OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Nuriddinov. Anorgul (yuzyillik hikoya)

1914 yil...
Bu voqeani bizga otamiz, otamizga bobomiz aytib bergan ekan.
O‘sha yil bahor seryog‘in keldi. Hammyoq suvga bo‘kdi. Tunu kun, haftalab yomg‘ir yog‘di. Loy, botqoqdan odamning esi ketdi. Yomg‘ir ortidagi shamolni aytmaysizmi?.. Qanchalik yoqimli bo‘lmasin, baribir, bezor qilib yubordi. Hammasi mayli-ya, daraxt gullarini to‘kib yuborgani yomon bo‘ldi-da. Bu yil o‘rik kam bo‘lsa kerak. Olcha ham shunday. Anor endi gullaydi. Qimmatchilik bo‘lmasa go‘rgaydi. Hayotning to‘kinligi yilning kelishiga bog‘liq ekan-da...
U erinibgina ko‘chaga chiqdi. Mudom gavjum bo‘ladigan joylarda ham hech zog‘ yo‘q. Hatto do‘konlar oldida inson zoti ko‘rinmaydi. Bu paytda biron kimsa uyda o‘tirmasdi-yu, nima balo odamlar ishlamay qo‘yishganmi?.. Yomg‘irdan so‘ng hammayoq shilt-shilt. Shunga bo‘lsa kerak.
«Bunaqa paytda yurib bo‘ladimi? Poyabzal loyga botib qoladi-ku. Hamma uyga berkinadi-da», xayol qildi u.
...Bugun zerikdi. Hayotdanmas, o‘zidan. Shunchalar jirkanch tuyulyapti. Maqsadsiz uzoq yo‘l bosdi. Toqqa qarab bordi. O‘ylab-o‘ylab shu qarorga keldi-da. Undan kechirim so‘raydi. Qizi ham katta bo‘lib qolgandir. Biron marta ko‘rgani bormaptiyam. Kimga o‘xsharkan? Quyib qo‘ygandek o‘zi bo‘lsa-ya. Har qalay zurriyodi. Onasiga tortsa ham mayli. Otasini tanimas-ov. Begonasirasa kerak. Albatta. Bunga haqli u. Qizini ayblolmaydi. Hamma qusur o‘zida. Endi boshqacha yashaydi. Ularga mehribonchilik qiladi. Yangi hayot boshlaydi. O‘tgan kunlarini, bari-barisini unutadi...
Qo‘lidan kelarmikan?
O‘zini, o‘zligini yo‘qotib bo‘lgan odam-a! Yana eski do‘stlarini, aysh-ishratni qo‘msab qolsa-chi?.. Irodasini sinayman, deb ularga azob berib qo‘ymasmikin? Kallasida ming savol. Bir to‘xtamga kelishi ham qiyin kechyapti. Hammasiga qo‘l siltab, qo‘ltig‘iga qo‘l ursami?.. Yo‘q. Qarori qat’iy. Boradi. Ostonasida bosh egadi. Qo‘ymasa yalinadi, yolvoradi. Tiz cho‘kib gunohlaridan o‘tishini so‘raydi. Nima qilib bo‘lsa ham buni uddalaydi. Yolg‘iz yashash joniga tegdi. O‘ziga ishonchi so‘nmagan hali. Vujudi yonyapti. Yuragi o‘tda kuyayotganga o‘xshaydi. Kimdir kosov bilan kavlayotgan cho‘g‘ning o‘zginasi. Qip-qizil... Qaniydi muzdekkina buloq suvi bo‘lsa, yutoqib-yutoqib ichsa. Turfa azobda qiynalsa ham mayliydi keyin. Juda-juda sog‘indi uni. Endi dilidagi tiliga chiqyapti. Qachongacha yuradi yashirib. Oldin ham yaxshi ko‘rardi-ku, axir.
…Ko‘z o‘ngida birinchi bor uchrashgan kezlari gavdalandi. Otasi bilan ularnikiga kelgandi o‘shanda. Sochlarini ayri qilib ikkitaga o‘rib olgan kichkinagina qizcha edi. O‘n bir, o‘n ikki yoshlar chamasi bo‘lsa kerak. Birga o‘ynashgandi. To‘ptoshni o‘rgatgan. Qiziq o‘yin edi. To‘p toshdan uchtasini oladi-da, bittasini osmonga otadi. U tushguncha sherigini qo‘yib, ikkinchisini iladi. Yana takrorlab, yerdan to‘rt toshni ko‘taradi. Kaftlariga qo‘yib, barmoqlarining ters tarafida sakratadi. Uddalolmaganda qiqir-qiqir kulgandi ustidan. Qayta-qayta harakat qilib, o‘rgangandi. U bo‘lsa o‘yinini zimdan kuzatib turardi. Xatolarini sekingina, muloyimlik bilan to‘g‘rilab qo‘yardi. Qo‘llari yerga ishqalanib momataloq bo‘lib ketgandi. Ana shunaqa. O‘ylab ko‘rsa u bilan bo‘lgan azoblar ilk kunlardan boshlangan ekan. Nima qilsin uni yomon ko‘rolmasa.
Uzoqdan qorasi ko‘zga tashlandi. Xuddi o‘zi. Haliyam o‘sha-o‘sha: qaddi-qomati, yurish-turishi. Ozgina ulg‘aygani bilinibdi, xolos. Biroz to‘lishganroqmi-ey. Ko‘ziga shunday ko‘rindi. U nimanidir olib, qaytib uy ichkarisi tomon yurdi. Ketib qoladigandek, qo‘qqisdan baqirib yubordi.
- Anor! Anor!! Anorgul!!!

* * *

Anorgul ajoyib qiz edi. Sho‘x, hushchaqchaq. Yerga ursa osmonga sapchiydigan. Bolaligida uni «bolari» deb atashardi. Yo‘q bo‘lib qolsa, albatta gulzordan topishardi. Gullarni yaxshi ko‘rardi-da. So‘zlari mayin, suhbati esa shirin qizaloq edi. Judayam gaplashgisi kelardi odamning. Hech kimni zeriktirmasdi. Xushhulq, odobli... Gapirganda doim yerga qarab olardi. Yana bolalarcha kulimsirab qo‘yardi. Tabassumi ham boshqacha edi. Jilmayishini aytmaysizmi?.. Qishloqdagilar yillar tez o‘tganini uning ulg‘ayganidan bilishdi.
- Anorgulam kap-katta bo‘p qopti-ya. Kechagina arg‘imchoq sakrab yurgan kichkina qizcha oydek to‘lishib, guldek ochilibdi-ey!.. – deyishardi dimog‘larini ko‘tarishib.
Unga sovchi qo‘ymagan qolmadi. Yoshi ham, qarisi ham... E, odamda sal uyat bo‘lsin ekan. Zamonning zayli ham bor bo‘lsin-a. Otasi tengilar ham bir og‘iz solib ko‘rishdi. Ostona hatlab o‘tgan odamning son-sanog‘i yo‘q. Uning chiroyini eshitgan odam uni-buni bahona qilib kirib kelaverishadi. Nima, ko‘chada suv yo‘qmidi?.. Bahona ham evi bilan-da. Qaqragan cho‘lda yashashmaydi-ku. Ota-onasiyam bezor bo‘lishdi. Bir kuni:
- Qizim, endi katta qiz bo‘lib qolding! – deyishdi tagdor qilib.
U indamadi. Hammasini tushunib turibdi. Xayolida mingta o‘y. Kelgan-ketganlarga ham bir-bir uzoqdan – zimdan bo‘lsa ham nazar tashlagan. Nima qilsin?.. Hech qaysisi ko‘ngliga o‘tirmadi axir. Barisiga rad javob qiluvdi. Biroq bolaligida birga to‘ptosh o‘ynagan o‘sha yigitni o‘ylaganda hamon yuragi hapriqadi. Dardini hech kimga aytolmaydi. Axir bu hali ko‘nglining tubida yotgan bir xilqat, xolos. O‘zi ham bilmaydi nimaligini. Ammo o‘ylasa qitig‘i qo‘ziydi. O‘sha ichidagi tuyg‘ular jimirlab, junbushga kela boshlaydi. Qani uni bir kas tushunsa. Otasi boshqa ularnikiga olib bormadiyam. O‘zlari hech kelishmadi. Yo otasi bilan tortishib qolishganmikin?.. Undaymasdir. Axir otasi bilan uning dadasi do‘st-ku! Har narsa bo‘lishi mumkin. Vaqt kutib o‘tirmas ekan. Onasi jon holiga qo‘ymay qo‘ydi: birontasini tanla, deydi. Qanday qilib yoqmaganni yoqtiradi. «Qiz bola palaxmon toshi» emish. Nega unaqa!? Tosh jonsiz-ku. Unda bo‘lsa yurak bor. Hali tirik, duk-duk uradi. Kimgayam zaril bu narsalar. Undan so‘rab o‘tirisharmidi?
Yana bir kun arang chidadi. Erta deganda o‘ttiz adirlik uzoq qarindoshlaridan sovchi bo‘lib bir uy xotin kelishdi. «Qo‘ynimdan to‘kilsa qo‘njimga» qabilida, onasi shularga muomalani quyuqroq qila boshladi. O‘g‘illari chavandozmish. Ko‘rdi uzoqdan, ayiqpolvonning o‘zginasi. Otning belini sindiradi. O‘zlariga siylov. Kechasi bilan dahlizda yig‘lab chiqdi. Xudoga yolvordi. Oh chekdi. Jonini olsa ham mayli, faqat u kelsin. Bo‘lmasa toqqa qochib ketadi. Nolalari yetib borgan chog‘i, erta tongda usta Yo‘lbars yasab bergan rovot xalqalari taqqilladi. Rostdan ham ular – otasining qadrdon do‘sti. Nega bunchalar yo‘q bo‘lib ketishdi. Hali ko‘rsatadi. Ko‘rishganda qaramaydi.
Otasining ham chehrasi yorishdi. Anor boshqa bog‘da o‘smaydi, degan fikridan qaytdi. Haqiqatanam shunaqami?! Ammo rost. Olma bog‘da anor ko‘rmagan.
Onasi oyog‘ini qo‘liga olib qizining oldiga chopdi.
- Anor, qara, suxsurday yigit ekan. Bunisini qaytarib ko‘r-chi, naq miyangda yong‘oq chaqaman-a. Otasi dadangni o‘rtog‘i-ya tag‘in, - dedi ikki mushtini ustma-ust ishqab.
Xullas, to‘y. Onasining ra’yini qaytarolarmidi. O‘ziga qolsa-ku, yana biroz oyoq tirardi. Nozini ko‘rsatardi. U ham bir iztirob cheksin-da. Na chora. Rozilik berdi. Kuzda – anor pishig‘ida to‘ylari bo‘ldi. O‘sha kuni dast ko‘tarib, olov atrofida aylantirganda cho‘chib tushdi. Kuyov bo‘lgur xuddi sezganday to‘yxonaga shoshdi. Hurkak ohu-ya, deb o‘ylagan bo‘lsa ajabmas. Olib kirib, ayvonga tushirdi. Xotin-xalaj: «Kelin keldi, kelin keldi!» deb ichkariga tortqilashdi. Darchadan ko‘rib turdi. Kuyovjo‘ralar kuyovbolani chirpirak qilib, tinmay osmonu falakka otishdi. Uni ikkinchi bor yaqindan go‘shangada ko‘rdi. Ancha kelishgan, bilaklari ham baquvvat yigit bo‘libdi. Mo‘ylov ham qo‘yib olibdi. Ko‘zi tushib «piq» etib kulib yubordi. U hayron.
- Ustimdan kulyapsizmi?! – dedi.
- ...
- Meni tanimadingiz, a?..
- Yo‘...o‘o‘-q, - dedi qitig‘-patiga tegib erkalanib.
O‘sha kuni nimalar bo‘lganini o‘zlaridan tashqari faqat xudo biladi. Hayotning baxtli lahzalari edi.
Bu ko‘p davom etmadi. Atiga uch oy.
- Tushungin, - dedi bir kun tunda. – Hamma yigitlar toqqa chiqib ketishyapti. Yakka o‘zim qololmayman.
- Otangiz amin bo‘lsa. Bekka aytsa bo‘ldi-ku.
- Faqat o‘zingni o‘ylama, - dedi achchiqlanib.
Shundan so‘ng hammasi ostin-ustun bo‘lib ketdi. Uyga mast-alast kech qaytadigan odat chiqardi. Ba’zan kelmasdiyam. Kechalarni yolg‘iz o‘tkazadigan bo‘ldi. Bunga ko‘nikib ham qoldi. Qo‘pol erkalashlariga ham chidadi. Uning bekchiligini to‘ydan keyin bilgandi. Umr u o‘ylaganchalik doim bir tekis kechmas ekan. Shu orada homilasi o‘zini ko‘rsatdi. Bu erini qiziqtirmadiyam. Odatdagi munosabat davom etaverdi. Bir kuni hech narsadan hech narsa yo‘q qo‘pollik qildi. Balki tuzukroq e’tibor qilmagandir. Yo o‘zini yomon ko‘rsatish uchun shunday qildimi, baribir tushunmadi. Qaynotasi bekchilar shunaqa badjahl bo‘ladi, dedi. Tong sahar lash-lushlarini yig‘ishtirib uyiga jo‘navordi. Uch kun sig‘di ota-onasinikiga.
- Turmushda kelishmovchiliklar bo‘ladi, chida! – deyishdi.
U indamadi. Yana bir necha kun kutdi. Orqasidan kechirim so‘rab kelishini istadi. U bo‘lsa aksincha – ozod qush edi. Endi otasi aralashdi.
- Mahalla-ko‘yda bosh ko‘tarolmay qoldim. Qizingga ayt, erinikiga qaytib borsin! – dedi.
Uniyam o‘jarligi tutdi. Kelmasa o‘zi qaytmaydi. Qaynona-qaynotasiga ham «yo‘q», deydi. Hafta o‘tdiyamki, darak bo‘lmadi. Onasiga achindi. Ikki o‘t orasida qolgandi. Shu orada uning askarlikka yollangani quloqqa chalindi. Onasi toqqa – tog‘asinikiga ketishni maslahat berdi. Shunday ham qildi. O‘sha joyda qizi dunyoga keldi. Har qanday qiyinchiliklarga chidadi. Tog‘u toshda poda ham boqdi, loy qorib kichkinagina kulba ham tikladi. Qachongacha sig‘indi bo‘lib birovni uyida yashardi. Xullas harakat qildi. Ammo yuragi to‘rida u. Uni, faqat uni kutdi. Farzandini ko‘rgani kelar hech bo‘lmaganda, deb o‘yladi. Qizi beshga kirdiyamki, dom-darak yo‘q.
Bugun tongda kutilmaganda ro‘parasidan chiqdi. Juldur kiyimda, yuzlari tirnalgan. Qaerda bunchalar qahramonlik ko‘rsatganini so‘ramadiyam. Osmondan tushdimi, ostonada turib, yalinib yolvordi. Noiloj ichkariga qo‘ydi. Qarshisida jimgina o‘tiribdi. Nima qilsin. Bo‘yniga osilib yig‘lasinmi?! Yo quvib solsinmi?.. Yana taqdirga tan berdi. O‘zini qismatning quchog‘iga otdi. Bu yog‘i Yaratganning ishi. Nima bo‘lsa bo‘lar.
Qizi pishillab uxlab yotardi. Uning shovqini-yu dupuridan qizchasi uyg‘onib ketdi. Nima bo‘layotganini tushunmay ko‘zlarini ishqaladi. Ikkovining vajohatini ko‘rib, orqaga tisarildi.
- Enamga tegmang, iltimos, enamga tegmang!.. – deb qichqirib yig‘lab yubordi yuzlarini ikki qo‘li orasiga berkitib. Uning onasidan boshqa hech kimi yo‘q edi. Hatto bu atrofda o‘zi tengi o‘rtog‘iyam... Yugurib borib qizini bag‘riga bosdi.
- Keting! – dedi jon holatda. – Qaytib kelmang!
- Qizim, qizim! – deb yolvorgudek bo‘lib emaklab yoniga bordi u.
- Aldamang, - dedi qizi ham yig‘lamsirab.
- Men seni yaxshi ko‘raman.
- Yolg‘on gapiryapsiz. Meni otam yomonlarni haydagani ketgan. Oq otda keladi, - dedi xiqqillab.
U indamadi. Anorgulga qaradi. Turib tashqariga otildi. Orqasidan chiqolmadi. Ketishini xohlamasdi. Boshqa chorasi ham yo‘q edi. Necha yil kutgandi bu kunlarni.
- Qayta qoling begim, - deya oldi xolos pichirlab ortidan.
Bu so‘zlarni eshitmagani aniq edi.

 * * *

 Kallasida oq ot. Qayoqdan topadi uni? Bunaqasi faqat beklardagina bo‘lsa. Xuddi o‘shandek arg‘umoqni shaharga borganda ko‘rgan. Ammo baribir izlaydi. Endi u qizini o‘ylardi. Katta bo‘lib, aqlini tanib qolibdi. Anorgul uni tushunar, ammo qizi-chi?.. Oilasiga shunday qabul qilmasligini anglab turipti. Hamma ayb o‘zida. Ularni yolg‘iz tashlab qo‘ydi. Shu ko‘yi uch kun sandiraqlab yurdi. Cho‘ponlarning o‘tovida tunadi. Chora qidirdi. Tog‘ning etagiga borib yilqiboqarga uyurdan bo‘z otini berib turishni so‘radi.
- Sinalmagan, yovvoyi yo‘rg‘a bo‘lsa. Hali jilovlanmagan ham, - dedi yilqichi.
Baribir turib oldi. Otboqarni avradi. Kechasi bilan qimiz ichib, mast bo‘lishdi. Unga dunyoni va’da qildi. Oxiri ko‘ndirdi. Uyurdan ajratishga bir kun vaqt ketdi. Jonivor asov edi. Uch-to‘rt kun egar, jabduq taqib qo‘lga o‘rgatishdi. Ikki hafta o‘tib tong sahar yana Anorgulning yoniga bordi. Otning pishqirishidan birinchi bo‘lib tashqariga yugurgilab qizi chiqdi va quvonchdan osmonga sakray boshladi.
- Otam keldi oq otda!.. Otam keldi-ii! - deb baqirdi o‘zida yo‘q xursand bo‘lib.
Qizi u tomon chopib bordi. Ota o‘zini dovyurak ko‘rsatmoqchi bo‘lib, otning jilovini tortdi. Jonivor hurkib, depsindi va qo‘qqisdan kishnab yubordi. Old oyoqlarini ko‘tarib, sakray boshladi. Qiziga shikast yetkazib qo‘yishdan qo‘rqqan ota kutilmaganda muvozanatini yo‘qotdi va otga qattiq qamchi soldi... Ot borgan sari tezlashardi. U ortiq egarda o‘zini tutolmay qoldi. Ot bir sakraganida egardan uchib ketdi. Butun vujudida og‘riq turdi. Qimirlatsa, hammayog‘iga sanchiq kirardi. Hammasi lahzada yuz berdi...
Bir mahal yig‘lagancha yugurgilab Anorgul keldi, yoniga cho‘kkaladi.
- Jonim, - deya inqilladi uni ko‘rib.
Anorgul nima qilarini bilmay, izzillab qoldi.
- Meni kechir... – dedi u pichirlab iltijo bilan.
- Nega unaqa deysiz... - Anorgul qo‘llari bilan og‘zini to‘sdi. Uning ortidan qoqilib-surinib qizi ham yetib keldi.
- Otajon!.. - dedi quchog‘iga otilib.
U turishga harakat qildi. Ammo bo‘lmadi. Ichi ezilib ketganga o‘xshardi. Anorgul sekin qizini tortdi.
- Qo‘y, diydoriga to‘yay!.. – dedi yalinib. Qizi jajji barmoqlari bilan yuzini siladi.
- Xuddi o‘zing, Anor?.. – dedi u qizini erkalab.
Xotini javob bermadi.
- Nega shu paytgacha jimgina yurding, a? Oti nima?.. – deb so‘radi holsizlanib. Ko‘zi yumilib keta boshladi. Boshiga og‘riq kirdi. Osmon chirpirak bo‘lib aylanayotgandek tuyuldi. Nazarida xuddi balandlikdan qulayotganga o‘xshadi. Jangda ham bunaqa ahvolga tushmagandi. Anorgulning qo‘llariga mahkam tirmashdi.
- Meni qo‘yvorma, Anor. Qizimni bir bag‘rimga bosay... - dedi xirillab. U o‘zining abgor ahvolidan o‘zi uyalib, ko‘zini «chirt» yumib oldi.
- Ko‘zingizni oching!.. Turing, turing! – dedi qizi otasining bo‘ynidan quchoqlab.
Endi unga baribir edi. Niyatiga yetdi. Qizini bir lahza bo‘lsa ham mehr bilan bag‘riga bosdi-ku! Dushman qo‘lida o‘lgandan ko‘ra, mana shu yerda joni uzilgani durust. U hushidan ketdi. O‘zini osmonda uchayotgandek his qildi. Bulutlar bilan birga suzayotgandek edi go‘yo. So‘fito‘rg‘ay ovozi eshitildi.
Alahsiray boshladi. Ko‘ziga Anorgul ko‘rindi. Yum-yum yig‘layapti. Ie, nima bo‘ldiykan?! Uni yo‘qotib qo‘ygandi-ku! Kulgisi qistadi. Anorgul bilan birga ekan. Yonida qizi. Uning ismini bilmaydi, xolos. Nega Anorgul aytmadi?..

* * *
 
- Ifor!.. Qizingizning oti Ifor! – deya pichirladi Anorgul takror-takror.
U eshitmagandek bo‘ldi. Gaplari qulog‘iga kirdimikan?.. Nima qilsa ekan?.. Atrofga olazarak boqdi. Biron zot yo‘q. So‘fito‘rg‘ay bir joyda turgancha sayrayapti. Shamol surib ketadi, u yana joyiga keladi. Bu hol qayta-qayta takrorlanadi.
Shu mahal uzoqdan tog‘asining qorasi ko‘rindi. Xalloslab yetib keldi.
- Aytdim-a, bular jimib ketdi, deb! – qichqirdi u. – Qimirlatma! Beli singanga o‘xshaydi. Hozir aravani qo‘shib kelaman.
Tog‘asi yugurgilagancha qaytib ketdi. Birozdan keyin arava bilan keldi. Uni ehtiyotlab aravaga olishdi. Ot joyidan qo‘zg‘aldi.
- Ishqilib, men o‘ylagandek bo‘lmasin-da. Odam bo‘lishi qiyin unda, - dedi yo‘lda bora turib tog‘asi. Birpasdan so‘ng: – O‘zi odammidi?.. Hayvonning o‘zginasi, – deb g‘udranib qo‘shib qo‘ydi.
Anorgulning hushi o‘zida emasdi. Hamma narsa jonsiz, rangsizdek ko‘rinardi ko‘ziga. Aravaning g‘ijirlagan ovozi eshitiladi, xolos. Ot nimadandir hurkib to‘xtadi. Orqaga tislandi, tog‘asining qistovi bilan yana olg‘a yurdi. Oxirgi paytlarda qishloqda turli mish-mish tarqalgan, xufyalar bekning askarlarini qidirishayotganini aytishardi. Ammo hozir Anorgulga buyam ahamiyatsizdek edi. Qizi esa nima bo‘lganini tushunmay yonida borardi.
- Joni qattiq buning, - dedi tog‘asi. – Umring azobda o‘tadigan bo‘ldi, jiyan. O‘lib qolmasin-da. Tag‘in tovoniga qolmaylik.
Anorgul indamadi. O‘zini koyiy boshladi. Shunaqa bo‘lishini o‘zi xohlagandi-ku. «Bo‘yning uzilsin» demaganmidi? Degandi! Xuddi shunday qarg‘agandi. Ovoz chiqarib aytmagan bo‘lsa ham, ko‘nglidan o‘tkazgandi. Nega shunday dedi-ya?.. Qizi uchun yashasin. Tirik yetim bo‘lib, otasini uzoq kutdi. Yetdim deganda, yiqilmasin yana.
- O‘zing yordam ber, Tangrim! – dedi pichirlab.
- Nima deysan? – ortiga o‘girilib to‘ng‘illadi tog‘asi.
Anorgul og‘iz ochmadi.
U jim, Ifordan ko‘z uzmay borardi. Bo‘lib o‘tgan voqealarga o‘zini aybdor, deb his qilyapti chog‘i.
Tog‘asi qattiq-qattiq gapirsayam, baribir yaxshi odam. Uni hakimlarga yaxshilab qaratdi, muolaja qildirdi. So‘ng uyiga qaytarib olib keldi. Tuni bilan qizi ikkovi yonida o‘tirib chiqishdi. Tashqarida yomg‘ir sharros quyardi. Gupillab tuproq hidi keladi. Ha demay yoz kiradi, pishiqchilik boshlanadi. Kuzgacha tuzalib ketadi. Qizi uchun parvarishlaydi. Anor pishsa, suvini siqib ichiradi. Ming dardga davo deyishgan-ku. Oyoqqa turg‘azadi hali.
Ifor uxlab qoldi. Tongga yaqin o‘zining ham ko‘zi ilinibdi. Tush ko‘ribdi. Anorzormish. Anorlar qiyg‘os gullabdi. Hammayoq qip-qizil. Ikkalovi bir-birini quvalashib yurishibdi. Birdaniga oyoq ostidan tubsiz jarlik chiqibdi-yu, ular qulay boshlashibdi. Qandaydir kuch Anorgulni tutib qolibdi. «Anorgul!» hayqiriq kelibdi qorong‘ulik qa’ridan.
- Madrim aka!.. - deb cho‘chib uyg‘onib ketdi.
Qizi otasining tepasida jimgina termulib o‘tiribdi. Ko‘zlaridan mil-milt yosh oqyapti.
- Otam meni chaqirdi, - dedi qizi yig‘lamsirab.
Shu mahal eriga ham jon kirdi. Lablari qimirladi. Shoshib peshonasiga qo‘lini qo‘yayotganda:
- Iff...for, - dedi pichirlab.
Bu taqdirning inoyati edi.
Derazadan quyosh nurlari tushdi. Yana umidvor kun boshlandi. Ifor xursand bo‘ladigan bo‘ldi.

* * *

Madrim olti oy deganda oyoqqa turib, yana qora to‘qayga qaytdi. Bo‘rtog‘ etaklarida qo‘nim topdi. Bekning qazosi yetkach, o‘rniga bek bo‘ldi. Uzoqqa ketmadi, atrofda yurib o‘zining qishlog‘ini xavf-xatardan himoya qildi. Anorgul Iforni tarbiyaladi.
Chekkatoshloqning tugashi – Yaydoqning boshlanishida qabristoni bor. Hozir ular o‘sha joyda. Hali hanuz ahyon-ahyon qilingan xirgoyilar o‘tgan kunlarni eslatib turadi.

Madrim ketdi Bo‘rtoqqa,
Qachon qaytar bu yoqqa?
Shamol uvillab qochdi,
Anor gullarin sochdi.

“Sado” gazetasining 2014 yil 24 aprel va 1,8 may sonlarida chop etilgan

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.