OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bunyod Abdullayev. Cho‘ponning ori (hikoya)

Bu voqeani menga buvim hikoya qilib bergan edi.


Qurbon ota kechasi bilan to‘lg‘anib, uxlay olmay chiqdi. Chunki har kecha u qo‘ylari yonida uxlar va kallai saharlab otarni yangi yaylov tomon haydar edi. Kecha esa ana shu g‘ururini deb salkam oltmish yil ishlagan, hayotining mazmuniga aylangan cho‘ponlik kasbidan voz kechdi. Qurbon ota har doimgiday bugun ham kallai saharlab turdi va alahsirab cho‘pon tayog‘ini qidira boshladi. O’ziga kelganida esa uyida ekanligini anglab ho‘rligi keldi. Lekin g‘urur qurg‘ur yana qo‘ymadi. Shunda u cho‘ponlar olamiga ilk kelgan damlarini eslab dala aylandi.
Ocharchilik yillari edi. Qurbon ota bola edi. O’shanda chamasi uch-to‘rt yoshlarda bo‘lgan bo‘lsa kerak. Har qalay, bazo‘r xotirlaydi. 
Kech kuz edi. Abdulla cho‘pon qo‘y boqib yurgan paytida qamishlar orasidan bir bolaning chinqirgan ovozini eshitdi. Bo‘ribosar iti undan ildamroq chiqib, qamishzor oralab chopib ketdi. Abdulla cho‘pon esa uning orqasidan borarkan,birdan ovozg tinib qolganini eshitdi. Sal yurib qarasa, vahshiyligi bilan nom qozongan Bo‘ribosar yarim yalang‘och o‘tirgan bolaning yuz–ko‘zlarini yalab o‘tiribdi. Abdulla cho‘ponning ko‘ngli buzilib ketdi va bolani ko‘tarib bag‘riga bosgancha, uyiga olib ketdi, farzand qilib oldi. Abdulla cho‘ponning farzandlari ko‘p edi. Lekin shu yetimchaning ko‘ngli o‘ksimasin, deb uni boshqacha mehr bilan katta qildi. Doim o‘zi bilan olib yurdi, umrining so‘nggi damlarida ham uni eslab, “Agar Qurbonjonimni birortalaring xafa qilsalaring, go‘rimda tik turaman...”-dedi.
“Ha, bebaho odam edi...”- deb ko‘zida yosh bilan esladi Qurbon ota bolaligini. Bo‘ribosarni ham juda yaxshi ko‘rar edi. Birgalikda qo‘y boqib kelgandan so‘ng avval it ovqatlanar edi, keyin esa o‘zi. Kunlarning birida dasturxon atrofida butun oila jam bo‘lib, kechki ovqatni boshlagan ham ediki, Qurbon:
—Yanga, Bo‘ribosarga ovqat berdilaringizmi?-deb qoldi.
—Yo‘q, esimizdan chiqibdi, hozir,-dedi yanga qo‘rqa-pisa va turmoq uchun endi qo‘zg‘algan edi, Qurbonjon indamay turdi-da, yangalarining oldidagi ovqatni ko‘tarib Bo‘ribosarning idishiga qo‘yib keldi. O’shanda na Abdulla cho‘pon, na tutingan akalari lom-mim demagan edi.
Xayollar og‘ushida dalani bir aylanib, qarasa yana uyi yoniga kelib qolibdi. Tahorat olib bomdod namozini o‘qidi va so‘ngra choyga o‘tirdi. O’g‘illari birma–bir salom berib, yaxshi kun tilab kirib kela boshladi...
Choy so‘ngida fotihadan keyin o‘g‘li Vahob so‘z qotdi.
—Ota, kechagi ishingizdan so‘ng rais menga otarni topshirdi.
—Bersa olaverdingmi, enag‘ar?!-dedi achchiqlanib Qurbon ota. Oraga sukut cho‘kdi va ozgini sukutdan so‘ng yumshab,
—Mayli, bolam, endi mening bir oyog‘im yerda bo‘lsa, bir oyog‘im go‘rda. Shuncha yil cho‘ponlik qilib kam bo‘lganim yo‘q. Hammangni o‘qitdim, uyli–joyli qildim. Qolaversa, otarning koriga senlar yaramasalaring boshqa hech kim eplay olmaydi,-deya oq fotiha berdi.
Qurbon ota shuncha yil cho‘ponlik qilgan bo‘lsa, shuning orqasidan el ichida obro‘-e’tibor orttirdi. Moskvaga yig‘ilishlarga, Qrimga dam olishlarga borib keldi. Dunyoni ko‘rdi. Hammasiga halol mehnati tufayli erishdi.
U hamma medal va boyliklarini cho‘pon tayog‘ining ichini kovak qilib o‘yib, shuning ichida saqlardi. O’tgan kuni esa tog‘ tepasidagi ko‘lda qo‘ylarni sug‘orayotgan payti tayog‘i ko‘lga tushib yo‘qoldi. Shunda u, “shuncha qilgan mehnatim bekor ekan-da, demak, topgan bisotim harom ekan–da. Unda men ham!!!”-deya cho‘ponlikni tashladi. Rais keldi... bo‘lmadi, hokim keldi... unamadi. ¢urur qurg‘ur yo‘l qo‘ymay turaverdi. Or-nomus, g‘urur cho‘ponlardan ayrilmaydagan xislat.Qurbon otaning hikoya qilib berishgani yodida. O’sha ocharchilik yillarida Abdulla cho‘pon uni topib olmasidan ozgina vaqt oldin, uning to‘ng‘ich o‘g‘li Nurali ikki qishloq naridagi qaynotasinikiga mehmonga boribdi. Terlagan oti tashqarida sovuqda qolibdi. Ertalab turib qarasa, ot o‘lib yotganmish. Shunda u otasiga odam yuboradi. Abdulla cho‘pon esa, “ Yigitning ori, yigitning qanoti — uning otidir, oti o‘lgan bo‘lsa, mening o‘g‘lim ham o‘lgan. Endi mening unaqa o‘g‘lim yo‘q!”–debdi. Shu–shu, to‘ng‘ich o‘g‘il Nurali ota ko‘ziga ko‘rinmabdi.
Qurbon ota shu zaylda bir yilcha yurdi. Kunlarning birida u safdoshlari bilan qo‘shni qishloqqa to‘yga borayotganda yo‘lda chang‘ab chashmadan suv ichayin, deb to‘xtadi.Chashmadan hovuchida suv olaman deb egildi. Shunda ne ko‘z bilan ko‘rsinki, zilol suv tubida o‘sha yo‘qotgan cho‘ponlik zarang tayog‘i turibdi-da. Hayqirgancha o‘zini suvga tashladi. Tayoqni olib chiqib, o‘zi yasagan qo‘lbola burama qopqoqni ochdi va hayqirgancha, ichidagi duru oltin tangalarni sochdi... Bari halol, bari halol!
Halol tayoq tog‘ tepasidagi ko‘ldan toshlar oralab suzib, tog‘ qo‘ynidagi chashmaga kelib qolgan edi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.