OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umarali Normatov. Yarim asrlik muloqot (2007)

O‘tgan asr 60-yillarining boshlari. Toshkent davlat (hozirgi Milliy) universitetining o‘zbek adabiyoti kafedrasi mudiri G‘ulom Karimov taklifiga ko‘ra kamina — kafedra aspiranti filologiya fakulteti bitiruvchi kurs talabalari bilan adabiyot fanidan ustoz boshlagan seminar mashg‘ulotlarini davom ettiradigan bo‘ldim. Tasodifni qarangki, birinchi mashg‘ulot G‘afurov degan talabaning ma’ruzasini tinglashdan boshlandi. Go‘yo shabada essa egilib ketgudek nozik, bo‘ychan yigit minbarga ohistagina ko‘tarildi. Ma’ruzani ham tani-jismiga mos mayin-muloyim ovozda sekingina boshladi. Men uni ovozini balandroq ko‘tarib so‘zlashga undamoqchi edim, bunga hojat qolmadi, kattagina auditoriyani to‘ldirib o‘tirgan talabalar jimib, hammaning ko‘zi minbarga qadalgan edi.

Ma’ruza Said Ahmad hikoyalari xususida edi. O‘sha kezlari yaqin kechmishda chekkan kulfatlarini — lager qiynoqlarini bir oz unutib, nisbiy erkinlik shabadalaridan ilhomlanib to‘lib-toshib dilbar hikoyalar bitayotgan adibimiz haqida uzuq-yuluq gaplar aytilayotgan, men ham ancha-muncha narsalar qoralagan edim. Minbardagi talabaning o‘y-mushohadalari, talqinlari, ifoda tarzi ularning birortasiga o‘xshamasdi. Adabiy asarni hayotning ayni nusxasi deb tushunish, “Hayotiylik va g‘oyaviylik — bosh mezon” shiori ostida ish ko‘rish, adabiy asardan davrga mos g‘oya qidirish, asar personajlariga tirik odam, betakror shaxs emas, umumlashma g‘oya timsoli deb qarash, agar asar shu talablarga javob bersa, muallif sha’niga hamdu sanolar yog‘dirish, javob bermasa uni ur-kaltak qilish “an’anasi” hali ham davom etardi...

Ma’ruzachi Said Ahmad hikoyalari mutolaasi jarayonida ko‘nglida kechgan tuyg‘ular, o‘y-mulohazalarni izhor etardi, asar personajlariga xuddi tirik inson sifatida qarar, ular bilan jonli muloqotga kirishar, ular dardi-dunyosini tushunib, mulohaza yuritar, ularga qo‘shilib goh o‘rtanar, alam-o‘kinchlar olovida qovrilar, goh ular bilan bahslashardi...

Ma’ruzani tinglab turib xayolga tolgandim. Tanqid ham ilm-fan, ijod. Ilm-fan, ijod shaxsiy fikr, sub’ektiv mulohazalardan boshlanadi-ku axir! Shaxsiy fikr salmog‘i, ko‘lami masalasi bu — boshqa gap. Hammasi birdaniga bo‘lmaydi. Qolaversa, adibimizning o‘sha kezlari bitgan hikoyalari ham, rosti, salmoqli, ko‘lamli fikrlar aytish, xulosalar chiqarish imkonini bermasdi. Har holda, mavjud asarlar saviyasi darajasida betakror mulohazalarni izhor etishning o‘zi o‘sha davr uchun katta gap edi. O‘sha payt boshlangan izlanishlar keyinchalik “Prozaning shoiri” kitobi bilan intihosiga yetdi.

O‘sha kundan boshlab talaba G‘afurov men uchun yosh iqtidorli munaqqid Ibrohim G‘afurovga aylandi. O‘zaro do‘stligimiz boshlandi. Universitetni bitirgunga qadar bo‘sh vaqtlari u bilan soatlab gurunglashadigan bo‘ldik, goh universitet auditoriyalarida, goh ko‘cha-ko‘yda, goh kaminaning kamtarona kulbasida, goh Hadradagi fakultet binosiga yaqin nashriyot choyxonasida bir piyola choy ustida soatlab dardlashardik. Suhbatlarimiz mening yoki uning matbuotda yangi chiqqan maqolamiz yoki adabiyotimizda paydo bo‘lgan yangi nom, asarlar ustida ketardi. Uning bular xususidagi “o‘ta shaxsiy” qarashlari meni nihoyatda qiziqtirardi. U — talaba, men esa aspirantlik davrimizdan boshlangan intihosiz muloqot Ibrohimjon G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”da, “Milliy tiklanish”da xizmat qilgan kezlari uzluksiz davom etdi. Boz ustiga, faxrlansa arzigulik noyob davrada salkam qirq yildan beri ulfatchilik qilamiz. Bu yillar davomida ne-ne savdolar tushmadi boshimizga, ham quvonchli, ham qayg‘uli kunlarda hamisha birga bo‘ldik.

Ibrohimjonning menga ko‘rsatgan himmatlari oldida bir umrga undan qarzdorman. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda chop etilgan ko‘plab kitoblarim uning daldasi bilan chiqqan.

Ibrohimjon mas’ul lavozimlarda ishlagan kezlari yaxshi tashkilotchi ekanini namoyon etdi. Unda o‘zini ko‘rsatish, dabdababozlikdan asar ham yo‘q: eng jiddiy, qaltis masala-muammolarni ham shovqin-suronsiz, bejanjal, beozor bir tarzda hal etar, muxolifi bilan olishib-tortishib o‘tirmay tig‘iz vaziyatni najot tomon oqilona burib yuborar edi. “Tirik satrlar”, “Adabiyotimizning yarim asri”, “Inqilob va ijod” kitoblarini nashrga tayyorlashda bunga guvoh bo‘lganman. “Inqilob va ijod” to‘plamiga taqdim etilgan G‘.Karimov bilan I.Sulton maqolalarida bir-biriga zid qarashlar bor edi. Boshida har ikkala olim ham o‘z so‘zida qat’iy turib oldi, ustozlardan biri hatto muxolifining maqolasi shu holda berilgudek bo‘lsa, o‘z ishini qaytarib olajagini aytdi. To‘plovchi sifatida nima qilarimni bilmay qoldim. Nihoyat, nashriyot bosh muharriri Ibrohimjon tashabbusni o‘z qo‘liga oldi, ikkala maqolani ham o‘zi tahrir etadigan bo‘ldi; six ham kuymadi, kabob ham — yangi tahrirdan chiqqan matnlarga ikkala ustoz ham e’tiroz bildirmadi.

Ibrohimjon “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”da bosh muharrir o‘rinbosari lavozimida ishlagan kezlari bir maqola qo‘lyozmasini qo‘limga tutqazib tanishib chiqishimni iltimos qildi. Maqola muallifi shaxsan men hurmat qiladigan iste’dodli shoir ukamiz qalamiga mansub bo‘lib, u o‘sha kezlardagi “oshkoralik”, “qayta qurish” jazavasi ta’sirida xiyla jangarilik bilan bitilgan, shaxsan mening yaqin o‘tmishda yo‘l qo‘ygan xatolarim, murosasozlikka borganim, jumladan, Sh.Rashidov asarlari haqida maqtov gaplar aytganim uchun sha’nimga malomatlar yog‘dirilgan edi.

Ochig‘i, maqola g‘azabimni qo‘zg‘atdi. Avzoimga qarab turib Ibrohimjon: “Umarali aka, o‘zingizni bosib oling, har holda yoshingiz ulug‘, katta olimsiz, ustozsiz, sen-menga bormay, osoyishtalik bilan unga javob qiling, har ikki maqolani ham gazetada yonma-yon beramiz; iltimos, bu bahs ikki muallifning shunchaki janjaliga aylanib ketmasin, boshqalar uchun ibrat, saboq bo‘larli bahsga aylansin”, deya maslahat berdi. Bu maslahat menga ma’qul tushdi. Ibrohimjon aytganicha yo‘l tutdim. Shoir va munaqqid bahsi gazetada chiqdi. Ko‘pchilik og‘ziga tushdi, mening javoblarim hatto shoir ukamizga ham og‘ir botmadi.

Ibrohimjon mas’ul lavozimlardagi xizmatlari chog‘i bunaqa savob ishlarni ko‘p qilgan.

Umumta’lim maktablari uchun adabiyot fanidan yangi dastur va darsliklar ustida ishlashda, darsliklarga kirgan jahon adabiyoti namunalari matni tarjimasini tanlashda boshqa mohir tarjimonlar qatori Ibrohimjon bilan ham hamkorlik qilganmiz; 5-sinf “Adabiyot” darslik-majmuasidagi Konfutsiy hikmatlari, ayni shu kitobdagi Ch.Aytmatovning “Qiyomat” romanidan olingan “Oltovlon va yettinchi” rivoyati I.G‘afurov tarjimasida berilgan.

Nihoyat, Ibrohimjonning yana bir saxovatini aytmay o‘tolmayman. “Ijod sehri” deb nomlangan to‘plamim uchun so‘zboshi tarzida yozib bergan maqolasi qo‘lyozmasini o‘qib hayratga tushdim, ochig‘i, unda o‘zim ham shu paytga qadar bilmagan, yoki e’tibor bermagan hayotim, tabiatimdagi bir talay jihatlarni qalamga olganki, ular bilan tanishib, nahotki men shunday odam bo‘lsam, degan o‘ylarga bordim, qolaversa, andak g‘ururlanib ham qo‘ydim...

Ibrohimjonning munaqqid sifatidagi ijodiy faoliyatiga kelsak, Said Ahmad haqidagi yuqorida tilga olingan chiqishidan “Go‘zallikning olmos qirralari”, “Lirikaning yuragi”, “Joziba”, “Yonar so‘z”, “Yurak — alanga”, “She’riyat — izlanish demak”, “O‘ttiz yil izhori”, “Dil erkinligi”, nihoyat, “Hayo — xaloskor” kitobigacha — barcha-barchasida muallifning siymosi mana men deb turadi. Hatto uning xos ovozi eng yaxshi tarjimalarida — “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Zardusht tavallosi”, “Qiyomat” kabi shoh asarlarning o‘zbekcha talqinlarida, xususan, F. Dostoyevskiy dahosi kashf etgan ko‘povozli — “polifoniya” qatida baralla eshitilib turadi. Daholarga jo‘rovoz bo‘lish baxti har kimga ham nasib etavermaydi...

Ibrohimjon o‘ziga zamondosh ko‘plab munaqqidlar kabi ilmiy-tanqidiy faoliyatni badiiy ijod bilan qo‘shib olib boradi, ham nasrda, ham she’riyatda qalam tebratib keladi. Uning XX asr ikkinchi yarmi Sharq she’riyati, yangi — modern she’riyatiga hamohang tarzda yaratgan mansuralari tevaragida adabiy davralarda turli fikr-mulohazalar aytildi, aytilmoqda. Afsus, hozircha ular jiddiyroq o‘rganilgan, haqqoniy bahosini olgan emas. Munaqqidning o‘zi e’tirof etganidek, mansuralar erkin she’r janriga juda yaqin, lekin erkin she’r emas. Ular muallifni o‘rtagan o‘y, xayol, orzu va erishilmagan, yo‘qotilgan narsalar to‘g‘risidagi fikr oqimlari, shaxsiy kechinmalari, o‘y-mushohadalari izhoridir. So‘nggi “Hayo — xaloskor” kitobiga kirgan, muallifning o‘zi mansuralar, badialar, adabiy-tanqidiy esselar, suhbat, publitsistika deb taqdim etgan narsalar ifoda yo‘sini, ohangi, tahlil, talqin usullari jihatidan bir-birlariga nihoyatda yaqin.

Bu kitobda yarq etib ko‘ringan milliy tanqidchiligimiz uchun ibrat, saboq bo‘larli yana bir jihatga e’tiborni tortishni istardim. Ibrohimjon adabiy asarlar va hodisalarga faqat munaqqid, yozuvchi-shoir emas, ayni paytda tarjimon nigohi orqali yondashadi, asar matnini jumlalargina emas, har bir so‘z, harflar tovushi, ma’no jilolari, tinish belgilarigacha — barcha unsurlarini ko‘z oldiga keltirib, mushohada yuritadi. Hatto Navoiy, Bobur, Mashrab, Olloyor, Qodiriy mutolaasi chog‘ida ham ayni shu yo‘ldan boradi. Men shunday xulosaga keldimki, har bir munaqqid garchi tarjima bilan bevosita shug‘ullanmasa ham, asar matnini tarjimon nigohi bilan ham o‘qish-uqishni odat qilishi zarur ekan. Busiz chin munaqqid maqomiga ko‘tarilish qiyin. Ibrohimjon o‘zi tarjima qilgan shoh asarlar va ularning mualliflari haqida yozganida, nazarimda, adabiy tanqidning arshiga ko‘tarilgandek bo‘ladi. Dostoyevskiy, Nitshe, Markes singari daholar to‘g‘risida faqat tarjimon-munaqqid Ibrohimjongina shu tarzda baland pardalarda yozishi mumkin, qolaversa, u bunday ulug‘ siymolar bilan dil-dildan samimiy suhbatlar, oshkora bahs-munozaralar olib borishga to‘la haqli!

Men Ibrohimjonning shaxsan o‘zi bilangina emas, uning jamiki yozganlari — adabiy-tanqidiy kitoblari, nasriy va she’riy asarlari, tarjimalarida aniq namoyon bo‘lgan shaxsiyati bilan ham uzoq yillardan beri muloqotda bo‘lib kelayotgan bir safdoshi, hamrohi, suhbatdoshi ekanim bilan faxrlanaman.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 51-sonidan olindi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.