OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Munavvarqori Abdurashidxonov. Qoralash yaxshi emas (1927)

Toshkent okrug maorif xodimlari qurultoyida (1927 yil) so‘zlangan nutq

Ma'ruzachining ta'biri bo‘yincha, bizning muallimlarimiz ichida maktab boshqa-yu, siyosat boshqa, deyadurg‘on kishilar bor emish.

Maktab qaysi sinf qo‘lida bo‘lsa, shu maktablarda shu sinfning mafkurasi tarqaladi va ilgari suriladi. Bu gapga ko‘nmaganlarni yanglishg‘on, o‘jar kishilar, deb aytishga jasorat qilamiz. Jadidchilikka qanday baho berish to‘g‘risida quyidagi asoslarni keltiraman: jadid maktabi qay vaqtda va kimlar qo‘li bilan vujudga chiqdi? Mana buni tekshirish uchun 20 yil ilgariga qarash, albatta, lozim. Hozirgi paytda o‘rta ma'lumotga ega bo‘lgan kishilar Maskov va boshqa joylarga borib o‘qishni havas qilsa, avvallari savodi chiqqan (har) bir kishi Buxoro(ga) borib o‘qishni o‘zi uchun bir sharaf deb bilar edi. Chunki ular ilmni faqat dingina deb bilar edilar. Muhit ham shuni taqozo qilar edi. O'sha vaqtning hukumati ham shu fikrni quvvatlamasa, unday emas. Jadid maktabini tashkil qilg‘onlar ham eski maktab, madrasa va qorixonalarning yetish-tirgan kishilari edi. Ular yolg‘iz Bog‘chasaroyda chiqadurgon Ismoil Gasprinskiyning gazetasini o‘qidilar va shu orqali maktabni yaxshi tushunib, kitoblar oldirar edi. Bularga baho yanglish va ortiqcha berilgan. Chunki o‘sha vaqtdagi jadid maktabiga ulamo, boy - hamma va hamma qarshi edi. Jadidlar sharoit ichinda(n) jasorat bilan chiqib ish boshlag‘on ekanlar, bularga beriladurgon baho ham shundan ortiq bo‘lmasligi lozim edi.

Jadidlar shu maktabga yaxshi nazar bilan qaragon kishilarni o‘ziga do‘st ko‘rib, quchog‘iga tortar edi. Bularning boy, ruhoniy, savdogar bo‘lishidan qat'i nazar, sekin-sekin jadidlar do‘sti ko‘payib, turli guruhlardan iborat bir jadidlar to‘dasini tashkil qildi.

In'omovni jadidlarni alohida sinf qilib ko‘rsatishi noma'qul gap. Jadidlar, palisaning qo‘rqinchi qattiq bo‘lsa ham, qiyinchiliklarni o‘z ustiga olib, gazet chiqordi va uni xalqqa tarqatdi. Jadidlarning eng azob tortgon davri Kerenskiy vaqti bo‘ldi. Kerenskiy vaqtida idoralarga ulamolar minib oldi. Maktabga yordam berish u yoqda tursin, (hatto) chor hukumati vaqtida berilib kelgan mohiyonalar ham berilmadi. To‘xtadi. Ulamolarning o‘sha vaqtdag‘i kuchga molik bo‘lg‘onlarini jadidlar dumaga 11 ta, ulamolardan 65 ta vakil saylanishi bilan isbot qilaman. Jadidlar o‘z ulamolari, boylariga qarshi rus sotsialistlari bilan birga qo‘lga-qo‘l berib ishladi.

Qo‘qon muxtoriyatini rus mensheviklari tuzdi. Cho‘qaev unga juda yaqin edi. Ubaydulla Xo‘jaev, Nizomiddin[1]lar muxtoriyatga qatnashdi. O'sha vaqtda jadidlarning otasi bo‘lib hisoblangan men o‘zim loaqal «Millat majlisi»ga a'zo bo‘lib ham saylanmadim. Jadidlardan Qo‘qon muxtoriyatiga qisman aralashgon kishilar bo‘lsa ham, ko‘pchilik chetda turg‘on.

Yana bir gap borki, jadidlar Oktyabr inqilobini yaxshi qarshi olmagan emishlar. Oktyabr inqilobini rus ishchilari qilganini hech yoshirib bo‘lmaydi. Biz ularning tayyorig‘a ayyor bo‘lib ishlay boshladik. Oktyabrdan keyin jadidlar Kerenskiy sikintisindan qutuldi. Maktablarni hukumatga berib, o‘zlari sho‘ro muassasalarida ishlay boshladilar. Oktyabr o‘zgarishiga jadidlar rahbarlik qildi, deyish ham, Oktyabrni ular yaxshi qarshi oldi, deyish ham xato gap.

Jadidlar Oktyabr inqilobig‘a yomon qaragan bo‘lsalar edi, 20-21-yillargacha sho‘ro idoralarida ishlab kelmas edilar. 21-yildan boshlab jadidlar katta xato qildi. Turkkomissiya tomonidan qilingon harakatlarni mustamlakachilik, dedik. Haqiqatdan ular mustamlakachi ekan, ularga qarshi kurashmay, butun ishni tashlab, araz qilib, o‘zimizni chetga olishimiz katta xato bo‘lgan. Shu ishimizga pushaymon qilib, shu vaqtgacha ishlab kelsak ham, xizmatlarimiz xatomizni yuvib ketar darajaga bormaganga o‘xshaydi.

Chor hukumatini yiqitish jadidlarning tilagida bor edi. Siyosiy vazifamiz va maqsadimiz ham shundan iborat bo‘lishi yashirin emas. Nainki biz jadid maktabi ochish bilan savdo xizmatchilari, boshqacha ta'bir bilan aytganda, do‘konda nasiya yozadurgon xodimlar yetkazsak. Shu ishga aklli odam shu bahoni berishda u yoq, bu yoqni mulohaza qilsin. Jadid maktabi ochishimizga siyosiy va madaniy kurashchilar tayyorlash bahosi berulmaganiga taassub bildira olmay o‘ta olmayman. Bu yerda shuni ham aytib o‘tish lozimki, o‘sha vaqtdagi jadid maktabini bitirib chyqqan ba'zi yigitlarimiz hozir mas'ul o‘rinlarda turadi. Jadidlar chor hukumatini yiqitib, Turkiya yoki Polshaga o‘xshash boylar hukumati tashkil qiladi, degan nazariyalar ham yo‘q emas edi.

O'sha vaqtda bir majlisda rus mustamlakachilari bilan kurashamiz, degan edim. Agar bordi-yu, rus o‘rtoqlar shu gapimga araz qilib «Ol, mamlakatingni, o‘zing idora qil!» desa, men ularning oyog‘iga yopishib, eng avval aytar edimki, biz siz bilan emas, sizning boyingiz, ulamoyingiz va mustamlakachilaringiz bilan kurashamiz, der edim. Jadidlarning sho‘ro hukumatiga do‘stligini quyidagi hujjatlar bilan isbot qilaman: yanvar' inqilobida 12 soatlik hukumat bo‘ldi. Rostovskiy va Abdusafiyxonlar odam qidirish rejasini tuzdi. Shunda jadidlar qochib yotdi. Qachonki bolsheviklar g‘olib bo‘ldi, degan xabar eshitilgandan keyin chiqib, bolsheviklarga qarshi bo‘lg‘onlarni sud qilib, otib yuborildi.

Biz xalqning ahvoli ruhiyasi bilan hisoblashib, yer islohoti, paranji masalalarini 30 yilsiz hal qila olmas edik. Bolsheviklar firqasi bu ishni o‘n yilda bajarib qo‘ydi, biz o‘sha vaqtda ziyoly deb ruslarning o‘rta va oliy maktablarida o‘qugon kishilarni aytar edik. Jadidlar bilan kommunistlarning hayoti bog‘langon edi. Bular o‘lsa o‘ladi, tirilsa tiriladi. O'lguncha inqilobni himoya qilishga tayyor. Jadidlarning bir, ikkitasidan gunoh o‘tgan ekan, hammasini qoralash yaxshi emas.

«Qizil O'zbekiston» gazetasi, 1927 yil, 7 iyun

 


[1] Nizomiddin Xo‘jaev nazarda tutilmoqda.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.