OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Norqulov. Qo'rqinch bag'ishlagan sevinch (hikoya)

Shirq-shirq...
Shirq-shirq, shirq-shirq... 
Abdurahmonning ixtiyori qo‘ldan ketdi. U qabristonda turib, mozorlarni suratga olayotgandi. Yuragida milt etgan nur yo‘q. Najotni nimadan kutishni ham bilmaydi. Ko‘zyoshlari necha karra yuzini yuvdi. Tong otguncha qancha yostiqlar yosh tomchilaridan ivib ketdi. Yuragiga iztiroblar dunyosidan quvur ochilgandek edi. Yamab-yasqab bekitishning sira iloji yo‘q. 
Holi qolmagan Abdurahmon qabriston chetidagi nimqorong‘i kulbaga uzala tushdi. Xayollariga erk berishga ham majoli qolmadi. Hayot bilan bog‘lovchi so‘nggi tolalarning chirt-chirt uzilayotganini sezib turardi. Qancha muddat yotdi, xotirida yo‘q. Eti junjikib uyg‘ondi. Hadiksirab atrofini kuzatdi. Vujudiga sezilar-sezilmas taralayotgan titroq bor xayollarini to‘zg‘itib yubordi. 
Bolaligida tong mahali tom boshiga chiqib, go‘yo quyoshni qarshilagan bo‘lardi. Jimirlayotgan ufqqa uzoq-uzoq tikilarkan, pastda jig‘ibiyron bo‘layotgan onasi hech narsani tushunmasdi. Balki soddadil o‘g‘lidan xavotir ham olgan chiqar. 
Bu tong esa na tiriklar orasida, na o‘liklar orasida hisobda yo‘q. Taqdir o‘yinlari vijdon «matematika»si bilan chiqishmadi. Uni marhumlar qabr bitguncha vaqtincha saqlanadigan mana shu kulbaga uloqtirib yubordi. Betizgin tuyg‘ularning asiriga aylangan ojiz inson UMIDni shu yerlardan axtaribdi. Qabrtoshlardagi suratlar bilan so‘zsiz suhbatlashganlarini xotirladi. Mungli nigohlar unga hayot saboqlarini berardi. 
– Bu dunyo va oxirat bir lahzalik tahlika va xavotiringga arzimaydi. 
Qabrlar orasida uzoq, bemaqsad tentidi. Suratlar uni ta’qib etayotgandi, nigohlardan panalash esa imkonsiz. Jur’atini jamladi, ularga tik boqdi. Marhumlarning biri mehr, biri o‘kinch bilan hasrat xaltasini kavlashtirar, nimalarnidir uqtirishga urinardi. Ular dunyoning dardini opichlab yotganini his qildi. Nega, nega bu saslarni shu paytga qadar tuymadim-a?! 
U birinchi marotaba o‘limdan qo‘rqdi. Najot o‘limda ham emas ekan! Nega paymonam to‘lmasdan burun o‘lim to‘shagiga yotdim? Abdurahmon o‘limdan qo‘rqayotganidan qo‘rqdi. Haqli edi. Ilgari o‘limdan sira cho‘chimagan. Aksincha, najotni o‘limdan kutib yashaydiganlar toifasidan edi. Marhumlarning «voy-voy»larini eshitgach, bu yerlarga tezroq kelish istagi tamoman so‘ndi. Tezroq kun yorishsa-yu, mo‘‘jaz dunyoda yashab-yashab qolishga shoshilsa. Shuni istadi uning yuragi. 
Bir mahallardagidek tuyg‘ulari bilan hisoblashmaslik odatini endi tark etadi. Na o‘zgalarning, na o‘zining yuragiga quloq tutardi. Oqibat-natija esa uni bu makonlarga muddatidan ilgari yetaklab keldi. Biroq «indamaslar dunyosi» yana ham vahima va iztiroblarga to‘la ekanini kech angladi. Xayollandi: «Eng ulug‘ o‘lik ham iztirob chekishdan mahrum».
Tirik ekanidan, iztirob chekayotganidan quvondi. Tiriklik nishonasi, deb bildi iztiroblarni... 
Bir oz yig‘ishtirinib olgan Abdurahmon hovliga chiqdi. Ufqqa bolaligidagi kabi uzoq-uzoq termuldi. Ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas quyosh shu’lalari paydo bo‘layotgandi. Sevinib ketdi. Vujudidagi qo‘rqinchli titroq tarqala boshladi. Miyig‘ida jilmaydi. U sevina olayotganidan sevinayotgandi. 
 
Ulkan odam
(Afsona emas)


Qo‘lingizni siltamang, siz meni noto‘g‘ri tushunayapsiz!? 
Bunday bo‘lishini sira istamagandim. Hammasi dabdurustdan sodir bo‘ldi. Yo‘lakdan o‘tayotganimizda qattiq tayinlandi: «Ko‘zlaringni mahkam yumgin-u, ochma!» 
Dimog‘imga urilayotgan xush bo‘ylarga dosh berolmadim. Atrofni ko‘zlarim bilan ko‘rgim keldi. Avvaliga mo‘raladim. Sezmadi. Keyin tomosha qila boshladim. Go‘zalliklardan hushimdan ayrilar mahalim osmonda muallaq ketayotganimizni sezdim. Harakatlanayotgan biz emasdik. Jonholatda siltanib, o‘zimni yerga tashlamoqchi bo‘ldim. Muvozanatim buzildi. Yonasiga pastga quladim. Boshim pastga qarab ketayapti-yu, oyog‘im joyidan jilmasdi. Qo‘rqib ketdim. Men ULKAN ODAMga aylanayotgandim. Shu alfozda necha yillar O‘zim bilan o‘zim ovora bo‘ldim. Ulkan odamlarning mayda tashvishlar bilan ishi bo‘lmas ekan. Uzun-uzun qo‘llarim oyoqdek harakatlana olar, uzaygandan-uzayib, uzatgan joyimga yetardi. 
Biroq hammasi jonimga tegdi. ODAMga o‘xshab yashamaganingdan keyin bekor ekan. Azoblandim. Necha-necha qayta siltandim, eslolmayman. Bir zamon oyoqlarim bo‘shab, bor bastim bilan zaminga quladim. Uning bir burchida yumalarkanman, qancha harakat qilmay o‘zimni to‘xtata olmasdim. Dumalaganim sayin kichrayib bordim, nihoyat, yoshgina bolakay to‘xtatib qoldi. Unga mehrim tushdi. Qiliqlari, erkaliklari, yana nimalaridir o‘zimga o‘xshardi. Ikkalamiz bab-baravar ulg‘ayib bordik. Uning men qilgan xatolarni takrorlashini hech xohlamasdim. Tanbehni ko‘p berdim. Oxiri mendan bezib, haydab yubordi. 
Ilojsizman. 
Jimgina kuzatib yashaydigan bo‘ldim. 
Hozir u juda ham ULKAN ODAM. Faqat oyoqlari osmonda, qo‘llarini esa qaerga uzatsa yetadi. 
Qo‘lingizni siltamang, siz meni noto‘g‘ri tushunayapsiz!

Taskinga muhtoj tasalli

Yer kurrasi nazdimda kichik bir zarraga aylandi. Unda allanimalar elas-elas ko‘zga tashlanardi. Yana ham uzoqlarga uchib ketdim...
Cheksizlik girdobida kezindim. Sayyoralar iymangan ko‘yi yonimdan aylanib o‘tardi. Yurak yana ham, yana ham kenglikni istadi. Turfa galaktikalar, turli olamlarni ortda qoldirdim. Biroq ko‘p o‘tmadi, o‘zimni yo‘qotdim. Ma’nosiz harakatlar jonimga tegdi. Yurak o‘z go‘shasini qo‘msay boshladi. Millionlab sayyoralar orasidan Zaminni qidirdim. Ana – u!
Ammo oyoq bosarga joy yo‘q. Bu makondan o‘zimni topish, O‘zimni ajratib olish o‘yi bosdi meni. Uzoq tentidim. Kundalik yumushlar bilan kuymalanayotgan vujudda yashashim qiyin kechishiga ko‘zim yetayotgandi. Uni opichlagan ko‘yim boshqa olamga ketgim keldi. Ammo buning sira iloji yo‘q. O‘zimning ham o‘z ko‘ngli bor. Ba’zida tuyg‘ularim bilan hisoblashmaydi ham. Tanballiklariyu xudbinligidan jonim halqumimga keldi. Tashlab ketishning ham mavridi emas. Yurak o‘z makonida qolishni istaydi. Ko‘nglimga tasalli beraman, ammo tasallilarim taskinga muhtoj. 
Chunki yurak osoyishtalik tarafdori. 
Chorasiz qolgan, dunyolarga sig‘mayotgan «olifta» Ruh bir umr vujud qafasida mum tishlab yashashga majbur. 

Yuraksiz  VUJUDsiz  yurak

Tong yorishib uyg‘onganimda nimagadir ko‘nglim g‘ash edi. Sokinlikdan yuragim yorilay deyapti. Beixtiyor tomirlarimni ushladim, biror narsani anglash mushkul. Nogahon deraza raxidan oshib o‘tayotgan yurakka ko‘zim tushdi. Vujudsiz yurak qaerga ham keta olardi. Beparvolik qildim... 
Yuraksiz vujud bilan qancha muddat yotdim, bilmayman. Ammo yuragim loylarga belandi. Ikki marotaba yomg‘irda qoldi. Bir gal kimdir yanchib o‘tgandek ham bo‘ldi. Shu asnoda voqealar qorishib ketdi. 
Og‘riqning zarbidan cho‘chib uyg‘onganimda bosinqirayotgandim. Darhol deraza raxiga, romlarga ko‘z yugurtirdim. Ikkalasi ham berk. Yuragimga quloq tutdim, o‘z o‘rnida ishlayapti. Shukrona keltirdim.
Yuraksiz vujudga achindim. 
Vujudsiz yurakka rahmim keldi. 

Arz va dunyo arazlashganda

Arz atvorini o‘zgartirishga qaror qildi. Shu paytga qadar QALBning saslariga quloq tutmacdi. Tashlandiq qalb axiri bo‘g‘ildi. O‘lmoq yoki qayta tirilmoq istagida yondi. Tirik bo‘la turib, yashay olmaslikdan o‘lmoq afzal – qalbi bilan hisob-kitob qila boshlagan Arzning so‘nggi xulosasi shu. Ochilar-ochilmas so‘ngan «chechak»larning uvoli tutmasidan parvarishlashga ulgurish lozim. Arz bunga to‘la ishona boshladiki, u qalbiga quloq tutar ekan. Dunyo ham, albatta, o‘zgaradi. Zotan, bu Arz uchun yashab qolishning yagona chorasi edi. 

* * *

Dunyo bugun har doimgidan kechroq uyg‘ondi. Chirkinlasha boshlagan vujudiga boqib, o‘z-o‘ziga achinish hissini tuydi. Shundog‘am yashashga majoli qolmagandi, oshib tushdi. Bisotidan go‘zallikka burkangan mahallaridagi jilva qiladigan ziraklarini axtarib topdi. Endigina ayollik ostonasiga qadam qo‘ygan paytlaridagi go‘zal tusga kirdi. Sandiqchasidan olgan kiyimlari o‘rniga sharmni berkitdi. Yuzlarini qoplab ulguray degan taram-taram ajinlarga nafrat bilan tikildi. Liboslari vujudidagi keksalikni, ruhiyatidagi g‘ariblikni ichiga yutib, yashab qolishiga quvvat bag‘ishlayotgandi. Ko‘zguga qaradi, jilmayishga harakat qilib, ko‘chaga otlandi.

* * *

Ertasiga Arz Dunyoga qo‘l siltadi. Yig‘lab-yolvorganlarini-da, unutdi. Nima bo‘lsa Yaratgandan, deb bildi. Dunyoni qo‘lga kiritish imkoni bo‘lgani holda QALB amri ila yashamoqni lozim ko‘rdi. Erta tongdanoq uvadasi chiqqan qalbining astarini ag‘dardi, tiniqlashtirmoqqa tirishdi. Tez kunlarda Dunyo uning ketidan chopishiga ich-ichidan ishondi. Tizzalab tiz cho‘kkan damlarini unutmoq istadi.

* * *

Dunyoning ko‘zlari yoshlandi. Yosh tomchilari qalbini bir sidra yuvib o‘tdi. Shu on yog‘a boshlagan rahmat yomg‘iri unga esh bo‘ldi. Bu ular uchun poklanish imkoniyati edi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.