OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anvar Obidjon. Xususiy ko‘prikcha (hajviya)

Qatiqsotarlar mahallasini qatiqsevarlar mavzesidan ajratib turuvchi ariq ustidagi yog‘och ko‘prikcha payshanbadan jumaga o‘tar kechasi olako‘kish rangga bo‘yalib, ertalab uning bo‘sag‘asida baliqchilar g‘arovtayog‘ini eslatuvchi ingichka shlakbaum va g‘o‘la kursida baboqlanib o‘tirgan qo‘ng‘izmo‘ylov kimsa paydo bo‘ldi. Quyoshning kiprigi uzaygan kezda katta so‘mka ko‘targan shogird ham yetib kelib, «assalomalayko‘-o‘-m, Qo‘shmat aka», deya qiyshanglab ta’zim qildi.
– Salomni cho‘zg‘ilamay, tezroq joyingga bor, – g‘o‘dangladi Qo‘shmat. – Odamlarni ko‘niktirguncha hushyorroq ishlashimiz kerak. Yo‘talimni poylab tur. Qaysi usulni qaysi vaqtda qo‘llashni chalkashtirvorsang, ishdan bo‘shaysan, Qoramirza.
Qoramirza mungli burun tortib, chetga burildi. Nariroqdagi butalar ortiga o‘tib, so‘mkadan olingan turli kiyimlarni alohida-alohida taxlashga tutindi.
Endigina nos chekishga taraddudlangan Qo‘shmat oxorli shlyapa ostida so‘lqil-so‘lqil odimlab kelayotgan po‘rim kishini ko‘rib, tiqinni qaytadan nosqovoqning og‘ziga suqdi-da, birdan bezrayib, maxfiy hudud soqchisi qiyofasiga kirdi. Tonggi manzaradan juz’iy xato topgandek, ufqqa norozi kayfiyatda ko‘z qadab kelayotgan po‘rim kishi xirom poyabzalini ko‘prikcha yaqinida keskin to‘xtatdi. Taajjublanib qosh chimirdi. Cho‘ntagidan ko‘zoynak olib, shlakbaumning o‘rtasiga ilib qo‘yilgan taxtachadagi «Aqqa-baqqa 10 so‘m» degan yozuvni sinchiklab o‘qigach, nigohini Qo‘shmatga burdi:
– Buni tagiga yetsak bo‘ladimi?
– Xususiy ko‘prik bu. Oldin puli to‘lanadi, keyin o‘tiladi.
– Xususiy? Bunga hujjat bormi?
Qo‘shmat butalar tomonga bezovta qiyalab, qattiq yo‘taldi, so‘ng po‘rimga gap ilmoqladi:
– Bizda-ku hujjat bor. Lokigin, o‘zlarida-chi? Birovni tekshirishga haqqingiz bo‘lsa, ko‘rsating hujjatni.
Po‘rimning labi asabiy pirpirab, navbatdagi hamlaga chog‘langanida, chap qo‘lini bo‘yniga osib, o‘ng qo‘lida hassa ushlagan Qoramirza oqsoqlanib yaqin keldi:
– E, hormang, akaxon, – deya Qo‘shmatga xushomadlandi.– Iloyim, kam bo‘lmang. Umringizdan baraka toping.
Keyin, po‘rimga yuzlanib, ilgari bu ko‘prikcha u dunyodagi qilko‘prikdan ham xavfli bo‘lgani, yaqinda shundan ariqqa yiqilib qo‘l-oyog‘i shikastlangani, natijada bozordagi tirikchiligidan qolgani yetmaganidek, ancha pul sarflab davolangani, xotini kuniga uch mahaldan moshinakira qilib, kasalxonaga qatnagani-yu, nihoyat Qo‘shmatning muruvvati bois bu ko‘prikcha epaqaga keltirilib, minglab mo‘minlar xatardan xalos etilganini maddohlanib so‘zlab berdi. Qo‘shmatga «qaytimi kerakmas», deya yigirma besh so‘m tutqazgach, po‘rimga boshdan-oyoq razm soldi:
– Sumbatingizdan sezyapmanki, shu saxovatpesha insonga menam bitta elliktalikni xayriya qilvorsammikin deb turibsiz. Ko‘nglingizdagini topdim, a? Xex-xex-xe…
Po‘rimning tuyqus ko‘ngli yumshadi, «a… agar-r xayriya bo‘lsa, bu boshqa gap», deya cho‘ntagidan bir tutam pul oldi, ichidan elliktalikni topib, Qo‘shmatga uzatdi. «Shunchalar savobga ko‘mildingizki, o‘liboq, tap etib jannatga tushasiz, akaxon», degan alqovlarni yog‘dirib, po‘rimni iliq kuzatib qo‘yayotgan Qoramirzaga Qo‘shmat qoniqish ila tirjaydi:
– Yaxshi ishlading. Bundan keyinam noningni shunaqa halollab yegin.
Butalar ortiga og‘ir yumushdan toliqib qaytgan Qoramirza uchuq toshgan labiga sigaret qistirdi. U yoqda Qo‘shmat ham xumorbostiga shaylandi-yu, nosqovog‘i yana qo‘lida qoldi. Ko‘prikchaning narigi boshida qizalog‘ini yetaklagan tannoz juvon ko‘rindi. U, shlakbaum yaqinida to‘xtab, taxtachadagi yozuvni tumtayib o‘qidi, kartmonidan o‘n so‘m sug‘urib, yerdagi qog‘oz qutichaga irg‘itdi. Qo‘shmat go‘yo uni ko‘rmagandek bez bo‘lib turaverdi.
– Ochmaysizmi? – tezakrang bo‘yoq suvalgan labini cho‘chchaytirdi tannoz. – Pulni oldingiz-ku.
– Bolaga kim to‘laydi, bolaga?
– Voy! Mushtumdek bolagayam pulmi? Insof bormi?
– Insofimiz bordirki, emizikli go‘daklarga bepul o‘tish huquqini berib qo‘ygandirmiz, – boshini butazor tomon burib, g‘arg‘arador yo‘talgach, tannozga chaqchaydi Qo‘shmat. – Qizchangiz nechchiga kirdi?
Qizaloqning yettidan o‘tayotganini eshitib: «He, ata-a-ng, bog‘cha yoshida bo‘lgandayam, ellik foiz yengillik berardik», deya afsusnamo bosh tebratarkan, bu gal jag‘iga yasama soqol yopishtirib, bashang salla-choponda tashrif buyurayotgan Qoramirzaga ko‘zi tushib, muloyimlanganicha o‘rnidan turdi:
– Ie, ie! Assalomu alaykum, qori pochcha.
Qoramirza tavoze bilan alik oldi, tannozga chala-chulpa ko‘z tashlab qo‘yib, Qo‘shmatga qiroatlandi:
– Bu otinchani tanimadik-ku, bo‘tam. Inchinun, qarindoshlardanmi deyman?
– Nimalar deyapsiz, pochcha boboy? – jizilladi tannoz. – Ming shukurki, bunaqa yulg‘ichdan qondoshim yo‘q. Qarang, shu zig‘irttak qizdan ko‘prikpuli so‘rayapti-ya.
Viqor bilan tasbeh o‘girayotgan Qoramirza, bir seskanib olib, Qo‘shmatga qosh kerdi:
– Evo-o-h! Inchinun, avliyolarni ranjitadigan ish bo‘pti-ku. Andek sabr qilmabsiz-da, mulla Qo‘shmat. Bunaqa kalta ko‘ylakli otinchalarning zoti ulug‘ bo‘ladi. Bolasining boshidan biron narsa o‘girar, vaallohu a’lam.
Bu gapdan tannozning chehrasi chaman bo‘ldi:
– To‘g‘ri aytdingiz, pochcha boboy, tagim judayam toza. Bolamni haqiga doim sadaqa qipturaman.
Shunday deya, kartmonidan yana ikkita o‘n so‘mlikni oldi, qizchasining boshidan aylantirib, ularni ham qog‘oz qutichaga uloqtirdi. Qo‘shmat shlakbaumni ochib, ona-bolani o‘tkazib yuborgach, «bo-o-rakallo, otincha, bo-o-rakallo», deya ko‘zi yonib duogo‘ylanayotgan Qoramirzaga qarab mo‘ylov uchirdi:
– Fisht! Joyingga bor endi.
Qoramirza tasbeh o‘girishdan to‘xtab, ta’nador kepatada havolandi:
– Qo‘pollik qilmasinlar, bo‘tam. Inchinun, bu ko‘prikni vayron qilish uchun «suf» deyishimiz kifoya.
Qo‘shmatning zardasi qaynaganini ko‘rgan Qoramirza miriqib kuldi-da, sallani qo‘lga olib yelpingan kuyi butalar ortiga o‘tib ketdi. Qo‘shmat nihoyat nos kapladi. Lekin, kayfi tomirlariga yoyilib ulgurmasidan, kitob-daftar qo‘ltiqlagan yigitcha shamoldagi xazondek pirpirab kelib, qornini shlakbaumga qadab to‘xtadi.
– Ie, bu qanaqa tamo‘jniy? – ko‘zi gildirab so‘radi u.
Mayda nosdan og‘zi suvlashgan Qo‘shmat avval yozuvli taxtachani qoshi bilan ko‘rsatdi, keyin barmoqlarini bir-biriga ishqalab, pul to‘lash lozimligini shama qildi.
– Shu qiyshiq ko‘prikdan o‘tishgayam pulmi? – jirrakilandi yigitcha. – Bekorchi valyutam yo‘q. Ko‘taring tayoqni.
Qo‘shmat nosni butazor tomonga tuflab, jarangdor yo‘taldi. So‘ng yigitchaga do‘q urdi:
– Hamma indamasdan to‘lab o‘tyapti. Nima, shoxing bormi?
– Shox sizga o‘xshagan qari takada bo‘ladi. Yo‘lni oching, shoshib turibman!
Endi kavkazcha shalviroq shapkani boshga qing‘ir qo‘ndirib, bo‘ynidagi kumush zanjirni suratli futbolkaning ustidan salanglatgan Qoramirza, tish g‘ichirlatib kelib, yigitchaga burnini burishtirdi:
– Ho‘, qilvir! Nimaga postda turgan odamga bo‘yin cho‘zyapsan? Bir kalla solib, ko‘kragingni tandir qipqo‘yaman-a. Qoramirza drako‘n deb qo‘yibdilar meni.
– Yopishganga yarasha, puldorroqqa yopishinglar. Kunlaring talabaga qoldimi?
Bu gapdan Qoramirza battar lovulladi:
– Voy, tulki-ey! Voy, muttaham-ey! Studentman deb, rahmimni keltirmoqchisan? Jaraq-jaraq stipendiya olishingni bilmasamakan.
– Senlardagi bor qiliq tirnog‘imning ustida, – Qo‘shmat ham zahrini sachratdi. – Davlat bergan pulni sovurib, goh behayo kinolar ko‘rasan, goh jilpillagan qizlarga muzqaymoq yalatasan. Yana, o‘n so‘m desa, ko‘zingni lo‘q qilasan-a.
Qoramirza: «O‘sha ko‘zingni o‘yvolaymi!» –deya yigitchaga barmoq o‘qtalgan damda, dehqoncha kiyimdagi kishi paydo bo‘lib: «Ha, ikkita ko‘ppak bitta laychaga tirmashib qopsizlar», deb o‘rtaga kirdi. Talabaning arzini eshitgach, dehqonning peshanasi tirishdi.
– Savob axtarib, birov mahallaga choyxona qurib beryapti, birov sartaroshxona. Senlar shapaloqdek ko‘prikchani bo‘yab qo‘yib, tugalay o‘zingniki qilvoldilaringmi? Bunga qanday betlaring chidadi, imonsizlar?
– Hov, bratan! – g‘ijinib davaralandi Qoramirza. – Mana shu yo‘ldan to‘ppa-to‘g‘ri borsangiz, menimcha, aynan uyingizning oldidan chiqasiz. Gapni ko‘paytirmasdan, sekingina o‘n so‘m berib…
Qoramirza barmoq cho‘zib, dehqonning iyagidan ko‘tardi. Dehqon esa, kutilmaganda uning bilagidan tutib, qo‘lini shartta ortga qayirdi:
– O‘pkangni bosvol, polvon, bizam to‘y-po‘ylarda kurashib yurganmiz.
Qoramirza kuchukdek g‘ingshigancha o‘zini u yoqdan-bu yoqqa urib ko‘rdi. Teng kelolmasligini sezgach, Qo‘shmatni yordamga chorladi.
Talvasaga tushgan Qo‘shmat pulli qutichani shosha-pisha qo‘ltiqladi-yu: «Birpas chidab tur, hozir melisa chaqiraman», deya ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. So‘kina-so‘kina, shlakbaumni buzayotgan yigitcha Qoramirza qo‘li qayrilgan holida ham do‘q-po‘pisani davom ettirayotganidan jahllanib: «Bu go‘rso‘xtani bir tepib ariqqa uchirvorsangiz-chi, amaki!» – deb sharttakilandi.
– Bunaqa haromxo‘rlarni tepishgayam hazar qilaman, – ijirg‘andi dehqon.
– Men hazar qilib o‘tirmayman!
Yigitcha bor kuchi bilan Qoramirzaning ketiga tepib, uni ariqqa ag‘dardi.
– Itkanalar! Xariplar! – suvda oqib borayotib musht do‘laydi Qoramirza. – Senlarni tavba qildiraman hali!
– Xayr, Qoramirza drako‘n! – mazaxlab qo‘l silkidi yigitcha. – Xush ko‘rdik!
Dehqonning ham zavqi jo‘shib, qichqirdi:
– Shu ariqdan to‘ppa-to‘g‘ri oqib borsang, aynan fabrikaning oldidan chiqasan. Odam bo‘laman desang, o‘sha joyga ishga kirvol.
Mag‘zavasimon suvning shatmoq to‘lqinchalari ariqni qiqir-qiqirga to‘ldirib oqayotganga o‘xshardi.

2001 yil.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.