OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bahodir Qobul. Oybuloq, Oynabuloq (hikoya)

Oynabuloq Oyqorning shundoq ko‘zi ostidagi buloq. Yana bir oti Oybuloq. Birov Oyqortoqqa qovush qo‘yilgan desa, boshqalar xuddi ko‘rgandek, oy har oqshom shu buloqqa tushib ketadi deyishadi. Bu yerda o‘zi odamlarning ham, joylarning ham oti bitta emas. Bir bo‘lak odam buloqning “Paxtakor” stadionining yarimicha keladigan ko‘zi, hovuzining kunchiqar betini faqat oq toshlar yarim oy shaklida, kunbotarini qora toshlar xuddi shunday o‘rab olgani uchun Oybuloq qo‘yilgan deyishadi. Toshlar katta-kichik. Ayiqday keladiganiyam, qo‘zidaygina chiqadiganiyam bor. Oqi qorasiga qo‘shilib ketmagan. Sanoqsiz bahaybat archalar buloqning bosh tomoniga ega chiqqan. Ikki yelkasidan toshlar tushib kelgan. Enishga yo‘l topgan suv toshlarni bo‘lib turadi. Bularni o‘zim ham ko‘rganman. Elning eshitgani, bilgani, ishongani shuki, Oynabuloqqa yolg‘iz bormaydilar. Oynaday ko‘rinarmish. Shuning uchun yaqin yo‘lamaydilar, tiyiladilar. Bilgandan bilmagan tinch deydilar. Ko‘p bilsa, ko‘tarish og‘irmish. Bu gaplarning yarmi Enamning, yarmi Mardonning gapi. Elning ichidagi aytolmaganini qichqirib aytuvchi Mardon tentakning gapi. U chin aytadi. “Umr ham o‘zi ikki ko‘zingga yozilgan aslida. Oynasiga yo bulog‘iga. Oynasiga tishing o‘tsa oynasiga, bulog‘ini o‘qiy olsang bulog‘iga qara”, deydi Mardon qaysi davrada Oynabuloq haqida gap borsa, yo‘q yerdan birdan paydo bo‘lib.

* * *

— Do‘lananiyam pishgani qo‘ymay, elning rizqini qiyasan, ertaga bolangga bir narsa bo‘lsa, bunisi qaerdan keldi, kimga nima qiluvdim degancha ko‘chama-ko‘cha ko‘zing suv sepib yurasan-da, — deydi Mardon bo‘yi barobar ikki qop do‘lanani bozor o‘rtasida g‘o‘ddayib sotayotgan o‘rmon qorovuliga. — Shu nag‘mangni Tog‘begi biladimi? He turishlar boshqacha. Nima amaling bor o‘zi?
— Davlatning plani bor.
— Topgan gaping shu bo‘ldimi? Harom-xarishinggayam davlatning otini bir qo‘shib ol. Bu qilig‘ingni boshqa ko‘rmayin. Chachratg‘iga o‘xshamay tarqat. — Mardon shunday degancha yaqinda ish boshlagan qorovul bilan gaplashishni o‘ziga ep ko‘rmay gapni kalta qilib, tayog‘i bilan qoplarni ko‘rsatadi, keyin tayog‘ini havolatib sermab, sekin yelkasiga qo‘ndiradi.
Ro‘paradagining kimligini bilgach, dovdiragan o‘rmonchi gapini to‘g‘rilagan bo‘ladi.
— E! Esim qurisin. To‘g‘ri aytasiz.
 O‘rmonchining xayoli har joylarga qochadi. Do‘mdan xo‘p deb qutilsa, melisa bilan kelishsa bo‘lar. Lekin Mardon na ko‘nadi, na qaytadi. Kim bo‘lsayam, aytganini bir qilmay ko‘rsin. Eh-e, xudo urgani shu bo‘ladi.
Sachratqi deb birov o‘lib-tirilib ekkan ekinning o‘rtasida bir kechada odam bo‘yi bo‘lib o‘sib chiqadigan, gardishini mixday-mixday nishlar o‘ragan, ko‘zlari tasraygan tikonga aytiladi. “Chachratg‘iga o‘xshamay tarqat!” Mardon ketishi bilan o‘rmonchi ovoz chiqaradi:
— El og‘iz! Keb qoling, el og‘iz!
El og‘iz — kim nimadan tirikchilik qilsa, qo‘liga kirganidan ko‘nglidan chiqqanini elga tarqatishi. Elning og‘zi tegsin, duo qilsin, ishining rivojini, kasbi-korining barakasini bersin, degani. Yarimta donda qirq jonning rizqi bor, deyishadi.
Bozordan chiqayotganlar ham orqasiga qaytib, erinmay do‘lanaga navbatga turadi. Birovning yordami bilan eshagiga endigina zo‘rg‘a mingan mulla, yo‘q joyda kifoya mullayam ulovidan irg‘ib tushib, qatordan qolmaydi. Gap topolmaganidan, “Yilda bir marta do‘lanaga to‘ysa, odamni miyasi butun bo‘ladi”, deydi birov so‘rasa-so‘ramasa, qoplarning bir unisi-bir bunisiga qararkan.

* * *

Podachidan poshsho chiqsa elni yo qashqatayoq yo ko‘taram qiladi. Qashqatayoq — tayoq yemasa, gap eshitmasa yurmaydigan, ishga qo‘li bormaydigan, ko‘taram deb esa tayoq yesayam, gap eshitsayam bersang — yeyman, ursang — o‘laman deganday bo‘zrayadiganlarga aytadilar. Kamiga “Podachi zotini g‘ayrati poda qaytarda kelarmish”, deydi el istehzo bilan. Qishloqning gaplari o‘zi shunaqa. Kim aytganini, kimdan chiqqanini, kim to‘qiganini hech kim bilmasa-da, bu gaplarni hamma biladi. Podachining kuchi ko‘p, vaqti davronida to‘rt yashar ho‘kiz — juvonani dumidan ushlab to‘xtatib turgan, bir siltab yiqitib qo‘ygan deyishadi. Shu qilig‘i bilan nom chiqargan bizning podachi. Qo‘lidan kelgani shu bo‘lgan.
Shunday qilib, ini tayin bulturgi qaldirg‘ochlar tuxum ochib, bolasining oyog‘iga otning yolidan bog‘lab, tushib ketmaslik chorasini ko‘rishlari bilan qatala* mavsumi boshlanadi. Podachi o‘ziga o‘zi qonun chiqargan. Shox qo‘shganlarning bolalari podaga qatala tekkan, kuyikka kelgan mahalida ikkita-ikkita bo‘lib yordamga chiqishi kerakmish. Yugur podachiga yetimlikka. O‘ tavbangdan, Zangi bobo-ey.
Qishloq noiloj rozi bo‘lgan.
— Bir vaqtlar podachilik jontalosh edi. Endi bo‘lsa ko‘tar-ko‘tar, kim yaxshi — podachi yaxshi. Dunyoda buqatalab g‘unajin bilan eriga javob bergan xotinni qaytarish mumkin emas.
Bu qishloqning tentagi nomini olgan Mardonning gapi. Uning gaplari shunday burama-surama. Chappa-chuppa. Ko‘rtugun qilib gapiradi. Lekin chin aytadi. Tushunsa-tushunmasa Mardonning gapini birov noma’qul demagan. Deyolmagan, demaydiyam. Uning oti o‘zi bilan — Mardon tentak! U har joyda gapning bo‘larini aytadi. To‘y-marakadayam, boshqa yig‘indayam shu. Qaysi yili birov qaerdandir ko‘rib kelib katta-kuttani, rais-pais, puldor-moldorga alohida xonada osh berishni boshlaganda Mardon bu to‘daga “yuvg‘uchisi bo‘lak” degan ot qo‘ygan. Amaldori amaldan ketib, boyvachchasi puldan ajrab, eski chorig‘ini sudraganda, yana el oshida elga qo‘shilib o‘tirganlarni birda to‘dalab tuzlagan. Tuz yemagan joyi qolmagan. Elboshini chaqirib, qavatiga to‘y egasini tikka qilib: “Zo‘r ekansan “yuvg‘uchisi bo‘laklarga” boshqa qozon osasan, odam ayirib osh beradigan senday elboshiniyam, to‘ychiniyam tezroq xudoy ko‘tarsin”, degan. Qolgan gaplarni aytsa uyat bo‘ladi. O‘shanda oshni qozon-pozoni bilan Samarqanddagi yetimxonaga olib ketaman, deb turib olgan ham shu Mardon. Shu-shu el qadimgidek oshini el bo‘lib yeydi. Gap kelib qolganda “Shu tentakniyam boriga shukur. Bitta o‘zi shunaqayam kerakki”, deyishadi uning otini tutmay. Mardonning bo‘lari shu emish. Manglayiga shunday yozilgan emish. Tegmaganga tegmasmish, tekkan yo o‘lib, yo qochib qutilarmish. Enam aytgan.
Xullas, buqaga ko‘z suzgan g‘unajin podachining tayog‘idan qo‘rqmaydi. Yeru-osmonga sig‘magan sigiru beo‘xshov shataloq otib, irg‘ishlovchi g‘unajinlar kuyigi bosilgach bir yuvosh bo‘ladiki, qo‘yaverasiz. Buzoqning haqi buzoqqa degandek, qatorasiga ikki yil quruqdan quruqqa ho‘kiz yetaklab buzoq bermagan sigirni pushti kuygan deyishadi. Etli bo‘lsa bir navi, korini to‘yning qassobi qiladi. O‘ki bozori kelsa, kun yorishmay so‘raganiga berib qutilishadi. Kun yorishsa sut yurmagan, qo‘l tegmagan yelinni bilgan biladi. Erta-kechi maktabning doskayu partasi o‘rtasida o‘tgan bo‘sh-bayov Omon muallim esa buni bilmaydi. Hamishagi qisir sigirni yetaklagan o‘qituvchining qo‘lidagi arqonni ko‘rgan borki, ko‘ngli sovumasligi uchun “yaxshi narxga olibsiz” deydiyu gapni qisqa qiladi. Sigirning obro‘yi yelinida. Sog‘imchi qo‘li tegmagan yelinda baraka bo‘lmaydi.
Nari-berisi bir oyga boradigan kuyikish mavsumi shunday besaranjom o‘tadi. Na o‘spirinlar tinadi, na qatala tekkan mollar. O‘tgan yili Enam podachiga yordamga chiqishimga ruxsat bermagandilar. Bu yil tegmadi. O‘zi yubordi: o‘nga kirding — songa kirding, degan mashoyixlar, dedilar bir parcha oq lattani chap yelkamdan oshirib o‘ng qo‘ltig‘im ostidan bog‘larkanlar. Boring bolajon, tog‘-tosh ham bir ko‘rsin.
Navbatga jo‘ram Nafas ikkimiz chiqdik. Podachi podani tikon ham tikkaymagan Toshkamarga qamab, kamar og‘ziga o‘zi yonboshlab, biror molni qishloqqa ketib qolishiga qo‘ymay o‘zicha mol boqqan bo‘ladi. To‘g‘risi, bu mahal mollar o‘tlamaydiyam. Azaldan zot ko‘rgan, esi bor egalar erta sahar va kech salqinida mollariga yegulik tashlashadi.
Vaqt peshinga yaqinlashganda podachining suv ichgisi kelib qoldi.
— Yurak kuyib ketdi. Muzdayidan ichaylik, — degancha qo‘limga ustiga kandirdan to‘n tikilgan yelim idishni berdi. Oynabuloq tarafni ko‘rsatdi.
Hayron bo‘lib qaragandim, “orqangdan boraman” dedi. Keyin qo‘shib qo‘ydi: “Hozir ayiqlar suvga tushmaydi”.
Oynabuloqni avval ham ko‘rganman. Otarga qo‘y qo‘shgani, qo‘zi ajratgani, qo‘y qirqimga kelganda borganman. O‘nidan o‘tib, suv ichganmiz. Enamning ertaklaridagi kiyik suvini ichib kiyik, bo‘ri suvini ichib bo‘ri, ilon suvini ichib ilon bo‘lib qolgan toshlarni, jodu bilan malikadan daraxtga aylanganlarni tanib, ko‘zim bilan ko‘rganimni Enamga aytib berganman, kerak bo‘lsa. Odamlar yana buloq boshida ayiqlar ko‘p deyishib bir-birini qo‘rqitishadi. Biroq ko‘rmaganman. Qo‘rqinchlisi bu emas. Qo‘rqinchlisi u yerda quyosh yo‘q. Qop-qorong‘u. Taltaygan yigirma chog‘li qadim qora archa, tarvaygan son-sanoqsiz yong‘oqlar, ko‘zining hisobi yo‘q kattadan katta buloq, buloqning vaq-vaqlab qaynab turishi, otini birov bilmaydigan qushlar chug‘uri ostidagi suv haqiqatan ham muzdek bo‘ladi. Qishda ko‘rganimni aytsam, yolg‘onchi bola ekan deysiz. Buloqning betidan har zamon-har zamon bir qozon-bir qozon bug‘ buralib-buralib ko‘tariladi. Chinorlarning tomirlari panjalarini yerga tirab endi o‘rnidan turayotgan bahodirlarga va archalarning tomirlari oppoq bo‘lib shamolda o‘ynayotgan uzun soqolga o‘xshaydi. Mayda tomirlar toshlarni quchoqlagan, ularga muzlar osilgan, qorlar yopishgan bo‘ladi. Katta qorda soch-soqolini muz bosgan cho‘ponga o‘xshaydi.
Buloq boshiga dadil bordim. Bir chiziq nur, yorug‘lik osmondan tushadi. Sharpasidan shoshib, salom dedim. Uyam o‘zini o‘nglab salom bergan bo‘ldi. Salom berganini suv beti jimirlab, yaltirab kulganidan bildim. A’zamu sha’n ovozi, yorug‘lik ovozi keldi. Ko‘nglimni bo‘shatib, ilkis, yig‘latib qo‘ydi. Yorug‘lik va Qorong‘ulik, Nur va Zulmat orasida turganligimni ilkis sezdim. Olinda Nur, o‘ngda-da Nur... so‘lda-da Nur. Buloq qaynab kuladi.
Keyin boshqatdan, shoshmasdan:
— Salom Yorug‘lik, — dedim Enamga o‘xshagim kelib. Yorug‘lik qo‘lini, yo‘q qilichini sermab salom bergan, alik olgan bo‘ldi.
Nur bir qilich bo‘lib ko‘rindi, bir qalam bo‘lib ko‘rindi.
Keyin, keyin son-sanoqsiz yaltiroq nayzalar soyalarni azot teshib, chaqmoqday kelib buloq boshiga bosh uradi. Undan hovuz yaltillab, yorishib ketadi. Oynadek. Undan daraxt ostlari yorishadi.
Yorug‘lik bilan birinchi bo‘lib endigina til chiqargan barglar o‘ynashadilar. Hansirab qolgan katta-katta barglar esa bu tilsiz ezgu gurungga qo‘shilishniyam, qo‘shilmaslikniyam bilmay qoladilar. Biri yorug‘likning bo‘yniga, biri qo‘liga, biri betiga tegajog‘lik qiladilar. Yorug‘lik ularga qo‘l tekkizmaslikka harakat qiladi. Suv ularning o‘yinidan kuladi. Vaqirlab-vaqirlab. Xuddi Enam qarab turgandek hech narsadan qo‘rqmadim. Salom berganimni, alik olganini nasib bo‘lsa, Enamga borib aytaman.
Birinchi o‘zim suv ichib olib, keyin idishni to‘ldirmoqchi bo‘lib og‘zimni suvga qo‘yaman. Mendan ikki qadam nariga bir soya kelib uyam engashadi. Men uni cho‘pon deb xayol qilaman. Suvga to‘yib cho‘ponga qarasam cho‘pon emas ekan. Ayiqcha. Suv ichayapti.
Yuragimga qon jovdirab keldi. Ortimda, yonverimda sanoqsiz quvvatdosh nigohlar shay turganini ichim sezdi. Ularga qaramasligim kerakligini his etdim. Polvon po‘stakdan po‘stin, boshiga boplab quloqchin kiyib olgan boladay ko‘rinadi ko‘zimga. Qarab qoldim.
Shunda birdan qo‘rqqim keladi-yu, ketadi. Qo‘rqmayman. Tamom-vassalom. Enam aytganlar-ku, hamma kasofat odamning o‘zidan chiqadi, tegmasa ilon ham tegmaydi deb. Lekin serraygancha qarab turuvdim, u ham oldingi oyoqlarini ko‘tarib, odamday tik turib, uzilishib ketgan qarindoshdek nima qilarini, qaerga kelganini bilmay, qo‘llarini qaerga qo‘yishni topolmay qarab turardi. Qo‘llari xuddi mening qo‘llarimdek ikki yonida osilib qoldi. Yig‘ib olishga aqli yetmasdi. Avval ko‘zi kuldi. Og‘ziyam sal kulganday ko‘rindi. Men unga qo‘shildim. Birinchi u qilig‘landi. Keyin men. Avval u ikki qo‘lini suvga botirib suv sachratdi. Keyin men. Biz maza qildik. Vaqtlar to‘xtadi, daraxtlar bosh egdi, toshlar og‘zini ochib qoldi. Tomoshaga kapalaklar-da keldi. Kapalaklar yorug‘likni aylanib o‘ynashgancha qur olishadi. Toshbaqaning kattasiday keladigan o‘rgimchak osmondan nemischa “w”ga o‘xshab, o‘rmalab tushib kelarkan, tilab olingan boshog‘riqdek tantig‘liq qiladi. Navbatma-navbat o‘ng ko‘zini yumib, chap ko‘zini ochib, o‘rtada tilini bir chiqarib qo‘rqma, degandek bo‘ladi. Ayniqsa, uning piyoladay-piyoladay keladigan ko‘zlari odamni shoshiradi. Keyinchalik bunday qiliqlar eng chiroyli qizlarda, tili ichiga sig‘maydigan boyvachcha qizlarda, yigitlarni birinchi bo‘lib yaxshi ko‘radigan qizlarda bo‘lishini bilganman.
Bir beti kuyib, bir beti kulgancha hamishagi tanish shamol qaydandir sochi qo‘qib keldi. Keyin daraxtlar o‘zaro urish boshlaydi. Bir-biriga qilich, nayza ko‘tarib qolishdi. Lip etib bir sharpa o‘tdi. Barchasi tarqala boshladi. Oxirida ayiqcha ketdi. Onasining qo‘lidan ushlab, onasi uning qo‘lidan ushlab ketishdi. Orqasiga qarab-qarab, menga qarab-qarab ketdi. Onasi-da pakar, bolasi-da xomush ketdi. Men oradan ancha yillar o‘tib, bu qarashni qadim jo‘ralar nigohi bordekligiga bir ishonib, bir ishonmay, bir yig‘lab, bir kulib esladim.
Ayiqcha ketmasdi, kapalaklar ham. Podachi shoshqaloqlab toshni tepib yubormaganda, tosh kelib idishni suvga tushirmaganda, suv beti buzilmaganda, ayiqlar ketmasdi. Keyin podachi o‘zini to‘xtatolmay chalqancha, cholorqa yiqildi. O‘rnidan turolmay, tirsaklariga suyanib, hiqichog‘i tutib, kappa-kappa ochilayotgan og‘zidan ko‘pik oqa boshladi. Borib turg‘azdim.
Podachiga yordam berib bo‘lib, navbat kunimiz tugab, poda ortidan changga botib qaytarkanmiz, taqqa to‘xtadim. Nafasga changga botmay orqaroqda yurish kerakligini, shunday ham hammasi qishloqqa borishini bildirgandek qaradim. Jo‘ram tushundi. Podachi nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, bizga hukmi o‘tar vaqt tugaganini ilg‘adi. Atrofga qaragim keldi. Pastda, adirlar tugagan joylarda qadimgi hukmdorlarning talangan Mozorqo‘rg‘onlari mung‘ayib turardi. Bir zamonlar bu qo‘rg‘onlar yaqiniga yo‘lab bo‘lmagan, qo‘riqchilarning sonidan sanog‘i ko‘p bo‘lgan. Endi egasiz eshaklar sovuqning izg‘irinida pana topadigan joy. Kun shomga enkaydi. Qishloq yo‘lida semiz cho‘loq kaptar oqsoqlanib rizq teraverdi. Och shekilli, ha demay ko‘rmay qolishidan xavotir olib, shoshib yegulik cho‘qinardi. Shom tushsa ko‘rmay qoladi, so‘ng, ushlab olib ketamiz deb Nasaf bilan kutib turdik. Qushlar darrov to‘yar ekan. Yana parillab uchdi.

* * *

Oybuloqqa Oyqortog‘dan qancha qorlar erib, enib keldi, bu azim buloq nechovlarga ertaklar aytmadi. Buning hech birining hisobi bo‘lmadi. Necha o‘spirinning ko‘nglida yashirib, podachining yo‘llaridan oshirib o‘tganini tinglamadi bu hur buloq.
— Chiviqlig‘ingdan bilaman, baringni. Biz endi o‘tin bo‘ldik. G‘ayrating borida belingni sindirma, tishing borida uzib-uzib ye, yaxshilik qil, — deydi Podachi o‘tgan-qaytgandan birontasi bozorlig‘i og‘irlik qilib nafas rostlash bahonasida hol so‘raganda. — Yolg‘on gapirgan o‘g‘rilikdan yomon. O‘zimizni kunimizga o‘tin qalayapmiz. Birov umrni gulxona, birov kulxona qildi, eng og‘ir ish to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, — deydi qaerdadir eshitgan gapini takrorlab Podachi.
Podachi Jarko‘cha labidagi g‘ovning og‘zidagi otasi zamonidan qolgan yassi qayroqtosh ustida o‘tiradi. O‘tgan-ketganga ishi yo‘q. Salom bersa, ilg‘asa oladi. Bermasa xafa ham emas. Xafagarchilik ham vaqtu zamon, davru davronning ko‘ziga qarar ekan, qurg‘ur. Tilanchi xafa bo‘lsa to‘rvasiga ziyon deb bekor aytilmagan. Yurishdan qolib, yassitosh ustiga endi chiqqan, belda quvvat bor kunlar Podachi besalom o‘tgan-qaytganni salom bermading deb do‘qlagan kunlarniyam soy eshitgan, jiydalar ko‘rgan. Endi salom bersayam, bermasayam farqi yo‘q. Yorug‘ kunni ko‘rganiga, kech bo‘lsa o‘rmalab g‘ov hatlaganiga xursand. Buyam g‘animatligini es bir kelib qolganda sezib, shukur qiladi. Devor nima, bu nima, degan tengqurlari u haqda. Tengqurlar marakaga o‘rlagan, enggan vaqtlar qulog‘i ostiga kelib yur ketdik degandayam eshitmay, sezmay turavergach, shunday deyishgan.
Eshitsa-eshitmasa podachiga faqat Mardon gap qo‘shadi. Jarko‘cha bo‘ylab kelarkan, uzoqdan gap otadi.
— Supangga o‘zing sig‘may qopsan-ku. Ayonga-ayon. Seniyam dumingdan ushlab tosh ustida mixlab qo‘yibdi-da, — degancha boshini bir xam qilib salom bergan bo‘ladi. Salom — qarzi Xudo, degancha ko‘nglidan o‘tkazadi. Podachi odatdagidek, og‘zini ochadi. G‘uldiraydi.
— Til ham ketibdi-ku, — deydi ikki qo‘li ikki yoqasini tutib, yana ko‘ngliga kelmasin degancha, yoqasini to‘g‘rilagan kishi bo‘lib, — bu kuning ham bor ekan-da, sho‘rlik.
Kunlarning birida qishlog‘iga yo‘li tushgan muxbir, mehmon bolaning yo‘l ustidagi Podachiga ko‘zi tushadi. Oldiga borgan, ko‘nglini so‘ragan, o‘zini tanishtirgan bo‘ladi. Podachi odamzotni birinchi bor ko‘rayotganday ko‘zlarini qisgandan-qisib uzoq tikiladi. Keyin katta ochadi. Xira ko‘zlari qorani tusmollaydi. Og‘zini ochib hol so‘rashgan yoki nimanidir aytgan bo‘ladi. Oraga bir maydon karaxtlik cho‘kadi. Favqulodda yassitosh ustida o‘tirganida, oldida bosh egib turganida xayoliga o‘sha buloq boshida suvga tushgan podachining ahvoli, vaqti soat birdek keladi, barchasi birdek ko‘rinadi.
Jarko‘chaning o‘rtasiga parillab tushgan yolg‘iz cho‘loq kaptar xayollarni-da, ko‘chani-da to‘zg‘itib yuboradi. Podachi piyolasi yonidagi shamolda suvi qochgan siniq nondan ushatib, kaftlari orasida ushoqlaydi, keyin kaptari sharpasini tusmollab don sochgan, kaptar esa rizq tergan bo‘ladi.
Mehmonning dimog‘iga Jarko‘cha tuprog‘ining hidi uriladi. Huv birda, cho‘lda qo‘y boqqanda, tappot urib, ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas olislarda ko‘tarilgan issiq zo‘ridan simyog‘ochlar ham ikkita-ikkita ko‘ringan kun alg‘ov-dalg‘ov tushday o‘tadi.

* * *

Ayiqchani, yo‘q, quloqchini o‘ziga yarashiq ayiqchani, yo‘g‘-e, qishloqda ayiq demaydilar, polvon deydilar, ha, polvonni ko‘rgim kelayapti. Ko‘rishib qolsak yana suvsochar o‘ynarmikan? Kapalaklar ham kelarmikan? Jarko‘chadan tanish shamolga qo‘shilib bolalik chopib o‘tgandek ko‘rinadi. Dunyoda otasidan zo‘r odam yo‘q, opasidan chiroyli ayol bo‘lishi mumkin emas bolalikka qaytmoq og‘ir ko‘rinadi. Bolalikning betiga betlashga yurak betlamaydi. Podachining hiqichoq tutib, “haq” aytib qolgan turmushi ko‘z o‘ngidan ketmaydi... Quyosh qil ustidagi umrning qontalash ufqini bir ko‘rsatib botadi...
Yurak yolg‘iz sog‘inchdan quvvat oladi. Ko‘kay ko‘kdan. Umrni imon toblaydi. Oynabuloqda, Oyqortog‘ burjlarida shunday gaplar haliyam bor. Mening ko‘rganlarimni siz ham ko‘rganday bo‘ldingizmi?
_____________________
* qatala — qoramol podasiga yoppa tegadigan besaranjomlik. Bu bezovtalikda mollar yemishga qaramaydi, qir-adirda o‘kirib, yugurib podachini sarson qiladi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.