OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asqad Muxtor. Ko’k tosh (hikoya)

Men toshman, ko‘k tosh. Otim — Yashm. O’n ming yillardan beri ko‘rmagan tomosham qolmadi. Birov boshiga ko‘taradi, birov sirtimga minib o‘tiradi, birov to‘riga qo‘yadi, birov — go‘riga. Yurmagan yo‘lim, ko‘rmagan elim yo‘q. Bir Yer yuzining qaysi bir nuqtasida yotsam, menga-ku baribir, lekin odamlarga hayronman, tog‘u tosh demay, daryomi-dengiz demay, dam dunyoning u chekkasiga, dam bu chekkasiga sudraganlari-sudragan meni. Chiroyli ekanman, asil ekanman, shaffof ekanman, xo‘sh, kelib tomosha qilaver. Yo‘q-da, meniki bo‘lsin. Shu «Seniki-meniki» degan faqat odamda bo‘ladi, nazarimda — urush-janjali ham, qirg‘ini ham shundan, o‘limi ham, kulfati ham.
Tag‘in, buning gunohini o‘zlaridan soqit qilish uchun, mening to‘g‘rimda mudhish afsonalar to‘qishganini aytmaysizmi!
Keyingi bir necha ming yil davomida-ku Chin-Mochinning hashamatli saroylarini bezab, ancha tinch o‘tirdim. U xoqonning, qasridan bu hoqonning saroyiga surgalib ancha sayqallashib qolgan bo‘lsam ham, bus-butun edim, birov jon bergani ham yo‘q meni deb. Ammo, mana endi, Chingiz degani kelayotganmish tuman-tuman lashkari bilan dala dashtni dudu to‘zonga chulg‘ab. Meni deb kelayotganmish. Men kerak bo‘lsam, mana turibmanku, kel, ol. Nima qilasan butun bir mulkatni o‘tga tutib, shaharlarni ko‘kka sovurib, lak-lak lashkarni qirib, begunoh elatlarni qon-qora qaqshatib! Yorab!!!
Aytdim-ku, dunyoning qaysi chekkasida yotsam — menga baribir, deb. Mana endi, tag‘in sudrab ketishayapti. Chin-Mochinda meni muqaddas hisoblar edilar, mana endi tinchligim buzildi, meni deb yuzta ot, uch yuzta navkar ovora. Ko‘p o‘tmay, qumda sudraydigan yog‘och cha-naga tushdim. Chunki ustiga xoda qo‘yib meni lo‘killatib olib ketayotan to‘rtta fil kecha kechasi o‘lib qoldi. Cho‘lga yaramas ekanda jonivorlar. Keyin to‘rtta tuya o‘rkachiga joylab ko‘rishdi, bo‘lmadi, sirg‘alib tushib qumga yumaladim. Oltita navkarni bosib qoldim, yerga chalpakday yopishib jon berishdn sho‘ring qurg‘urlar. Bu voqeadan keyin hoqonning o‘zi yana to‘rttasini ehtiyotsizligi uchun qamchilab o‘ldirdi. Endi mana «chana» daman. Ey, aziz jonini ayamagan odamlar-ey... Menga-ku, ming yil cho‘t emas, bu gumrohlarning umri axir bir nafas. O’ylab ko‘rsa-chi, qadriga yetsa-chi!
Meni joyimdan qo‘zg‘aganning o‘zi bir falokatga duchor bo‘ladi. Bu afsonani, hali aytganimday, odamlarning o‘zlari to‘qib chiqargan, o‘zlari shunga ishonishadi ham. Asli o‘zi shunday, shekilln-da, necha marta sinaganman, o‘zim ham ishonib qoldim afsonaga. Qo‘l tekkizishsa xavotirlanib turaman. Lekin odamlar... hamon joyimda tinch qo‘yishmaydi-da.
Haligi Chingiz degani ham mana meni ne azob bilan olnb keldiyu, o‘zi, o‘sha afsonada aytilganiday, bekordan-bekor shamollab, to‘satdan qazo qildi. Mening Chin-Mochindan Movarounnahrga ko‘chib olganim qoldi.
Bu yerning xo‘jayini ham, uning oti Chig‘atoy edi, nafimni ko‘rib-ko‘rmay o‘lib ketdi. Odamlar buni ham mening kasofatimga yo‘yishdi, albatta.
Inson o‘tmishdan saboq olmas ekan-da. Usha Chig‘atoyning nevarasi yana menga qo‘l urib, Naxshabda taxt qilib ustimga minib o‘tirdi. E... bunga ham yorlaqagani yo‘q. Ochig‘i, gap mening haqimdagi afsonada emas, hammasi odamlarning ochko‘zligidan. Axir, Chin-Mochin xoqonlari meni qaytib olib ketish uchun ne-ne hiyla nayranglar ishlatishmadi, ne-ne porayu boyliklar va’da qilishmadi, oradagi sotqinlik xiyonatlar g‘oyib bo‘lgan, o‘lib ketgan ne-ne odamlar.
Axiri, meniki bo‘lg‘usi xo‘jayinim ulug‘ Temur bariga chek qo‘ydi, ochko‘z urushqoqlarning nafsini tiyib, boshini qo‘shib, bir toj ostiga jipslashtirdi. Bu mashg‘ulotlar bilan bo‘lib, u zot mening taqdirimni jilla ko‘zdan qochirdilar. Ammo bir donishmand nabiralari qadrimga yetdi. Meni topib, poytaxtga ko‘chirish uchun maxsus yo‘l soldirdi. Shikast yetmasin, degan-da. Keshdan Samarqandgacha dastlab men yurgan o‘sha tekis yo‘l hali ham bor, balki ko‘rgandirsiz.
Donishmand meni buyuk bobosining qabriga qo‘ydir-di. Mangulik toza husnim shu zotning abadiy shuhratiga monand edi, bir necha yuz yil odamlarga shu fikrni eslatib, tinch yotdim.
Afsus, ulug‘lar o‘lar ekanu, odamlarning badnafsligi o‘lmas ekan. O’zini jahongir hisoblagan yovqur hukmdor Nodirshoh yana menga ko‘z tikdi. Samarqandning boshqa ganjinalari bilan birga meni ham Mashhadga ko‘chirib olib ketishni buyurdi. Ulug‘ zot qabridan qo‘porib... Ammo o‘z amri o‘z ko‘ngliga g‘ulg‘ula soldi, mening haqimdagi mudhish afsona yodiga tushib, hukmdor sust ketdn. Qo‘rqoq yuragiga tasalli qidirib, ulug‘ Temur xotirasiga fotihalar o‘qitib, meni poytaxt qasrida muqaddas tosh deb e’lon qilishga va’da berib, o‘z dilini ovutdi. Biroq u, baribir, qo‘rqoq bir o‘g‘ri zdi. Dilidagi hadik halovatini oldi. Avliyolarning arvohlari, oh sohibqironning qo‘porilgan qabri, maqbara vayronalari tushlariga kirib, badanini sovuq ter bosib uyg‘onib ketardi. Qo‘rquvdan telba bo‘lishiga sal qolganda axiri meni Samarqandga qaytarib, o‘rnimga qo‘yishga farmon berdi. Yana safar, yana sudra-sudra, Yo‘l azobidan darz ketgan kunim, Nodirshohni o‘z odamlari so‘yib qo‘yibdi, degan gap tarqaldi. Buni ham odamlar, noiloj, mening kasofatimdan ko‘rdilar.
Shundan keyin qabr tepasida yana bir necha asr tinch qo‘yishdi. Sag‘anada yastanib yotib men uchun yangilik emas, yotaverdim. Maqbara muhtasham, hamisha gavjum, to‘da-to‘da bo‘lib dunyoning har chekkasidan kelib ziyorat qilishadi. Mundoq bo‘pti-da, kelib ko‘rish mumkin bo‘lgandan keyin, seniki-meniki qilib talashish, qo‘porish, buzish, urushish na hojat! Yuqorida aytdim-ku. Yer yuzining qaysi nuqtasida yotish mening uchun baribir, deb.
Shunday qilib, odamlarga es kiribdi, deb bamaylixotir yotsam, e-voh, nadomatlar bo‘lsinki...
Bir kuni yana kelib qolishdi. Bu safar ular ko‘pchilik edi, na afsonaga, na qismatga, na xudoga, na arvohga ishonadigan odamlar. Kelishdi-yu, bismillosiz, qo‘llariga mirsangu cho‘kich olishdi.
Ular hali... ertasiga jahon bo‘ylab qonli qnrg‘in boshlanishini, to‘rt yil davomida ellik milliondan ortiq inson yer tishlashini bilishmas edi.
Bu 1941 yilning 21 iyuni edi-da. Hali tarixning eng fojiali tongi otmagan edi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.