OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umarali Normatov. Sehrli to‘rt satr (2009)

Mashhur adibimiz Shuhratning ellik yoshlik to‘yi 1968 yil bahorida o‘tkazilishi kerak edi. Bir necha sabablarga ko‘ra yubiley kechiktirildi. Shuhrat aka volidai muhtaramalarini nihoyatda hurmat qilardi. O‘zining ellik yoshlik yubileyi taraddudi haqida so‘z ochilganida, u kishi onam sakson yoshga to‘lyapti, avval ularning to‘yini nishonlaylik, keyin bir gap bo‘lar deb turib oldilar. Onalari to‘yi nihoyatda fayzli o‘tdi. Qarindosh-urug‘lar, Oybek, Abdulla Qahhor, Uyg‘un, Zulfiya opa, Shayxzoda, Mirtemir kabi ustozlar, shoirning tengdosh-safdoshlari, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Omon Matjon, Muhammad Ali singari yosh shoirlar yangi qad rostlagan ko‘rkam hovliga tuzalgan dasturxon atrofini to‘ldirib o‘tirishibdi. To‘rida oppoq ro‘mol o‘ragan kayvoni onaxon...

Onaxon va uning hurmatini bajo keltirayotgan o‘g‘lon sha’niga ko‘p iliq gaplar aytildi, she’rlar o‘qildi, kuy-qo‘shiqlar yangradi. Nazarimda, marosimda eng chiroyli so‘zni Abdulla Qahhor aytdi: “Shuhrat she’r bitish, roman yozishnigina emas, hovli-joy, oila qurishni ham qotiradi, — deya so‘z boshladi ustoz. – U mo‘‘tabar udumlarimizni ardoqlash, onaga ehtirom ko‘rsatish bobida ham yaxshi “ijodkor”. Men ko‘p to‘ylarni ko‘rganman. Ammo Ona to‘yida birinchi bo‘lishim. Buni Shuhrat “ijod etdi”. Bu tashabbus an’anaga aylanib ketsa ajab emas...”.

Darhaqiqat, bu to‘y o‘sha kezlari ijodiy ziyolilar og‘ziga tushdi. “O‘zbekiston madaniyati” (hozirgi ”O‘zAS”) gazetasida shoir Uyg‘unning bu haqda “Ona to‘yi” sarlavhali chiroyli maqolasi chiqdi. Adib orzusi ushalib, endi yubiley taraddudi boshlanganida, muhtaram onaxon olamdan o‘tdi; udumlarimiz bo‘yicha marhumaga hurmat-ehtirom bekami-ko‘st bajo keltirildi. Yubiley tadbiri qaytadan kun tartibiga qo‘yilganda, adibning “Jannat qidirganlar” romani tevaragida fitna-g‘avg‘o boshlanib qoldiyu tadbir yana ortga surildi.

Nihoyat, 1971 yilning boshlarida Izzat Sultonov boshliq yubiley komissiyasi tuzildi va tezda amaliy ishga kirishildi. Fevral oyining oxirlarida rais boshliq Shuhrat aka, Abdulla Oripov va kamina — to‘rtovlon yubiley uchrashuvlarini o‘tkazish maqsadida Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari bo‘ylab safarga otlandik. Samarqand tashrifi to‘kin dasturxon atrofidagi shohona ziyofatlar, tantanavor qadah so‘zlari bilan boshlandi. Ertasi kuni pedagogika institutida adabiy uchrashuv o‘tkaziladigan bo‘ldi. Uchrashuv oldidan rais o‘z xonasiga meni maslahatga chaqirdi. Asosiy ma’ruzachi sifatida zimmamdagi mas’uliyatimni eslatdi. Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati huzurida tor doirada kengash o‘tgani, viloyatlardagi uchrashuvlar chog‘i yubilyarni “asrash-avaylash”, ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, hozirgi siyosiy vaziyatni hisobga olgan holda ish tutish zarurligi, chunonchi, Shuhrat repressiyaga uchragani borasida og‘iz ochmaslik, “Oltin zanglamas” ustida gap borganida asar bosh qahramoni Sodiqning fidoyi kurashchan kommunist ekaniga urg‘u berish, yaqinginada ko‘p shov-shuvlarga asos bo‘lgan “Jannat qidirganlar” romani xususida esa indamay o‘tish ma’qulligi, nuqul Shuhrat haqida emas, Shuhrat ijodi bahona adabiyotimizning bugungi yutuqlari to‘g‘risida gapirish lozimligi uqtirildi. Shu gaplarni Abdullajonga ham yetkazib qo‘yishim kerakligi aytildi...

Tabiiyki, bu gaplarni eshitib dovdirab qoldim, ma’ruza rejalarim ost-ust bo‘lib ketdi, shu sabab o‘sha kuni minbardagi gap-so‘zlarim uzuq-yuluq, hissiz, parishon bir tarzda kechdi. Boshqalarning nutqi ham xiyla rasmiy tusda bo‘ldi. Faqat Abdullajonning yoddan aytgan o‘z she’rlarigina anjumanga alohida ruh baxsh etdi.

Rasmiy uchrashuvdan so‘ng yana ketma-ket ziyofat, to‘kin dasturxon ustida otashin qadah so‘zlari yangrashda davom etdi. Rejalashtirilgan boshqa uchrashuvlar negadir o‘tkazilmadi. Uchinchi kuni choshgoh payti Shahrisabzga otlanish oldidan rais xonasida to‘plandik. Shuhrat aka asabiy vaziyatda o‘ziga xos qat’iyat bilan: “Izzat Otaxonovich! Men bu yerga ziyofat, qadah so‘zlari eshitish uchun kelgan emasman. Kitobxonlarim, xalqim oldida hisobot berish, ularning she’rlarim, yurak qonim bilan bitilgan romanlarim haqidagi dil so‘zlarini eshitish uchun kelganman. Agar safar shu ruhda davom etadigan bo‘lsa, hoziroq uni to‘xtatamiz, Toshkentga qaytamiz!”, dedilar. Uchovlon bir daqiqa sarosimada qoldik. Izzat aka darhol o‘zlarini o‘nglab olib: “Ortga qaytish yo‘q! Bizni Shahrisabzda kutishyapti. Soat 5 da yubiley tantanasi boshlanadi. Yetib borishimiz kerak. Mashinalar kutib turibdi. Ketdik”, deya tashqariga otlandilar.

Noiloj u kishi ortidan ergashdik. Taxtiqoracha dovonidagi kuzatuv ziyofati sovuqqina o‘tdi. Qadahlarning jarangi ham boyagi sovuqchilikni yumshatolmadi. Qashqadaryolik mezbonlar tayyorlab qo‘ygan mashinalarga joylashib yo‘lga tushdik. Oldingi mashinada Izzat aka bilan Shuhrat aka, keyingisida esa Abdullajon ikkovimiz xomush ketib boryapmiz. O‘ng tomonda o‘tirgan shoir xayol og‘ushida qish oxiri, ilk bahor nafasi endigina nishona ko‘rsatayotgan manzaralarga nazar tashlaydi, pastlikda, tog‘lar orasida sharqirab oqayotgan soyga tikilgan holda xayol suradi, lablari pichirlaganday bo‘ladi. “Umarali aka, — deya og‘iz ochadi shoir, — boyadan beri kuzatib kelyapman, tog‘lar qanchalik siquvga olsa, soy shunchalar shitob bilan olg‘a intilarkan. Shoirlar, ijodkorlar ham shunday...”. Shunday dediyu yana xayolga cho‘mdi. Bir dam o‘tib qo‘ynidan yon daftarini chiqarib, uni tizzasiga qo‘ygan holda nimalarnidir yozdi. Bir necha daqiqadan so‘ng quyidagi satrlar bitilgan varaqni yon daftaridan yirtib olib qo‘limga tutqazdi:

Bulbul o‘gay erur zog‘lar orasida,

Yugurik suv o‘gay tog‘lar orasida.

Muhabbat dardidan bemor qalblarimiz,

O‘gay bo‘lsak ne tongsog‘lar orasida.

Bizning hozirgi ruhiy holatimizni bundan-da aniq-tiniq, teran, eng muhimi, muxtasar tarzda g‘oyat ta’sirchan va go‘zal ifodalash mumkinmi? To‘rtlik satrlari ustida o‘y suraman. So‘z san’atining azaliy va mangu muammosi — jamiyat, muhit bilan chin iste’dod orasidagi murosasiz ziddiyat, nafosatning nosog‘lom muhitga begonaligi, bulbulning zog‘lar orasida o‘gayligi — bu ko‘hna jumboq qalblarni o‘rtaydi. She’rda fandagi begonalashuv (otchujdenie) deb atalgan tushunchaning poetik muqobili tarzida “o‘gay” so‘zining qo‘llanishi noyob topilma sifatida kishini qoyil qoldiradi. Shuhrat aka bu satrlarni eshitsa, o‘qisa, qanday holga tushishini o‘zimcha tasavvur etib hayajonlanaman.

Dilimdagilarni ifodalashga munosib so‘z topolmay indamaygina to‘rtlik bitilgan varaqni Abdullajonga qaytardim, biroq u olmadi. “Sizga esdalik. She’r menga yod bo‘lib qoldi. Keyinchalik uyga borganda yozib qo‘yarman, — deya so‘zida davom etdi. — Shu satrlarni Shahrisabzdagi uchrashuvda o‘qisam qanday bo‘larkan?” Men ayni muddao bo‘lishini aytdim. Hozircha bu xususda hech kimga, jumladan, Shuhrat akaga ham og‘iz ochmaslikka kelishdik. Bu she’r yubilyar uchun syurpriz — kutilmagan noyob sovg‘a bo‘lajagiga ishonardik.

Shahrisabzda bizni karnay-surnay sadolari ostida kutib olishdi. Qo‘llarida guldasta va adib kitoblarini tutgan kitobxonlar Shuhrat akani qurshab olib, undan dastxat olishga shoshilardilar, tashakkur so‘zlari, savollar...

Bu yerdagi jo‘shqin izdihomni hammamizga tanish ko‘rkam ayol Sayyora Haqnazarova boshqardi. Sayyoraxon bir necha yil burun ToshMIni bitirib, ona yurtiga qaytgan; serg‘ayrat, tashabbuskor bu ayol rahbarlik lavozimiga ko‘tarilgan ekan. ToshMIda o‘qigan kezlari u xonanda sifatida respublikaga tanilgan, ayniqsa, “Dugoh”, “Chorgoh”, “Sayding qo‘yaber, sayyod” ashulalarini Halima Nosirova yo‘lida qoyilmaqom qilib kuylardi. Shuhrat aka ham Sayyoraxon qo‘shiqlarining shaydosi ekan. U Shuhrat akaga qarata: “Oltin zanglamas” romaningizni uy ichimiz bilan talashib o‘qiganmiz. Shaxsan o‘zim uni bir emas, bir necha bor o‘qiganman, ko‘p boblarini yod olganman” deganida, adibning kun bo‘yi ochilmagan chehrasi birdan yorishib ketdi...

Anjumanda Izzat aka ham, men ham ancha emin-erkin so‘zladik. Gal Abdullajonga keldi, Shuhrat aka she’riyati, romanlari haqida so‘zlab, so‘ng yaqinginada dunyoga kelgan boyagi to‘rtlikni yoddan aytdi...

60-yillar “ikkinchi milliy uyg‘onish davri” deb atalishi tasodifiy emas. O‘sha yillari faqat adabiyotda emas, millat ma’naviyatida ham uyg‘onish yuz bergan, nozik didli alomat bir she’rxon-kitobxon shakllangan edi. To‘rt satr qatiga jo etilgan shoir qalbi tug‘yonlari shundoqqina anjuman qatnashchilari qalbiga ko‘chib, butun zalni larzaga soldi. Olqishlardan zal bamisoli zilzila holatiga tushdi.

Raislik qiluvchi oxirgi so‘zni Shuhrat akaga berdi. Shunda u: “Sayyoraxon, qizim, Sizdan o‘tinib so‘rayman, “Sayding qo‘yaber, sayyod”ni aytib berasiz... Agar aytmasangiz, men ham so‘zga chiqmayman” deb turib oldi. Raisa adib so‘zini ikki qilolmadi. Sozandalar jo‘rligida u mashhur ashulani qoyilmaqom qilib ijro etdi. Shuhrat akaning yonginasida kuzatib o‘tiribman, boya Abdullajon she’r aytganida, bu jang ko‘rgan, qatag‘on to‘zonlaridan omon chiqqan matonatli inson ko‘zida yosh qalqiganini ko‘rgan edim, endi Sayyoraxon qo‘shiqning “Ol, domini bo‘ynidan, bechora ekan mendek” satrlarini xonish qilganda, yana bir bor adib ko‘zlariga yosh olganining guvohi bo‘ldim.

Maroqli uchrashuvdan so‘ng odatga ko‘ra ziyofatga yig‘ildik. Birinchi bo‘lib Izzat aka so‘z oldi. Kayfiyati chog‘ edi. Yayrab-yozilib, hazil-mutoyibalar bilan “Rais ham podshohday gap, uning so‘zi — amri vojib, — deya gap boshladi, — bugundan e’tiboran hech qanday cheklov yo‘q, yubilyar haqida kimning ko‘nglida nima gap bo‘lsa, bemalol aytaveradi. Kemaga tushganning joni bir. Biror kor-hol bo‘lsa, birgalikda javob beramiz...”.

Shahrisabz uchrashuvi, xususan, anjumanda yangragan to‘rtlik satrlari safarimizda burilish yasadi — sehrli so‘z o‘z kuchini ko‘rsatdi, hammani hushyor torttirdi, o‘rinsiz hadiklarga chek qo‘ydi. Qarshi, Buxoro, Shofirkondagi galdagi uchrashuvlar ayni shu ruhda jo‘shqin o‘tdi; Shuhrat, uning mardona hayot yo‘li, ijodiy jasorati haqida bor gaplar baralla aytilaverdi. Eng muhimi, buning uchun hech kim jabr ko‘rmadi, hech qanaqa kor-hol yuz bermadi...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 11-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.