OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Oripov. Maftunkor she’riyat (2009)

To‘g‘ri, azal-azaldan har qanday badiiy asarni baholashda ma’no-mazmun va badiiy saviya asosiy mezon bo‘lib kelgan. Afsuski, ushbu mezonning ma’no-mazmun qismi ko‘pincha davrlar mafkurasi tazyiqiga uchragan. Biz so‘z yuritayotgan o‘tgan asr she’riyatimiz ham ushbu zulmkor jarayondan xoli bo‘la olmadi. Bu kabi kechmishlar endilikda achchiq saboqqa aylanib qoldi. O‘tgan asrda xalqimiz yaratgan moddiy boyliklar qanchalik mo‘l-ko‘l va salobatli bo‘lmasin, uning o‘zi boshqalarga mut’e edi, boyligi talon edi.

Demak, xalqning ruhiyati ham bus-butun emas edi. Shunday murakkab sharoitda ijodkorlar goho hukmron mafkura ko‘rsatmalariga quloq solishga majbur bo‘lsalar, goho esa muttasil tashviqot ta’siri ostida o‘sha mafkuraning vakillariga ham aylangandilar.

Sobiq tuzumning asossiz va muvaqqat g‘oyalarini bayroq qilaverish qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishini biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Ne-ne porloq iste’dod egalarining o‘sha zamonni ulug‘lab yozgan asarlari endilikda hech kimga kerak bo‘lmay qoldi. Bu esa, tabiiy holdir.

O‘sha zamon adabiy mafkurasining g‘ayritabiiy usullaridan yana biri shu ediki, ular har qanday obrazlilik tagidan yoxud hayotiy kayfiyat pardasi ortidan, albatta, g‘oyaviy-siyosiy kamchilik axtarar edilar. Har qanday oddiy she’rdagi, deylik, yulduz tashbihini sharhlab, “Bu yulduz qaysi tuzumning yulduzi?” qabilidagi savollarni o‘ylab topishardi. Hijronni kuylash esa, shubhasiz, tushkunlik deb e’lon qilinardi (Xuddi shu aybnoma keyinchalik Hamid Olimjon xotirasiga she’rlar bitgan shoira Zulfiyaxonimga ham qo‘yildi).

Shunday muhitda ijod qilgan shoirlarning mutlaqo yalang‘och satrlar bitishdan o‘zga ilojlari yo‘q edi. O‘tmishga murojaat qilish o‘ta xatarli edi. Urush davri bo‘lgani sababli “Muqanna” kabi asarlarda ozodlik tuyg‘usi kuylangani uchun o‘sha paytlarda muallifga teginishmadi. Lekin keyinchalik shu ruhdagi “Jaloliddin Manguberdi” asarini yozgani uchun Maqsud Shayxzoda qatag‘onga uchradi. Balki Hamid Olimjon barvaqt ko‘z yummaganida uning boshiga ham Shayxzodaning kuni tushardi.

U davrlarda o‘z ona xalqiga “Xalqim” deya murojaat etish ham millatchilik hisoblanardi. Bunday misollarni, afsuski, yuzlab keltirish mumkin.

Xalqimiz mustaqillikka erishgach, nainki olis moziy, balki yaqin o‘tmishdagi voqea va hodisalarga, jumladan, badiiy asarlarga munosabat masalasi ham daf’atan maydonga chiqdi. G‘alvirni suvdan ko‘targanda esa, soxta g‘oyalarga xizmat qilgan asarlar o‘z-o‘zidan nazardan chetda qoldi. Xalqning o‘lmas ruhiyatini, qadriyatlarini, milliy o‘ziga xosligini, va nihoyat, bebaho til boyligini mujassam eta olgan haqiqiy ijod namunalarigina yashashga haqli ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Modomiki, asosiy mezon borliqni yuksak san’at darajasida kuylay olish ekan, Hamid Olimjonning otashin she’riyati ham o‘zining nozik va inja ruhi, toza va beg‘ubor til boyligi bilan muhtasham nazm koshonasini bugun ham bezab turibdi. Bu go‘zal she’riyat haqida o‘ylaganimizda ko‘z oldimizdan betakror tashbihlar, latif tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan quyma satrlar o‘ta boshlaydi. Shoirning Vatan mavzusida yozgan misralari doimiy hamrohimiz bo‘lib qoldi:

Vodiylarni yayov kezganda,
Bir ajib his bor edi manda, —

deb yozgan edi shoir “O‘zbekiston” she’rida. Yoxud shoir yurtni kuylash uchun “Daryo kabi uyg‘oq o‘turman”, deydi. Go‘zallikni vasf etar ekan, yorning jamoli qoshida “Oftob ham kuygay”, deb qo‘yadi.

Hamid Olimjon, avvalambor, lirik shoir. Biz ko‘pincha lirika deganda mazmuniga ko‘ra muhabbat yoki manzaraga oid she’rlarni tushunib yuramiz. Holbuki, quruq bayonchilikdan iborat “lirika”lar ham yo‘q emas. Haqiqiy lirik asarda ko‘z ham, quloq ham ilg‘ay olmaydigan, faqat ruhning torlarigina seza oladigan titratmalar mavjud bo‘ladi. Go‘zal va teran lirik holatni eng buyuk rassomlarning rangtasvirida ham uchratamiz. Bundoq asarga yillab termulsangiz ham to‘ymaysiz, u sizning ruhiy holatingizni butunlay boshqa o‘zanga burib yuborishga qodir.

O‘zbek she’riyatida lirikaning eng go‘zal va nafis namunalari, albatta, bor. Lekin Hamid Olimjon lirikasi boshqa birorta shoirning lirikasiga aslo o‘xshamaydi. Bu lirika marmar kabi tiniq, lekin sovuq emas. Unda tasvir ham, ohang ham bo‘lakchadir: “Shag‘irlaydi betinim daryo, Shag‘irlaydi vahm to‘la jar”, “Holbuki, tun — bunda odatda, Butun borliq uxlarday sokin”, “Xayolimda bo‘lding uzun kun, Seni izlab qirg‘oqqa bordim. Och to‘lqinlar pishqirgan tunda, Topib ber, deb oyga yolvordim”.

Bundoq durlar shodasini maroq bilan yana davom ettirishimiz mumkin. Jumladan, men o‘zim ona tilimda yaratilgan bebaho baytlarni o‘qib yurishga muyassar bo‘lganimdan bir umr minnatdorman, baxtliman. Ushbu sehrli misralarni oyning nim qorong‘usida sokin shivirlayotgan soy bo‘ylarida jimgina takrorlash naqadar yoqimli... Demak, lirika ruhning suvratidir.

Hamid Olimjonning she’riy misralarni sayqallash ustida bahodirona ter to‘kish mahorati ham hali necha-necha avlod shoirlariga ibrat bo‘lib qolgusidir.

Bizning qadimiy xalqimiz garchi dunyoga Amir Temurdek buyuk sohibqironni bergan bo‘lsa ham, o‘zining boshi muttasil bosqinlardan chiqmadi, ko‘p qirg‘inlarni ko‘rdi. Masalan, karvon yo‘llari kesishadigan hududda joylashgan Qarshi shahri atrofida eski qabristonlar juda ko‘p. Chunki yov har safar bostirib kelganda aholini butunlay qatli om qilgan. Chindan ham o‘zbek xalqi tarixini ozodlik uchun kurash tarixi, deb aytishimiz mumkin. Eslaylik, qo‘ni-qo‘shni hududlardan kelgan istilochilarga qarshi kimlar kurashmadi! Ularning nomlarini xalq o‘z ijodida abadiy muhrlab qoldirdi. Bu o‘rinda, xayolimizga, albatta, To‘maris va Shiroq kabi fidoyilarning siymolari keladi. Keyin ham bu bosqinlar davom etdi. Jumladan, Aleksandr Makedonskiyning tajovuziga qarshi chiqqan Spitamenning nomi dostonga aylandi. Iskandardan so‘ng tuprog‘imizga Qutayba yurishi boshlandi. Xalq orasida Muqannadek yovqur zot paydo bo‘ldi-yu, uning nomi ham ozodlik kurashchisi sifatida dovruq qozondi. Chingiz galalari, va nihoyat, chorizm yurtimizni ishg‘ol etdi. Ularga qarshi kurashganlarning maqomlari esa g‘oyat sharafli va g‘ururbaxshdir. Bu zotlar — Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur hamda hozirgi temuriyzodalar hisoblanadilar.

Tabiiy, hech qanday bosqinchilikni oqlab bo‘lmaydi. Boshqalarning yerini egallashga oddiy xalq emas, balki ayrim guruhlar doimo ishqiboz bo‘lib kelganlar. Ozodlik, mustaqillikning o‘zi esa, barcha xalqlar uchun bab-baravar tarixiy zarurat bo‘lib qolavergan. Hamid Olimjon o‘tkir iste’dodi bilan ozodlik tuyg‘usini kuylashga intildi. Shu maqsadda shoir “Muqanna” tarixiy asarini yaratdi. Chorasizlik iskanjasida qolgan Muqanna so‘nggi damda o‘zini olov qa’riga tashlar ekan, deydi:

Xalqqa ayting, men aslo o‘lganim yo‘q,
Yov qo‘liga taslim ham bo‘lganim yo‘q;
Men elimning yuragida yashayman,
Erk deganning tilagida yashayman!

Axir, bu o‘tli satrlar jafokash va jabrdiyda xalqning asl maqsadi, orzusini ifoda etgan otashin nido emasmi?

Hamid Olimjon tahdidlarga to‘la murakkab bir zamonda ijod qildi, faoliyat yuritdi. U Shoir va Shaxs sifatida imkon qadar xalqimizning ma’naviy qadriyatlarini ulug‘lashga harakat qildi. 1939 yilda “Alpomish” dostonini nashrga tayyorladi va chop ettirdi. Bu esa, shubhasiz, jasorat edi. Afsuski, oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan, 1952 yilning yanvarida mazkur doston yana tazyiqqa uchrab ma’n etildi. Istiqlolimiz va Yurtboshimiz sharofati bilangina “Alpomish”ga yorug‘ kunlar nasib etdi.

Hamid Olimjon Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik paytida xalq og‘zaki ijodiga astoydil e’tibor berib, atoqli baxshilar Fozil shoir, Islom shoirlarga munosib shart-sharoit yaratdi, ularga kotib va maosh tayinladi. O‘sha yillarda fidoyi folklorshunos olimlarning ko‘magi va jonbozligi bilan xalq baxshilarining ajoyib termalari, katta-katta dostonlari yozib olinib, nashr etildi. Albatta, shoirning milliy qadriyatlarimizga beqiyos mehri uning o‘z ijodida ham iz qoldirdi. Bu o‘rinda “Oygul va Baxtiyor”, “Semurg‘” kabi dostonlarni eslash kifoyadir.

Urush har qanday sharoitda ham siyosatning so‘nggi chegarasi bo‘lib kelganki, o‘tgan asrda ikkinchi jahon muhorabasi yer yuzidagi ko‘plab xalqlar qatori bizning xalqimizni ham o‘z domiga tortdi. Bu mash’um qirg‘inda o‘zbeklarning necha yuz minglab farzandlari halok bo‘ldilar. Hamid Olimjon o‘sha yillari jo‘shqin shoir sifatida elga keng tanilgan edi. Shoirning yovuzlikka, insoniyatning umumiy dushmaniga qarshi cheksiz nafrat bilan yozgan she’rlari, balladalari tarix bo‘lib qoldi.

Hamid Olimjonning oilasi adabiy oila edi. U Zulfiya opamizni shoira va sadoqatli rafiqa sifatida boshiga ko‘tardi, hamisha ardoqladi.

Adabiyotimizda har bir ijodkorning o‘z o‘rni va maqomi bor. Ularning nomlari, ayniqsa, istiqlol yillarida haqqoniy bahosini topmoqda. Mamlakatimiz poytaxti hamda boshqa manzillarda ulug‘ zotlarimizga muhtasham yodgorliklar o‘rnatilmoqda, shoh ko‘chalar, metro bekatlariga nomlari qo‘yilmoqda. Bu xayrli ishlar barchamizga g‘urur bag‘ishlab turibdi.

Muhtaram Yurtboshimiz rahnamoligida ma’naviyatimizga e’tibor behad kuchaygan bugungi kunlarimizda Hamid Olimjonning boy ijodiy merosi ham o‘zining shoyon qadrini topayotir. Shoirning yuksak ijodi, maftunkor she’riyati qalbimizda olijanoblik va go‘zallik tuyg‘ularining barqaror bo‘lishiga xizmat qilaveradi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 18-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.