OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Shoir ruhi qush kabi erkin (2010)

Bu kech qo‘shni chorboqqa
Kelin tushdi yor-yor.
Ilojim yo‘q bormoqqa,
Ko‘nikaman zor-zor.
Onam aytar: — Zerikmay,
O‘g‘lim, to‘yga bor-bor!
Yo‘q, bormayman, borishdan
Or qilaman, or-or!..

Ushbu mashhur qo‘shiqni ko‘pchilik biladi, ammo uning she’rini kim yozgan deb so‘rasangiz, aksariyat muxlislar yelka qisadi. Bu she’r o‘tgan asrning ikkinchi yarmida adabiyotga yonib kirgan, ijodidagi tug‘yon ruhi, betakror ohangi Cho‘lpon va Usmon Nosirni eslatib yuboradigan otashnafas shoir Asqar Qosimov qalamiga mansub. Biz Asqar bilan universitetda besh yil birga o‘qiganmiz.

Esimda, talabalikning ilk kunlari, o‘qishlar boshlangandan bir necha kun o‘tgach, oramizda yangi saboqdosh paydo bo‘ldi. O‘rta bo‘yli, yirik ko‘zlari sinchkov va andak faromush boqadigan, egnida odmigina uy kiyimi, oyog‘iga omonatgina shippak ilib olgan bu yigit orqa qatorda indamaygina o‘tirar, hech kim bilan ochilib-yozilib gaplashmas edi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Asqar «rezerv»-zahira (o‘sha davrda shunday tartib-qoida ham bo‘lgan) maqomida o‘qishga qabul qilingan, tortinib-qimtinib yurishining sababi shundan bo‘lsa kerak, deb o‘ylar edik. Yanglishgan ekanmiz. Asqar rostakamiga talaba bo‘lganidan keyin ham o‘sha kamgapligi, xayolparastligicha qoldi.

U... shoir edi. Ilk mashqlari matbuotda, to‘plamlarda chop etilganini bilib, unga havasimiz kelardi. Ijodkor-talaba har doim domlalar va kursdoshlarning alohida bir diqqat-e’tiborida bo‘lishi tabiiy. Asqar ham shunday sharafga noil edi. Paxta yig‘im-terimi hasharida undagi iste’dod kutilmagan bir jihatlari bilan namoyon bo‘ldi. Har oqshom «barak»-yotoqxona yonidagi sayxonlikda bo‘ladigan o‘yin-kulgi, she’rxonlik (biz bu tadbirni «Lirika kechalari» deya shoirona nom bilan atardik) beg‘ubor, betakror talabalik hayotimizga o‘zgacha bir zavq-shavq, shukuh baxsh etardi. Shunday kechalarning birida Asqar davraga chiqib she’r o‘qidi. Stalin qatag‘oniga uchrab, yosh umri xazon bo‘lgan Usmon Nosir haqidagi bu she’rning ayrim misralari xotiramga shundoq muhrlanib qolgan:

O, Usmon, shoirim,
She’ri qoyilim,
Tirik bo‘lib seni
Yerda ko‘rmadim,
O‘lik bo‘lib seni
Go‘rda ko‘rmadim.

Asqar she’rni allanechuk bir titroq ovozda, zo‘r hayajon va dard bilan o‘qidi. Dardini boshqalarga ham «yuqtira» oldi. Yangroq qarsaklar uzoq davom etdi. She’r yozib, she’r o‘qib muxlislarni qoyil qoldirgan shoirni paxta davrida boshqa uchratmadik.

Keyinchalik mashhur bo‘lib ketgan o‘sha «Yor-yor» she’rini ham Asqar paxta hasharida yurganimizda yozgan va ilk bor menga o‘qib bergan edi. Men uni avval xalq qo‘shig‘i, deb o‘ylaganman. Uslub shu qadar sodda, xalqona ediki undagi ohangdorlik, kuygan ko‘ngil faryodi, har bir so‘zning alohida jaranglab turishi Cho‘lpon she’riyatini eslatardi. Cho‘lpon Asqarning eng sevimli, ixlos qo‘ygan shoiri edi.

Kunlarning birida Asqar meni «Yuring, sizga bir narsa ko‘rsataman!», deya Ko‘kchadagi hovlisiga boshlab bordi. Kitob va qo‘lyozmalar orasidan bir papkani avaylab oldi. Bu — Cho‘lponning mashinkada ko‘chirtirilgan she’rlari ekan. O‘sha davrda o‘zi ham, ijodi ham qatag‘onga uchragan Cho‘lponning kitobi tugul, bironta she’rini topib o‘qish ham mushkul edi. Suvsiz sahroda tashna bo‘lgan yo‘lovchidek bu she’rlarni yutoqib o‘qiy boshladim. Shunda Asqarning she’rlaridagi botiniy dard, betakror ohang ildizlari menga oshkor bo‘lgandek tuyuldi. O‘sha kezlarda universitetda qizil mafkuraga astoidil berilgan va ishongan ayrim domlalarimiz darsda Cho‘lponni ochiqdan-ochiq yomonlab gapirar, taniqli adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov esa Cho‘lponni yoqlashga jur’at etar, hali oq-qorani tanib ulgurmagan talabalar goho ikkilanib ham qolar, harqalay, Ozod akaning fikrlari haqiqatga yaqinroq bo‘lsa kerak, deb o‘ylar edik. Asqar bu masalada kelajakni go‘yo oldindan ko‘rgandek, bizdan ancha ilgarilab ketgandi. U Cho‘lponni xalq dardini kuylagan, chinakam milliy, buyuk shoir deb bilar, shunday ulug‘ siymolarni qatag‘on etgan sho‘ro hukumati va mafkurasini butun vujudi bilan yomon ko‘rar edi. Nafratini yashirib o‘tirmasdi. Ayni chog‘da u fikrini ochiq-oydin aytish bilan inqilob yasab bo‘lmasligini ham yaxshi tushunar, aksariyat ijodkorlar singari yo‘lini topib, o‘z g‘oya-qarashlarini turli ramzlar va tarixiy shaxslar obrazi orqali ifodalashga urinardi.

Asqarning turli yillarda chop etilgan va menga dastxat bilan sovg‘a qilgan «Favvora», «Moviy osmon», «Zamin ko‘rki», «Tolbargak», «Ko‘ngil kabutari», «Sirlar» kabi kitoblarini qayta-qayta varaqlayman. Shoirning ko‘ngil kechinmalari, dardu armonlari, she’riy san’atini yanada teranroq anglashga urinaman. Kitoblardagi she’rlarning asosiy ma’no-mazmuni, pafosi, shubhasiz, xalq, millat dardu quvonchi, orzu armoni bilan bog‘liq mavzular edi. Buni shoirning o‘zi ham ochiq e’tirof etgan: «Shoirlik deganda biz o‘ta sezgirlik bilan bashariyatga beminnat, halol xizmat qilishni tushunamiz. Rosmana shoir jamiyatda bo‘lgan, bo‘layotgan, bo‘lg‘uvsi quvonch yoki qayg‘udan payg‘om berib, goh kelajakka, goh kechmishga xayolan parvoz qilib kishilarni hushyorlikka undaydi».

Asqar Qosimovning shoir Turdi Farog‘iyga bag‘ishlangan «Obida» dramatik dostoni, «Samo sirlari» fantastik dramasi, Prometey haqidagi «Sirlar» dostonida shoirning asosiy e’tiqodiga aylangan «bashariyatga beminnat, halol xizmat qilish» g‘oyasi ustuvor. Moziyga, tarixiy shaxslarga murojaat bejiz emas. U zamonlarda zamonaviy mavzuda qalam tebratgan shoir o‘z qarashlarini ochiq-oydin ifoda etishi qiyin edi.

«O‘zbekiston» so‘zini birinchi bo‘lib tilga olgan Turdi Farog‘iyning ijodi va hayot yo‘li shoirga ilhom bergan. Turdining «Tor ko‘ngillik beklar, man-man demang, kenglik qiling, To‘qson ikki bori o‘zbek yurtidur, tenglik qiling!», degan o‘sha mashhur satrlari shoir ilgari surgan g‘oyalarga hamohang edi.

«Monandi qush shoir ruhi ozoddir, She’rda uning qo‘llagani tazoddir», deydi shoir bir she’rida. Mumtoz sharq she’riyatida o‘zaro zid tushunchalarni ifodalovchi so‘z yoki iboralarni qo‘llashdan iborat, keng tarqalgan badiiy tasvir vositasiga tazod, deyiladi. Shoir bu bilan go‘yo she’riyatidagi timsollar, nimkosalarga ishora qiladi. Kitobxonni sergak, sinchkov bo‘lishga undaydi...

Bir voqea esimdan chiqmaydi: o‘tgan asrning oltmishinchi yillari oxiri edi. Yozuvchilar uyushmasining Hadicha Sulaymonova ko‘chasidagi eski binosida bo‘lib o‘tgan bir adabiy anjumanda Asqar yurtimiz, millatimiz kamsitilayotgani ayon ifoda etilgan bir she’rini o‘qib yuboradi. Hamma hangu mang, hay’atda o‘tirgan uyushma rahbarlari ham taajjubda qolishadi...

Asqarning muharrir sifatidagi bilimi, malakasiga ko‘pchilik havas qilar, unga eng mas’ul vazifalar, muhim qo‘lyozmalar ishonib topshirilar, shoir mumtoz, zamonaviy va jahon adabiyotini puxta bilar edi. Ijodi kamroq o‘rganilgan, merosi xalqqa hali to‘la yetib bormagan ijodkorlarga alohida ixlos, e’tibor bilan qarardi. Shu bois Abdulla Avloniy, Nasimiy kitoblariga suyunib, bajonidil muharrirlik qilgandi. Ustozim Mirzakalon Ismoiliy «Farg‘ona tong otguncha» romaniga Asqar muharrirlik qilgani va u bilan bo‘lgan muloqotdan qoniqish hosil qilganini xursand bo‘lib gapirgan edi. Asqar mohir tarjimon ham edi. Qadimgi yunon adibi Apuleyning «Evrilishlar yoxud Oltin xo‘tik» (Mahkam Mahmud bilan hamkorlikda), Yevripidning «Medeya», Esxilning «Qabr oldidagi qurbonlik» asarini ona tiliga yuksak mahorat bilan tarjima qilgan. «Medeya» asosida telespektakl ham qo‘yilgan va bu asar madaniy hayotda voqea sifatida e’tirof etilgan edi.

Asqar duch kelgan odam bilan osongina elakishib ketavermas, diliga, didiga o‘tirib qolgan odamning qadriga yetar, kerak bo‘lsa boshqalar uchun jonini ham ayamas, ammo hayotda o‘zi uchun, o‘z manfaati uchun hafsala qilmas edi. Hayotga moslashishni, ayrim olg‘irlar kabi og‘irning ustidan, yengilning ostidan o‘tishni bilmasdi. Nihoyatda sodda, ishonuvchan, kamtar-kamsuqum edi.

Asqar bilan maktabdosh bo‘lgan, harbiyda birga xizmat qilgan, uning butun turish-turmushi, hayotini yaxshi bilgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik o‘zining «Shaytanat» asarida Asqar Qosimovning esda qoladigan obrazini yaratdi. Shoir hayotidagi fojea sabablarini ta’sirchan ochib berdi.

«Nohaqlikni ko‘rsam qalbim bozillar, Ne qilay mum tishlab tursa fozillar?..», deb kuyunib yurguvchi shoirning oilaviy hayotda ham omadi chopmaydi. Ikki marta turmushi buziladi, halovati yo‘qoladi. Yashashga ishtiyoqi so‘na boshlaydi. Dunyo ko‘ziga qorong‘u ko‘ringan, yo hayot, yo mamot masalasi ko‘ndalang turgan lahzalarda ayrim yaqinlari dardiga darmon bo‘lish, ko‘nglini ko‘tarish o‘rniga uni tushunmaydilar, qaytanga yarasiga tuz sepib, o‘zlarining mayda manfaatlari girdobiga torta boshlaydilar. «Tez-tez rangli tushlar ko‘ryapman, — degan ekan u o‘sha kunlari yaqin hamkasb do‘sti Mirjalol Tursunov (shoir Mirtemirning o‘g‘li)ga, — menga yuring, sizni olib ketamiz deyishyapti... Ketvorsammikin...»

Bu timsol-ishoraning ma’nosi tez orada ma’lum bo‘ladi...

Albatta, o‘z ijodi bilan haqli ravishda faxrlanishga, bunday iftixor tuyg‘ularini baralla she’rida ifodalashga ancha-muncha ijodkorning jur’at etishi qiyin. Asqar esa bunga botina olgan edi:

Atirgullar o‘z mushkin
Sochar she’rimga.
Quchog‘ini mangulik
Ochar she’rimga.
Hozirdanoq saflarda
Bastu bo‘yim bor.
Jaranglagan tor kabi
Sohir kuyim bor.
 
Hech vaqt unga devorlar
To‘siq bo‘lolmas!
Yetib borgay qalblarga,
Qog‘ozda qolmas.

O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 23-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.