OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Oltin vasvasasi (hajviya)

Ne’mat Aminovning latifasidan ilhomlandik.

– Otasi, tushlikka nima qilay?
– I, i! – bir seskanib tushib, xotiniga olayib boqdi Alirafiq. – Kechagi mastavoni ityaloqqa to‘kvordingmi? He, uvoliga qolgur! 
– Ana, turibdi mastavongiz... bir kosa chiqib-chiqmaydigan.
– Ichiga qattiq non bo‘ktirib isitsang, ikkalamizgayam yetadi. Bor!
Xotin qoshini zardali chimirib qo‘yib, eshik sari yurdi. So‘ng to‘xtab, yana o‘girildi:
– Katta tanaffus bo‘lsa, hademay Muzrobingiz ham jalanglab kepqolsa-chi?
Alirafiqning lab-lunji asabiy pirpirab, qisilgan ko‘zlarida g‘azab yalinlandi:
– Dadasining ro‘zg‘orini alohida qilganimga uch yildan oshsayam, bolasidan qutulmadim. Bizga o‘xshamadi shu nevarang, mechkay qudangga tortdi. Maktabida davlat tekin ovqat berib turibdi, shunga qanoat qilmaydi-ya. Uni sen taltaytirgansan. Bir to‘g‘ram non bilan besh-ol... uch-to‘rtta turshak bersang, yetib ortadi. Bola to‘yganini bilmaydi. O‘zi-ku bittagina nevarang bor, shuniyam bo‘ktirib o‘ldirmagin, noporso.
Qoqmoch nonga shimitilgan mastavoning shifobaxshlik xususiyatlarini xotiniga uqtirib-uqtirib ovqatlanish Alirafiqqa nasib etmadi. Bozordagi pattachi oshnasi Qorabolta yetilgan novvosni eslatuvchi shopmo‘ylovu kavushburun kimsani ergashtirib kelib qoldi. Salom-alikdan so‘ng mehmonni tanishtirdi:
– Bu kishi shaharlik kelinimning tog‘asi. Otlari O‘zganboy. Shaharga kiraverishdagi boloxonali choyxonani sotvolib, yonboshiga do‘kon ham quryaptilar.
– Juda yaxshi-da, juda savob ish bo‘pti-da, – deya mehmon bilan qaytadan quchoqlashib ko‘rishdi Alirafiq.– Bundan buyon, o‘tgan-ketganda, o‘zlarini ziyorat qipturarkanmiz-da, a?
– Bemalol, – bag‘baqalari uzra yoyilgan mo‘ylovini tartibga solaturib javob qildi O‘zganboy. – Hozircha yerimiz ro‘slarniki, oshimiz do‘stlarniki, deganakan Madaminbek.
Alirafiq maxsus hujra kalitini xotinining changaliga qistirgach, dasturxon tansiq taomlar ko‘rgazmasiga aylandi. Mehmon qo‘l cho‘zgan narsa borki, mezbon shu zahoti uning ta’rifini keltira boshlar, «bahuzur» deya ko‘ksiga kaft bosar, ora-sira o‘zi ham u-bu ne’matga shunchaki qo‘l urgan bo‘lib, «tavoze bilan ovqatlanishda mendan o‘rnak ol», degandek, Qoraboltaga namunavor qarab qo‘yardi.
O‘zganboy esa, oxurning oldida turgan bo‘rdoqining ishini qilaverdi. Dasturxonning mehmon o‘tirgan tarafida pistayu bodom, olmayu anor po‘choqlari, o‘rigu shaftoli, gilosu g‘aynoli danaklari, uzumu tarvuz urug‘lari, behiyu nok qoldiqlaridan yangi «Oloy tog‘ tizmasi» paydo bo‘la bordi. Alirafiqning ichidan ichqirindi o‘tayotganini his etgan Qorabolta qondoshiga asta qochiriq qildi:
– Shu meva-cheva qurg‘urni yegan saring yeging keladi-yu, odamning sovug‘ini oshirib yuborishi chatoq-da.
– Ha, ketidan chaplamasini qilmasangiz, so‘lakog‘iz bo‘pqolasiz. Chaplamada gap ko‘p, quda. Mana, masalan, asal...
Mehmon u yog‘ini aytib o‘tirmay, asalli piyolani olib, qoshiqchada sura-sura simirishga tushdi. Yuqiga choy quyib ichdi.
– Bahuzur, bahuzur, – deya kaftini ko‘ksiga bosdi Alirafiq. – Jizzaxlik bir ulfatimiz opkeluvdi. Nimay-chun tusi oq desam, yantoqning gulidan olingani shunaqa bo‘ladi, deydi.
O‘zganboy asalni tinchitgach, qaziga qo‘l cho‘zdi. To‘rtta parrakni ustma-ust taxlab, birvarakay lunjiga tiqdi.
– Bahuzur, – dedi Alirafiq tovushi qaltirab. – Har yili shundan o‘ttiz-qirqini erinmasdan Jallavotdan opkelaman. Ishonchli tanishlar bor.
– To‘g‘ri qilasiz, – ma’qullab bosh irg‘adi mehmon. – Bizdagilarni hasibdan farqi yo‘q. Menam chimkentlik qadrdonlardan opkelaman, – keyin, miyig‘ida irjaygancha kiborlandi. – Ha endi biz, bachkanalanib o‘tirmay, bir olganda, yuzta-yuztalab olamiz. Bir tomoni – choyxonamizdagi mijozlar, u tomonini so‘rasangiz – baland kursilarni ko‘rgan odammiz. Xonadonimizdan haliyam kazo-kazolarning qadami arimaydi.
Mehmonning mijozisitar chaplamasi yong‘oq-mayizlar zaxirasini g‘orat qilish ila nihoyasiga yetgandek tuyulgan edi. Piyoladagi qaymoqning pok-pokiza eplashtirilishi tushunarsiz hol bo‘ldi.
Nihoyat, O‘zganboy biqiniga yostiq surib, vishillaganicha yonboshladi. Qaynoqroq choy so‘radi. Mezbonning ta’riflashicha, ukasi Pokiston safaridan olib kelgan «sultonchoy»ning ikkinchi piyolasini g‘o‘lqillatayotgan mahalda qornidan momaguldirakka o‘xshash tovushlar tarala boshladi-yu, besaramjonlanib o‘rnidan turdi.
– Xizmat bo‘lmasa, bizga obdasta hozirlasalar, – deb qattiq kekirdi u. – Bahonada, tomorqaniyam bir tomosha qilaylik.
Qudalar tomorqa tarafga o‘tib, devorlar yoqalab ekilgan mevali daraxtlarning daromadini chamalab ulgurmaslaridan, iliq suv quyilgan obdastani ko‘tarib Alirafiq kirib keldi.
O‘zganboy obdastani oliboq, joyidan qo‘zg‘aldi. Nariroqda to‘xtab, olchadan cho‘p sindirib, do‘ppining chetiga guldek qistirdi-da, yo‘lida davom etdi. Bundan bir taajjublangan Alirafiq mehmon, hojatxona bu yoqda qolib, qiyg‘os dumbullagan makkapoyaning ichiga kirib ketganini ko‘rib, ikki taajjublandi.
– Qudangizni shaharlik desam, asli dashtliklardan shekilli? – piching qilib tirjaydi u.
– Iyq, g‘i-g‘i-g‘iy, – o‘ziga xos yelka silkitib kuldi Qorabolta. – Tilla tishlaridan bittasi ilkillabroq qolgan ekan, kecha shavlaga qo‘shib yutvoribdi...
Alirafiq viqor bilan suzildi:
– Shunga shunchami? Biz tilla taqinchoqlardan qanchasini undaqaroq bo‘tako‘zlarga sepib keldik. Qudangizning gapi osmonda-yu, qilgan ishini ko‘rib...
Qaysidir qo‘shni televizo‘rining ovozini balandlatib, urush kino ko‘rayotgan bo‘lsa kerak, tomorqa etagi tarafdan talato‘p tovushlar yangray ketdi. Avvaliga, o‘ziyurar og‘ir zambaraklar uzuq-yuluq gumbirladi, keyin pulemyot va avtomatlar biri qo‘yib, biri sayrashga tushdi.
U yoqda urush kino tugayverdi, bu yoqdan mehmon ham holdan toygan jangchidek makkapoya ichidan chiqib keldi. Bo‘sh obdastani tajanglangan siyoqda chetga otib, artizonda sovunlab qo‘l yuvdi.
– Daragi chiqdimi? – unga yaqin borib g‘udrandi Qorabolta.
O‘zganboy Alirafiq tomonga olazarak qarab qo‘yib, qudasiga o‘qraydi. Topolmadim degan ma’noda bosh tebratib, shivirladi:
– O‘chakishganday, ko‘zoynagim mehmonxonangizda qolib ketibdi.
Uchalasi yana ichkariga kirishdi. Palovxo‘rlik chog‘ida mehmon maqsadga o‘tib, Alirafiqning dilidagi xijillikni yozdi. Bundan bir oy oldin ellik qop devzira guruchni ko‘tarasiga olib, melisalarning garajiga bosib qo‘yganidi, shunga xaridor bo‘lib kelganakan. Bir qaynashib, ikki chaynashib, oxiri bahosini kelishib olishdi.
Alirafiq mehmonlarni kuzatiboq, bir emas, ikkita obdastaga suv to‘ldirib, tomorqa tomonga oshiqdi. Qo‘ylarga xashak solayotgan xotinda Alirafiqning boyagi holati takrorlandi: qo‘shaloq obdastadan bir taajjublangan bo‘lsa, eri yo‘l-yo‘lakay olchadan cho‘p sindirib do‘ppisiga qistirganidan ikki, bora solib makkazorga sho‘ng‘iganidan uch taajjublandi.
Uzoq vaqtgacha Alirafiqdan darak bo‘lmadi. Qosh qoraya boshlab, xotini kechki ovqatga chorlagandan keyin ham, oradan bir soatcha o‘tib, tumtaygan alfozda tashqariga chiqdi.
– Voy, maraz-ey! Voy, kalamush-ey! – deya o‘zicha bidirladi u. – Erinmasdan puxtalab ko‘mganini qarang. Na izini topasan, na isini.
– Makkalarni obdastalab sug‘ordingizmi, otasi? – eridan gap olish umidida ehtiyotlik bilan so‘zladi xotin.
– E, bor, tuppangga o‘t qala!
O‘ylana-o‘ylana, ko‘ngli kemtiklanganicha allamahalda zo‘rg‘a ko‘zi ilingan Alirafiq, ilk saharda darvoza taqillashidan erinib uyg‘ondi. Turib borib, darvozani ochdi. Ochdi-yu, ko‘m-ko‘k «Neksiya»ning yonida tirjaymalanib turgan O‘zganboyni ko‘rib, yuragi o‘pkasiga chaplandi.
– Yana diydor ko‘rishish nasib etganini qarang, – bez bo‘lib so‘z qotdi O‘zganboy. – Qoraboltanikidan shoshib chiqib kelaveribmiz. Bir chaqirim yurmasdanoq, shunaqangi pishiqdimki... Bur Alirafiq oshnamnikiga, dedim.
– Ja yaxshi bo‘pti-da, – qulluq qildi mezbon. – Bahuzur, mehmon, bahuzur.
Bir qo‘lida tayyor cho‘p va ko‘zoynak ushlab olgan O‘zganboyga yana suv ilitib berildi. U obdastani ko‘tarib tomorqaga o‘tgach, o‘zini tag‘in makkalarning orasiga urdi. Birpasdan keyin «uchir, uchir, qushingni uchir, bizga qarab qoshingni uchir» laparini dimog‘ida xirgoyilaganicha qaytib chiqdi. Qoraboltaga qiya boqib, hammasi joyida degandek ko‘z qisdi. Artizonning oldiga borib, qo‘lini sovunlab yuvarkan, Alirafiqqa yuzlanib, labining burchagida masxaraomuz iljaydi:
– Tovug‘ingiz ko‘pmi deyman, Alirafiq?
– Tovuq boqmayman, – oqduvoldek gezardi Alirafiq.– Nimaydi?
– Aytaman-da, – Qoraboltaga sirli qarab qo‘yib, mezbonga egovlandi O‘zganboy. – Makkazorning titkilanmagan joyi qolmabdi. Yo qo‘shni-po‘shnining tovuqlari oraladimikin? Labbay?
Alirafiqning rangi endi birdan ko‘kish tus oldi. Qorabolta «Iyq, g‘i-g‘i-g‘iy» qilib kulishga tushdi.

1997 yil.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.