OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Baqalarning niyati buzuq (hajviya)

– Uying kuygur hasharotlar dehqonning rizqini yomonam qiyib kelyapti-da, rais aka. Ayniqsa, ko‘sak qurti...
– Ha, Shodivoy, bu masala har yili boshimizni qotiradi.
– Agar qushlar bo‘lmasa, boshog‘rig‘ingiz yanayam ko‘payardi.
– Bilaman, azamat parrandalarimiz bizga juda katta yordam berishadi.
– He atta-a-ng, yaqin-orada shu ko‘makdanam ayrilib qolmasa-da dehqonlar.
– Sabab?
– Sababi shuki, rais aka, qishlog‘imizda parrandalar uchun tirikchilik qilish og‘irlashib ketyapti. O‘zingizdan qolar gap yo‘q, qushlar asosan qishloqdagi uvoq-ushoqlar bilan kun ko‘rishadi. Orada, ba’zan ko‘ngil ochgani dalalarga chiqishib, yo‘l-yo‘lakay haligi hasharotlardan ham totib ko‘rishadi. Afsuski, keyingi paytlarda ularning ko‘pchiligi boshqa qishloqlarga ko‘chib ketishdi, o‘sha joydagi shirkat xo‘jaliklariga yordam berishyapti. Ha, qushlarimiz juda kamayib ketdi!
– Nega kamayarkan?
– Menimcha, bu... baqalarning tobora ko‘payib borayotganidan bo‘lsa kerak. Baqalar shunday maraz maxluqki, qishloqdagi sarqitlarga qushlarni tengsherik ham qilishmaydi. Qishloqdan ovqatlanishni bilishadi, lekin dalaga chiqib hasharot ovlashganini hali hech kim ko‘rmagan.
– Tekinxo‘rlar! Ularning tuxumini quritish kerak!
– To‘g‘ri gapirasiz, rais aka. Men o‘sha muttahamlarning tuxumi qaerdaligini yaxshi bilaman. Mahalladagi eski hovuz baqalar inkubatoriyasiga aylanib qolgan.
– Buni yaxshi aytding, Shodivoy. Bir hashar qilamizu, ertagayoq o‘sha hovuzni ko‘mib tashlaymiz.
...Ezmalanma-ezmalanma oxiri niyatiga yetgan Shodivoy, ketib borayotgan raisning ortidan mug‘ambirona boqib, mamnun kayfiyatda tomoq qirib qo‘ydi. Uning hovlisi biqinidagi o‘sha eski hovuz yakkasinch uyining orqa poydevorini judayam zaxlatib yuborgandi.

1977 yil.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.