OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Habib Sa’dulla (1942-2006)

http://ziyouz.uz/images/ziyoli/habib_sadulla.jpgHabib Sa’dulla (taxallusi; asl nomi Sa’dullayev Habibulla) (1942.5.4, Namangan – 2006) — O‘zbekiston xalq shoiri (1999). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1992).

Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1971). «Mushtum» jurnalida musahhih (1966—67), maktab o‘quvchilari gazetasida adabiy xodim (1967—68), «Namangan haqiqati» gazetasida bo‘lim mudiri, muharrir o‘rinbosari (1968—73), Namangan viloyat Yozuvchilar uyushmasida rais (1973—90), viloyat Madaniyat ishlari boshqarmasida boshliq (1990—98) bo‘lib ishlagan.

Dastlabki she’rlar to‘plami — «Okeandan shabada» (Usmon Temur bilan hamkorlikda, 1969). Shundan so‘ng Habib Sa’dullaning «Bahor bilan suhbat» (1975), «Muloqot» (1979), «Yana ostonangda» (1982), «Ehtirom» (1984), «Bog‘lar yurtin bolasimiz» (1988), «Tazarru», «Ko‘chamdan jonon o‘tganda» (1992), «Kosonsoy karvonlari» (1993), «Uchqo‘rg‘onning uch xirmoni» (1996), «Ramazon munojoti» (1997), «Nur qadri» (1998) she’riy kitoblari nashr etilgan.

Habib Sa’dulla she’rlarida o‘zi mansub bo‘lgan avlodning o‘zgarib borayotgan voqelikdan olgan taassurotlari va shu voqelikka munosabati o‘z ifodasini topgan. Shoirning urush mavzusiga bag‘ishlangan «Tug‘ilgan yilim», «Onaizor» va «Tirik qurbonlar» dostonlari avtobiografik xususiyatga ega. Bundan tashqari, Habib Sa’dulla «Usmon atlas», «Zamin sadosi», «Yettinchi qit’a», «E’tiqod», «Chust rivoyati», «Adib taqdiri», «Jarohat» singari dostonlarni ham yozgan.

Habib Sa’dullaning «Yusuf va Zulayho» (1975), «Mehr quyoshi» (1985) dramalari va «Rahmat, ig‘vogar» (1989) komediyasi viloyat teatrida sahnalashtirilgan. «El-yurt xurmati» ordeni bilan mukofotlangan (2003).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.