OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farid Usmon. Qabziyat (qatra)

Katta yo‘l bo‘yidagi soya joyga oppoq “Neksiya” to‘xtab, undan ellik yoshlar chamasidagi ikki og‘ayni tushdi. Ular gulzor yoqalab markaziy xiyobonga o‘tishdi. Zamonaviy binolar, rangin toshyo‘laklar, viqorli ganch-ustunlarni ko‘rib bahri-dillari ochildi. Hali odamlar to‘ldirib ulgurmagan yo‘laklarda, quyoshning nimjon nurlarida, ikki tomonda ochilib yotgan gullarda ajib sokinlik bor.
Ikki og‘ayni shu zaylda, atrof go‘zalligidan bahra olib yurisharkan, ulardan biri suhbatga mavzu tashladi.
— Tabobat kitoblarida yozilishicha, — deya gap boshladi u, — qabziyat oshqozon-ichak kasalligi ma’nosini bildirarkan.
Hamrohi asta to‘xtadi-da, ko‘zoynagini qo‘liga olib sherigiga razm soldi. Bu iste’fodagi polkovnik, o‘qimishli-ziyoli, unda-munda qalam tebratib ham turadigan kishi edi. Ammo hamrohi uning oldida ancha nomi chiqqan adib. Tunov kuni kitobiga dastxat yozib, polkovnikka sovg‘a qilgandi. Polkovnik esa ana shu kitob haqida ixchamgina maqola yozib, tahririyatga olib borgandi.
— Qabziyat, menimcha, boshqa narsa, — deya polkovnik ko‘zoynagini qulog‘iga ildi.
Jussasi kichkina, qop-qora kostyum-shimi egniga yarashib tushgan, sochlariga oq oralagan adib yana o‘ychan qiyofada keta boshladi. Xayolida do‘sti dastxat yozib bergan kitobini o‘qidimi-yo‘qmi, shuni o‘ylardi. O‘zidan so‘rashga esa iymandi. Ikki kun oldin polkovnik uning uyiga qo‘ng‘iroq qilganda ham, “Kitob haqida fikr aytsa kerak”, deya ko‘nglidan o‘tkazgandi, ammo u allaqanday “qabziyat” degan so‘zning ma’nosini so‘radi. Bugungi suhbat ham o‘sha gapning davomi edi.
— Yurt obod bo‘lyapti, — dedi yozuvchi to‘satdan gapni boshqa tomonga burib, — shahrimizning go‘zalligini qarang.
“Qabziyat haqida so‘ramasam bo‘larkan”, deya o‘yladi polkovnik. ”Bekor telefon qilibman, ehtimol gazetada shu hafta berib yuborishar. Lekin kechagi sonda ham chiqmadi-ku. Shanba sonida chiqarmikan-a?”.
Uning ko‘z o‘ngiga muharrir o‘rinbosari keldi. Maqolani olib borgan kuni unga uchrashgandi. “Aka, siz ravon yozasiz, gap yo‘q. Faqat boshliqqa bir ko‘rsatib olamiz-da”, degandi. Bosh muharrir esa kattakon yozuvchi. Ehtimol, boshqa yozuvchining yaxshi asarini ko‘rib, unga nisbatan qabziyati bormikan, deya o‘ylagandi polkovnik. Shuning uchun adibning o‘ziga qo‘ng‘iroq qilib, bu so‘zning ma’nosini izlagandi. Ammo do‘sti uning maqola yozib gazetaga berib qo‘yganini qaerdan bilsin...
— Tabobat kitoblarida yozilgani, ehtimol, to‘g‘ridir, ammo uning boshqa ma’nosi ham bor, ana shu ma’nosi asl ma’no hisoblanadi, — o‘z bilganidan qolmasdi polkovnik.
—    Xo‘sh?
— Qabziyat insonning vujudiga o‘rnashib olgan qora tutun, dud. U qalbni yemiradi.
Polkovnik gapirar ekan, xayolida yana boyagi muharrir jonlandi. Uning e’lon qilinmayotgan maqolasi kalta bo‘y, yelkasi turtgan, sochlari silliq taralgan muharrirga bog‘liqday tuyuldi. U o‘rinbosarning “material “shefda”, yaqinda chiqadi”, degan so‘zlaridan biroz xotirjam tortgandi. Endi esa, mana, salkam bir oy... Demak, shefning qabziyati qo‘zg‘ab qolgan.
Adib kuyunib so‘zlayotgan sherigiga qaradi-da, uning fikridan qaytarib bo‘lmasligini tushundi. Muzqaymoq do‘koni oldiga yetgach hamrohiga qo‘l uzatarkan, muloyim xayrlashdi.
Polkovnik odamlar oralab mashinasi tomon ketarkan, maqolani hoziroq qaytarib olib boshqa tahririyatga berishga qaror qildi. Yozuvchi esa kechqurun uyga borganda lug‘atni yana bir erinmay ko‘rib qo‘yishni diliga tugdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.