OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Umarxon Ahmadjonov (1940)

Namanganlik shoir Umarxon Ahmadjonovning asli kasbi dorishunos. Uni «Sardobali shoir Malhamiy» ham deyishadi. Umarxon — Malhamiy 1940 yilning 23 iyunida Namangan viloyatining Sardoba dahasida ilg’or ziyoli oilasida dunyoga kelgan. O’rta maktabni tugatgandan so‘ng Toshkent Davlat Farmatsevtika oliygohiga o‘qishga kiradi va uni 1965 yilda tugatib, o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyida dorishunos bo‘lib ishlay boshlaydi. 

Xuddi shu davrlardan boshlab she’r, g‘azal, qo‘shiqlar mashq qiladi. Ona yer, diyor, muhabbat va kishilar o‘rtasidagi oqibat uning she’rlarida bosh mavzuni tashkil etadi. Uning birinchi she’ri 1963 yilda «Toshkent haqiqati» ro‘znomasida «Qizcha muborak bo‘lsin» nomi bilan bosilib chiqadi. Ketma-ket esa shoir o‘z she’rlari bilan tuman, viloyat va respublika mahalliy matbuotlarida ko‘rina boshlaydi. «Boychechak», «Oltin belanchak» kabi almanaxlarda uning she’r, gazal va qo‘shiqlari bosiladi. Jumladan, shoirning «Boychechak» almanaxida «Iftixor» turkumida to‘qqizta she’ri chop etiladi. U o‘zining «Fidoyilik» degan g‘azalida:

Jonajon do‘stlarga hargiz jon fido etgum kelur, 
Yetmasa ul qadrima ul do‘st bahridan o‘tgum kelur,
— deydi. 

Hayotda, kishilardagi eng yaxshi fazilat, xislat, namunali sifatlarni bir tomondan olqishlab, shunga da’vat etsa, ikkinchi tomondan bemehr, toshbag‘ir, insoniy fazilatlardan mahrum kishilardan o‘zini yiroq tutadi. Har ikki holatni ko‘pincha qaramaqarshi qo‘yish — kontrast orqali yanada yorqinroq ifodalashga intiladi. Yana bir «Oqibat» she’rida:

Oramizdan qaerlarga ketib qolding oqibat, 
Oqibatli el yuzidan pardang olding, oqibat, 
— deydi.

Shoirning shu kungacha uch she’riy to‘plami chop etilgan. Eng so‘nggisi 1992 yilda «Zebosan» nomi bilan chop etildi. To‘plam iste’dodli va suyukli shoir Muhammad Yusuf fotihasi bilan ochildi. «U, — deydi M.Yusuf o‘z so‘zboshisida,— Ona diyor, ishq-muhabbat haqida bajonidil qalam tebratayotir. Soflik, mehroqibat, samimiylikni o‘ziga xos uslubda kuylaydi. Shoir har bir kitobxonning qalbiga kirib borishga harakat qiladi va bunga erishgan ham». Ha, shoir Umarxon—Malhamiy o‘z o‘quvchisi qalbiga ma’naviy malham bo‘lish ishtiyoqida, U yaratgan qo‘shiqlar ham shundan dalolat beradi. Shoirning «O’tar», «Bilgaymusan», «Mehrim o‘zing», «Otajon», «Do‘stlarim», «Iboli bo‘lsin» kabi qo‘shiqlari allaqachon havo to‘lqinlarida o‘z shinavandalarini topgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.