OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ulom Karimiy. Ko‘ragon (hikoya)

Yaratqonkim tan ichra jon yaratti, 
Seni ko‘rkliklar uzra xon yaratti.
Xorazmiy


Balx viloyatiga bahor keldi. Jilg‘a va soylar yana ko‘klam qo‘shig‘ini kuylay boshladi. Dalalaru yaylovlar rang-barang o‘t-o‘lanlar gilami bilan qoplandi. Samoda turnalar arg‘imchoq yasab, shimolga – Movarounnahr tomonga uchishsa, ulardan pastroqda qaldirg‘ochlar havoni o‘qday kesib charx urishardi. 
Kuzda Balxni zabt etgan Temurbek qo‘shini viloyatda qishladi. Ilk bahorda Hirot maliki G’iyosiddin Kurt, Sabzavordagi sarbadorlar hukumati boshlig‘i amir Muayyad, Seyston maliki Faxriddin, Moxon amiri Alibek Joniqurboniy, xorazmshoh Husayn So‘fi, Oq O’rda xoni O’rusxon, Kobuliston shohi Qutbiddindan elchilar kelib, barchasi shohligu g‘alaba bilan muborakbod etishdi. Temurbekning katta o‘tovi ham sovg‘a-salomlarga torlik qilib qoldi. Faqat Mo‘g‘ulistondan elchi kelmadi. Chunki mo‘g‘ullar Husaynni ham, Temurbekni ham o‘zlariga tobe Movarounnahrda o‘zboshimchalik bilan vaqtinchalik hokimiyat o‘rnatgan isyonkor kimsalar, deb bilishardi.
Amir Husayn ustidan g‘alaba qozonganidan so‘ng, aksariyat yon-atrof o‘lkalar tojdorlari o‘ttiz to‘rt yoshli Temurbekni Movarounnahr hukmdori, deb e’tirof etish barobarida, yangi hukmdorning kelgusi rejalari, qo‘shni saltanatlar bilan qanday munosabatlar o‘rnatish niyatidan voqif bo‘lishni mo‘ljallar edilar. Toju taxtga yo‘l ochgan g‘alabasidan ilgariyoq Temurbek xon ko‘targani – Chingizxon avlodi Suyurg‘atmishxon nomi allaqachon xutbada o‘qilib, tangalarga zarb qilina boshlasa-da, uning qo‘g‘irchoq xon ekani sir emasdi.
Amir Husayn Movarounnahr hukmdori ekanida betayin xulq-atvori va ochko‘zligi tufayli e’tiborli beklarning ko‘nglini qoldirganidan ogoh qo‘shni yurtlar sultonlari Movarounnahr tarafdan xavfsiramay, aksincha, Jayhun va Sayhun oralig‘idagi tuprog‘i zar o‘lkaning biron viloyati yo tumanini yulib olish payida bo‘lsalar, bu diyorda g‘ayratu shijoati vujudiga sig‘maydigan, Olloh yuksak aql va benazir sarkardalik iste’dodi bilan siylagan bahodir bek taxtga o‘tirgach, barchasining ko‘ngliga xavotir oraladi.
Navro‘zdan so‘ng Temurbek a’yonlaru xos soqchilari hamrohligida Balx yaqinidagi payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam sahobalaridan biri dafn etilgan Xoja Ukkosha qabristoniga otlandi. Qarg‘a tusli qorabayir ustida mardonavor o‘tirgan, qora kimxob chopon kiygan Temurbekning simobiy sallasi ko‘klam quyoshi nurida nuqradek tovlanadi. Sallaga qadalgan yirik yoqut tong yulduziday porlaydi. Soqol-mo‘ylovi kalta kuzalgan bek odaticha olislarga nazar solar, bahor shabadasi xush yoqqanidan choponi oldini ochib yuborgan, guldor navro‘ziy ko‘ylagi va otining zardo‘ziy yopinchig‘i bilan boshqa suvoriylardan ajralib turardi.
Navro‘zgacha u aksar harbiy kiyimda yurganidan, hozirgi libosida o‘zini qushdek yengil sezar, kamariga og‘ir qilich o‘rniga, g‘ilofiga qimmatbaho toshlar qadalgan dandon sopli dudama xanjar qistirilgan. Xoja Ukkoshaga yetgach, po‘lat sovut va dubulg‘a kiygan, nayza ko‘targan soqchilar ot ustida turishdi. Temurbek va a’yonlar yayov yurib mozor oralashdi. Amir Husayn qabri ustida chechaklar unib-o‘sibdi. Yoshlikdagi do‘sti, qaynog‘asi, ittifoqchisi, so‘ngra esa toju taxt uchun kurashdagi asosiy raqibi – Movarounnahrning sobiq hukmdori Husayn urushlar, fitna, aldov, hasad, shuhratparastlik to‘la hayoti bilan vidolashgach, nihoyat osuda uyquda yotardi. Nariroqdagi chingiziy Odilxon – ko‘p jihatdan o‘zini qo‘g‘irchoq xon qilib ko‘targan Husaynga o‘xshaydigan kimsaning qabriga bir qur nazar tashlagan Temurbek Qur’on suralaridan o‘qidi. Qaynog‘asi Husaynning bilib-bilmay qilgan gunohlarini kechirishini Ollohdan o‘tindi.
Husaynning bobosi amir Qazag‘on oq-qorani erta taniy boshlagan o‘smir Temurda hayratu ehtirom uyg‘otardi. Qazag‘on – zolim chingiziy xon Qozonxonni taxtdan ag‘darib, Movarounnahr mustaqilligini tiklash uchun kurashgan birinchi turk amiri. Uning davri davronida aholi nisbatan tinch-osuda hayot kechirdi. Dini islom ravnaq topib, tolibi ilm va ulamolar ko‘paya boshladi. Biroq hokimiyatini mustahkamlay olmagan Qazag‘on, o‘n ikki yillik hukmronlikdan so‘ng, fitna qurboni bo‘ldi. Movarounnahrliklar uning davrini hamon dorilamon kunlar sifatida armon bilan eslashadi. Temurbek otasi Tarag‘ay bahodir va piri shayx Shamsiddin Kulol o‘zaro suhbatda amir Qazag‘on o‘limidan afsuslanib, uning avlodidan munosib voris hokimiyat jilovini qo‘liga olib, Qazag‘onning ezgu tadbirlarini davom ettirishini orzu qilishganini yaxshi eslaydi. Biroq avlodi amir Qazag‘onga munosib bo‘la olmadi. Amirzoda Abdulla taxtga chiqqach, otasi o‘rnatgan risoladagidek tartiblarni buzdi. Oqibatda nizolar boshlanib, yaxlit o‘lka chok-chokidan so‘kilib, tarqoqlikka yuz tutdi. Abdulla Movarounnahrni tark etib, sargardonlikda zavol topdi. Amir Qazag‘onning tayanchi, Movarounnahrdagi eng kuchli jangovar qavm – qoraunoslar ham ukparday to‘zib, qolgan-qutgani Qazag‘onning boshqa o‘g‘lidan nabirasi amirzoda Husayn bilan olis Qandahor viloyatini qora tortib ketdi. Tarqoqlikdan ustamonlik bilan foydalanib, Movarounnahrni qayta bo‘ysundirgan, azaliy dushman mo‘g‘ullardan hech qachon yorug‘lik chiqmasligini anglagan Temurbek tug‘ilgan yurti Keshni tark etib, qaynog‘asi amir Husayn ko‘ragon huzuriga yo‘l oldi. U amir Husayn bobosi Qazag‘on kabi Movarounnahrga saodat olib kelishini umid qilardi...
Yuz-ko‘zlariyu ust-boshlari changga belanib, o‘zlari va otlari holdan toygan Temurbek va yuz yigiti Qandahorning Garmsir tumanidagi o‘langda joylashgan amir Husayn qarorgohiga yaqinlashishganda, o‘zlarining tashrifi qarorgohda taloto‘p uyg‘otadi, deb o‘ylashmagan edi. Mo‘g‘ullar ta’qibidan yurak oldirgan Husaynning kichik qo‘shini qalin chang-to‘zonni ko‘rib, hatto chodiru o‘tovlarni yig‘ishtirmay, tartibsiz qochishga yuz tutdi. Kimsasiz qarorgohga kirgan Temurbek bir zum hayron bo‘lib, so‘ngra gap nimadaligini angladi-da, shoshilinchda haydab ketilmagan bir to‘p yilqidan bir necha chavandoz yigitning otini almashtirib, yana bittadan ehtiyot ot berib, darhol amir Husayn izidan jo‘natdi. Choparlar unga yetib olib, g‘anim emas, balki madad sifatida kuyovi Temurbek kelganini, singlisi O’ljoy Turkon og‘o ham unga hamrohligini aytishdi. Badgumon Husayn shunda ham hadiksirab, balki mo‘g‘ullar Temurbekni tuzoq sifatida jo‘natishgandir, degan xayolga borib: “Navkarlarini qoldirib, Temur yolg‘iz qoshimga kelsin”, dedi. Temurbek yigitlariga qarorgohdan siljimaslikni buyurib, xotini bilan birga qaynog‘asiga yuzlandi. Samimiy niyatlar bilan kelganiga zo‘rg‘a ishontirib, birga qarorgohga qaytishdi. Chodirdagi yakkama-yakka suhbatda amir Husaynni mo‘g‘ullarga qarshi birgalikda kurashga chaqirdi. O’ziga e’tiborsizlikdan soqol-mo‘ylovlari o‘sib, mashaqqat va iztiroblardan chakka sochlari erta oqara boshlagan qaynog‘asiga Temurning jon kuydirib aytayotgan mulohazalari yosh bolaning valdirashiday tuyulardi.
– Senda yuz yigit, menda ikki yuzta, jami uch yuz navkar bilan mo‘g‘ulga yog‘iy bo‘lmoqchimusen? – dedi u istehzo bilan Temurga bepisand boqib.
– Agar uch yuz navkar bilan g‘animning biron to‘pini yakson qilib dovruq solsak, bir kunda kuchimiz o‘n barobar oshadur, – dedi Temurbek qat’iy ishonch bilan. – Chunki kurashga tashna yigitlar Movarounnahrda bisyor. Bizga qo‘shilmoqchi bo‘lgan talay yigitlarga men: “To darak bergunimcha, imkon qadar qurol-yarog‘ topib, mashq qilib turing”, deb harb ishiga mohir navkarlardan ustozlar qoldirdim. Chunki dovtalablarning barchasini Qandahorga boshlab kelmoqdan ma’ni yo‘q.
Boshini quyi solib o‘tirgan Husayn birdan qaddini rostlab, o‘lja hidini payqagan qirg‘iydek qisiq ko‘zlari yaltilladi. 
– Savashga ishtiyoqing shunchalik ekan, avval Seystonga yurish qilamiz! 
– Ne uchun? Axir, dushman shimolda, kurashdan maqsad Movarounnahrni mo‘g‘ullardan ozod etish-ku!
– Arzimagan kuch bilan mo‘g‘ulga bas kelib bo‘lmas. Seyston maliki Faxriddin viloyatidagi isyonchilarni bostirish uchun meni madadga chorlamish. Katta molu mulk hamda jami o‘ljani va’da qilgan. Alarni qo‘lga kiritsak, so‘ngra, ehtimol, Movarounnahr safariga otlanarmiz.
Temurbek og‘ir o‘yga toldi. Bu tadbir mo‘g‘ullarga qarshi kurash boshlashni muayyan muddatga kechiktirsa-da, biroq busiz Husayn bilan murosaga kelib bo‘lmasligini sezib, rozilik berdi.
O’ljoy Turkon og‘o amir Husaynning harami joylashgan chodirda edi. Haramda ham vahima bosilgan, madad kelganidan barcha shodu xurram. O’ljoy Turkon og‘oning tashrifi munosabati bilan bazm boshlanib, cholg‘u sadolari, sho‘x taronalar taralardi. Musiqa tinganda ayollar chaqchaqlashib, shodon kulishardi. Amir Husayn chodirini tark etgan bek qarorgoh chekkasidan joy olgan o‘z navkarlari tomon otlanarkan, haram chodiridan yangrayotgan chinni jarangi yanglig‘ kulgu qulog‘iga chalinib, yuragi hapriqib ketdi. Bu ovoz egasi Temurbek uchun g‘oyat aziz xilqat edi...
Seystondagi muhorabalar movarounnahrliklar harb ishiga nechog‘lik mohir ekanliklarini ko‘rsatdi. Malik Faxriddin katta lashkari bilan oylab qamal qilib ololmagan qal’alarni Husayn va Temur tadbir bilan bir necha kunda ishg‘ol etishardi. Butun Seyston bo‘ylab “o‘q o‘tmas, o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas” bahodirlar haqida ovozalar tarqalib, malikning aksariyat raqiblari tor-mor etilib, qolganlari pisib qolishdi. Malik Faxriddin g‘olib movarounnahrliklar qarorgohiga ziyofat uchun poda-poda qoramol, qo‘y-echkilar, katta meshlarda Sherozu Isfahondan keltirilgan arg‘uvoniy sharoblar jo‘natdi. Bularni keltirgan seystonliklar, ittifoqchilarni qutlash hamda va’da etilgan oltinlarni topshirish uchun ertaga malikning o‘zi arkoni davlat bilan tashrif buyurishini xabar qilishdi. 
Qarorgohda bazm qizigandan qizir, barcha qatori Temur ham masrur edi. Malik beradigan oltinlar bilan yirik lashkarni bemalol qurollantirish mumkin. U sharobdan tiyilsa-da, o‘ziga erk berib, Seystonga kelganlaridan beri ilk bor sovutini yechib, cholvor va ko‘ylakda xotirjam uxlashga yotdi. Lekin    tongga yaqin hayqiriqlar, otlarning kishnashi va shovqin-surondan uyg‘onib ketdi. Sapchib turganida, chodirga yugurib kirgan yaroqbardori baqirdi: “Yog‘iy bosdi, begim, yog‘iy!”. “Qanaqa yog‘iy?!” – o‘qdek o‘tdi bekning xayolidan. Biroq o‘ylashga fursat yo‘q. U shosha-pisha qilich osig‘liq kamarini beliga taqib, dubulg‘a va to‘nini kiydi-yu, chodirdan otilib chiqib, oti tomon yugurdi. Yaroqbardor mayda sim halqachalardan to‘qilgan og‘ir po‘lat sovutni ko‘tarib, uning izidan chopdi. “Sovutni kiyib oling, begim! Yog‘iy yomg‘ir bikin o‘q yog‘dirmoqda!” Bu paytda Temurbek otga mingan, vaziyatni baholash uchun har tomonga nazar solardi. Qarorgohning narigi chekkasida chodirlar yonar, amir Husayn va haram chodirlari joylashgan markazdan qilichlar jarangi, ayollar faryodi quloqqa chalinardi. Qarorgoh bo‘ylab otliqlar betartib chopar, nafaqat navkarlar, o‘nboshiyu yuzboshilar ham sarosimaga tushishgani uchun, jangovar safga tizilishmas edilar. Jang natijasini ba’zan bir necha daqiqa hal etishiga ko‘p bora guvoh bo‘lgan Temurbek sovutni kiyishdan bosh tortib, buyurdi: “Tug‘ni ko‘tar! Hukmdorimiz va aning harami xavf ostida. Jangga, yigitlar!” 
Tug‘ ostida zumda sovutli-sovutsiz jangchilar yig‘ildilar. Temurbek zirhli libosdagilarga oldinga o‘tishni buyurib, jangga otlanishganda, yo‘lda Husayn xos navkarlari bilan ko‘rindi. 
– Temurbek, chekinmoq zarur, – dedi u hansirab. – Haqimizni bergisi kelmagan malik Faxriddin xiyonatkorona bosqin qilmish!
– Ayollar-chi, xojam?! Haram omonmi?
– Ayollarni o‘ylaydigan vaqt emas hozir. Hatto Chingizxon, do‘ppi tor kelganda, xotini Burtachinni dushmani markitlar qo‘liga tashlab qochmish. Oqil kimsa ayolni deb, o‘z boshini xatarga qo‘ymas.
– Chingiz menga ibrat bo‘lolmaydur! O’z tanmahramim va xojam haramini yog‘iy ilkiga tashlab qochgandan ko‘ra, o‘lim afzal!
Husayn zaharli ishshaydi va “nodon” degan kabi boshini chayqab, otiga qamchi urib o‘tib ketdi. 
Sovutsiz bo‘lishiga qaramay, shijoati o‘n chandon oshgan Temurbek jangda ehtiyotkorlikni ham unutib, oldingi safda turib savashdi. Uning keskir qilichi quyoshning ilk nurlarida yalt-yult qilar, o‘ngu so‘lga ajal sochardi. Seystonliklar hujumdan mudofaaga o‘tishga majbur bo‘ldilar. Temurbek atrofida jipslashgan movarounnahrliklar yog‘iy ustiga jonli qoyadek surilib borardi. Ular birpasda haram ayollarini sudrab ketayotgan yog‘iy jangchilariga yetishdi. Bir nechasi mahv etilgach, qolganlari tumtaraqay bo‘lishdi. Chekinayotgan seystonliklar ortiq qo‘l jangiga jur’at qilolmay, yoyandozlikka zo‘r berishardi. Temurbekning o‘ng bilagiga kamon o‘qi zarb bilan sanchilganda qilichi qo‘lidan uchib ketishiga sal qoldi. Bek darhol qilichni chap qo‘liga oldi va boshi uzra ko‘tardi. Jangchilarni olg‘a boshlayotganida yana bir o‘q o‘ng oyog‘iga sanchildi. Xos navkar uni orqadan suyadi.
– Begim, siz yaralandingiz! Hukmdor harami qutqarildi, inchunin, janggohni tark etsak ham bo‘ladur!
– Jang oxiriga yetmasdan chekinish naqd g‘alabani qo‘ldan berishdur. Yog‘iy saflari to‘zg‘itilsin!
Sarkarda buyrug‘iga ko‘ra jangchilar olg‘a bosishdi. Qutqarilgan ayollar orasidan O’ljoy Turkon og‘o faryod urib yugurib kelib, chakillab qon tomayotgan uzangiga yopishdi.
– Xojam, xaloskorimiz, tez otdan tushing, tabiblar iloj qilsinlar. Aks holda, Xudo ko‘rsatmasin, nogiron bo‘lib qolursiz!
Rangi oppoq oqargan Temurbek, uning so‘zlarini eshitmayotgandek, ko‘zlarini janggohdan uzmasdi. Haram ayollaridan yana biri yaqinlashganda, u hijobda bo‘lsa-da, Temurbek savqi tabiiy bilan tanidi. Uchinchi kamon o‘qi yuragini mo‘ljallagan kabi egar ustida bilinar-bilinmas qalqidi.
– Temurbek, men – malika Saroymulkxonim! Siz burchingizni sharaf bilan ado etdingiz. Yog‘iy mag‘lub etildi. Amir Husayn nomidan buyuramen: otdan tushing, toki tabiblar muolaja etgaylar!
Malikaning ovozi Temurbekning qulog‘iga jangchilarning “yog‘iy qochdi, yog‘iy qochdi!” degan hayqiriqlaridan ham ko‘proq xush yoqib, so‘nggi kuchini to‘plab: “Amringiz bosh ustiga, malikam!” dedi-yu, ko‘p qon yo‘qotganligi tufayli shu zahoti hushidan ketdi.
Shu tariqa,    Temurbek gullagan yigitlik davrini amir Husaynga sadoqat bilan xizmat qilib, makkor mo‘g‘ullarga qarshi matonat bilan kurashib, yosh boshini doimiy xatarda qo‘yib kechirdi. Deyarli barcha jangu jadallarda o‘z bo‘luki bilan janggohning eng og‘ir qismida bo‘lib, Movarounnahrni qadamba-qadam mo‘g‘ullardan tozalab, Husaynni toju taxt sohibi qildi. Movarounnahrning o‘zi ko‘targan yangi hukmdorini chin dildan muborakbod etar ekan, o‘n minglab yigitlar qoni evaziga qo‘lga kiritilgan istiqlolni mustahkamlash lozimligini aytib, bobosi Qazag‘ondan ham ko‘ra oqilona siyosat yurgizib, uning xatolarini takrorlamaslikka chaqirdi. Movarounnahr sarhadlari bexatarligini ta’minlash uchun mo‘g‘ullarni o‘z uyasi Mo‘g‘ulistonda yakson qilish zarurligini, qo‘shinga o‘zi bosh bo‘lib borishga tayyorligini aytdi. Biroq, afsuski, Husaynda bobosi Qazag‘on darajasidagi hukmdor bo‘lish salohiyati yo‘qligi tezda oydinlashdi. Uning amirlarni jipslashtirish o‘rniga, bir-biriga qarshi gijgijlab, mo‘g‘ullarga qarshi kurashda jasorat ko‘rsatgan sarkardalarga og‘ir soliqlar solib, nafaqat amirlar, balki butun elu yurtning umidu ishonchini oqlamaganidan Temurbek chekkan iztiroblar Seystondagi jangda o‘ng qo‘li va o‘ng oyog‘iga kamon o‘qi sanchilgandagi jismoniy og‘riqdan ham kuchliroq edi.
Nafs quli bo‘lgan Husayn buyuk Turon davlatini yaratish yo‘lida mo‘g‘ullar yanglig‘ to‘g‘anoq ekanligini anglagan Temurbek, qaynog‘asining bir necha suiqasdlaridan omon qolgach, fitnakor Husaynga qarshi isyon ko‘tarib, uni poytaxti Balxda zabun qildi...
Nihoyat, u g‘olib, ona diyori Movarounnahrda oqilona tartiblarni o‘rnatmoqqa kirishmog‘i mumkin. Lashkarga safarga hozirlanish uchun farmon berilgan. Erta-indin Jayhunni kechib o‘tib, g‘olibu muzaffar holda Movarounnahr zaminiga qadam qo‘yishadi. Biroq butun qarorgohda yolg‘iz Temurbek hali amir Husayn ustidan qozongan g‘alabasini tugal deb hisoblamaydi. “Saroymulkxonim meniki bo‘lgachgina mutlaq g‘olib bo‘lurmen”, deya nechanchi bora ko‘nglidan o‘tkazdi u. Aslida amir Husayn halokatidan so‘ng ko‘p o‘tmay, uning haramidagi to‘rt ayolni o‘z o‘rdusiga joylashtirishni buyurgan. Boshqalarini dongdor amirlarga ulashdi. Mana, idda muddati ham o‘tdi. G’oliblik huquqiga ko‘ra, u Saroymulkxonimga bemalol uylana oladi. Qadimdan odat shunday. Chingizxonning “Dunyoning oliy lazzati mag‘lub dushmanning o‘lja tushgan tulpor otlarini minish, asira xotinlari bilan ishrat qilish”, degan so‘zlari bu odatni qonuniylashtirgandek edi.
Temurbek Xoja Ukkoshadan qaytib, chodiriga kirmasdan, qarorgoh chekkasidagi xushmanzara joyga tikilgan Saroymulkxonim o‘tovi tomon otlanarkan, yuragida jang oldidagidan kam bo‘lmagan hayajon tuydi. Bek Saroymulkxonim jismangina emas, qalban ham o‘ziniki bo‘lishini xohlardi. Biroq chingiziy Qozonxonning mag‘rur qizi qalbini zabt etish Mo‘g‘uliston xoni Ilyosxoja yoinki amir Husayn lashkarini yakson etishdan-da og‘irroq tuyulardi...
Saroymulkxonimni Temur ilk bor qizaloqligida ko‘rgan. O’shanda u otasi Tarag‘ay bahodirga hamroh bo‘lib, Jayhun bo‘yidagi Solisaroy shahriga – amir Qazag‘onning o‘rdusiga borgan edi. Otasi Qozonxon o‘limidan so‘ng amir Qazag‘on o‘rdusida tarbiyalanayotgan, hali o‘n yoshga to‘lmagan Saroymulkxonim boshidagi ukpar qadalgan jig‘asi bilan boshqa qizlardan ajralib turar, noyob husni, shaddodligi, o‘ktamligi tilga tushgan edi. Qozonxon bir necha yil burun o‘ldirilgan bo‘lsa-da, Chingizxon avlodlariga hurmat-ehtirom butunlay yo‘qolmagan edi. Temur Qazag‘onning nabirasi Husayn va boshqa amirzodalar bilan do‘stlashdi. Turli viloyatlarda ulg‘aygan amirzodalar, otalari hali-hanuz ko‘proq ko‘chmanchilik odatlariga rioya qiladigan amir Qazag‘on chodiridagi mashvaratda ishtirok etishayotganda, atkalar nazoratida chavandozlik, tirandozlik, qilichbozlik mashqlari bilan mashg‘ul edilar. Mashvaratdan so‘ng serhasham ipak saropardadan tashqari chiqqan amirlar o‘smirlar mashqlarini kuzatishganda, Temur dadilligi, chapdastligi, sardorlikka intilishi bilan bir ko‘zi ko‘r, lekin nazari o‘tkir amir Qazag‘onning nazariga tushgan.
– Keyingi yillarda Qarochor no‘yon avlodi bo‘lgan Tarag‘ay bahodir harbiy safarlaru jangu jadallardan shayxlar suhbatini afzal ko‘rib, shayx Shamsiddin Kulolga qo‘l berib, lashkargohga emas, xonaqohga serqatnovligidan taajjubda edim, – dedi Mavorounnahr amiri yagona ko‘zini mashq maydonidan uzmasdan. – Bugun o‘g‘li Temurbekning shijoatidan ko‘rdimki, Qochuvli bahodir va Qarochor no‘yon kabi ulug‘ sarkardalar iste’dodi Tarag‘ay bahodirda bir oz dam olib, Temurbekda bor bo‘y-bastini ko‘rsatishga chog‘lanibdur.
Amirlar bu gapni yarim hazil, yarim chin qabul qilib, kulib qo‘yishdi. Tarag‘ay bahodir o‘g‘li sha’niga bildirilgan maqtovlar uchun Qazag‘onga qulluq qildi...
Amir Husayn va voyaga yetgan Saroymulkxonimning to‘yi ham Solisaroyda bo‘lib o‘tgan. Oshiq Temurbek taqdir taqozosi bilan kuyovjo‘ralar safida edi. Kelinlik libosidagi Saroymulkxonim yanada ochilgan, go‘yo osmondagi to‘lin oy yerga tushganu, barcha atrofida yulduzlar kabi parvona.
“Oy tugul, zaminda hatto Quyoshga ham hojat yo‘q kabi”, deya ko‘nglidan o‘tkazdi o‘shanda Temurbek va beixtiyor shoir baytini pichirladi:
Agar kun tug‘masa ham yoqtu qilg‘ay, 
Yuzing nuri bu dunyoning saroyin.
Kelin salom payti amir Qazag‘on Saroymulkxonimning peshonasidan o‘pib, yosh kelin-kuyovlarga zar o‘tov in’om etgan, uning ichidagi anjomlar bari asl matolardan edi. Saroy oldidagi gulzor o‘rtasida tikilgan olovday o‘tovning to‘riga zarrin chimildiq tikishdi. Mamnun Movarounnahr hukmdori o‘zini nevara kelin bilan muborakbod qilayotgan a’yonu amirlarga dedi: 
– Ma’lumingizkim, Qozonxon bilan jangda bir ko‘zimdan ayrilgan edim. Bugun Qozonxonning nuridiydasi, Chingizxonning zuryodi nevara kelin bo‘lib xonadonimga qadam qo‘yganida, o‘sha yo‘qotgan qo‘zimni qayta toptaganday bo‘ldim.
– Qozonxon ruhi ham amirzoda Husayn kabi bahodir kuyov bilan faxrlanib, sapchadek uzilgan boshiga ortiq achinmasa kerak, – hazil qildi mast amirlardan biri.
Quvonchdan yal-yal yonib turgan kelini chehrasiga birdan mahzunlik soya tashlaganini sezgan Qazag‘on surbet amirga o‘qrayib qaradi-yu, to‘y buzilmasligi uchun g‘azabini tiydi.
Kelin-kuyov chimildiqqa kirib ketishgach, chodir oldida tik turgan amiru amirzodalar qo‘llaridagi jomlarga soqiylar ko‘zalardan may to‘latishdi. Mayni soqol-mo‘ylovlariga tomizib sipqorgan mast-alast amirlar “Amir Husayn Ko‘ragon, amir Husayn Ko‘ragon”, deya baqira boshlagach, Temurbek ortiq chidayolmadi. Qo‘lidagi jomga lab ham tekkizmasdan, amirlarning ichishini tamshanib kuzatib turgan bir navkarga tutqazdi va to‘yxonani tark qilib, saroy otxonasidagi otini egarladi-da, suvor bo‘lib, Solisaroydan tashqari chiqdi. Shahar devor bilan o‘ralmagani sababli, uni birov payqamadi. Temurbek ot choptirib, Jayhun sohiliga chiqdi. Yaydoq joyda ot jilovini tortib, irg‘ib yerga tushdi. Daryo oy yorug‘ida jimirlab oqardi. Yigit o‘zini daryoga otgisi, muzdek suv bag‘rida yuragini o‘rtayotgan hovurini bosgisi kelardi. Ichki bir ovoz o‘zini qo‘lga olishga da’vat qildi: “Temur, o‘zingni bos! Saroymulkxonimga uylanib, ko‘ragon bo‘lamen, degan xomxayoldan nihoyat qutulganingga shukr qil. Axir u xon qizi. Amirzoda Husayn balki kelajakda Movarounnahr hukmdori bo‘lar. Binobarin, alar bir-biriga munosib. Bu nikohdan chin do‘stlar faqat shodlanmog‘i zarur. Sening muhabbating ... agar muhabbating chin bo‘lsa, Saroymulkxonimning xojasi amirzoda Husaynga avvalgidan ham ko‘proq sadoqat bilan xizmat qilib, aning do‘stlariga do‘st, dushmanlariga dushman bo‘lg‘aysen, Muhabbat bikin oliy tuyg‘u faqat ezgulikka yo‘llamog‘i zarur. Axir, bejiz shoir Xorazmiy “Muhabbatnoma” otlig‘ doston yaratmagan va sen Olloh kalomi Qur’oni karimni yod olganing kabi, bu dostonni ham bejiz yodlamading”.
Solisaroydan Keshga qaytishayotganda Temurbek ma’yus edi. Bu hol otasi nazaridan chetda qolmadi. Bekzodani yaxshiroq kuzatishga tayinlangan mulozim Temurbek hud-behud “Muhabbat nori jondin ketmadi hech, Qo‘lum sim olmangizga yetmadi hech”, deya pichirlayotganini, go‘yo ko‘z yoshisiz yig‘layotganini aytganida, donishmand Tarag‘ay bahodir gap nimadaligini angladi. Biroq o‘g‘lining yarasini tirnamaslik uchun bu haqda hech kimga, hatto xotini Tegina begimga ham indamadi.
Uyga yetganlaridan so‘ng bir necha oy o‘tgach, Tarag‘ay bahodir Solisaroyga sovchilar jo‘natib, amir Qazag‘onning nevarasi, amirzoda Husaynning singlisi O’ljoy Turkon og‘oni o‘g‘li Temurbek uchun so‘rattirdi. Sovchilar shodu xurram qaytib, katta suyunchilar olishdi.
– Tarag‘ay bahodirning shunday niyati bor ekan, oldinroq bildirganida Husaynning to‘yiga Temurbeknikini ham qo‘shib, qo‘shaloq to‘y o‘tkazardik, – debdi amir Qazag‘on. – Nevaram O’ljoy uchun Temurbekday munosib kuyovni nafaqat Chig‘atoy ulusi, bori to‘rt ulusni kezib chiqqanda ham topishimiz dargumon.
Yangasi Saroymulkxonim bilan husn talashadigan O’ljoy Turkon og‘o Temurbekning ko‘ngil yarasiga malham bo‘ldi. Temurga, ayniqsa, uning Saroymulkxonimni g‘oyatda ehtirom qilishi, har jihatdan unga o‘xshashga intilishi yoqardi. Xotini og‘zidan bol tomib yangasini maqtaganida Temurbek uni quchib, dast ko‘tarib: “Xon emas, amir qizi bo‘lsang dog‘i, sen ham xonzodalardan kam emassen. Turkona qalbimni o‘lja olding-ku, O’ljoy Turkonim”, deb erkalardi...
Saroymulkxonimga o‘zi sovg‘a qilgan oq o‘tov ro‘parasida Temurbek otdan tushdi. Tuya junidan to‘qilgan oq namatdan tikilgan o‘tov yam-yashil o‘langda go‘yo lojuvard osmonda suzib borayotgan bir to‘p oq bulut kabi yarqirab turardi. “To‘yida amir Qazag‘on sovg‘a qilgan zar o‘tovdan o‘tsa o‘tadiki, lekin qolishmaydi”, – ko‘zi quvonib, ko‘ngli to‘lib, o‘tovni nazardan kechirdi bek.
Qazag‘on hadyasi zar o‘tov eskirgach, malika yangisini ko‘rgani dargumon. Chunki amir Husaynning haramida bosh xotini Tarmashirinxonning qizi Suyunch Qutlug‘ og‘oning mavqei yuqori edi. Xasisligi yetti iqlimga doston amir Husayn ot egariga ishqalanib yirtilgan cholvoriga yamoq qo‘ydirib kiyar, inchunin, xotinlari to‘y kuni olganidan boshqa sovg‘ani umid qilishmasa ham bo‘lardi.
Malika uning kelishidan voqif, ehtimol, ichkaridan kuzatib ham turganini bilgan Temurbek imkon qadar o‘ng oyog‘ining oqsoqligini bildirmaslikka tirishib, shaxdam qadamlar bilan o‘tov tomon yurdi. U ichkari kirgach, kanizaklari bilan o‘tov o‘rtasida turgan harir libosli Saroymulkxonim taqinchoqlarini jaranglatib ta’zim qildi. Yigirma yetti yoshli malikaning oqi oq, qizili qizilga ajrab, latofat va malohati ko‘ngilni orziqtirar edi.
– Xush kelibsiz, ulug‘ hukmdor, marhamat qiling. – Saroymulkxonimning ovozi Temurbekni o‘smirligida o‘ziga maftun qilgan qizaloqning qo‘ng‘iroqdek jarangdor kulgusini eslatdi.
O’tov to‘rida chiroyli dasturxon tuzalgan, baxmal ko‘rpachalar yozilib, parqu bolishlar qo‘yilgan. Temurbekning ovozi shiddat va qat’iyat bilan yangradi:
– Siz birla bir necha daqiqa xoli suhbatlashmoqchi edim, xonim!
Saroymulkxonim ishorasi bilan kanizaklar ikki bukilib o‘tovni tark etishdi. Malika Temurga savol nazari bilan qaradi. “Mag‘rurlikni qo‘ldan bergisi yo‘q, – suq bilan tikildi bek. – Biroq, ayni xislati unga g‘oyat yarashadur”.
– Idda muddati tugadi, xonim. Qo‘lingizni so‘rab keldim. Kaminaning nikohiga kirsangiz!
– Qo‘lingizda asiramen-ku! Asiraning roziligini so‘rashingiz ajab.
– Biroq siz bikin oliynasab xonzoda uyimga o‘z roziligi bilan qadam qo‘ymog‘ini istardim.
– Rozi bo‘lmasam-chi?!
Temurbek jang boshidayoq yog‘iy lashkarining qaqshatg‘ich zarbasiga o‘tru kelib esankiragan sarkarda yanglig‘ qalqib tushdi. Bir dam tili kalimaga kelmadi. Bu malika nazaridan chetda qolmadi. Yigitga ichida achindi, biroq tomirlarida ajdodlari qoni jo‘sh urib, xotirjam javobni kutdi.
– Nega axir, xonim? Siz bir umr amir Husaynga sadoqat saqlab, beva o‘tmoqchimisiz? – dedi bek bo‘g‘iq ovozda. Uning keng peshonasida marjon-marjon ter donalari yaltiradi. Lablari qimtilib, qirra burni parraklari kerildi. – O’ylab ko‘ring, u bunga arziydimi? Husayn haramini, bolalarini, undan himoya kutgan barchani o‘z holiga tashlab, jonini qutqarish uchun qochdi-ku! U ko‘ragon yanglig‘ sharafli unvonni oqlamadi. Uning zavoli ushbu nomardligining haqli jazosidur.
– Sizga ko‘ragon unvoni kerak ekan, Suyunch Qutlug‘ og‘oni nega Bahrom jaloyirga berdingiz?
– Xonim, sizga faqat unvon uchun uylanish niyatida emasmen. – Temurbekning ovozi yana shiddat kasb etdi. – Chingiziylar xonadonidan qayliq topish mushkul emas. Menga maslahatgo‘y oqila yor darkor. Rahmatli rafiqam O’ljoy Turkon og‘o o‘rnini faqat siz bosa olasiz. Agar amir Husayn maslahatlaringizga quloq solganda qismati mash’um xotima topmas edi. Men ham unga raqib emas, balki samimiy do‘st va sadoqatli sarkarda bo‘lib qolardim.
– Siz amir Husaynga bergan maslahatlarimdan voqif edingizmu?
– Ha, qisman, albatta. O’ljoy Turkon og‘o siz birla suhbatlaridan ba’zilarini menga naql qilardi. Maslahatlaringizda lutf yuzasidan ba’zan kaminaning nomini ham zikr etishingiz, amir Husaynni menga suyanishga undaganingizni eshitib, iftixor hissidan boshim ko‘kka yetardi. Shu bois, hatto amir Husayn bir necha bor xiyonatkorona suiqasd uyushtirganida ham, uni qo‘llashdan voz kechmadim. Insofu adolat yo‘liga kirar, deb umid qildim. Biroq O’ljoy Turkon og‘o vafotidan so‘ng Husayn bilan meni bog‘lab turgan so‘nggi rishta ham uzildi.
– Ha, bechora O’ljoy mening ham yagona ittifoqchim edi, – dedi Saroymulkxonim chehrasi va ovoziga mahzunlik inib. – Ikkalamiz siz bilan amir Husaynni murosaga keltirishga urinar, nainki o‘zimiz, balki elu yurt saodatini ham shunda deb bilar edik. O’ljoy vafotidan so‘ng men yakkalanib, amir Husayn maslahatlarimga mutlaqo quloq solmay qo‘ydi.
– Gapni gapir uqqanga, jonni jonga suqqanga! – Temurbek janggohdagi og‘ir vaziyatni o‘nglagan sarkarda kabi ustunlikni o‘z qo‘liga olish uchun qarshi hujumga o‘tdi. – Bilsangiz, xonim, siz kabi oqila maslahatgo‘yga har qachongidan muhtojmen. Illo, necha yillardan beri ko‘nglim tubida ardoqlab yurgan ulug‘ rejalarim bor. To‘g‘ri, sadoqatli beklarim, egachim Qutlug‘ Turkon og‘o madadu maslahatlarini ayashmaydur. Biroq mening yorim, yostiqdoshim ham bunyodkorlik rejalarimni qo‘llaydigan, jo‘yali maslahatlar berib, amirlar aytolmaydigan xatoyu nuqsonlarimni ko‘rsatsa, qaniydi!
– Qay rejalar xayolingizni band etmish?
– Buyuk Turon davlatini tiklash! Bir yuz ellik yil avval jahongir bobongiz poymol qilgan Turonni bor bo‘yi-basti bilan tiklashda menga madadkor bo‘lsangiz! Bu ulug‘ tadbir yo‘lida burun ham ba’zi harakatlar qilinsa-da, ko‘ngildagidek natija bo‘lmadi. Chig‘atoy ulusining chingiziy xonlaridan ba’zilari ham Movarounnahrda kuchli davlat yaratishga urindilar. Kepakxon Qarshini, Tarmashirinxon Buxoroni poytaxt qildi. Bobongiz Qozonxon Zanjirsaroyni qurdirdi. Turk amiri Qazag‘on va avlodlari ham baholi qudrat bunga intilishdi. Biroq birontasi bu sharafli ishni uddalayolmadi. Fikri ojizimcha, o‘zini Turonzaminning sodiq farzandi va turkiy xalqning fidoyi yo‘lboshchisi, deb bilgan shaxsgina bu qutlug‘ vazifaga qodirdir. Turonning qadimiy poytaxti Samarqand bir yarim asrdan beri yarim vayronadur. Men Turonni tiklashni diyorimiz qalbi Samarqandni tiklashdan boshlamoqchimen!
Temurbekdagi jo‘shqinlik malikaga ham o‘tdi, chehrasida hayrat va fusunkorlik jilvalandi.
– Chingizxon buzgan yurtni tuzish uchun undan-da buyukroq xoqon bo‘lmoq lozim. Siz chindan ulug‘ ishlarga qodirsiz, Temurbek, – dedi Saroymulkxonim to‘lqinlanib. – Qand kabi xush yoqadigan bu rejangiz ajoyib samarlar keltirishiga aminmen!
Malikaning so‘z o‘yinidan zavqlangan Temurbek, g‘anim tug‘ini egallagan sarkarda yanglig‘ dadil olg‘a yurib, uning xipcha belidan quchdi. O’tli nigoh bilan xonzodaning to‘lin oy misoli oraziga, qiyg‘os ko‘zlariga boqarkan, xitob qildi:
Latofat mulkining sohibqironi, 
Muvofiq surating birla maoniy!
– Shoir Xorazmiy mubolag‘a qilmish, ash’or sehri sizni-da adashtirmish, – dedi Saroymulkxonim quvlik bilan. – Chunki bu olamda sohibqiron yagonadur!
– U holda sohibqiron qalbining sohibasi ham yagona, – dedi Temurbek malikaning ipak durrasi ostidan mo‘ralagan gajakdor zulfini mehr bilan silarkan.
Saroymulkxonim mehrga javoban mayin tabassum hadya qilsa-da, yigitning quchog‘ida erib, o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi.
– Samarqandni tiklashni mudofaa devori bunyod etmoqdan boshlamoq zarur. – Malikaning issiq nafasi va momiq badani ta’sirida mast bo‘layozgan Temurbek bu so‘zlardan darhol o‘ziga keldi. – Muhtasham saroylar, masjidu madrasalar so‘ngroq qurilsa ham bo‘ladur. Chunki jahonga hukmron bo‘lib o‘rgangan chingiziylar o‘z iddaolaridan oson voz kechishmaydur. O’zim chingiziyzoda bo‘lganim uchun alarning sajiyasini yaxshi bilurmen. Siz qurganni mo‘g‘ullar, albatta, buzish payida bo‘lishadi. Chunki muhtasham imoratlar, madrasalarda o‘qitiladigan kitoblar tufayli xalq xotirasi uyg‘onishi, g‘ururi va shijoati qad rostlashini bilishadi, inchunin, bunga yo‘l qo‘yishni aslo istashmaydur.
– Ilk maslahatingizoq ko‘nglimdagi rejalarga uyg‘unligidan baxtiyormen, xonim, – dedi Temurbek. – Biz go‘yo ikki tandagi yagona jonmiz. Bundan buyon nainki mo‘g‘ullar, balki ya’juj-ma’jujlarni ham Iskandar kabi daf etishim shubhasiz.
– Ya’juj-ma’jujlar bir soridan bosib kelmish. Siz o‘ngu so‘ldan, olddan va ortdan hamla qiladigan g‘animlar zarbasiga hozir bo‘ling.
– Gapingiz rost. Chor atrofimni o‘ragan g‘animlarga bas kelish uchun mudofaa devori va lashkarning o‘zi kamlik qiladur. Biroq men Movarounnahr raiyatining ishonchi va ixlosini qozonmoqchimen. Alarni zulmu sitamdan ozod qilib, erkinlik baxsh etamen. Xalq qudratu salohiyatini namoyon etishi uchun ozod bo‘lmog‘i zarur. Xorazmshoh Sulton Muhammad ham Samarqandni mustahkam devor bilan o‘rattirgan edi. Biroq nega himoyachilar oxirigacha kurashmay, darvozalarni yog‘iyga ochib berishdi? Nazarimda, xorazmshoh raiyatning ishonchi va ixlosini qozonolmagan. Agar raiyat menga ishonsa va sadoqat saqlasa, Samarqandni hech qanday yov ololmaydur.
Saroymulkxonim jon qulog‘i bilan eshitar, Temurbekning mulohazalari unga yoqayotgani dam-badam tabassum qilishidan bilinardi.
– Samarqand Afrosiyob, Iskandar va Chingizxonlar qadami yetgan shahar, – dedi malika o‘ychan holda. – Turon xoqoni Afrosiyob davrida u qo‘sh iqlim poytaxti edi. Iskandar va Chingizxon uni jahongirlik yo‘lida zabt etishdi. Sizni, xojam, o‘tmish turk xoqonlaridan tanho Afrosiyobga mengzash mumkin. Inshoolloh, Turonning Afrosiyob davridagi jahoniy mavqeini tiklagaysiz!
Ash’or devonlari mutolaasi ta’sirida Temurbek ba’zan badihatan baytlar aytar, biroq o‘zini shoir hisoblamagani uchun qog‘ozga tushirmas, birovga o‘qimas ham edi. Bugun muhabbat tug‘yonida bir badiha baytni qo‘ynidagi mahliqoga ilindi:
Ayo, lolayuzligim, Saroymulkxonim, 
Ne dersiz, Samarqandda to‘y qilsak, jonim?!
Malika nozik qo‘llarini bekning yelkasiga tashlab, bo‘ynidan ohista quchib, javob bayt o‘qidi:
Samarqand jannat esa, men bo‘lg‘um malak, 
Hukmingiz boshimga toj, sohibqironim!
So‘ngra yigit ko‘kragiga bosh qo‘yib, davom etdi:
– Agar mumkin bo‘lsa, Konigil yaylovida to‘y qilaylik! Ulug‘ bobom Chingizxon chodirini tikkan joyda orzularimiz kabi oppoq o‘tov tikaylik. Yuz ellik yil avval Turonning eng mash’um kunlaridan biri yuz bergan bo‘lsa, nihoyat, uning iqbol tongi Samarqandda otsin!
Baxtdan masrur Temurbek yorini bag‘riga tortib, aqiq labiga labini bosdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.