OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Oripov. Ehtiyoj farzandi (1977)

Pushkinning zamondoshi Gnedich: «Shoirlar barmoqlarini so‘rib tamaddi qiluvchi ayiqlarga o‘xshaydilar», degan ekan. O‘ylab qarasangiz bu gap shoirlik ishining tabiatiga anchayin mos keladi. Negaki, she’r yozib turgan shoir o‘sha daqiqada faqat she’r zavqi bilan yashaydi. Uning yaratayotgan asari boshqalar uchun balki bir chaqadir, balki o‘sha she’r chindan ham ayiq barmoqlari kabi besamardir. Ammo shoir o‘sha daqiqalar zavqli mehnat quyunida o‘zini nihoyatda baxtiyor his etadi. Axir o‘z qudratini yaxshi bilgan Pushkinday zot ham bir kun nimanidir yoza turib, zavqini yashirolmasdan: «Men bugun dahoman!» deb xitob qilgan-ku.

Ijodning ko‘pchilik uchun marhamatlik ehsoni shundaki, uning zavqidan dohiy san’atkor ham, g‘o‘r havaskor ham bebahra qolmaydi. Meni ham she’riyat ko‘chasiga olib kirgan o‘sha zavqdir. 50-yillarda ko‘pchilik nima mavzuda, qaysi shaxs haqida she’r yozgan bo‘lsa, men ham o‘sha atrofda nimalarnidir yozaverganman. O‘ylab ko‘ring — na kino, na radio, na biror dov-daraxt bo‘lgan chekka qishloqda yosh bolaga nima ham yupanch bo‘lishi mumkin? Albatta, kitob-da. Akalarim turli institutlarning adabiyot fakultetlarida o‘qishardi. Ta’tilga kelganlarida turli kitoblarni qoldirib ketardilar. Pushkin, Lermontov va Nekrasovning o‘zbekcha chiqqan kitoblari, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom asarlari, ko‘pdan-ko‘p romanlar. Kattagina kutubxonamiz hozir ham bor. Bahor toshqinlari, saratonning zerikarli, jimjit kunlari, kuzning izg‘irinli oqshomlari, qishning olis kechalari, qop-qora osmonda charaqlagan sonsiz yulduzlar, rahmatlik Mahkam momoning turfa rivoyatlari, Ismoil cho‘loqning oldi-qochdi ertaklari xuddi kechagidek esimda. Nimalarnidir yozgim kelardi. Qanday bo‘lmasin hislarimni qog‘ozga to‘kib solmoqchi bo‘lardim. Tabiiyki, men she’r yoza boshlagan edim. Bora-bora shu mashg‘ulot umrimga yuk bo‘lishini o‘ylabmidim... Mayli, bu haqda gapni qo‘ya turaylik. Umuman she’riyat kishi qalbiga, eng avvalo, ruhiy tashnalik, cheksiz ehtiyoj, ajib bir sehr tariqasida kirib keladi, shekilli. Shuning uchun men she’riyatni ehtiyoj farzandi, deb atayman.

Quyida havaskor shoir bosib o‘tishi mumkin bo‘lgan ba’zi bosqichlar haqidagi tasavvur va taassurotlarimni qisqacha aytib o‘tmoqchiman. Frantsuz faylasufi Gelvetsiy: «She’r yo yuksak cho‘qqilarda, yoki g‘orlarda yaratiladi», deydi. Darhaqiqat, she’r inson ruhining birmuncha g‘ayritabiiy, ayricha holatidan tug‘iladiki, zukko faylasuf buni obrazli ifoda etgan. O‘sha cheksiz ufqlar, sirli miltiragan sonsiz yulduzlar kimda ham his-tuyg‘u uyg‘otmaydi deysiz! Albatta, hammada ham. Faqat ijod dardiga chalingan odamda bu tuyg‘u cheksiz armonga, go‘zal iztirobga, qondirilishi nihoyatda zarur bo‘lgan ehtiyojga aylanadi. Bu ehtiyoj chinakam shoirni umr bo‘yi ta’qib etadi... Men hozir shoirning nuqtai nazarlari shakllanmagan, yulduzlardan... boshqa ehtiyojlar boshiga tushmagan, yo‘rgakdagi holati haqida gapirmoqdaman. Bu bosqichda she’riyat chindan ham ko‘ngil ishi hisoblanadi. El e’tiborini qozonishni o‘ylash, maqtov yoki mukofotlar uchun gadolarcha yaltoqlanishlar bu bosqichda uchramaydi. Nazarimda, shoirning tarbiyasi, agar u zarur bo‘lsa, xuddi mana shu joydan boshlanmog‘i zarur. She’r texnikasini egallash mavsumi ham, adabiyotning cheksiz chamaniga parda ko‘tarib mo‘ralaydigan chog‘lar ham mana shu o‘spirinlik yillariga to‘g‘ri keladi. Bo‘zbola shoir bu bosqichda faqatgina samimiyat bilan ish ko‘radi. Uning hayot haqidagi fikrlari nechog‘li ibtidoiy bo‘lmasin, she’riy texnikasi nechog‘li g‘o‘r ko‘rinmasin — uning orqasida toza, pokiza, samimiy yurak urib turadi. Hatto uning to‘qigan yolg‘onlari ham samimiy bo‘ladi. U ba’zi tajribali shoirlar singari boshqalarga taqlid qilayotganini yashirib ham o‘tirmaydi.

Darvoqe taqlid haqida. Taqlid — butun mahalla biladigan oqsoqolning choponini boshqa birov kiyib yurganday gap. Ta’sir esa boshqa narsa. Ta’sir — Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda ustoz ko‘zoynagini taqib olib o‘z materialingni tekshira boshlashingdir. Bularning barchasidan farqli o‘laroq ta’sirlanish ham borki u nomuntazam bo‘lib, turli-tuman voqea va hodisalarga kishi qalbining aks-sado berishidir. N. Aseev M. Lukoninga yozgan xatida aytadi: «Yaxshi she’r o‘qisang sening ham biror nima yozging kelib qoladi, yomon yoxud o‘rtacha narsa o‘qiganda esa, umuman, yozishdan hafsalang pir bo‘ladi». Garchi bunday holat ijodkorda umr bo‘yi davom etsa-da, o‘spirinlik yillarida, ayniqsa, yaqqol ko‘zga tashlanadi. Juda ko‘p o‘spirin shoirlar ishtiyoqi so‘nganidanmi yo turmush majburiyatlari tufaylimi — shu bosqichdan nariga o‘tolmaydilar. (Shoirlarga e’tibor kuchaygan bizning zamonda, shoir bo‘lsam nima qipti, qabilida o‘zini ham, adabiyotni ham qiynab yurganlar, afsuski, ko‘p. Ular hatto kitob ham chiqazadi, qandaydir yo‘llar bilan Yozuvchilar soyuziga ham kirib olishadi. Ammo bu o‘rinda men she’riyatni qismat deb bilgan shoirlar haqida gapirmoqdaman.) Xo‘sh, bizning o‘spirin shoirimiz haligi bosqichdan omon-eson o‘tib oldi ham deylik. Endi u nimalarga ro‘baro‘ kelgan bo‘lardi? Inson va ijodkor sifatida Hayot va Ijodga duch kelardi, albatta. Lekin bu bosqich professionallik boshlanadigan, burch bilan bog‘liq nihoyatda jiddiy bosqichdir. Bu bosqichda tog‘aylar suyakka aylana boshlaydi, ya’ni inson va ijodkor shakllana boshlaydi. Ochig‘ini aytganda, inson sifatida shakllanish bilan shoir sifatida shakllanish jarayoni bir-birnga uncha qovushmaydigan turli normalarni o‘z ichiga oladi. Shu sababdan ba’zan shoirlarning xatti-harakatiga bir oz ajablanib qaraydilar. Aslida ijodkor shaxsining shakllanishi insoniyat uchun asrlar davomida odat tusiga kirgan an’anaviy qonun-qoidalarga nisbatan birmuncha ayricha — o‘ziga xosdir. Bunday shaxslarda hissiyot goho birinchi planga chiqib ketadi. Aleksandr Blokning «Shoirlar» deb atalgan yaxshi bir she’ri bor. Blok shoirlarning ayanch va betayin hayotini tasvirlab kelib, ularning ustidan kuladiganlarga murojaat qiladi:

Senga xotiningu o‘zing bo‘lsang bas,
O‘z qonunlaring bor, sen bundan mamnun.
Ammo shoir esa olam-jahon mast,
Qalbiga sig‘maydi, yetmaydi qonun.

(Erkin Vohidov tarjimasi)

Men bu o‘rinda, shoir xayoliga nima kelsa shuni qilaversin, demoqchi emasman. Aksincha, hozirgi zamonda shoirning joyi eng hushyor jabhalarda bo‘lmog‘i kerak. Yuqoridagi gaplarim ijodkorning asar yaratish tarzi, kundalik ish tartibi, ilhom junbushlariga ko‘proq taalluqlidir. Gyote ijod jarayonini quyidagicha izohlaydi, ya’ni avval soddalik, keyin murakkablik va yana soddalik. Yoshshoir ilhom bilan, hayot bilan chinakamiga ro‘baro‘ kelgan ekan, endi uni bolalikning toza, beg‘ubor, osuda, sho‘xchan tuyg‘ulari emas, balki anchagina murakkab borliq o‘rab oladi. Xo‘sh, u murakkab borliq nimalardan iborat?

Birinchidan, yana o‘sha moddiy olam (yulduzlar, daryolar, daraxtlar va hokazo). Ikkinchidan, ma’naviy olam (axloqiy masalalar, ona, yor, Vatan, abadiylik, o‘lim va hokazo) va bularning barchasini ma’lum tartibga solib, aniq estetik nuqtai nazarga bog‘laydigan zamon tushunchasi. Bularning har biri shoirdan endi o‘ziga xos bahosini kutadi. Kuylayverib siyqasi chiqib ketgan ko‘hna borliqni tasvirlay boshlar ekan, shoir she’ri ming-minglab asarlar orasidan jilla bo‘lmasa ko‘rinib turmog‘i uchun birinchi navbatda originallikka e’tibor bermog‘i lozim. Jiddiy fikr, chinakam hissiyot, samimiyat, yuksak mahorat — ana shular shoirning bundan keyingi qimmatini belgilab beradi. Ko‘pchilik shoir mana shu nuqtalarda chalg‘ib ketadi, haligi talablarning birortasida oqsab qoladi. Deylik, allaqachon aytilgan gaplarni takrorlay boshlaydi yoki o‘zi ta’sirlanmagan voqea-hodisani zamon talabi deb yozib, samimiyatni buzib qo‘yadi, hayot bilan aktiv aralashmasligi oqibatida fikri rivojlanmaydi, hislari o‘tmaslashadi va hokazo. Ko‘pincha yosh shoir san’atkor darajasiga ko‘tarilolmaydi, ya’ni mahoratni yetarli darajada egallay olmaydi. Qarabsizki, unisi yo bunisi yetishmagan qalamkash endi adabiyotda o‘ralashib yurish yo‘liga o‘tadi. Unda mukofotlar bilan o‘zini ovutish kabi san’atkorga nomunosib xatti-harakatlar ko‘rina boshlaydi. Qusurini ko‘rsatgan tanqidchilikka qarshi sintetik qilichini o‘qtaydi, tengdoshlariga nisbatan hasad namoyish etadi, oshkora surbetlikka o‘tadi. Harna bor iste’dodini rivojlantirmay, adabiyotga xayrxohlikni unutib, mehnatdan qochgan ba’zi ijodkordan bunday hollarda zararli unsurlar ham yetishib chiqadi.

Alhazar, deyligu gapimizni davom ettiraylik. Bizning shoirimizda yuqoridagi fazilatlar ozmi-ko‘pmi jam bo‘ldi, deb faraz qildik. Endi qolgan ishlar o‘z-o‘zidan bajo bo‘lib ketaveradimi? Aslo! Doimiy boyib boradigan bilim, mudom o‘sib, yuksaladigan did va saviya, muntazam mehnat bo‘lmasa, ijodkor zamon bilan barobar yurolmay, yana oqsab qoladi, u ko‘p borsa o‘z mahallasininggina «xo‘roz»iga aylanadi, oxir-oqibatda esa unutilishga mahkum etilgan shoirlarning bag‘ri keng ro‘yxatidan o‘rin oladi. Shoir uchun bilim o‘tmish va zamon badiiy tafakkurining barcha qirralaridan, ayniqsa, falsafadan chuqur xabardor bo‘lishni taqozo etadi. (To‘g‘ri, hamma ham faylasuf shoir bo‘lishi shart emas. Lekin yozma adabiyot vakili mzntiqiy fikrlay bilinsh kerak. Umuman, «Falsafa va She’riyat» maxsus tekshirishni talab qiladigan ish.) Birmuncha romantik yosh shoir uchun o‘qish-o‘rganishning foydasi beqiyosdir. Men bu o‘rinda «kitob o‘qisang, mulla bo‘lasan» qabilidagi o‘gitni takrorlamoqchi emasman. Jahon adabiyoti, buyuk siymolar ijodini nechog‘li chuqur va muntazam o‘rgana boshlasang, o‘zingni shu qadar g‘aribroq, kambag‘alroq hisoblay boshlaysan. Xomkalladagi xudbin xayollar tarqala boshlaydi, o‘zingda cheksiz intilish tuyg‘usini seza boshlaysan. Ijodkor uchun esa eng muhimi ana shudir.

Yuksak did va saviyaga ega bo‘lgan, ulkan mehnat zahmatlaridan cho‘chimaydigan, bilimdon, iste’dodli ijodkorga bunday intilish buyuk samaralar keltirishi aniqdir! Shu o‘rinda did, saviya haqida ikki sg‘iz so‘z. Bir frantsuz olimi: «Iste’dod — bu did», degan ekan. Albatta, o‘sha olim tug‘ma iste’dodning birlamchi ekanligini yaxshi bilgan holda, uni mavjud deb hisoblab, iste’dod uchun keyinchalik eng zarur hisoblanadigan hayotiy fazilat haqida gapirayotibdi. Buni ibora ma’nosining teranlig‘idan payqab olsa bo‘ladi. Darhaqiqat, ma’lum did va saviyata ega bo‘lmagan ijodkor adabiyotning birinchi elementi bo‘lmish tilning o‘zidayoq kimligini bildirib qo‘yadi. Didsiz shoir biror so‘zni biror o‘rinda eplab ishlatishi gumon. Gap shunchaki tizmalar emas, balki anchayin jiddiy she’riyat ustida ketayotibdi. Fikrimni isbotlash uchun ba’zi misollarga murojaat etaman. «Muhokamatul-lug‘atayn»da Alisher Navoiy yig‘lamoq so‘zining bir necha sinonimlarnni keltiradi (ular holatlar hamdir). Xususan, bo‘zlamoq, o‘kramoq, bo‘kramoq, siqtamoq va hokazo. Bizning shoirlarimizning qahramoni yig‘layapti deylik. Ammo u qaysi sababga ko‘ra va qanday holatda ko‘zyosh to‘kmoqda? Uzoqroq izlanishga toqati qolmagan yoki did nomukammal shoir qahramonim umuman yig‘layapti deb qo‘ya qoladi. Holbuki, haligiga o‘xshash sinonimlar shoirga bunday o‘rinda juda qo‘l kelishi mumkin. Masalan, tasavvurimcha, bolasi o‘lgan ona bo‘zlaydi, ota o‘kraydi. Yoki ma’lum bir satrda unli va undoshlarning uyg‘un kelishi uchun tuproqni tufroq deyishga to‘g‘ri keladi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Afsuski, yosh shoirlarimiz ijodning mana shu kabi nozik jihatlariga ko‘pincha beparvo qaraydilar. Hayotda hamma narsa yuz berishi mumkin. Masalan, ikki sevishgan yigit va qiz maysazorda uchrashib g‘aroyib his-tuyg‘ularini bir-birlariga izhor etayotganda ma’shuqaning oyoqlari daf’atan toshbaqaga tegib ketishi mumkin. Ammo o‘sha g‘aroyib his-tuyg‘ularni tasvirlaydigan she’rga toshbaqaning kirishga haqqi yo‘q. So‘zni o‘z o‘rnida ishlata bilish, albatta, she’rni bezaydi. G‘afur G‘ulomning ko‘pgina patetik she’rlarini ona tilimizda o‘qishli qilib turgan fazilat ham ustoz shoirning so‘zga chapdastligidir desam, yanglishmagan bo‘laman.

Yuqoridagi singari murodu maqsadlarimizni amalga oshirishning birdan-bir chorasi esa Mehnatdir. Bir eston teatrshunos olimi mehnat haqida gapirib, iste’dodli yalqovlarga nisbatan o‘rtamiyona mehnatsevarlar ko‘proq foyda keltiradilar, deydi. Hayotiy, to‘g‘ri gap. Lekin safarbar etilgan har qanday qora kuch mehnat tushunchasiga teng kelolmaydi. Did va saviya bilan ma’lum maqsadga yo‘naltirilgan, bilim va iste’dod rahnamolik qilgan, ongli, ijodiy mehnatgina san’atkorni pog‘onama-pog‘ona ko‘tarishi mumkin. Ba’zan iste’dodini yaltiroq tugmadek ko‘z-ko‘z qilib, mehnatni esa nochor odamlarning mashg‘uloti deb hisoblaydigan «daho»lar uchrab turadi. Ular, bir o‘tirishda falon satr she’r yozdim deb maqtanib ham qo‘yishadi. Holbuki, nazarimda, bunday gapni gapirishdan uyalish kerak. She’r oson yozila boshlansa shoir xavotirga tushmog‘i, orqa-oldini yig‘ishtnrib olmog‘i lozim. Bir sham yorug‘ida falon misra she’r yozdim, deb maqtangan bir shoirga, she’ringning qimmati ham bir shamga barobar ekan, deya Navoiyning bergan javobi, hoynahoy, asrlardan buyon og‘izdan-og‘izga ko‘chib kelayotibdi. To‘g‘ri, bir o‘tirishda yozilishi mumkin, yoziladi ham. Potrab turgan ixcham fikr, nozik, oniy chizgilar o‘zining tezroq namoyon bo‘lishini talab qiladi. Yo‘qsa shoir sal o‘tmay sovib qolishi mumkin. Ammo ilhomning quyilib kelishi bilan she’r ustida olib boriladigan keyingi zahmatli mehnatni bir-biridan ajratib tashlamaslik kerak. Yuqoridagi printsip, ya’ni tezkorlik shoirni bora-bora shunchaki bir badihago‘yga aylantirib yuborishi hech gap emas. Men Pushkin, Mayakovskiy, Yesenin singari shoirlarning qo‘lyozmalarini ko‘rganman. Ular ba’zan she’rni bir o‘tirishda qoralashgan. Ammo undan keyingi mehnat... Aql bovar qilmaydi! She’r tuzatilaverilib-tuzatilaverilib, so‘nggi nusxada dastlabki yozilgan so‘zlardan ba’zan birortasi ham saqlanib qolmagan. Ammo she’rning qon gruppasi o‘zgarib ketgan emas. Shoirga tashrif buyurgan dastlabki ilhom va olov kuchaysa kuchayganki, biroq pasaymagan. Shoir she’r ustida ishlash jarayonida uni so‘z san’atining mumtoz namunasiga aylantira olgan. Tabiatda uchraydigan noyob toshlarga ham ustalar keyin shakl beradi deyishadiku. She’rlarini o‘qib tasavvur qilamanki, Hamid Olimjon ham she’r ustida ana shunday bahodirona ter to‘kkan bo‘lsa kerak... Gyotening, ijod jarayoni uch bosqich ya’ni soddalikdan — murakkablikka, murakkablikdan yana soddalikka degan mashhur gaplari shu tariqa isbotlansa kerak. Uchinchi soddalik esa buyuk soddalikdir va unga yuksak did rahnamolik qilgan mashaqqatli mehnat tufayligina erishish mumkin. Men yuqoridagi gaplarni ijodiy tajribam azbaroyi ko‘payib ketganidan emas, balki Pirimqul Qodirov maqolasida aytgani kabi, «tajribaga muhtojlikdan» kelib chiqib yozdim. Zero, biz yoshlar hanuzgacha o‘qib o‘rganayotganimiz, ko‘targan xirmonimiz unchalik baland emasligi barchaga ayon. Boshlovchi shonr do‘stlarimga ehtimol ozgina bo‘lsa ham foydasi tegar degan umidda yondaftardagi ba’zi fikrlarni ham quyida keltirib o‘tishni lozim topdim.

* * *

Haqiqat egiladi, lekin sinmyaydi, deydilar. Oh! Mana shu egilishida uning necha-necha qobirg‘alari sinib, paylari uzilib ketishini bilsangiz edi!

Bir klassikning qabri tepasiga muxlisi kelib iltijo qilibdi: — Qaniydi, biror soatgina bo‘lsa ham sizning shon-shuhratingiz menda bo‘lsa!

Daf’atan, qabr ichidan ovoz chiqibdi: — Mening o‘rnimga bir soatgina kirib yotishga rozi bo‘lgin, butun umrlik shon-shuhratimni senga beraman!..

Dunyoda eng oliy baxt abadiyatdir, dunyoda eng mashaqqatli mehnat esa unga erishmoq.

Dante aytgan: «She’riyatda eng avvalo hislar samimiyligi va tuyg‘ular tarangligi kerak».

Dunyoda eng sho‘rlik, baxtsiz zot kim? Nazarimda, hasadgo‘ydir. Boshqalarni nomaqbul sharoit xarob qilsa, u o‘zini-o‘zi yeydi.

Pushkin so‘zi qadimiy yunoncha bo‘lib, yo‘q joydan bor qilish degan ma’noni anglatar ekan. Tasodifni qarangki, haqiqatan ham Pushkin qariyb yo‘q adabiyotni yo‘q joydan bor qildi.

Ishi yurishman turgan bir shoir nomi gazetada kimdandir keyin yozilib qolganini ko‘rib nihoyatda g‘azablandi... O, odam! Past ketsang o‘zing qulagan jarning tubiga yetguncha yumalayverar ekansan.

“O‘zbek tili va adabiyoti”, 1977 yil, 3-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.