OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xudoyberdi To‘xtaboyev (1932)

Xudoyberdi To‘xtaboyev (1932.17.12, O‘zbekiston tumani Katta Tagob qishlog‘i) — O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1991). O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1982). Qo‘qon pedagogika bilim yurtini (1949), O‘rta Osiyo universitetini tugatgan (1955).

O‘rta maktabda o‘qituvchi va direktor (1955—58), «Toshkent haqiqati» gazetasida adabiy xodim, bo‘lim mudiri (1958—62), «Sovet O‘zbekistoni» (1962—70) gazetasi, «Guliston» jurnalida (1970—72), «Yosh gvardiya» nashriyotida (1972) bo‘lim mudiri va bosh muharrir o‘rinbosari (1974—76), «Gulxan», «Yosh kuch» jurnallarida bosh muharrir (1977—80), «Oltin meros» xalqaro xayriya jamg‘armasi boshqaruvi raisi (1980—1998) bo‘lib ishlagan.

Dastlab jurnalist sifatida tanilgan, feletonlar yozgan. Badiiy ijod bilan 20-asrning50-yillarida shug‘ullana boshlagan. Ilk hikoyalar to‘plami — «Shoshqaloq» (1961). «Feletondan keyin» (1962), «Sir ochildi» (1963), «Sehrli qalpoqcha» (1964) singari qissalari, «Muhabbat qo‘shig‘i» (1967), «Jonginam, shartingni ayt» (1969), «Konizar yulduzlari» (1978), «Omonboy bilan Davronboy sarguzashti» (1974) va boshqa asarlar muallifi.

«Sariq devni minib» romani (1968) yozuvchiga katta shuhrat keltirgan. Shundan keyin «Sariq devning o‘limi» (1973), «Besh bolali yigitcha» (1976), «Qasoskorning oltin boshi» (1981), «Yillar va yo‘llar» (1983), «Shirin qovunlar mamlakati» (1986), «Mungli ko‘zlar» (1988), «Jannati odamlar» (1996) romanlari nashr etildi.

XudoyberdiTo‘xtaboyev asarlari yumorga boyligi, bolalar hayoti, ularning o‘ziga xos tabiati, xususiyatlari, ruhiy kechinmalari nihoyatda jonli, qiziqarli va bolalarbop yo‘sinda mahorat bn tasvirlanishi jihatidan ajralib turadi.

XudoyberdiTo‘xtaboyev o‘zbek bolalar adabiyotini jahon miqyosiga olib chiqqan ijodkorlardan biridir. Asarlari tojik, qirg‘iz, turkman, ozarboyjon, arman, rus, ukrain, belorus, moldovan, eston, latish, litva, fin, bolgar, venger, nemis, chex, italyan tillariga tarjima bo‘lgan.

Sobiq Ittifoq Yozuvchilar uyushmasining yillik mukofoti (1971), O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining mukofoti (1972), Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989).

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.