OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G'afur G'ulom. Yodgor (qissa)

Yozning qiziq kunlari. Egnimda yelvagaygina, ko‘ksi ochiq, yoqasiga pilta otgan surp yaktak. Boshimda chust do‘ppi, belimda shohi qiyiq, oyog‘imda nimposhna xrom etik. Uzun, tor bog‘ko‘chalarning birida ketmoqdamay. Zeriktiruvchi tuproqli ko‘cha jimjit. Daraxtlarning soyasi o‘z atrofidan bir qadam nariga siljimay tik turadi. Baland-baland so‘qir paxsa devorlar osha, ko‘cha tomonga shaftoli, olhirot, ba’zan aymoqi tog‘uzumlar osilib tushgan. Har o‘n-o‘n beshqadamda kuchani cho‘rt kesib — bir tomondagi qo‘rg‘onchadan chiqib, ikkinchi tomondagi qo‘rg‘onchaning paxsasi tagiga kirib ketayotgan ko‘priksiz mayda ariqlar uchraydi. Pashsha uchmagan tilsiz ko‘chadan ketib bormoqdaman. Boradigan yerim hali uzoq. Mayda yallalar kuylab ko‘raman. Biroq, ashulaning ayrim bandlari havoning issiqligida erib ketganday avjsiz, lazzatsiz.

Ko‘chaning ikkinchi boshida paranjili bir xotin ko‘rindi. U menga qarab keladi. Yuzi ochiq, chachvonini dastalab ushlab olgan, go‘yo yelpig‘ichday tebranib, o‘ynab keladi. U ro‘baro‘sida yigit kelayotganidan hayiqmaydi. Lobar, beparvo. Men ham jimjit ko‘chada yolg‘iz bormoqdaman. Bir-ikki og‘iz gap bilan tegishmoqchi, boyatdan buyon bo‘lgan zerikuvning hordig‘ini chiqarmoqchi bo‘laman. Paranjili xotin menga yaqinlashib kelmoqda... Betma-bet yo‘liqib o‘tishga o‘n qadam ham qolmagan. Men undan ko‘zimni uzmay bormoqdaman. U ham shunday.

Ana — uning qip-qizil va kichik lablarida meni haligacha maftun qilgan birinchi yarim tabassumning yovvoyi izlari. U sipohgarchilik bilan kulgisini yashirmoqchi bo‘ldi. Lekin labda yashiringan kulgi endi qora ko‘zlarda o‘ynoqlaydi. Kun issig‘idan anor yuzlari bo‘rtinib ketgan. Baxt yo‘llariday oq va keng manglayda marvarid donalariday mayda ter.

Yaqinlashdik, yana bir sekund, men unga, u menga yo‘l beradi. Har ikkovimiz o‘z yo‘limizga ketaveramiz. Yo‘q, bu shunday bo‘lmadi. U to‘xtadi. Bir nafas mening boshdan-oyog‘imgacha kuzatib chiqdi.

— To‘xtang, mulla aka.

Uning ovozi chertilgan jonon kosaday jaranglar edi.

— Xizmat, jonim!..

— Birovga hech xolis xizmat qilib o‘rganganmisiz?

— Yigit kishining kuchi halol. Haligacha xolisdan boshqa xizmat qilgan emasmiz. Butun mehnatimiz dalaga ketgan. Agar xizmatingizga munosib bo‘lsam, ko‘zim ustiga.

— Bo‘lmasa biror ovloqroq joy topingiz, xizmatimni aytaman.

Shu ko‘chaning sal narirog‘ida bo‘yra-palossiz bir kichik xonaqoh, bir peshayvon, ariq o‘tgan kichik sahnga ega bir bog‘ machiti bor edi. Machit juma kunidan boshqa haftaning olti kunida ko‘chib ketgan hovliday bo‘sh bo‘lar edi. Oldinma-ketin yakka tabaqa eshigidan kirib bordik...

To'liq: G'afur G'ulom. Yodgor (qissa) - PDF

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.