OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xosiyat Bobomurodova. Avvalo iste’dod zarur (2012)

Xatirchi tumanida tug‘ilganman. Ikki akam va singlim bor edi. Maktabga olti yoshimda bordim. Muallimlar hali kichkinasan, kelgusi yil kelasan, desalar rosa yig‘laganman, ahvolimni ko‘rib mayli, o‘qiyversin, deyishgan. 
Har bir harf, kitob menga mo‘‘jiza kabi tuyulardi. She’rlarni jonu dilim bilan yod olardim. Otam mulla Bobomurodga yod olganlarimni aytib berardim. Otam balli qizim, deb meni rag‘batlantirib turardilar.
– Dadajon, faqat a’lo baholarga o‘qisam, meni o‘qishga qo‘yasizmi? – deb so‘rardim.
– Ha, qizim, Toshkentga o‘qishga borasan, katta do‘xtir bo‘lasan, – derdilar.
Biz ilk ertaklarni sandal atrofida ko‘sak chuvib, uzo-oq tunlarda dadamdan eshitganmiz. O‘sha paytlarda har bir xonadonga dekabr oylarida hatto, qor, yomg‘ir ostida ho‘l bo‘lgan ko‘saklarni tashlab ketishardi. Ertalabgacha paxtasini chuvib qo‘yishimiz shart edi. Akalarim va men ertak eshitishga qiziqib, ko‘sak chuvirdik. “Chor darvesh”ni ham ilk bor dadamdan eshitganmiz. Navoiy va Fuzuliy g‘azallarini ham aytib berardilar. Dadam Buxoro madrasasida tahsil ko‘rgan, bilimdon kishi edi. Arab imlosida bitilgan ko‘p kitoblari bo‘lardi. O‘sha paytlar u kitoblarning qadriga yetmagan ekanmiz.
O‘n to‘rt yoshimda otam dunyodan o‘tdi. Hammamizga onajonim Fotima Qosimboy qizi va katta akam Murodulla bosh bo‘lib qoldilar. Akam juda madaniyatli, o‘qimishli kishi edi. Avval o‘qituvchi, so‘ngra rahbarlik ishlarida ishlagan. Maktabda bizga kimyodan dars bergan.
“Nega suvsiz sahrolarda ham tikan o‘saveradi?” deya to‘satdan savol berib qoldi bir kun muallim akam. Biz jim edik. 
– Negaki, uning tomiri juda uzun bo‘ladi, suv izlab daryolar qadar ketaveradi. Buning nomini HAYoT UChUN KURASh deydilar. Sizlar ham orzularingiz yo‘lida tinimsiz kurashdan erinmanglar, – deya o‘zi javob berdi akam. 
Biz o‘quvchilar sehrlangan kabi jim o‘tirardik. 
Har gal kurashlarga duch kelsam ham otam, ham akam, ham o‘qituvchim bo‘lgan akajonimning shu gaplari yodimga tushadi.
Maktabda she’rlar yozib, tadbirlarda o‘qib berib, Xatirchi tumanidagi “Yangi hayot” gazetasida ilk she’rlarim chop etilib qolgan edi. Maktabni oltin medal bilan bitirdim. O‘sha kunlarda enamdan, yangamdan tez-tez meni akam o‘qishga qo‘yarmikin, deb so‘rardim. Chuniki akajonim o‘qituvchilik maoshi bilan katta oilani tebratardi. Kichik akam Toshkentda talaba edi, uni ham o‘qitardi. Bizga hech qachon ovozlarini balandlatib gapirmas edilar. Shunday bo‘lsa ham salobatlari bosib, cho‘chib turardik. Maktabda ham barcha o‘quvchilar hurmat qilardi.
"Xosiyat hujjatlarini tayyorlasin, Toshkentga ketamiz", – degan kunlari yuragimga olov tutashdi. Shirin orzularga g‘arq bo‘lib tong qadar uyqum kelmadi. Mening yuragimni sezgan kabi ko‘kda chaqmoqlar chaqdi.
Boshimni yuvdim, yangam sochlarimni maydalab o‘rib qo‘ydi. Qattiqroq o‘rgin, u yoqda kim o‘rib qo‘yadi, dedi onajonim ko‘zlari namlanib. Yangam bisotimizdagi yagona bir kiyimlik shtapeldan menga yangi kuylak tikib berdi. Akam talabalik paytida ishlatgan katta chamadonga kitoblar va ko‘ylakni joyladik. Yangam katta yo‘lgacha kuzatib chiqib, ortimdan yig‘lab qoldi...
Yo‘lda yurak yutib so‘radim: 
– Aka, qaysi o‘qishga topshiraman? 
– Toshkent Davlat Pedagogika institutining matematika fakultetiga.
– Adabiyotga emasmi?
– Iste’dodi bor odam boshqa kasbda bo‘lsa ham yoza oladi. Qishlog‘imizda matematika o‘qituvchilari kam.
Akamning so‘zi oilamizda hammamiz uchun qonun edi. Chindan avvalo iste’dod zarur ekan. Talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Institutning “Sovet pedagogi” degan gazetasida she’rim bosildi:

Yonib-yonib yashasam deyman,
Uchqun sochib, shu’la taratsam.
Yonib qo‘ngan uchqunlarimdan,
O‘zga qalbda gulxan yaratsam.

Kul bo‘lsam ham roziman keyin,
Faqat-faqat qola olsa bas.
Minglab otash, pok yuraklarda
O‘zim yoqa olgan ehtiros... 

Ikkinchi kursga o‘tib, o‘qishimni sirtqi bo‘limga ko‘chirib, qishloqqa qaytdim. O‘zim o‘qigan 14-maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlay boshlaganimda o‘n yetti yoshda edim. Mashqlarimni o‘quvchilarimga o‘qib berardim. Ular bilan qo‘shilib orzularga berilardim. O‘sha ilk o‘quvchilarim bilan hamon bir-birimizni eslab yuramiz.
Bir kuni hamqishlog‘im, filologiya fanlari doktori, professor To‘xtamurod Boboev (go‘rlari nurga to‘lsin) Toshkentdan qishloqqa keldi. Qishloq ahli u kishi bilan faxrlanardi. Akam domlani mehmonga chaqirdi. Daftarimni domlaga ko‘rsatsam maylimi, deb so‘radim akamdan. U kishi rozi bo‘ldi. Ketar chog‘larini poylab darvozada turdim. Uyala-uyala salom berib, daftarimni qo‘llariga tutqazdim. Domla men bilan so‘rashdi, akam kulimsirab turardi. Men o‘qib ko‘raman, dedi, domla. Xudoyjonim-ay, o‘qib ko‘rib nima derkinlar deb yuragim dukkilab qolaverdim.. Oradan bir necha kun o‘tib kolxoz idorasidan xabar keldi, domla qo‘ng‘iroq qildilar, Toshkentga borar ekansiz deb. Uydan ruxsat tegib, uchiblar bordim. Domlani topib oldim. U kishi meni “O‘qituvchilar gazetasi”ning muharriri Sh. Maqsudovga olib kirdi. Muharrir daftarimni o‘qib, yaxshi, gazetada chiqaramiz, suratga tushib, berib keting, dedilar.
To‘xtamurod Boboev Yozuvchilar uyushmasiga olib bordi. Normurod Narzullaev bilan kursdosh ekan. Ular maslahatlashib meni Oydin Hojieva bilan tanishtirdilar. Oydin opa mehr bilan kutib oldi, daftarimni olib qoldi. Tez orada “Guliston” , "Sharq yulduzi" jurnallarida, “O‘qituvchilar gazetasi”da, “O‘zbekiston madaniyati” gazetasida she’rlarim bosildi. Dunyolarga sig‘may qoldim. 
Birinchi to‘plamimga ham Oydin Hojieva muharrirlik qildi. Qachon Toshkentga kelsam, eng avvalo Oydin opanikiga kelib, ularning maslahatlarini oladigan bo‘ldim.
Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lish uchun kamida ikkita to‘plam nashr qilinishi talab etilardi. Samarqandda uyushmaning ko‘chma kotibiyati bo‘ldi. Men ham ariza topshirdim. Shoir, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov so‘z olib:
– Men suyib gul uzsam emasman jallod,
Men uzmagan gullar qilsinlar faryod, 
– degan ikki satr she’ri uchun Xosiyat Bobomurodovani uyushma a’zoligiga qabul qilishlaringizni so‘rayman, deb taklif kiritdilar. Bu ishonch va mardlik oldida hayajonlanib qoldim. 
Ustozlarimdan anglaganlarim, taqlid qilishga harakat qilganlarim: bag‘rikenglik, fidoyilik, maqsad yo‘lida qat’iy harakat qilish va iste’dodli yoshlardan yordamingni ayamaslikdir. 

* * * 

Shu paytgacha “Daryodan qatra”, “Qalb titrog‘i”, “Samarqandga maktublar”, “Men uzgan gullar”, “Murod qasri”, “Jonimning egasi”, "Vatan yagonadir”, “To‘ylar muborak” nomli she’riy to‘plamlarim, “Bola ko‘targan ayol” nomli drama, “Mehr”, “Hayqiriq” dostonlarim va “Qizilqum malikalari”, “Samarqand sanamlari”, “Qirq yigit qissasi”, “Sahrodagi jannat” nomli publitsistik kitoblarim nashrdan chiqdi. Ularning umumiy adadi yetmish ming. 

 * * *    

Adabiyotsiz hayot – ertaklari yo‘q bolalik, orzulari yo‘q yoshlik – umidlari so‘ngan keksalikdir. Qo‘shiqlari yo‘q zulumotdir. O‘tmishi, buguni, kelajagi yo‘q tarixdir. Yovvoyi hayotdir. Inson kimligini anglamog‘i uchun albatta ADABIYOT KERAK!
                    
* * * 

Bozor adabiyoti adabiyot emas. Bugungi eng go‘zal quvonchlarimizni, iztiroblarimizni nafis shakllarda kelajakka yetkazib beradigan so‘z kerak deb o‘ylayman. Qolganlari o‘z-o‘zidan yo‘qolsa kerak. Inson tanasini mahv etadigan, vahimaga to‘la bayonlar emas, inson ruhiga kuch bag‘ishlaydigan asarlar kerak.
            
* * * 

Ikki o‘g‘il, ikki qiz berdi yaratgan Egam. Keragini oldi. Men suygan gulni bag‘rimdan oldi. Bolalarimning hammasi adabiyotni tushunishadi, ammo turli kasb egalari. Nabiralarim mashq qilib turishadi. Ammo hali bu haqda gapirishga erta.
                 
* * * 

Butun umrimni parvona kabi SO‘Zga urib, SO‘Z izlab o‘tkazibman. Quvonchlarimdan, g‘amlarimdan so‘z teribman. Bilmadim, men so‘zniki bo‘ldimmi, yo so‘z meniki bo‘ldimi? Xato qildimmi, to‘g‘ri yo‘l tanladimmi... 

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 3-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.