OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nosir Fozilov (1929)

Nosir Fozilov (1929.10.6, Qozog‘iston Respublikasining Turkiston tumani Qoriz qishlog‘i) — yozuvchi, tarjimon. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1990). O‘rta Osiyo universitetini tugatgan (1954).

«Gulxan» jurnalida mas’ul kotib (1955—59), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bo‘lim mudiri (1959—63; 1975—82), «Sharq yulduzi» jurnalida mas’ul kotib (1963-75; 1982-84; 1986-92) bo‘lib ishlagan.

Adibning birinchi hikoyasi «Lenin uchquni» gazetasida 1953 yilda bosilgan bo‘lsa, uning birinchi kitobi 1959 yilda «Irmoq» nomi bilan chop qilinadi. So‘ngra «Oqim» (1962), «Robinzonlar» (1964), «Qush qanoti bilan» (1965), «Qorxat» (1968), «Ko‘klam qiyoslari» (1970), «Diydor», (1979), «Tanlangan asarlar» 2 jildlik (1983—84), «Bolaligim—poshsholigim» (1989), «Bir otar to‘pponcha» (1995), «Shum bolaning nabiralari» (1995), «Toshkentning nosi» (1996) kabi o‘nlab kitoblari nashrdan chiqadi.

Hikoya va qissalari milliy bo‘yoqlarining yorqinligi, tilining jozibadorligi, xalq turmushi manzaralarining, ayniqsa, bolalarning ichki dunyosi, o‘ykechinmalarining jonli tasviri, ko‘tarinki ruhi bilan ajralib turadi. Asarlarida cho‘l tabiatiga xos manzaralar shoirona chizilgan.

Nosir Fozilov tarjimon sifatida ham samarali ijod qilgan. U Abay, Muxtor Avezov, Sobir Muqonov, G‘abit Musrepov, G‘abiden Mustafin, Abdulla Tojiboyev, Abdijalil Nurpeisov kabi ko‘plab qozoq adiblari asarlarini o‘zbekchaga tarjima qilgan. Shuningdek, qirg‘iz, qoraqalpoq va o‘zga tillardan ham ko‘plab sara asarlarni o‘zbekchalashtirdi. 1985 yilda unga «Shum bolaning nabiralari» kitobi uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining G‘. G‘ulom nomidagi, 1986 yilda esa qozoq adabiyotidan qilgan tarjimalari uchun Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasining Bayimbet Maylin nomidagi, «Ustozlar davrasida» asari uchun esa Hamza nomidagi Davlat mukofoti berildi. 1990 yilda u «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi» unvoniga sazovor bo‘ldi. El-yurt xurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1999).

Nosir Fozilovning ko‘plab asarlari o‘zga tillarga ham tarjima bo‘lib, nashr etilmoqda. U 1994 yili o‘zbek va qozoq adabiy aloqalari borasidagi katta xizmatlari uchun Qozog‘iston Prezidenti ta’sis etgan «Tinchlik va ma’naviy hamjihatlik uchun» xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.