OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Ahmad. Yurakdagi ism (hikoya)

Elyorga safarga jo‘nashini aytishdi. Qaerga deng? Oyto‘g‘onga! U Oyto‘g‘onni esladiyu ko‘z o‘ngidan qadrdon qishloqning shirin-sharbatli bog‘lari, qaddi dol, uzzukun yelkasidan ketmon tushmaydigan Xonimqul ota, qalbiga bitmas armon tashlab ketgan Gulsun o‘tdi.
Oyto‘g‘on dasht bag‘ridan uzilgan parcha yer. Sahro ko‘ksidagi bu mo‘’jaz maskan atrofga xush hidlar sochadi. Hamma Oyto‘g‘onga intiladi. Barcha unga talpinadi.
O‘shanda Elyor institutni tugallagan yigirma uch yoshli yigit edi. Uni qurilishda iliq kutib olishdi. Rahbari to‘g‘ri so‘z, dangalchi ekan. Elyor bilan ko‘rishgach, jilmayib dedi:
— Bu yer shamolning uyasi, qishi o‘ta ayozli. Chidolmassiz.
— Qani biroz ishlab ko‘raylik-chi, — dedi Elyor odob saqlab. — Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
Elyorga chog‘roq xujra berishdi. Bu joy ham ishxona, ham boshpana. Do‘kondan sim karovat, ko‘rpa-yostiq oldi. Shu taxlit cho‘ldagi hayoti boshlandi.
Kechki payt xonasiga bir mo‘ysafid bosh suqdi.
Elyor o‘rnidan turib, qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. Qo‘yarda-qo‘ymay karovatga o‘tqizdi. Tanishishdi. Idoraning bog‘boni mo‘ysafid Xonimqul ota edi.
Ertasiga Elyor ishni xiyla kech tugatdi. Qishloqni kezib, Oyto‘g‘ondagi muhtasham binolarni ko‘rdi. Qurilishlarning borishi bilan tanishdi. Muhandis sifatida rejalar tuzdi.
Orada qorong‘ulik tushib, atrofni zim-ziyo tun qopladi. Yigit karovatga yonboshlagancha, kitob o‘qishga tutindi.
Deraza oynasini birov chertganday bo‘ldi. Elyor quloq tutdi. "Kim bo‘lishi mumkin? Hamma ketgan. Meni yo‘qlaydigan kishim yo‘q".
Birozdan so‘ng deraza yana boyagidek chertildi.
Elyor irg‘ib turib, eshikka qaradi. Qaradi-yu, hayron, lol qoldi. Eshik ortida notanish qiz  iymanibgina turardi.
— Assalom!
Elyor sarosima ichida qoldi. "Qorong‘u kechada bu qizgina nima qilib yuribdi? Juda yosh, ko‘zga yaqin..."
— Qiziq... Ha, hmm... xizmat, — dedi yigit jur’atsizgina.
— Otam... Sizni chaqiryapti.
— Meni... meni-ya? Otangiz kim?
— Tanirsiz, Xonimqul bobo.
— Ha, bo‘ldi. Taniyman u kishini.
Elyor shoshib qoldi. Shundoq dilbar, nozanin qiz kech mahal uni yo‘qlab, "yuring" deb turganidan butun borlig‘ini allaqanday lazzatli his qamrab oldi. Otaning uyi idoraning yonboshida ekan. Atay dasturxon tuzab o‘tiribdi. Elyorni qo‘yarda-qo‘ymay to‘rga o‘tqizdi. Ovqatdan keyin tayinladi:
— Bolam, bizni uy kengish. Shu yerda istiqomat qilasiz. Men — sizga ota, kampirim — ona.
— Ishim vaqti-soatsiz, sizlarni urintirib  qo‘yaman, — deb uzrini aytgan bo‘ldi yigit.
— Borini baham ko‘ramiz, — e’tirozga o‘rin qoldirmay dedi qariya, — hech yerga jilmaysiz".
Xonimqul otaning bog‘iga ta’rif yo‘q. Elyor hali fusunkor bog‘ni ko‘rmagan.
Ota sahar turib nomoz o‘qiydi. So‘ng chelakka bog‘da to‘kilgan mevalarni bittalab teradi. Eng sarxilini tanlab, idoraga yo‘l oladi. Xonama xona kirib,  ishlovchilarga meva ulashadi.
Gulsun juda sarishtali ekan. Kechki payt hammayoqni gulday qilib, so‘ng Elyorning o‘rnini soladi. Kiyimlarini yuvib, dazmollaydi. Tiq etsa, yugurib chiqib,  darvoza ochadi. Oyto‘g‘ondagi eng sara gullardan terib, Elyorning xonasiga qo‘yadi.
Qizdagi bu aql, joziba va o‘ktamlik bora-bora Elyorning ko‘nglini rom eta boshladi. Uning iboli boqishlari, taqimini o‘pgan sochining mavjli to‘lg‘anishlari, ovozidagi sirli mayinlik, bari-barisi Elyorga yoqar, qizning shu hovlida borligining o‘zi qalbiga cheksiz halovat bag‘ishlardi.
Allaqaysi bayram arafasi edi. Elyor xonasida o‘tirsa, salom berib, Gulsun kirib keldi. Qo‘lida ohorli ko‘ylak bilan do‘ppi. O‘shanda Gulsun o‘tgan bir yil davomida ilk bor qo‘l berib ko‘rishdi. Elyorning qistovi bilan stolning chetiga omonatgina qo‘ndi.
Hayal o‘tmay qiz chiqib ketdi. Bir payt Elyor ko‘chaga otlana turib Gulsunga duch keldi. Ajabo, qizning ko‘zlari jiqqa yosh, chehrasi ma’yus. Yigit qancha so‘ramasin, sababini aytmadi. "Shunchaki o‘zim" deb qo‘yaqoldi. Ertasiga Elyor shaharga uch oylik o‘qishga ketdi. O‘zi shaharda-yu, fikri-yodi Oyto‘g‘onda. Xayolidan otasiday aziz Xonimqul bobo, Gulsun nari ketmadi.
Orada Elyor Oyto‘g‘onga qo‘ng‘iroq qildi. Go‘shakni Gulsun ko‘tardi. Qizning mehrga yo‘g‘rilgan, biroq hazin-mung to‘la ovozi qalbini o‘rtab yubordi. Gulsunning dil tubida qandaydir achchiq alam, dard pinhonligini anglagach, aytmoqchi bo‘lgan gaplarini ichiga yutdi.
O‘qish bitgach Elyor uyga qaytdi. Kelsa eshik qulf. Hammayoq jim-jit. Yigit kalovlanib qoldi. "Ular qani? Qaerga ketishgan?" 
Elyor yugurganicha qo‘shni xonadonga chiqdi. So‘rab bilsa, Gulsun kasalxonaga tushibdi. Ahvoli og‘ir. Ota qo‘riqqa sabzi ekkan ekan. Gulsun o‘toq qilayotsa, qo‘lini ilon chaqibdi, Ilon!
Bu gapni eshitib Elyorning eti jimirlab ketdi. Darhol kasalxonaga chopdi. Gulsun tamoman hushsiz yotardi, rangida qon yo‘q. Dokaday oppoq, Xonimqul ota bilan Lutfi buvi boshida yig‘lab o‘tirishibdi. Doktorning aytishicha, umid yo‘q. Ilon zahri qonga o‘tgan. Nari borsa, uch kunlik umri bor.
Elyor chidab turolmadi. Qo‘yarda-qo‘ymay kasalni shaharga olib ketdi. U yerda bir oy davolashdi. Qiz o‘n uch kun ko‘z ochmadi. Yigit mijja qoqmay yonida turdi. Bu dunyoda birov birovga nimaiki yaxshilik qilishi mumkin bo‘lsa, barisini qildi. Bor mehrini, joni-jahonini qizga bag‘ishladi.
Nihoyat, Gulsun ko‘zini  ochdi. Qovjiragan lablari bilan bir nimalar deb pichirladi. Mehr to‘la nigohini Elyordan uzmasdi.
Elyorning ko‘nglida ham hislar mavj urardi: "Ey mening jonimdan ortiq mahbubam! Xudoga shukur, ko‘zlaringni ochding. Bu bilan mening baxtimni, ilk sevgimni qaytarib berding. Rahmat, azizam, rahmat. Eh, koshkiydi shu damda gulday nafis, sarviday nozik qaddingni bag‘rimga bossam. G‘uncha lablaringdan to‘yib-to‘yib o‘psam. Seni dast ko‘tarib, dunyoga jar solsam. Ey odamlar, ko‘rib qo‘yinglar. Men baxtli insonman. O‘z sevgilisiga erishgan armoni yo‘q yigitman, deya hayqirsam. Yo‘q! Iloji yo‘q! Bunday qilishga hali haqqim yo‘q!"
Gulsun tuzalib ketgach, Elyorni boshlig‘i Sobir aka yo‘qlabdi. Ko‘rishib hol-ahvol so‘ragach, maqsadga ko‘chdi:
— Oyto‘g‘onga singishib qoldingiz. Hamma bilan apoq-chapoqsiz. Endi to‘yni boshlaylik.
Elyor ne deyarini bilmay yerga qaradi. Sobir aka davom etdi:
— Kelin ham tayyor deyishyapti. Ish pishgan shekkilli.
— Mayliku-ya, — dedi Elyor ichki xo‘rsinish bilan, — ota-onam o‘tib ketishgan. Amakimning qo‘lida o‘sganman. Shunga... oldidan o‘tishim zarur. Bir kunga javob bersangiz, zip etib, borib kelardim.
Bu gap boshliqqa ham ma’qul tushdi. To‘yni tezlatish uchun Sobir aka ertagayoq Xonimqul  otaning qulog‘iga shipshitib qo‘yadigan bo‘ldi.
Ertasi Elyor uchib-qo‘nib qaytib kelsa, darvoza lang ochiq. Hovli kimsasiz. Ming bir xavotir bilan yuragi gurs-gurs urganicha xonasiga kirdi. Kirdiyu nogahon ko‘zi stol ustida yotgan xatga tushdi. 
"Elyor aka! — deb boshlanardi xat.  O‘sha oqshom sizni ko‘rganimdayoq, agar mening peshonamga turmush qurish yozilganda, faqat shu yigitni tanlardim, deb dilimdan o‘tqizganman. Yashirib netay! Sizga ko‘nglim bor. Buning ustiga menga qilgan yaxshiliklaringiz, ta’rifga sig‘maydigan mehribonliklaringiz. Bularni unutib bo‘larmidi?! Elyor aka! Uyingizda cho‘ri bo‘lib bir umr xizmatingizni qilsam ham, qarzimni uzolmayman.
Oh, netay! Odamlarday turmush qurib yasholmasam. Sanoqli umrim qoldi. Aytishlaricha, atigi uch yil. Siz uchun eng kerakligim — yuragim xasta. Tag‘in tug‘ma.
Bizni qidirmang. Biz juda olislardamiz. Siz baxtli yashashga loyiqsiz. Baxtingizga zomin bo‘lishni istamayman. Sizni qalbida olib ketguvchi, baxti qaro Gulsun".
Elyorning ko‘zi tinib, osmon ustiga gumburlab qulaganday bo‘ldi. Nazarida yeru zamin chirpirab aylanardi. Bo‘layotgan voqealar o‘ngimi, tushimi — anglab yetolmasdi. Hayotning bunchalik shafqatsiz, bunchalik vafosizligiga sira-sira chidolmas, sodir bo‘lgan hodisalarga aqli yetmasdi.
Bir payt yoniga qarasa, Sobir aka keng kaftini yigitning yelkasiga qo‘yib, afsus bilan  bosh chayqayapti.
— Shunday bo‘pqoldi, inim, — dedi u bo‘g‘iq bir tovushda. — Ular bir kechada ko‘chib ketishdi. Hech kimga lom-mim demagan. Sababini bilolmadik. Qani, inim, bir-ikki kun toqat bilan kutib turaylik-chi, daraklari chiqib qolar.
Bu yo‘qotishdan Elyor to‘shakka mixlandi. Ishni ham qo‘ydi. Keyinchalik oyoqqa turgach, Gulsunni izlab, bormagan eshigi, surishtirmagan odami qolmadi.
Shu alfozda Elyor Gulsun va uning oilasini uch yil kutdi. Uch yil yo‘llariga ilhaq, zor-intizor ko‘z tutdi. Eshik tiq etsa, entikib yugurdi. Yigit boshi bilan nolavor bo‘zladi. Dashtu shahardan, to‘yu azadan yorini izladi.
Osmon uzoq, yer qattiq deganlari shumikin?! Nachora, hech yerdan va hech kimdan "Ular topildi!" degan jonbaxsh sado chiqmadi. Oxiri shaharga ketdi. Taqdirga tan berib uylandi.
Bugun Oyto‘g‘onga kelarkan, qalbi larzaga tushib, shularni esladi. Xayolida yakkash bir fikr charx urardi. Jondan ortiq sevgilisi, mohiro‘y malagi Gulsunning taqdiri ne kechdi? U bilan diydor ko‘rishish nasib etarmikan?
Mana, Oyto‘g‘onga ham unchalik o‘zgarmabdi. Ana, idora, ana maktab. Ko‘m-ko‘k bog‘-roqqa burkangan uy-joylar chiroy ochib turibdi. Uzoq-uzoqlarga yastanib ketgan ekin  dalalari yengil hovurdan jimir-jimir ko‘zga tashlanadi.
Elyorning ko‘zi nogoh qadrdon hovli, Gulsunlarning o‘sha shinam uy-joyiga tushdi. Yuragi orziqib, beixtiyor ko‘zlariga yosh qalqdi. Qadamlar o‘z-o‘zidan  o‘sha yoqqa oshiqardi.
"Yo‘q, avval idoraga kirib Sobir aka bilan so‘rashib, xizmat safarim haqida xabar beray", — deb o‘yladi Elyor, bir amallab o‘zini qo‘lga olarkan.
U idora tomon yurdi. Pishiq g‘ishtdan "T" harfi shaklida qurilgan shirkat xo‘jaligi idorasida odam siyrak. Darvoza yonida direktorning "UAZ"igi va bir necha yengil ulov qantarilib turibdi.
"Xayriyat, Sobir aka shu yerda ekan", xayolidan o‘tdi yigitning.
Elyor ancha-muncha eskirib qolgan pol taxtalarini g‘ijirlatib qabulxona tomon yurdi. Eshik  qiya ochiq ekan. Yigit u yoq-bu yoqni sarishtalab olish uchun bir  zum oyoq ildi. Shu payt ichkaridagi gap-so‘zlar beixtiyor e’tiborini tortdi.
— Kelganingiz xo‘p yaxshi bo‘ldi, Gulsunxon,  — dedi Sobir aka (tovushi juda tanish) — Sizni biz, Elyorjon juda ko‘p izladik, lekin hech daragingizni topmadik.
— Uzr, Sobir aka, shunday bo‘p qoldi-da, — dedi mayingina qiz tovushi. Bu shubhasiz Gulsun edi. — Bu yerda boya aytganimdan boshqa hech qanday sabab yo‘q. Zominga, tog‘alarimnikiga ko‘chib ketdik. Bir professorning aytishicha, mening kasalimga tog‘ qimizi davolik qilar ekan. Shuning uchun ketdik. Hech kimga xabar qilmaganimizning sababi o‘zingizga ma’lum. Birovni bezovta qilishini istamadik. Mana, Xudoga shukr, Sobir aka, yuragim tuzalib ketdi, soppa-sog‘man endi.
Sobir aka og‘ir so‘lish olib, uf tortdi.
— Ko‘rib turibman, Gulsunxon, gulday ochilib ketibsiz. Lekin siz o‘z yuragingizni davoladingizu, boshqa bir insonning yuragiga tuzalmas jarohat yetkazdingiz. 
Elyor yo‘lakda taxtaday qotib turar, qaytarini ham, olg‘a yurarini ham bilmasdi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.