolarini teran tushunuvchi nazariyotchi olim zahmatining natijasidir. Tasavvur qilib ko‘ring-a, olim “Islom tasavvufi manbalari” kitobida foydalangan “Asarlar ko‘rsatkichi”da 200 dan ortiq, “Sharq mumtoz poetikasi”da esa 150 ga yaqin manbalar ro‘yxatini keltiradi. O‘z-o‘zidan ravshanki, muallif keltirilgan manbalarning barchasini sinchiklab o‘rgangan.

Mazkur kitoblarda jamlangan islom tasavvufi, mumtoz adabiyotimiz poetik tafakkuri manbalari bilan tanishib chiqqanda, tabiiy ravishda kitobxon ko‘nglida milliy iftixor tuyg‘usi jo‘sh uradi: ota-bobolarimiz ming yillar muqaddam jahon ilg‘or tafakkuri bilan tanish bo‘lganlar, ayni paytda, jahon adabiy-estetik bisoti xazinasiga munosib ulush qo‘shganlar. Shunisi xarakterliki, XXI asrda Ovropa va jahonning boshqa mamlakatlarida yaratilgan va yaratilayotgan zamonaviy ruhdagi eng yangi adabiyot, san’at nazariyasiga oid kitoblardan ham ayni Sharq mumtoz poetikasiga oid maxsus boblar munosib o‘rin olmoqda. Qisqasi, H.Boltaboevning mazkur o‘quv qo‘llanmalarida ilgari surilgan bosh kontseptsiya G‘arb va Sharq mumtoz poetikasi mohiyat e’tibori bilan yaxlit poetik adabiy tafakkur jarayoni ekanligini tasdiqlashga qaratilgan.

Nihoyat, olimning ko‘p yillik mashaqqatli ilmiy izlanishlari natijasi o‘laroq uch jilddan iborat fundamental “Adabiy-estetik tafakkur tarixi” maydonga keldi. Mazkur tadqiqotning Mahkam Mahmudov bilan hamkorlikda yaratilgan 1-jildi “Qadimgi davr” 2013 yili “Mumtoz so‘z” nashriyotida chop etildi. Ikkinchi, uchinchi jildlari ham, asosan, yozib tugatilgan, hozirda nashr ishlari ketmoqda. Mazkur tadqiqot jahon adabiyotshunosligi va estetik tafakkurining ibtidosidan tortib, hozirgi kunga qadar bir necha ming yillik tarixini o‘zida mujassam etadi; aniqrog‘i, unda jahon adabiy tafakkuri sifatida tan olingan estetik qarashlar tadqiqi o‘rganilgan. Muayyan davr, millat yoki alohida buyuk shaxslar tomonidan yaratilgan ilmiy-nazariy hodisalar yaxlit umumbashariy tafakkur hodisasi sifatida taqdim etilgan. Sharq, G‘arb adabiy-estetik tafakkuridagi mushtarak va farqli jihatlar, uning sabab va oqibatlari mohiyati ochib berilgan. Mazkur ishda o‘tgan asr poyonida rus tilida yaratilgan 9 jildlik “Umumjahon adabiyoti tarixi” tajribalari ham nazarda tutilgan, ayni paytda, mualliflar nazariy muammolarga o‘ziga xos tarzda yondashganlar; jahon adabiyotshunosligi va san’atshunosligining boy tajribalariga, eng so‘nggi tahlil va talqin yo‘llariga tayanganlar. Qisqasi, mazkur tadqiqotda jahon estetik tafakkuri tarixini yangi asr talablari va darajasi nuqtai nazaridan qayta idrok etish nazarda tutilgan. Tadqiqotning bosh maqsad va vazifalari quyidagilardan, ya’ni:

– jahon adabiy-estetik tafakkuri tarixini global ko‘lamda tadqiq etish;

– adabiy-nazariy tafakkurdagi davriy bosqichlar mohiyatini aniqlash;

– Sharq va G‘arb tafakkuridagi mushtarak va farqli jihatlarga tipologik yondashish;

– ilmiy muammoga munosabatda sho‘ro adabiyotshunosligi va jahon adabiy-nazariy tafakkuri nisbatidagi kontseptual xususiyatlarni kuzatish; oxir-oqibat, ilg‘or jahon tafakkuri yo‘lining ustuvor ekanligini e’tirof etishdan iborat.

Aminmanki, jami 65-70 bosma taboqdan iborat mazkur salmoqdor tadqiqotning har uch jildi to‘la nashrdan chiqqach, unga to‘la-to‘kis baho berish imkoni tug‘iladi; hozirdanoq baralla aytish mumkinki, ana shunday umumjahon miqyosidagi ko‘lamli yaxlit ilmiy adabiy-estetik tafakkur tarixini ona tilimizda yaratishga intilishning o‘ziyoq tahsinga sazovor ilmiy jasoratdir.

O‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasiga mudirlik qilgan kezlari H.Boltaboev yangi o‘quv darsliklari, dasturlari, qo‘llanmalari ustida ishlash, fundamental tadqiqotlar olib borish bilan barobar Respublika va jahon miqyosidagi ilmiy anjumanlar, jamoat ishlarida faol ishtirok etdi, chunonchi, 1999-2000 yillari Tokio Davlat universitetida Turkiston tadqiqotlari markazi granti a’zosi; 2009 yil maydan – Koreya Respublikasi Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi va “Revi of Central Asian Studies” jurnal tahririyati a’zosi; 2009 yil 3 mayda Turkiya Jumhuriyati 18 mart universiteti (Chanoqqal’a) faxriy doktori; 2012 yil apreldan Xalqaro Estetika va erkin san’at ijtimoiy akademiyasi (Rossiya FA, Moskva) a’zosi; 2013 yil noyabrdan Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqko‘l forumi a’zosi; 2000-2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar markazida filologiya fanlari bo‘yicha Ekspertlar kengashi raisi, 2001-2006 yillari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Filologiya fanlari bo‘yicha Ekspertlar kengashi a’zosi; 2007-2011 yillari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti, Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti qoshidagi ixtisoslashgan ilmiy kengash a’zosi; 2008-2011 yillari Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti qoshidagi ixtisoslashgan kengash a’zosi; 2011-2013 yillari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Tanqid va adabiyotshunoslik Kengashi raisi vazifalarini ado etib keldi.

Xalqaro va mamlakat miqyosidagi ilmiy anjumanlarda u 50 dan ortiq ma’ruzalar bilan chiqishlar qilgan, xorijiy nashrlarda 10 dan ortiq ilmiy maqolalari e’lon etilgan; matnshunoslik, noshirlik, mas’ul muharrirlik, dissertatsiyalarga ilmiy rahbarlik va rasmiy opponentlik kabi ishlarining son-sanog‘iga yetish qiyin; u 2008 yil 15 iyundan O‘zbekiston Axborot va matbuot agentligi “MUMTOZ SO`Z” MChJ nashriyoti ta’sischisi va direktori sifatida faoliyat ko‘rsatayotir; o‘tgan qisqa fursat ichida mazkur nashriyotda mumtoz va zamonaviy adabiyotimizga oid o‘nlab noyob adabiy manbalar, yetuk adabiy siymolar hayoti va ijodiga oid teran tadqiqot, adabiy-tanqidiy maqola, suhbat, xotiralar to‘plamlari chop etildi. Ular allaqachon keng adabiy-ilmiy jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Bu tinib-tinchimas, serg‘ayrat, serqirra, sinchkov olim – ijodkor, murabbiy ukamiz bilan qirq yildan ortiq hamkoru hamnafas, hamjihat bo‘lish baxti nasib etganidan bir umrga shukronalar aytaman; shu yillar davomida bitilgan, o‘zim uchun aziz tuyulgan barcha asarlarim qo‘lyozmalarini uning nigohidan o‘tkazib, so‘ng nashrga taqdim etganman, qator kitoblarim uning muharrirligi va so‘zboshisi bilan chop etilgan; bir qator hamkasb, shogirdlar qatori Hamidulla bilan ikki bor adabiy-ilmiy suhbat o‘tkazganmiz, “Jahon adabiyoti”, “Tafakkur” jurnallarida chiqqan, so‘ng kitoblarimga kirgan “Yangi nazariy tamoyillar va yangilanayotgan adabiy jarayon”, “Bugungi adabiyotda estetik ideal va qahramon muammosi” ustida kechgan jo‘shqin ilmiy-ijodiy muloqotlar jarayonini hayotimdagi eng qizg‘in, ham mashaqqatli, ham zavqli onlarimdan, deb bilaman.

Ilm-fan, ta’lim-tarbiya yo‘lida qirq yillik boy tajriba sohibi – zahmatkash ukamiz, do‘stimizni oltmish yoshlik to‘yi bilan qutlar ekanmiz, hozirgi shashti hech qachon so‘nmasligini, unga hayotda hamisha omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 5-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.