OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Halima Ahmedova. Jigarrang kitob (badia)

Yanvar yelkasiga osmon po‘stinini tashlab, sekin oyoqlaydi. Ba’zi-ba’zida oftobning ehtirosli shivirlari yurakning qulog‘iga chalinadi. Va nihoyat fevral kirib keladi. Bu oyning kirib kelishi bilan izg‘irinli kunlar yana ozodlikka chiqadi. Fevral ayozining hikmatini qarang: chidaganga chiqargan bu hayotni, deydi. Yana ko‘ngil derazalariga erinmay gul chizadi. Mavhum shakllar suratini mashhur musavvirlardan ham zo‘r chizadi.
Fevral hikmatu sirlarga to‘la oy. Bu oy qish bilan bahorning o‘rtasidagi ko‘prikka o‘xshaydi. Undagi shiddat qor ostidagi boychechak, binafsha, yalpizlarning qo‘shig‘iga kuy bastalaydi. Hayotning qornidagi yashil fasliga iztirobdan tug‘iladigan ishqning, umidning sabog‘ini o‘taydi.
Fevral oyida tug‘ilganlarga havasim keladi. Ammo bu oyda tug‘ilganlarning bari ham Navoiy yoxud Bobur bo‘lolmaydi.
Xazonu qorlar ko‘mib ketgan xotiralarning naqshinkor darichasini ochaman: bobomning ravoqli kulbasi, kulba o‘rtasida sandali, undan sal nariroqda katta sandiq. Sandalga oyog‘ini tiqib, saksovul cho‘g‘idan huzur topayotgan bobom muk tushib kitob o‘qiydi:

Istaganlar bizni sahroi baloda istangiz,
Vodiyi hijron ila dashti fanoda istangiz.
 
Bobom yig‘lab o‘qiydi, bag‘ri qonga to‘lib o‘qiydi.
Tashqarida goh kapalakka, goh oqqushga o‘xshab yog‘ayotgan qorlar -bobomning ovozini eshitadi. Va derazadan ichkariga sekin mo‘ralaydi. Bobom o‘qishda davom etadi:

Vomiqu Farhodu Majnundeklar ul vodiy aro,
Bo‘lsalar paydo, meni ham ul aroda istangiz.

So‘zning bag‘ridagi ishqdan, so‘zning javharidagi haroratdan erib ketadi kapalak qorlar, oqqush qorlar...
Ismsiz sahroda qalbini yo‘qotgan telbadek jununlanadi bobomning nolasi:

Yuz alarning ishqicha dardu, balou g‘ussaga
Tolib el boshiga kelgan mojaroda istangiz.

Kulba yonida qorga ko‘milgan chinor bu noladan kuchlanadi. Va og‘ir silkinadi. Uning silikinishidan ming yillik g‘ussalar to‘kiladi. Zamin sekingina oh tortib qo‘yadi. Bu oh borib yana bobomning qalbiga chirmashadi:

Eyki istarsiz savodul vajh fiddorayndin,
Boxabar bo‘lmoq meni yuzi qaroda istangiz.

Endi borliq yuzini ayozning sovuq tirnoqlari tirnay boshlaydi. Ilohiy azob ortida ko‘rinib turgan halovat shirin entikadi. Kulbadan taralayotgan ohang ayozning yuragini ilitadi:

Ko‘nglum ul zulf ichradir, zinhor ishqim sharhini,
Istamang men telbada, ul mubtaloda istangiz.

Sovuq shamollar muz ustida sirg‘anib yuguradi. Tiriklik zulfida osilib qolgan bir tola umid ming tolaga aylanadi. Va ishq sharhini tuzgan azal kotibiga istig‘for aylaydi.
Shu lahzada bobomning kulbasi jannat bog‘idan o‘g‘irlangan olmaga aylanadi. Olmaning ichidan esa shaffof sog‘inchning mukambar ifori taraladi:

Nukta yanglig‘kim, vafo uzra qilur kotib raqam,
Ishq o‘tining dog‘ini ahli vafoda istangiz.

Muzlab qolgan ariqchaning ko‘zlari osmonga to‘ladi. Ariqchaning ko‘zidan osmon sirg‘alib chiqadi-da, bobomning ovoziga kelib qo‘shiladi:

Og‘zi shavqidin Navoiy itti, oni istar el.
Yo adam dashtida, yo mulki fanoda istangiz...

Bobom g‘azalni o‘qib tugatadi. Deraza ortida mening rangin tugmachalar qadalgan kalishcham qorga to‘ladi. Ammo sovuq qotmayman. Bobom qiroat bilan o‘qigan g‘azalning quyoshi butun vujudimni qizdiradi. Shu damda ichkarida o‘tirgan bobomni qattiq sog‘inaman. Va otilib yoniga kiraman. Uning yuzidagi ajinlardan bog‘imizning ariqchasiga o‘xshab suv oqadi. Ro‘molim bilan uning ko‘z yoshlarini artaman. Bobom shirin jilmayadi. Meni erkalaydi. Qo‘llarimga parvardayu turshaklar beradi. Yoniga joylashib o‘tirib olaman. Mening g‘azalxon bobom birpasda huv o‘sha baland osmondan tushib, oddiygina mehribon boboga aylanadi. Men esa uni doim g‘azal o‘qiganda chiqadigan yuksaklikda ko‘rishni istayman. Bobomga erkalik qilaman:
— Bobo, chiroyli suratlari bor kitobingizni bering.
Bobom tokchadan men sevib suratlarini tomosha qiladigan jigarrang kitobni olib beradi. Sandalning cho‘g‘iga oyog‘imni toblab kitobni asta varaqlayman. Unda chiroyli bir yigit bilan qizning, keng sahroda yugurib yurgan ohularning suratlari bor...
Bobom menga ta’kidlaydi:
— Bu Hazrat Navoiyning «Layli va Majnun» dostoni. Ehtiyot bo‘l, yana yirtib qo‘ymagin.
Men bobomni savolga ko‘maman:
— Layli va Majnun nima degani? Bu doston nima haqida?
Bobom og‘ir tin oladi. Va lo‘ndagina javob beradi:
— Hali o‘qishni o‘rgansang, o‘zing o‘qib bilib olasan...
Rosti gap, bobom o‘qigan g‘azallar menga ruh, harorat bag‘ishlasa-da, ularning mazmuniga tushunmayman. Faqat so‘zlardagi ohang va yana nimadir afsunlagani afsunlagan. Bu afsun ichidan sira ham chiqib ketgim kelmaydi.
Zo‘r berib jigarrang kitobni varaqlayman. Suratlarda aks etgan manzaralardan nimanidir tushungim keladi. Ba’zan his qilgandek bo‘laman. Faqat kitob o‘rtasida daraxtga zanjirlab tashlangan — sochlari, tirnoqlari o‘sgan qishlog‘imizdagi Yo‘ldosh devonaga o‘xshab ketadigan yigitning suratini ko‘rganimda ichimga qandaydir larza o‘rmalab kiradi. Yig‘lagim keladi. Nega uni daraxtga zanjirlab qo‘yishgan? Uni qutqargim keladi. Hatto tushlarimga kirib chiqadi bu surat. Yana bobomga yuzlanaman:
— Bobo, nega bu yigitni zanjirlab qo‘yishgan?
Bobom o‘zini eshitmaslikka olib yana mudraydi. Bu jigarrang kitobni juda yaxshi ko‘raman. Bobomdan yashirib bir kuni ko‘chaga olib chiqib o‘rtoqlarimga ko‘z-ko‘z qilganman. Bobom bilib qolib meni rosa koyigan.
— Qizim, uni faqat shu yerda tomosha qil. Yirtib qo‘ysang, sendan Navoiy xafa bo‘ladi, — degandi o‘shanda.
Shunda men hovliqib:
— Navoiy kim, bobo? U qaerda yashaydi? — deb so‘raganman. Bobom esa ko‘ksini ko‘rsatib:
— U juda katta shoir, mana, bu yerda yashaydi, — degan. Men esa o‘shanda hech narsani tushunmaganman.
Yillar o‘taverdi. Men jigarrang kitobni tomosha qilishni kanda qilmadim. Va nihoyat, maktabga bordim. O‘qish-yozishni o‘rganib oldim. Endi jigarrang kitobni bemalol o‘qiy boshladim. Ammo uni hanuz uqiy olmasdim. Ayniqsa, suratdagi yigitni nega zanjirlab qo‘yganiga hech javob topolmasdim.
Yoshim o‘n oltiga kirganda jigarrang kitobni ko‘nglimdagi hislar bilan varaqlab, nimalarnidir tushungandek bo‘ldim. Layliga havasim keldi, Majnunni orzu qildim. Majnun oyog‘idagi zanjirlar halqasining nuri nogahon ko‘ksimga ko‘chganini sezdim. Laylining qaro zulfi zulfimda tebrangandek bo‘ldi. Bir kuni bu kitobni bobomdan so‘ramay maktabga olib bordim. Muallimimiz kitobni ko‘rib:
— Juda nafis kitob ekan, — dedi.
Bu gapdan so‘ng barcha sinfdoshlarim kitobni qo‘lma-qo‘l qilib tomosha qilishdi. Nogahon parta ustida turgan siyohdonni bir sinfdoshimiz bilmay turtib yubordi. Va kitobning varag‘i ustiga siyoh sachradi. O‘sha kuni dilim hufton bo‘ldi, bobomdan rosa gap eshitdim. Keyin, bu kitobni menga qayta bermasligini aytdi.
Kunlar o‘tgani sayin kitobni, to‘g‘rirog‘i, Layli bilan Majnunni sog‘ina boshladim.
Bir kuni bobom xonasidan chiqib ketgani zahoti kirdimu tokchadan jigarrang kitobni izladim. Ammo kitob joyida yo‘q edi. Shunda butun xonani burchaklariga karab chiqdim. Lekin topolmadim. Shu payt uyning yonboshida turgan sandiq yodimga tushdi. Sandiqning kaliti eng yuqoridagi tokchada turardi. Kalitni oldimu sandiqni ochmoqchi bo‘ldim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, sandiqning tepasida tojdor oppoq ilon boshini ko‘tarib turardi. Azbaroyi qo‘rqqanimdan baqirib yubordim. Va shoshilib tashqariga otildim. Mening ovozimni eshitgan bobom qaerdandir paydo bo‘ldi. Pinagini ham buzmay:
— Kitob o‘g‘risining ahvoli ana shunaqa bo‘ladi, — dediyu xonasiga kirdi. Ortidan men ham kirdim. Bobom sandiq yonida turgan undan bir chimdim olib ilonning ustiga sepdi. Ilon bir zumda g‘oyib bo‘ldi. Men esa azbaroyi qo‘rqqanimdan dag‘-dag‘ titrardim. Bobom menga:
— Bu ilon bezarar. Uzok yillardan buyon kelib turadi, — deb tushuntirgan bo‘ldi.
Xazina bor joyda tojdor ilon bo‘ladi, deyishadi. Balki bobomning katta xazinasi bordir, deya o‘yladim ichimda. Va undan jigarrang kitobni berishini yolvorib so‘radim. Bobom nihoyat eridi. Sandiqni ochayotganda juda chiroyli kuy taralayotgandek bo‘ldi. O‘sha kuy hali-hanuz qulog‘imdan ketmaydi. Sandiq ochilgach, ichidagi rang-barang kitoblarni ko‘rib mening ham og‘zim ochildi. Bobom u yerda juda ko‘p Qur’on kitoblari bilan birga Navoiyning devonlarini saqlar ekan. O‘shalar ichidan jigarrang kitobni menga olib berdi. Kitobni ko‘ksimga bosdim. Yuragim gupurlab ketdi. Bu gupurlashdan Laylining mayin ovoziyu Majnun oyog‘idagi zanjirlarning shiqirlashi eshitilardi. Agar shoir bo‘lsam, meni shu kitob shoir qildi. Agar shoir bo‘lmasam, ishqning ko‘zidagi iztirobni, munavvar qayg‘uni ko‘rsatib, meni odam qildi shu kitob...
Xotiralarning naqshinkor darichasini sekin yopaman. Va derazamga tinimsiz gul chizayotgan fevralning ko‘zlariga minnatdor boqaman. Yuragimda ildiz otgan ishqning, mukarram sog‘inchning titroqlariga qo‘shilib, Navoiyni -sog‘inaman, unga talpinaman:

Dunyoga keltirding buyuk ko‘ngilni,
Ishq ahli haq so‘zga bo‘lganda mahtal.
Dillarni poklagan shu nazm haqqi,
Senga sharaf bo‘lsin tabarruk fevral...

... Hirot bog‘larida kezgan xayolning
Qalbidan taralgay o‘zbekona his...
To hanuz o‘zini izlab yurganlar —
Siz ham Navoiyni sog‘inganmisiz?
 
Farhod na’rasidan uyg‘onganmisiz
Vijdon kengliklarin bosganida is.
Mol-dunyo janggidan g‘olib chiqqanlar —
Siz ham Navoiyni sog‘inganmisiz?
 
Navoiy kirmagan uylar qorong‘u,
Navoiy kirmagan ko‘ngillar zindon.
O‘ziga mahliyo ey nazmbozlar —
Ko‘ring, Navoiydan mast bo‘ldi jahon.
 
Sha’m torin parishon aylangizlar bot,
Toki yorug‘ bo‘lsin botinning azmi.
Ming yilda ham balki qaytib kelmaydi,
Navoiydek shoir va uning nazmi.
 
Ishq gavhari pinhon erur jon ichra,
Ushshoq hajr tuni cho‘kmagaydir tiz.
Ey, oshiqlik dardin ermak bilganlar —
Hali Navoiyni o‘qimagansiz...
 
Ey dolg‘ali asr, qo‘rqmasman sendan
Qancha turlanmagin, bo‘lma shiddatkor.
Ko‘ksimdagi ishqning alangasida
Sening shiddatingdan baland junun bor.
 
Navoiy baxsh etdi menga bu ishqni,
Toki tomirimda oqib turar qon.
Bu ishq O‘zbekiston bo‘lib boqadi
Yarmida zaminu, yarmida osmon.
 
... Fevral, yuragimga qo‘ygin boshingni,
Shunda nur oqadi jismimda sim-sim.
Nogoh qush tilida sayraydi jonim:
Navoiy, Navoiy, sizni sog‘indim!

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 6-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.