OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umarali Normatov. Mirza akaning nadomati (2009)

Taniqli yozuvchi, publitsist va tarjimon Mirzakalon Ismoiliyni biz tengi tanish-bilishlari ixchamgina qilib “Mirza aka”, deb atar edik. Kamina ham bir oddiy kitobxon, qolaversa, munaqqid sifatida uning qalami ostidan chiqqan har bir asarini muntazam o‘qib, kuzatib borardim. Ularning ayrimlari haqida yozganman, radio va televideniedagi eshittirish-ko‘rsatuvlarda qatnashganman. Ayni paytda, bir necha bor Mirza akaning suhbatlarini olganman.

Adib tug‘ilgan kunning yuz yilligi munosabati bilan matbuot va televideniedagi qator chiqishlar, xususan, Zuhriddin Isomiddinov, Shodmonbek Otaboevning maqolalari ko‘plar qatori menda ham yaxshi taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Tohir Malikning “Ozod inson haqida qo‘shiq” qissasini maroq bilan o‘qib chiqdim.

Mirza akaning ayni shu nomdagi urush davriga oid ocherki bilan atalgan bu hujjatli qissa, aslida, adib to‘g‘risidagi xotiralardan iborat. Xalqimizda “Jigar — jigar, digar — digar”, degan naql bor. Yaxshi xotira yozish uchun, avvalo, mahorat kerak, mahorat bilan barobar xotiranavis qahramonining shaxsiyati va hayotini yaqindan biladigan, balkim, unga shaxsan daxldor zot bo‘lishi darkor. Ayniqsa, qalam ahliga yaqin ijodkor odamning u haqida yozganlari o‘zgacha shukuh kasb etadi. Bunga jahon adabiyotida ham, o‘zimizda ham yorqin misollar ko‘p. Chunonchi, “Otam haqida”, “Qodiriyning so‘nggi kunlari”, “Oybegim mening”, “Chorak asr hamnafas”, “Shoiraning feruza olami” kabi Habibulla Qodiriy, Zarifa Saidnosirova, Kibriyo Qahhorova, Said Ahmad qalamiga mansub xotira asarlari bu da’voni to‘la tasdiqlaydi. Mirza akaning jigari — jiyan va shogird — taniqli yozuvchi Tohir Malikning “Ozod inson haqida qo‘shiq” qissasi ham, meningcha, o‘sha asarlar qatoridan o‘rin olishga haqli.

Qissa til, ifoda, badiiy talqin, syujet-kompozitsiya tuzilishi jihatidan o‘ziga xos. Voqea-hodisalarni ifodalashda muallif zamonaviy adabiyotda keng urf bo‘lgan retrospektiv — ortga nazar tashlash usulidan unumli foydalanadi, qahramon umrining so‘nggi sarhisob daqiqalaridagi tig‘iz ruhiy holat ifodasi orqali kechmishga qaytib, bot-bot uning umr daftarini varaqlash, aniqrog‘i, hayotidagi eng hayajonli dramatik lavhalarni birma-bir ko‘z oldimizda gavdalantirish yo‘lidan boradi. Hayotda bo‘lib o‘tgan real voqealar, aniq shaxslar bilan bog‘liq hodisa-holatlar ham bosh qahramon, ham muallif tasavvurida uyg‘unlashgan holda g‘aroyib polifoniya hosil etgan, og‘ir xasta holda goh hushiga kelib, goh behush yotgan odamning xayolidan o‘tgan kechinmalar unga nihoyatda yaqin shaxs — muallif tasavvurlari orqali berilishi xotira-qissaning hujjatlilik xususiyatini saqlagan holda asarning badiiy ufqini xila kengaytirgan.

Qissa mutolaasi jarayonida beixtiyor Mirza aka bilan muloqotlarim chog‘ida bu ko‘pni ko‘rgan o‘ta tortinchoq, kamtarin, kamsuqum odamning o‘zim shohid bo‘lgan ayrim xislatlari, uning o‘zi menga aytib bergan sarguzashtlari, ayniqsa, qissaga kirmay qolgan qamoqxona hayotiga oid bir hayajonli voqea yodimga tushdi.

O‘tgan asrning yetmishinchi yillari oxirlari, iliq kuz fasli. Semashko nomidagi shifoxonada davolanayotgan edim. Mirza aka ham shu yerda ekanlar. Bir necha kun tushlik va kechki taomdan so‘ng shifoxona binosi orqasidagi ko‘rkam bog‘da u kishi bilan birga sayr etib, soatlab suhbatlashgan edik. Universitetda o‘qigan yillari, dars bergan mashhur olim-domlalar haqida g‘oyat qiziq va qimmatli xotiralarini tinglab, ularni kitob qilish mumkin-ku, deganimda, “Vaqti kelar, yozarman”, degan edilar... Mirza aka negadir xonasiga kirishni xohlamasdi. Bir gal sababini so‘raganimda, xonada to‘rt bemor turishini, hamxonalari orasida uni tushunadigan zot yo‘qligini, boz ustiga, bu yerda davolanish barobarida ijodiy rejalar bilan kelgani, ishlash uchun esa bu yerdagi sharoit nochorligidan shikoyat qildi. Shunda men: “Ijod ahlini nihoyatda hurmat qiladigan fan doktori, professor, kardiologiya kafedrasi mudiri Ziyod Dolimovga uchrashib, qulayroq sharoit yaratib berishni iltimos qilsangiz bo‘ladi-ku”, dedim. Mirza aka bir oz o‘ylanib turib: “Men Ziyodni yaxshi bilaman. U ham meni hurmat qiladi. Ikkovimiz deyarli tengdoshmiz. Ammo men hech kimdan, hatto yaqin odamlarimdan ham hech qachon hech narsa iltimos qilmaslikka ont ichganman”, — dedi qat’iy qilib. So‘ng Qarag‘andadagi qamoqxonada bo‘lib o‘tgan bir voqeani hikoya qilib berdi. Qarangki, o‘sha kuni kechasi uni yon daftarimga yozib qo‘ygan ekanman, asl holida Siz aziz o‘quvchilarga taqdim etayotirman, o‘qib ko‘ring-a:

...Qarag‘andaning qahraton qish chillasi. Bir haftaki qor bo‘roni ko‘z ochirmaydi. Sovuq yigirma-o‘ttiz darajadan pastga tushmaydi. Tuflangan tufuk muz parchasiga aylanib, yerdagi qor qatlamini o‘yib ichkari kirib ketadi. Turadigan maskanimiz — yog‘och barak bilan ish joyimiz — shaxta orasi besh-olti chaqirim yo‘l. Ayniqsa, ishdan qaytish chog‘i tanamdan darmon ketib oyoqlarim kalovlanib, yurolmay qolaman. Hamrohlarim ikki qo‘ltig‘imdan suyab arang barakka olib kelishadi. O‘shanday kunlarning birida yoshi mendan ulug‘roq, ammo chayir do‘stim: “Mirza, bu ketishda yo bedavo dardga yo‘liqasan, yoki nobud bo‘lib ketasan. Yaqinda lagerga yangi rahbar kelgan. O‘qimishli, ziyoli odam deyishadi. Axir sen jurnalist-yozuvchisan, ruschaga, yozuv-chizuvga ustasan, kotiblikka ham yaraysan. Huzuriga kir, ahvolingni tushuntir, iltimos qil. Lagerda senbop ish topiladi”, — deb maslahat berdi. Bu gap menga ma’qul tushdi. Ertasi ertalab yangi rahbar huzuriga kirdim. Yoshgina, ko‘rinishidan ziyolinamo yigit ekan. Yaqin olib dardimni — arzimni aytdim. Birdan qovog‘i uyulib, qahri qo‘zg‘ab, istehzo bilan otasi tengi odamga — menga chaqchayib, sensirab: “Hali jurnalistman, degin, boz ustiga yozuvchiman, degin!.. Qani o‘sha yozadigan qalaming, menga ber-chi!” — deya o‘rnidan turib, birdan tepamda hozir bo‘ldi. Cho‘ntagimdan qalamimni olib uzatganimda, uni ikki qo‘llab shartta sindirdi-da, xona burchagidagi savatchaga irg‘itdi, shu zahoti bor ovoz bilan o‘kirganicha ad’yutantini chaqirdi va unga kurak olib kelishni buyurdi. Hayal o‘tmay u aytgan matohni keltirdi. Boshliq kurakni uning qo‘lidan siltab olib menga tutqazdi-da, qat’iy buyruq ohangida: “Iltimosing qondirildi, bugundan boshlab shaxtaga qatnamaysan, barak bilan hojatxona orasidagi yo‘lakni qordan tozalab turasan. Agar yo‘lakda bir kaft qor turib qolsa, ko‘radiganingni ko‘rasan. Uqdingmi?! Jo‘na!” — deya gapni cho‘rt kesdi.

Qo‘limda temir kurakni tutib kalovlangan holda xonadan chiqarkanman, go‘yo “Boy ila xizmatchi”dagi G‘ofirning “Yalinma, bu itlarga!” degan na’rasi shundoqqina qulog‘im ostida shang‘illab eshitilib turardi. Nega bu mahluqqa yalindim, undan najot kutdim?! Bunaqa xo‘rlikdan ko‘ra ko‘plar qatori ular orasida yurib o‘sha shaxta yo‘llarida o‘lib ketsam bo‘lmasmidi, deya afsus-nadomat olovida o‘rtanardim... Shu-shu “iltimos”, “yolvorish” degan so‘zlardan hazar qiladigan bo‘lganman...

Ajab saodatki, oradan ikki kun o‘tib Mirza akani xotirjam, xurram holda uchratdim. Surishtirib bildim, Ziyod domla beixtiyor Mirza akaning shifoxonada ekanidan xabar topib, u kishini huzurlariga chorlab, ish kabinetlarini vaqtincha bo‘shatib, adibning davolanishi, ijod bilan shug‘ullanishi uchun hamma sharoitni muhayyo etib beribdilar. Mirza akaning tortinchoqlik bilan hay-haylashlariga qaramay “Sizdek adibning bu dargohda davolanib, ijod qilishi — shifoxonamiz uchun katta sharaf”, deb turib olibdilar.

Shundan keyin Mirza aka bog‘ sayriga chiqmay qo‘ydilar. Ikki hafta davomida davolanish barobarida ijod og‘ushida xotirjam yayrab nafas oldilar.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 19-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.