OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdurauf Fitrat. Musulmon sevgisi (hikoyat)

Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomning qilgan g’azotlaridan biri tugagach, bir musulmon xotin tushib qolgan yaradorlarni izlab topmoqchi bo’ldi: o’liklar orasiga kirdi. U yon-bu yonni izlar chog’da “Oh… suv!..” degan bir tovush eshitdi. Bir yarador musulmonning suvdonini ko’rdi. Ozroq suv topib shu yaradorning oldiga keldi. Boshini astagina ko’tarib, suvni ichtirmoqchi bo’ldi. Yarador musulmon dudog’ini suvga yetkuzar chog’da boshqa yoqdan “Oh… suv!..” degan o’zga bir tovush keldi.  Yarador suv keltirgan xotinga dediki:
- Bu suvni mendan burun shu tovush egasiga eltib ber. Bir yo’ldoshim yaralanib suvsab yotar ekan, men icholmayman.
Xotin suvni ikkinchi yaradorga olib bordi. U ham suvni ichayin deb turgan chog’ida “Oh… suv!..” degan yana bir tovush eshitdi, xotinga dediki:
- Shu yo’ldoshim suvsiz ekan, men icholmayman, ber suvingni shunga.
Xotin suvni uchinchi yaradorga yetkazdi. U suvni ichayotganda birinchi yaradorning “Oh… o’oldim… suvsizlikdan” degan tovushi keldi. Bu ham xotinga:
- Suvingni mendan burun shu tovush egasiga ber! – dedi va o’zi ichmadi.
Xotin yana qaytib birinchi yaradorning oldiga kelsa, bechoraning o’lib yotganini ko’rdi. Ikkinchi yaradorning oldiga bordi, u ham o’lib yotgan ekan. Uchinchi yarador ham suvsizlikdan o’lib qolmasin deya yugurib ketdi:
- Ey, voh!.. Bu ham o’lib qolibdi! – deb suvni to’kdi.
Musulmonlarning o’lim chog’ida ham bir-birlarini qanchalik sevishlarini o’ylab ko’z yosh qildi.

Abdurauf Fitrat
“O’qi” kitobi, Boku, 1917-yil
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.