OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Ali (1942)

Muhammad Ali (Ahmedov Muhammadali) 1942 yil 1 martda Andijon viloyatining Bo‘z tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1992). Filologiya fanlari nomzodi (1992).

Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutini tugatgan (1966). «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim (1966), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir (1967), bo‘lim mudiri (1982), bosh muharrir (1982—85), O‘zbekiston televideniesida bosh muharrir (1985— 88), ToshDUda etika va estetika kafedrasi mudiri (1994—96), G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda o‘zbek adabiyoti tahririyati mudiri (1997—98), Xalqaro «Oltin meros» xayriya jamg‘armasi boshqaruvi raisi (1999—2003) bo‘lib ishlagan. 2003 yildan Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi raisi.

Muhammad Ali «Fazodagi xislar» (1967), «Sha-faq» (1968), «Otalar yurti» (1970), «Dostonlar» (1974), «Oq nur» (1977), «Ilhom pariey» (1980), «Sen bir gulsan» (1989), «Ona duosi» (1994) va boshqa she’riy asarlar muallifi. «Mashrab» dostonida (1966) Boborahim Mashrabning fojiali hayotini tasvirlagan. «Beshgul» (1986), «Zaminda yashaymiz» (1971), «Muhabbat» (1983) dostonlari zamonaviy mavzularda yozilgan.

O‘zbek xalqining 19-asr oxiri — 20-asr boshlaridagi hayotini tasvirlashga bag‘ishlangan «Boqiy dunyo» (1981) she’riy romanida Jizzax qo‘zg‘oloni voqealari badiiy lavhalarda aks ettirilib, Dukchi Eshon obrazi yaratilgan.

«Sarbadorlar» (1989) dilogiyasi Muhammad Alining prozadagi dastlabki asari. «Ulug‘ saltanat» (1999) tarixiy romanida o‘zbek xalqining 14-asrdagi hayoti tasvirlanarkan, tarixiy hodisalar oqimida Amir Temur obrazining tadrijiy o‘sib borishi, uning xarakteridagi adolatparvarlik, halollik, mardlik va vatanparvarlik fazilatlari ko‘rsatilgan.

Muhammad Alining davr va tarixning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan publitsistik asarlari ham bor («Oshiq bo‘lmay Haq diydorin kursa bo‘lmas» 1992; «Men ko‘rgan Amerika», 2000).

«Ramayana» (1978), qoraqalpoq eposlari «Shahriyor» (1977), «Masposhsho» (1985), shuningdek, R. Byorns, U. Tabidze, Bayron va boshqa yozuvchilarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1984), «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (1999).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.